Diqqatni jalb
2-ilova
MA’RUZA MATNI
"Xamsa" so‘zining lug‘aviy va istilohdagi ma`nolari. Xamsanavislikning nazariy qonuniyatlari. “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida haqli ravishda isbotlab berilganidek, “o‘zbek adabiy tili ayniqsa XIV-XV asrlarda – Amir Temur va temuriylar davrida rivojlanishning yangi, yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi”. O‘zbek tilida yaratilgan ana shunday noyob durdonalardan biri Alisher Navoiy “Xamsa”si bo‘lib, bu beshlik haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik polotnolaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir.
“Xamsa” so‘zi arabcha xamsun – besh sanoq sonidan yasalgan bo‘lib, beshlik, ya’ni besh qismdan iborat butunlik degan ma’noni ifodalaydi. Adabiyotshunoslik atamasi sifatida “xamsa” beshta dostonni o‘z ichiga oladigan bir butun yaxlit asar ma’nosini ifoda etadi.
Mumtoz adabiyotda «xamsa» so‘zi bir necha ma’nolarda ishlatilganligini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Alisher Navoiy dostonlarida:
1. «Saloti xamsa» (besh vaqt namoz) yoki shoir ta’biri bilan aytganda «panj ganj»:
Xamsa salotingga chu navbat bo‘lub,
Panjai islomg‘a quvvat bo‘lub…
Faqr aro ul panja qabul etti ranj,
Lek haqiqatda erur panj ganj [43. 42].
«Saddi Iskandariy» dostonining beshinchi bobiga yozilgan nasriy sarlavha quyidagicha: «Bu «Xamsa» takmilidakim, salavoti xamsa adosidek avval fajr (bomdod) sajadotidin «Siymohum fi vujuhihim min asarissujud»5 zumrasig‘a kirildi va zuhr (choshgoh, peshin) rakaotidin «Varkau maarrokiin»6 xaylig‘a qo‘shululdi va asr qiyomidin «Va aqimus-salavot»7 jamoatig‘a yuz qo‘yuldi va mag‘rib (shom) qiroatidin «Iqro‘ bismi Robbikallazi Xolaq»8 xalqig‘a bosh induruldi va emdi isho (tun, xuftan) niyatidin otil ta’bni g‘aflat uyqusig‘a borg‘oli ko‘ymayin adosig‘a targ‘ib qilildi» [47. 34].
2. Islomning beshta rukni - «xamsi muborak»:
Besh yasamish tangri taborak ani,
Desa bo‘lur xamsi muborak ani [43. 111].
Navoiy she’riyatida ham «Xamsa» o‘rni-o‘rni bilan tilga olinadi. Xususan, «Navodi run-nihoya» devonidagi beshinchi na’t g‘azalida shunday bayt mavjud:
Bo‘lmag‘ay erdi muyassar «Xamsa», ya’ni panj ganj,
Qilmasa erdi madad holimg‘a besh oliy abo.
Mazkur g‘azal «Xazoyin ul-ma’oniy»ga ham kiritilgan. Unda «besh oliy abo» (besh oliy ota) jumlasi «besh oli abo» (ota oilasining besh a’zosi) tarzda keltirilgan. «Besh oli abo» manbalarda Muhammad (a.s.), qizlari Fotima, kuyovlari Ali hamda ikki nabiralari Imom Hasan va Imom Husayn deb tilga olinadi.
Xamsanavislikning nazariy qoidalari haqida gapirilganda ilmiy manbalarda, asosan, dostonlarning miqdori, mavzusi, tartibi, vazni va kompozitsiyasi bilan bog‘liq qonuniyatlar e’tirof etiladi. Biroq Nizomiy Ganjaviy dostonlarida yana bir qator kompozitsiya yoki syujet unsurlari ham borki, ular xamsanavislikning o‘zgarmas qoidalari sifatida qaror topgan. Ular har bir muallif ijodida yangicha jilo, yangicha talqin kasb etadi. Ishqiy noma, munozara, soqiyga murojaat, Ka’ba ziyorati kabilar shular jumlasidan.
Xamsanavislik an’anasining muhim va o‘zgarmas tarkibiy qismlaridan biri, bu uning boshlanmasidir. Nizomiy Ganjaviy o‘zining dastlabki dostoni "Maxzan ul-asror"ni arabcha iqtibos, aniqrog‘i, Quronning dastlabki oyati "Bismillohir rahmonir rahim" va uning o‘ziga xos talqini bilan boshlagan edi:
"Bismilloh-ir rahmon-ir-rahim",
Hast kalidi dari ganji hakim.
Fotihati fikratu xatmi suxun
Nomi xudoy ast, ba o‘ xatm kun [51. 256].
Mazmuni: "Bismillohir rahmonir rahim" oyati hakim xazinasi eshigining kalitidir. Fikratning boshlanishi (ochilishi) va so‘zning xotimasi(tamg‘asi) Tangrining nomi bilandir, bas shunday ekan, shu bilan tugat.
Qisqacha mazmuni «Rahmon (foniy dunyoda barcha insonlarga rahmat nazari bilan boquvchi) va rahim (oxiratda faqat mo‘minlargagina rahm etuvchi) sifatlarining egasi bo‘lgan Allox, nomi bilan boshlayman» bo‘lgan mazkur oyatining yaratilish tarixi, ma’no va talqinlari, fazilat va sharofatlari, unda yashiringan qudrat haqida shar’iy, fiqhiy va tasavvufiy manbalarda ko‘plab sharhlar mavjud. Shunday sharhlar qatoriga xamsalar yoki uning birinchi dostonlari tarkibidagi badiiy talqinlarni ham kiritish mumkin. Mazkur oyat yoxud uning mazmuni xamsalarda qanday shaklda, qaysi tilda keltirilib, qanday talqin etilganligi xamsanavislik an’anasining bir qator jihatlariga oydinlik kiritadi.
Xamsanavislik an’anasi tarixini izchil tadqiq etgan olim akademik B.Valixo‘jaev xamsanavis shoirlarning Nizomiy an’analariga - «Panj ganj»dagi dostonlarning syujeti, obrazlar tizimiga, ularning janriy yaxlitligi, umumiyligiga munosabatlarida ikki xil yo‘nalish mavjudligini ta’kidlaydi [15]. Birinchi guruhga mansub «Xamsa» mualliflari Nizomiy an’analariga buyuk hurmat bilan qaraydi va uni o‘zlariga ustoz deb biladi. Shu bilan birga, ular Nizomiy «Panj ganj»idagi dostonlar mazmunini, timsollar tizimini, dostonlarning joylashish tartibini, ularning g‘oyaviy mazmun va poetik shakl jihatdan yaxlitligini o‘zlari yaratgan «Xamsa»larda o‘z dunyoqarashi, yashagan davri ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan bog‘lagan holda saqlab qolishga intiladi.
Ikkinchi guruhdagilar Nizomiy yo‘lini eskirgan deb hisoblab, uning poemalari o‘rniga mazmuni va obrazlar dunyosi yangi bo‘lgan butunlay boshqa dostonlarni kiritish yoki dostonlar miqdorini oshirish yo‘lidan boradilar.
Nizomiyga izdoshlik va ariginallikka intilish, muallif tafakkur dunyosining kengligi, fantaziyasi va badiiy mahorati kabilar xamsaning dastlabki baytidayoq namoyon bo‘ladi. «Ulug‘ shoirlar so‘z ibtidosini «Bismillo» bilan boshlab, ilohiyot olamining azal va abadligi, cheksizligi, vahdatga shak keltirish kufr ekanligi haqida yozadilar» [25. 16].
Amir Xusrav Dehlaviy Nizomiy an’anasini davom ettirib, "Matla’ ul-anvor" dostonini quyidagicha boshlaydi:
"Bismillohir rahmonir rahim",
Xutbai quds ast ba mulki qadim.
Mazmuni: "Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman" oyati qadim mulkining muqaddas xutbasidir.
Xusrav Dehlaviy Nizomiyga ergashgan holda birinchi misra ya’ni oyati karimani aynan saqlab qolgan, uning talqini yoki izohini ikkinchi misrada fors-tojik tilida, ya’ni asar yozilgan tilda bergan. Biroq Nizomiy basmalani «hikmat eshigini ochuvchi kalit» deya ta’riflasa, Amir Xusrav uni «qadimiyat mulkidan yangragan pokiza, muqaddas xitob» deya ta’riflaydi. Nizomiy uchun «Qur’on» avvalambor hikmat («Val Qur’anul hakim» - «Hikmatga to‘la Qur’onga qasam» (Yosin – 2)) bo‘lsa, Amir Xusrav Uning azaliy va muqaddas bitik ekanligini ta’kidlaydi.
XIV asrda yashagan Kirmonlik shoir Xoju o‘z asarini quyidagicha boshlaydi:
Zayyanat ar-ravzata fil avvali,
Bismillahis samadil mu’zali [13. 206].
ﺰﻳﱠﻦ (zayyana) so‘zi nihoyatda bezamoq (priukrashivat) degan ma’noni ifodalaydi (Арабско-русский словарь (составитель X.K.Баранов). – M.: Гос. издат. иностранных и национальных словарей, 1962. Стр. 427). Baytning mazmuni: Jannat bog‘ini avvaldan bezagan azaliy va abadiy Alloh nomi bilan bashlayman.
Amir Xusrav va Hoju Kirmoniyning javob baytlarini o‘zaro qiyoslaganda jiddiy uslubiy tafovut ko‘zga tashlanadi.
Hoju baytidagi ikala misra ham arab tilida, u oyatni aynan keltirmaydi, balki uni o‘ziga xos ta’riflashga intiladi. U «basmalayi sharif»ning Qalam tomonidan yozilgan ilk bitik, jannat eshigini bezab turuvchi yozuv ekanligiga ishora etadi. Mazkur ilk qadamdayoq Hojuning Nizomiy an’analari yo‘lidan emas, balki o‘zining alohida yo‘lidan borish istagi namoyon bo‘ladi. Bu badiiy ijod tamoyillari yoxud originallikka intilish nuqtai nazaridan ijobiy holat, albatta. Biroq xamsanavislikning murakkab qonuniyatlari, an’ana doirasida o‘ziga xos asar yaratish talabi nuqtai nazaridan kamchilik hisoblangan. Shu tufayli Hoju Kirmoniy o‘z davrining etuk mutafakkiri, masnaviynavis, ko‘plab ijodkorlarning ma’naviy ustozi hisoblansa-da, xamsanavis sifatida etarli e’tirofga ega bo‘lmadi.
XV asrda va undan keyin maydonga kelgan «Xamsa»lar va ularning boshlanmasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularda ayni shu ikki xil tendensiya – Xusrav Dehlaviyning an’ana va izdoshlik hamda Hoju Kirmoniyning butkul yangicha yo‘nalish tendensiyalari namoyon bo‘ladi.
O‘zbek mumtoz adabiyotida xamsanavislikka ilk qadam qo‘ygan Mavlono Haydar Xorazmiy o‘zining "Maxzan ul-asror" dostonini «Bu asarga nazira bitgan barcha shoirlar qatori… shu tarzda boshlaydi» [25. 146]:
"Bismillohir rahmonir rahim",
Fathu zafar oyatidur, ey hakim.
Mazmuni: Ey hakim, "Bismillohir rahmonir rahim" barcha mushkulotlarni ochuvchi va zafar keltiruvchi oyatdir.
Mavlono Haydar ham Xusrav Dehlaviy yo‘lidan borganligi ilk baytdanoq oydinlashadi. Baytning ikkinchi misrasi qofiya jihatidan («hakim») Nizomiyning baytiga uslub jihatidan esa Xusrav Dehlaviyning misrasiga monand (Bunga misrani fors-tojik tiliga tarjima qilib ham ishonch hosil qilish mumkin «Oyati fathu zafar ast, ey hakim»). Biroq mazmunan misra takrorlanmagan, originaldir.
Abdurahmon Jomiy ham "Tuhfat ul-ahror" dostonini shu oyat bilan boshlaydi:
"Bismillohir rahmonir rahim",
Hast saloyi sari xoni karim [25. 16].
Mazmuni: "Bismillohir rahmonir rahim" behad karam egasi bo‘lgan parvardigor ne’matlari yoxud uyi («xon» so‘zi forsiyda, dasturxon, uy, saroy, ibodatxona kabi ma’nolarni ifodalaydi) sari chorlovdir.
Nizomiy Ganjaviy an’analari yo‘lidan borgan keyingi xamsanavislarning dastlabki baytlarida «rahim» so‘ziga, asosan, «hakim» (Nizomiy), «qadim» (Amir Xusrav) va «karim» (Jomiy) so‘zlari qofiya sifatida qo‘llanadi. Biroq misralarning mazmuni deyarli takrorlanmaydi.
XV asr o‘zbek adabiyoti namoyandasi Sayid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor” falsafiy-didaktik mazmundagi dostoni quyidagicha boshlanadi:
Bismillohir rahmonir rahim,
Fotihayi fath erur, ey hakim.
Shu nuqtai nazardan baho berganda, turkiy xamsanavislikka asos solgan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy dahosining yana bir qirrasi namoyon bo‘ladi. «Nizomiy panjasig‘a panja ur»gan hamda «xamsa takmili»ni «maqsud» etgan, Alisher Navoiy mazkur an’anani munosib davom ettirish barobarida uni butkul yangicha talqin bilan boyitgan. U «Hayrat ul-abror» dostonida oyatning nafaqat mazmuni, balki shakli ("rishta") hamda harflari ("necha durri yatim") ga e’tibor qaratib, ularni ahli rad (rad etilgan, yoki rad etuvchilar) hamda ahli qabul uchun birma-bir sharhladi:
Bismillohir rahmonir rahim,
Rishtag‘a chekti necha durri yatim.
Har dur anga javhari jondin fuzun,
Qiymat aro ikki jahondin fuzun [43. 11].
«Bismillohir rahmonir rahim» ipga tizilgan noyob marjon shodasidir. U shunday marjonki, har bir donasi jon javharidan afzal, uning qiymati esa ikki jahondan ustundir.
Alisher Navoiy an’anaga noan’anaviy tarzda javob qaytardi. U Nizomiy va uning izdoshlari kabi oyati karimani aynan keltirib, ikkinchi misrada unga tavsif berdi. Biroq boshqa xamsanavislardan farqli o‘laroq, Alisher Navoiy mazkur oyatni bir-ikki baytda emas, butun bob davomida tavsifladi. Shu yo‘l bilan u o‘zigacha berilgan ta’riflarni umumlashtirishga, badiiy suratda gavdalantirishga hamda original tavsiflar yaratishga muvaffaq bo‘ldi. «Hayrat ul-abror»da «Bismillohir rahmonir rahim» «baqo xazinasiga olib boruvchi zikr uchun tasbeh», «davlatu dinni qo‘lga kiritish uchun kamand», «jannat ohusini sayd etish uchun band», «tiriklik suvi oqadigan arig‘», «ilohiy xazinani qo‘riqlovchi ajdaho», «vahdat xazinasiga eltuvchi yo‘l», kabi ko‘plab ma’no jilolarida gavdalanadi. Bu esa Alisher Navoiyning o‘ziga qadar yaratilgan to‘liq va noto‘liq «Xamsa»larni sinchkovlik bilan o‘rganib, ularning nafaqat kompozitsiyasi, syujeti va obrazlari, balki har bir baytini ham nazardan chetda qoldirmaganligini yana bir bora isbotlaydi.
Xamsanavislikning ikkinchi muhim qonuniyati vazn bilan bog‘liqdir. Ma’lumki, Nizomiy Ganjaviyning har bir dostoni alohida vaznda yozilgan edi. Mazkur vaznlar xamsanavislikning o‘zgarmas qonuniyatlariga aylandi. Xamsa dostonlarining vaznini puxta bilish nafaqat ta’limda, balki ilmiy tadqiqotlar doirasida ham juda muhimdir.
1. Sari`i musaddasi matviyi makshuf.
Mufta`ilun mufta`ilun fo`ilun
- v v - - v v - - v -
Sadr, ibtido matviy, hashv matviy, aruz va zarb matviyi makshuf.
Nizomiyning "Maxzan ul-asror" dostoni tufayli bu vazn xamsanavislikdagi dastlabki doston vazni sifatida qat`iy maqomga ega bo'ldi. "Matla` ul-anvor" (Amir Xusrav), "Tuhfat ul-Ahror" (Jomiy) va "Hayrat ul-abror" (Navoiy) dostonlari ham shu vaznda. Turkiy adabiyotda yaratilgan mashhur dostonlardan Mavlono Haydar Xorazmiyning "Maxzan ul-asror" hamda Durbekning "Yusuf va Zulayho"si shu vaznda yaratilgandir.
Mazkur vazn falsafiy-didaktik mavzularni ifodalash uchun qulay deb hisoblanadi.
2. Hazaji musaddasi mahzuf (maqsur).
Mafo`iylun mafo`iylun fa`uvlun (mafo`iyl)
v - - - v - - - v - -
Sadr, ibtido solim, hashv solim, aruz va zarb mahzuf (maqsur).
Nizomiyning "Xusrav va Shirin" dostoni tufayli shuhrat qozongan bu vazn "Xamsa"lardagi ikkinchi dostonlarga xos bo'lib, unda ishqiy-sarguzasht syujetlar bayon etiladi. Amir Xusrav Dehlaviyning "Shirin va Xusrav", Jomiyning "Yusuf va Zulayho", Navoiyning "Farhod va Shirin" dostonlari ham shu vaznda yozilgan. Mazkur vazn turkiy adabiyotda keng iste`molda bo'lgan. Jumladan, Xorazmiy "Muhabbatnoma"si va uning naziralari, Sayfi Saroyining "Suhayl va Guldursun", Haydar Xorazmiyning "Gul va Navro'z" dostonlari buning yorqin misollaridir.
3. Hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf (maqsur).
Maf`uvlu mafo`ilun fa`uvlun (mafo`iyl).
- - v v - v - v - -
Sadr, ibtido axrab, hashv maqbuz, aruz va zarb mahzuf.
Xamsalarning uchinchi dostonlari shu vaznda bo'lib, ko'proq ishq iztiroblari, dard va mahzun ohanglarni ifodalashga mo'ljallangan. Nizomiy, Amir Xusrav, Jomiy va Alisher Navoiyning Layli va Majnun haqidagi dostonlari, Hoju Kirmoniyning "Gavharnoma"si shu vaznda yozilgan.
4. Xafifi musaddasi maxbuni abtar.
Fo`ilotun mafo`ilun fa`lan
- v - - v - v - - -
Sadr, ibtido solim, hashv maxbun, aruz va zarb abtar.
Ta`kidlash lozimki, ushbu vaznda yozilgan masnaviylarda so'nggi rukn turli shaklda aralash qo'llanadi. Shunga ko'ra vazn nomi ham farqlanadi. Jumladan:
fa`lan - abtar; fa`lon - abtari musabbag‘;
- - - ~
fa`ilun - maxbuni mahzuf; fa`ilon - maxbuni maqsur.
v v - v v ~
Bu vaznda yozilgan ilk masnaviylardan biri mashhur so'fiy shoir Sanoiyning "Hadiqat ul-haqoyiq" dostonidir:
In kitobe /ki guftaam /dar pand,
- v - - v - v - - ~
Chun ruxi hu/r dilbaru /dilband.
- v - - v - v - - ~
Fo`ilotun mafo`ilun fa`lon
Falsafiy-tasavvufiy pandnoma ruhidagi bu doston Nizomiyning "Maxzan ul-asror" dostoniga ilhom bag‘ishlagan deb aytiladi. Biroq bu vaznda Nizomiy o'zining to'rtinchi dostoni "Haft paykar"ni yaratdi. Shundan boshlab, Bahrom haqidagi ishqiy-sarguzasht dostonlar shu vaznda yoziladigan bo'ldi. Xususan, "Hasht bihisht" (Amir Xusrav), "Sab`ayi sayyor" (Navoiy), "Haft avrang" (Ashraf) vahokazo. Abdurahmon Jomiy esa Sanoiy izidan borib, bu vaznda yana bir falsafiy-didaktik dostoni "Silsilat uz-zahab"ni yaratdi.
5. Mutaqoribi musammani mahzuf (maqsur).
Fa`uvlun fa`uvlun fa`uvlun fa`ul (fa`uvl)
v - - v - - v - - v -
Sadr, ibtido, hashvayn solim, aruz va zarb mahzuf (maqsur).
Bu vazn Firdavsiyning "Shohnoma" asari tufayli mashhur bo'lib, keyinchalik, Nizomiyning "Iskandarnoma" dostonidan boshlab "Xamsa"lardagi beshinchi doston vazni maqomiga ega bo'ldi. Amir Xusravning "Oinai Iskandariy", Jomiyning "Xiradnomai Iskandariy", Navoiyning "Saddi Iskandariy" dostonlari ham shu vaznda yaratilgan.
Mazkur vazn jangnoma dostonlarga xos deb qaraladi. Biroq didaktik ruhdagi qator asarlar ham shu vaznda yaratilan. Xususan, turkiy adabiyotdagi ilk dostonlar - "Qutadg‘u bilig" (Yusuf Xos Hojib) va "Hibat ul-haqoyiq" (Ahmad Yugnakiy), Sa`diyning mashhur asari "Bo'ston" shular jumlasidan.
Shunday qilib xamsanavislikning quyidagi asosiy qonuniyatlari shakllandi
1. Beshta dostondan iborat bo‘lishi
3. “Qur’on”ning ilk oyati “Bismillohu rahmonu rahim” bilan boshlanishi
5. Xusrav va Shirin, Layli va Majnun, Bahrom va Iskandar haqidagi sujetlardan foydalanish
4. Tarkibida turli mavzudagi maqolot va hikoyatlardan iborat dostonning mavjud bo‘lishi (birinchi)
2. Har bir dostonning o‘z vazni mavjud ekanligi
Oldingi ma’ruzada ko‘rib o‘tganimizdek, Nizomiy Ganjaviyning dostonlari oldindan belgilangan reja asosida, yaxlit asar sifatida yaratilgan emas. Ya’ni beshala doston ham oldindan rejalashtirilgan deb bo‘lmaydi. Binobarin ular alohida-alohida dostonlardir. Biroq har bir muallif badiiy asar yaratar ekan, bundan oldin yaratgan asarining qaysidir ma’noda mantiqiy davomi bo‘lishini his etadi. Shuni inobatga olib, Adabiyotshunos A.Starikov “Xamsa”ning poemalar siklidan tashkil topganini qayd qilib, “Xamsa” epik ijodiyotdagi ko‘pqirralikning simvoli” degan xulosaga keladi.9 Akad. B.Valixo‘jayevning 1981-yilda nashr ettirilgan “Xamsachilik an’anasining ayrim xususiyatlari” nomli maqolalarida10 xamsaga nisbatan “adabiy janr”, “adabiy hodisa”, “adabiy an’ana” atamalari bir-birini almashgan holda ishlatiladi. Ustoz olim, jumladan yozadilar: “Nizomiy yaratgan besh poemaning yaxlit, monumental asarligi va uning yangi adabiy hodisa ekani keyinchalik aniqlanib, shoir yaratgan asarlar sikliga “Panj ganj” – “Besh xazina” nomi berilgan edi”.11
Adabiyotshunoslikda xamsanavislik yoki “Xamsa”larni dastlab alohida dostonlar majmui, so‘ngra yaxlit monumental asar (B.Valixo‘jaev), adabiy janr, “turkum doston” (S.Tohirov), “supperjanr” (S.Meli), “universal janr” (U.Jo‘raqulov) kabi nazariy atamalar bilan tilga olish hodisalari kuzatiladi. Bularning qaysi biri qay darajada asosli ekanligi haqida ilmiy xulosa chiqarish uchun oldingi darsda o‘rganilgan masala – xamsanavislik tarixi haqida ayrim fikrlarni umumlashtirish lozim bo‘ladi.
Nizomiy an’analarini birinchi bo‘lib izchil tarzda davom ettirgan Amir Xusrav Dehlaviy o‘z salafi Nizomiyga buyuk hurmat bilan qaradi. Uni o‘ziga ustoz deb bildi. Nizomiy dostonlaridagi odamsevarlik xislatlarini o‘z davri g‘oyalari bilan hamohang tarzda rivojlantirdi.
Xusrav Dehlaviy beshinchi dostoni «Hasht bihisht»da shunday yozadi:
Ki az on naqdi qimmate ba se sol,
Kardam in «Panch ganch» molomol…
YAk-yak in «Panch ganch» to poyon,
Arz kardam ba chashmi donoyon. [50. 430]
Amir Xusrav Nizomiy dostonlariga birma-bir, tartib bilan javob yozganligini ta’kidlab o‘tadi. Demak Xusrav Dehlaviy ham xamsanavislikka nisbatan adabiy janr sifatida emas, an’ana – Nizomiy dostonlariga tatabbu’ aytish an’anasi sifatida yondashgan.
XIV asr oxiriga kelib, ayniqsa, temutiylar hukmronligi davrida Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav Dehlaviy xamsalari “xamsatayn” ya’ni ikki xamsa nomi bilan shuhrat qozondi.
Alisher Navoiy o‘z “Xamsa”sining yaratilishi haqida gapirar ekan, aynan xamsataynga javob yozish istagini bayon etadi:
Bu andeshadin erdi ko‘nglumda shayn,
Ki bo‘ldi ko‘ngul moili xamsatayn.
Shu bilan birga, Navoiy faqat shoirgina emas, keng qamrovli qomusiy olim, murakkab tafakkur egasi hamdir. Binobarin, u xamsanavislik an’anasini davom ettiribgina qolmasdan uni “takmil” qilishni, mukammallashtirishni maqsad qiladi:
Manga «Xamsa» takmili bir yon edi,
Bu maqsud tahsili bir yon edi.
Ne til birla dey shukr ma’buduma,
Ki etkurdi oxir bu maqsuduma [47. 509].
Navoiy «xamsa takmili» deganda har bir dostonni mazmun, g‘oya va kompozitsiya jihatidan isloh qilish bilan birga, ularni birlashtirish, bir silsilaning bo‘g‘inlari, bir butunlikning tarkibiy qismlari darajasiga keltirish, yagona maqsad uchun xizmat qildirishni ham nazarda tutgan. Binobarin, «Xamsa» turkum asar bo‘libgina qolmay, bu adabiy an’ananing yangi taraqqiyot cho‘qqisi sifatida maydonga keldi. Navoiyning xamsachilikdagi mahorati va buyukligi aynan shu xususiyatni takomillashtirishi bilan izohlanadi.
2. Xamsanavislik tarixi va taraqqiyoti. Xamsanavislik adabiy an’ana sifatida XII asr ozarboyjon shoiri Nizomiy Ganjaviy (1142-1209) dan boshlangan edi. U keyinchalik «Panj ganj» deb nomlangan «Maxzan ul-asror» (1176), «Xusrav va Shirin» (1181-82), «Layli va Majnun» (1188), «Haft paykar» (1196), «Iskandarnoma» (1206) kabi dostonlar turkumini yaratdi. Nizomiy o‘z dostonlarini uzoq vaqt davomida yozgan. Uning o‘zi bu dostonlarni umumiy holda «Panj ganj» yoki «Xamsa» nomi bilan atamagan. Nizomiydan so‘ng uning dostonlari dastlab «Panj ganj», keyinchalik «Xamsa» tarzida umumiy bir nom bilan atalgan.
Nizomiy an’analarini birinchi bo‘lib izchil tarzda davom ettirgan so‘z san’atkori XIII asr oxiri XIV asr boshlarida Hindistonda yashagan shoir Amir Xusrav Dehlaviy bo‘ldi. U 1298-1301 yillarda Nizomiy dostonlariga javob tarzida «Shirin va Xusrav» (1298), «Layli va Majnun» (1298), «Matla’ ul-anvor» (1299), «Oinai Iskandariy» (1299) va «Hasht bihisht» (1301) dostonlarini yaratdi. Ana shu tariqa xamsanavislik sharq xalqlari adabiy hayotida mustahkam an’anaga aylana boshladi.
Xamsanavislik tarixida Temuriylar davri adabiyoti ayniqsa, XV asr Hirot adabiy muhiti alohida o‘rin egallaydi. Bu davrda 4 ta to‘liq xamsa yaratildi. Bulardan ikkitasi Navoiy va Jomiy qalamiga mansub bo‘lsa, qolgan ikkitasi – Jamoliy va Ashraf Marog‘iy xamsalari u qadar keng shuhratga ega bo‘lmadi. Bu xamsanavislar bar davr va yagona adabiy muhitda yashagan bo‘lsalar-da, ularning xamsachilikka munosabatlari turlicha ekanligini ko‘rish mumkin. Bu farqlanish dostonlarning syujetidan tortib, g‘oyaviy mundarija va shakliy atributlargacha ko‘zga tashlanadi. Shu ma’noda Temuriylar davridagi ijodkorlarning xamsanavislikka munosabatini Hirot adabiy muhiti fonida kuzatish fan uchun kerakli natijalar beradi.
Umumiy tarzda olganda, faqat 15-asr Hirot adabiy muhitining o‘zida 20 ga yaqin ijodkor xamsanavislikda o‘z kuchlarini sinab ko‘rganlar. Garchi bu ijodkorlarning barchasi Nizomiyning barcha dostonlariga javob yozishmagan bo‘lsalar-da, lekin muayyan dostonga javob yozish bilan mazkur an’anaga o‘z munosabatlarini bildirganlar. Bu davrdagi nizomiy mavzulariga murojaat qilgan ijodkorlar haqida o‘sha davrning mo‘‘tabar adabiy va tarixiy manbalar – Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, G‘iyosiddin Xondamirning “Habib us-siyar” asarlarida alohida to‘xtalinishi xamsanavislik an’anasi Hirot adabiy muhitida ijodning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligidan dalolat beradi.
Aynan shu davrda ijod qilgan va Oqqo‘yunlilar saroyiga mansub bo‘lgan shoir – Abdibek Sheroziy uchta “Xamsa” yozgani, lekin uning xamsalari keraklicha shuhrat topmagani, bu shoir yozgan dostonlarda siyosiy-mafkuraviy motivlar adabiy-estetik niyatlardan ustun bo‘lganligi ham Hirot adabiy muhitidagi ijodiy erkinlik, ijodkorlarning vijdon hurligi, imon va e’tiqod butunligiga sodiq qolishlariga imkon yaratgani bilan izohlanadi.
Bugungi kunga qadar qilingan tadqiqotlarda Navoiyning “Xamsa”si uchta salafi – Nizomiy, Amir Xusrav va Jomiy ta’sirida yozilgan (ayrim G‘arb olimlari tadqiqotlarida esa, Navoiyning dostonlarida originallik yo‘q, kabi asossiz da’volar ham uchraydi), degan qarash ustuvor bo‘lib, Navoiy “Xamsa”si shu uchta mashhur xamsanavisning ijodiga qiyosiy ravishda tahlil qilindi. Ammo Navoiy “Xamsa”si dostonlari o‘z davrida deyarli bir vaqtda yaratilgan boshqa “Xamsa”lar bilan solishtirish va qiyosiy tahlil qilish amalga oshirilgan emas. Shuningdek, Navoiy dostonlarining “Xamsa” tarkibidagi muayyan dostoniga javob yozgan zamondosh shoirlar (Hiloliy, Ohiy, Hotifiy, Binoiy)ning asarlari bilan solishtirilmagan. Holbuki, Navoiy “Xamsa”si o‘z davrida eng mashhur asarlardan biri bo‘lganligi, uning leksik qatlami tadqiqi o‘sha davrdayoq boshlanganligi, Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan nusxalar jahon kutubxonalari fondida eng ko‘p saqlanadigan nusxalardan ekanligi Navoiyning zamondosh shoirlar ijodiga ta’sirini eng avvalo xamsachilik an’analari fonida tekshirishni taqozo etadi.
Nizomiy beshligiga fors-tojik adabiyotida birinchi javob Amir Xusrav Dehlaviy, o‘zbek adabiyotida esa Alisher Navoiy tomonidan amalga oshirildi. Bu ikki muallif xamsanavislikka munosabat bildirayotgan birinchi ijodkorlar bo‘lganliklari uchun an’ananing barcha shartlariga amal qildilar, xususan, oldindan belgilab berilgan mavzu va she’riy o‘lchovlarni to‘laligicha saqlab qoldilar. Dehlaviydan keyin fors-tojik adabiyotida Xoju Kirmoniy, turkiy adabiyotda esa Navoiydan keyin Hamdulloh Hamdiylar “Xamsa” dostonlari mavzulari va she’riy o‘lchovlarini o‘zgartirdilar.
XV asr Hirot adabiy muhitida Abdurahmon Jomiy beshlik tarkibiga yangi mavzu va vaznlarni olib kirdi. 16-asrning boshida turk shoiri Yahyobey Toshlijoli Jomiy an’anasini davom ettirib, turk adabiyoti xamsanavisligiga yangi mavzu va vaznlarning kirib kelishiga sababchi bo‘ldi. Bunga birinchidan, Jomiygacha fors-tojik adabiyotining xamsanavisligida an’anadan uzoqlashish tamoyilining mavjud bo‘lganligi sabab bo‘lsa, ikkinchidan, shoirning dunyoqarashi va turmush tarzi ham muayyan ta’sir ko‘rsatgan. Buni Jomiy beshligi tarkibida uchta falsafiy yo‘nalishdagi dostonlarning mavjudligi ham isbotlaydi.
Musulmon Sharqi epik poeziyasi tarixi va tadrijiy taraqqiyoti xamsachilik an’anasi bilan chambarchas bog‘liq. Nizomiy va Amir Xusrav Dehlaviydan boshlangan bu an’ana zamirida deyarli sakkiz asrga yaqin vaqt davomida yuzlab javob dostonlarga ega bo‘ldi. Turli davr va muhitlarda yaratilgan bu javob dostonlarni ular mnasub bo‘lgan madaniyat vakillari o‘z xalqlari badiiy tafakkurining ajralmas va muhim qismi sifatida o‘rganadilar, tadqiq etadilar. Forsiy tilda yozilgan bu tipdagi dostonlarni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq ob’ektiga tortishda birinchi e’tiborni Nizomiy beshligiga qaratish kerak bo‘lsa, turkiy adabiyotdagi xamsanavislik tarixida shu rolni Navoiyning “Xamsa” si bajaradi. Chunki dostonlardagi asosiy g‘oya va yo‘nalish, ulardan kelib chiqadigan xulosalarning tub ildizlari aynan ana shu ikki muazzam asarga borib taqaladi. Aynan shu jihatni dostonlar poetikasiga tatbiq etish ham samarali natija beradi.
Shuni alohida qayd qilish kerakki, Navoiy “Xamsa”sini yaratishda faqat forsiy salaflardan emas, balki o‘zigacha bo‘lgan turkiy she’riyatning tajribalardan ijobiy foydalangan. Jumladan, “Hayrat ul-abror”da qo‘llanilgan vaznda Navoiygacha Sayyid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor” va Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul-asror” dostonlari yozilganligi, “Farhod va Shirin” dostonidagi vazn o‘lchovi turkiy xalqlar orasida mashhur bo‘lgan “Muhabbatnoma” qo‘shig‘ini ritmikasiga mos tushishini Navoiyning o‘zi “Mezon ul-avzon”da qayd qilib o‘tgani “Xamsa”larni tadqiqida turkiy manbalarga ham alohida e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |