Xamsanavislar. Bu guruhdagi shoirlar to‘liq besh dosondan iborat «Xamsa» yozganlar.
Amir Xusrav Dehlaviy (XV asr), Xoju Kirmoniy (XIV asr), Ashraf Marog‘aviy (XV asr), Alisher Navoiy (XV asr), Abdibek Sheroziy (XVI sar), Sinon Ibn Sulaymon (XVI asr), Qosimiy (XVI asr), Hasan ibn Sayid Fathulloh (XVII asr), Ismoil Binish (XVII asr), Mirmuhammad Ma’sumxon (XVI-XVII asrlar), Hamidulla Hamidiy (XVI-XVII asrlar), Yahyo Nargisiy (XVI-XVII asrlar). Muhammad Amin Shahristoniy (XVI-XVII asrlar), Mir Savbadarxon (XIX asr), va boshqalar.
Sab’anavislar. Bu guruhdagi shoirlar yetti dostondan iborat turkum yozganlar.
Abdurahmon Jomiy (XV asr), Ali ibn Nosir ibn Abulqosim al-Husayniy Tabriziy Gunobodiy (XVI asr), Badriddin Kashmiriy (XVI asr), Zuloliy (XVI-XVII asrlar).,
To‘liq yozib tugata olmaganlar. Bu guruhga mansub shoirlar «Xamsa yozishga kirishgan, lekin to‘liq yozib tugatishga ulgurmagan.
Salmon Sovajiy (XIV asr), Lomeiy (XVI asr), Abulfayz Fayziy (XVII asr), Mir Muhammad Murod Loyiq, Kotibiy (XIV-XV asrlar), Mavlono Ali Ohiy (XV asr), Abdulloh Xotifiy (XV asr), Mavlono Haydar Xorazmiy (XV asr), Xoja Alouddin (XV asr), Maktabiy (XV asr), Xoja (XVI asr), Amir Hoshim Kirmoniy (XVI asr), Rahoyi Marviy (XVI asr), Xoja Imomudin Lohuriy (XVI asr), Amir Shayximbek Suhayliy (XV asr), Nishotiy (XVIII asr) va boshqalar.
Jumladan, XV asr shoiri Xoja «Maqsad ul-atvor», «Layli va Majnun»; Hindistonlik shoir Xoja Imomiddin Lohuriy «Layli va Majnun»; Abdurahmon Jomiyning jiyani Abdulloh Hotifiy «Layli va Majnun», «Xusravu Shirin», «Haft paykar», «Zafarnoma»; Salmon Sovajiy «Jamshed va Xurshed», «Firoqnoma» dostonlarini yozgan.
Xamsanavis shoirlarni bu tarzda tasnif qilishda ular yaratgan xamsalarning ko‘proq tashqi shakliy xususiyatlari, hajm doirasi, ulardagi dostonlar miqdori asosiy mezon qilib olindi.
Bundan tashqari, adabiyotshunos olim, akad. B.Valixo‘jaev xamsanavis shoirlarning Nizomiy an’analariga-«Panj ganj»dagi dostonlarning syujeti, obrazlar tizimiga, ularning janriy yaxlitligi, umumiyligiga munosabatlarida ikki xil yo‘nalish mavjudligi haqida fikr yuritadi. Birinchi guruhga mansub «Xamsa» mualliflari Nizomiy an’analariga buyuk hurmat bilan qaraydi va uni o‘zlariga ustoz deb biladi. Shu bilan birga, ular Nizomiy «Panj ganj»idagi dostonlar mazmunini, timsollar tizimini, dostonlarning joylashish tartibini, ularning g‘oyaviy mazmun va poetik shakl jihatdan yaxlitligini o‘zlari yaratgan «Xamsa»larda o‘z dunyoqarashi, yashagan davri ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan bog‘lagan holda to‘liq saqlab qoladi. Amir Xusrav Dehlaviy va Alisher Navoiy «Xamsa»lari ana shu yo‘nalishda yaratilgan «Xamsa»lardir.
Ikkinchi guruhdagilar Nizomiy yo‘lini eskirgan deb hisoblab, uning poemalari o‘rniga mazmuni va obrazlar dunyosi yangi bo‘lgan butunlay boshqa poemalarni kiritish yoki poemalar miqdorini oshirish yo‘lidan boradilar.
Masalan, XIV asrda yashagan fors-tojik shoiri Xoju Kirmoniy «Xamsa»si tarkibi: «Humay va Humoyun», «Gulu Navro‘z», «Ravzat ul-anvor», «Kamolnoma», «Gavharnoma»; XVI asr shoiri Qosimiy «Xamsa»si tarkibi: «Layli va Majnun», «Xusrav va Shirin», «Go‘y va Chavgon», «Zubdat ul-ash’or», «Oshiqu ma’shuq»; turk xamsanavisi Sinon ibn Sulaymon «Xamsa»si tarkibi: «Vomiq va Uzro». «Yusuf va Zulayho», «Husnu Nigor», Suhayl va Navbahor», «Layli va Majnun» kabi dostonlardan iborat bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, bu xamsalardagi dostonlar Nizomiy «Panj ganj»idagi dostonlardan mazmuni va obrazlar tarkibi, ko‘rinish va joylashish tartibi jihatidan butunlay farq qiladi. Shu bilan birga, bu adiblar «Xamsa» yozishning faqat tashqi shakliga, ya’ni besh dostondan iborat bo‘lishligiga e’tibor berganligi uchun ularning xamsalari dostonlarning oddiy to‘plamidan iborat bo‘lib qolgan.
Xamsanavislik tarixida Temuriylar davri adabiyoti ayniqsa, XV asr Hirot adabiy muhiti alohida o‘rin egallaydi. Bu davrda 4 ta to‘liq xamsa yaratildi. Bulardan ikkitasi Navoiy va Jomiy qalamiga mansub bo‘lsa, qolgan ikkitasi – Jamoliy va Ashraf Marog‘iy xamsalari u qadar keng shuhratga ega bo‘lmadi. Bu xamsanavislar bar davr va yagona adabiy muhitda yashagan bo‘lsalar-da, ularning xamsachilikka munosabatlari turlicha ekanligini ko‘rish mumkin. Bu farqlanish dostonlarning syujetidan tortib, g‘oyaviy mundarija va shakliy atributlargacha ko‘zga tashlanadi. Shu ma’noda Temuriylar davridagi ijodkorlarning xamsanavislikka munosabatini Hirot adabiy muhiti fonida kuzatish fan uchun kerakli natijalar beradi.
Umumiy tarzda olganda, faqat 15-asr Hirot adabiy muhitining o‘zida 20 ga yaqin ijodkor xamsanavislikda o‘z kuchlarini sinab ko‘rganlar. Garchi bu ijodkorlarning barchasi Nizomiyning barcha dostonlariga javob yozishmagan bo‘lsalar-da, lekin muayyan dostonga javob yozish bilan mazkur an’anaga o‘z munosabatlarini bildirganlar. Bu davrdagi nizomiy mavzulariga murojaat qilgan ijodkorlar haqida o‘sha davrning mo‘‘tabar adabiy va tarixiy manbalar – Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, G‘iyosiddin Xondamirning “Habib us-siyar” asarlarida alohida to‘xtalinishi xamsanavislik an’anasi Hirot adabiy muhitida ijodning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligidan dalolat beradi.
Nizomiy Ganjaviy boshlab bergan va Sharq xalqlari xamsasaroligi taraqqiyotida katta voqeaga aylangan bu ulkan adabiy an’ana-xamsanavislik an’anasini, shubhasiz, ulug‘ o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiy o‘z «Xamsa»si bilan har tomonlama takomilga etkazdi va eng yuqori pag‘onaga olib chiqdi.
Alisher Navoiy «Xamsa»si badiiy qimmatining bebaholigi, uning xamsanavislik an’anasi taraqqiyotidagi yuksak o‘rni, shuningdek, jahon xalqlari madaniyati xazinasining noyob durdonalaridan biri ekanligi allaqachonlar hamma tomonidan e’tirof etilgan.
Navoiy bu yuksak san’at namunasini yaratish uchun juda katta ijodiy mehnat qildi, nihoyatda ko‘p tarixiy, ilmiy asarlarni o‘rganib chiqdi, ko‘plab ma’lumotlar yig‘di, o‘zigacha yaratilgan hamma «Xamsa»lar, xususan Nizomiy, Amir Xusrav, Jomiy dostonlari bilan mukammal va mufassal tanishib chiqdi. Buyuk shoir «Xamsa» yozish uchun har tomonlama jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Shu maqsadda u dostonlarining har birini yozishdan oldin o‘zini ma’naviy, ruhiy jihatdan tayyorladi, hatto «Saddi Iskandariy» dostonida mubolag‘ali tarzda avval «ko‘z yoshi bilan cho‘milib» keyin ishga o‘tirganligini qayd qiladi.
XV asrga kelib ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy Nizomiy va Amir Xusrav xamsalari an’analarini izchil va ijodiy rivojlantirdi. U xamsaning sharq xalqlari adabiyotidagi eng yuksak namunalaridan birini yaratdi. Alisher Navoiy bilan bir davrda yashagan ulug‘ fors-tojik mutafakkiri Abdurahmon Jomiy ham Nizomiy, Amir Xusrav an’analarini o‘ziga xos tarzda davom ettirdi. U «Tuhfat ul-ahror», «Sabhat ul-abror», «Silsilat uz-zahab», «Yusuf va Zulayxo», «Layli va Majnun», «Salomon va Absol», «Xiradnomai Iskandariy» kabi yetti dostondan iborat «Haft avrang»ida xamsatayn tarkibidagi birinchi dostonga javoban «Tuhfat ul-ahror»ni, uchinchi dostonga javoban «Layli va Majnun»ni, oxirgi dostonga javoban «Xiradnomai Iskandariy»ni kiritgan, lekin Xusrav – Shirin - Farhod, shuningdek, Bahrom Go‘r haqidagi sujetlarga murojaat qilmagan, ular o‘rniga sujet va kompozitsiyasi o‘zgacha bo‘lgan to‘rtta poema kiritgan.
Abdurahmon Jomiy o‘z dostonlar turkumida «Xusrav va Shirin» hamda «Bahrom Go‘r» syujetlarini chetlab o‘tganligini shunday izohlaydi:
«Xiradnoma» z-on ixtiyori man ast,
Ki afsonaxoni na kori man ast.
Zi asrori hikmat suxan rondan,
Beh az qissahoyi ko‘han xondan.
Zi Bahromi Go‘rash narondam suxun,
Nakishtam ba bog‘i xud on sarvbun.
Chu ma’murai umr shud xokto‘d,
Zi me’morii «Haft paykar» chi sud? [32].
Mazmuni: Mening ixtiyorim (xohish, mayl) “Xiradnoma”ga tushdi, zero afsona aytish mening ishim emas. Hikmat sirlaridan so‘z aytish eski qissalarni o‘qishdan afzalroqdir. Bahrom Go‘r haqida so‘z yuritmadim, o‘z bog‘imga u sarvni ekmadim. Umr imorati tuproqqa aylanib borayotgan (to‘kilayotgan) bir davrda “Haft paykar” imorati (qasrlari)ni bunyod etishdan nima foyda?
Demak Alisher Navoiy oldida ham nihoyatda murakkab vazifa turgan edi. Bu ham bo‘lsa, Nizomiy va Amir Xusrav an’analarini buzmagan holda xamsani bir butunlik, bir-birini taqozo etuvchi yaxlit monolit asar darajasiga keltirishdir. Bu maqsadni amalga oshirish yo‘lida buyuk shoir va mutafakkir ijodiy istedodi, badiiy mahorati va tafakkur doirasining turli qirralarini namoyon etdi.
Navoiy «Xamsa» tarkibidagi dostonlar orasida aynan «Farhod va Shirin» hamda «Sab’ayi sayyor» dostonlari, ya’ni Abdurahmon Jomiy chetlab o‘tgan mavzular syujet nuqtai nazaridan eng ko‘p o‘zgarishga uchragan. Buni shoir «Farhod va Shirin»dagi asosiy timsolni almashtirish va syujetni butkul yangidan ishlab chiqish, «Sab’ayi sayyor»da esa, kiritma hikoyatlarga urg‘u berib, tamoman yangi syujetlar kiritish vositasida amalga oshirdi. Va shu bilan tadrijiylikka monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etdi.
““Xamsanavislik an'anasi" modulini ilmiy-metodik jihatdan o’rganish va o’rgatishning quyidagi ustuvor yo’nalishlarini qayd etish mumkin:
I. Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida o‘zining turkiy va forsiy merosini tilga olib, «Xamsa»ning har bir dostonini yozishda unga madad bergan manbalarni e’tirof etadi: «Avvalkim, «Hayrat ul-abror» bog‘ida tab’im gullar ochibdur, Shayx Nizomiy ruhi «Maxzan ul-asror»idin boshimg‘a durlar sochibdur. Yana chun «Farhod va Shirin» shabistonig‘a xayolim yuz tutubdur, Mir Xusrav dami «Shirin va Xusrav» o‘tidin charog‘imni yoritibdur. Yana chun «Layli va Majnun» vodisida ishqim po‘ya urub, Xoju himmati «Gavharnoma»sida nisorimga gavharlar yetkurubtur. Yana chun «Sab’ayi sayyor» rasadin zamirim bog‘labdur, Ashraf «Haft paykar»ining etti hurvashin peshkashimg‘a yarog‘labtur. Yana chun «Sadi Iskandariy» asosin xotirim muhandisi solibdur, Hazrati Maxdum «Xiradnoma»sidin ko‘si isloh va imdod cholibtur».
Mazkur e’tirofdan ma’lum bo‘ladiki, Navoiy «Xamsa» tarkibidagi har bir dostonni alohida mualliflarning asarlaridan ilhomlangan holda yaratgan. Binobarin ularni aynan o‘sha asarlar, ayniqsa, «Layli va Majnun» dostonini Hoju Kirmoniyning «Gavharnoma» dostoni bilan qiyosan o‘rganish nihoyatda muhimdir.
II. Alisher Navoiy «Xamsa»sini tadrijiylik asosida yaxlit arxitektonika sifatida o‘rganish masalasida keyingi yillarda bir qator qiziqarli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, yirik navoiyshunoslar B.Valixo‘jaev, A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov, D.Salohiy kabi olimlarning e’tiborli qarashlari mavjud. Biroq bu masalada hali muayyan to‘xtamga kelinmagan.
Quyida shu masalani oydinlashtirishda yordam beradigan ba’zi holatlarni qayd etib o‘tmoqchimiz.
Navoiy «Xamsa»sida bir necha beshliklar tilga olinadi:
1. «Saloti xamsa» (besh vaqt namoz) yoki shoir ta’biri bilan aytganda «panj ganj»:
Xamsa salotingga chu navbat bo‘lub,
Panjai islomg‘a quvvat bo‘lub…
Faqr aro ul panja qabul etti ranj,
Lek haqiqatda erur panj ganj [43. 42].
«Saddi Iskandariy» dostonining beshinchi bobiga yozilgan nasriy sarlavhada Navoiy «Xamsa» tarkibidagi beshta dostonni besh vaqt namozga qiyoslagan. Ya’ni, «Hayrat ul-abror»ni fajr, bomdod namoziga, «Farhod va Shirin»ni peshin namoziga, «Layli va Majnun»ni asr, «Sab’ayi sayyor»ni shom va nihoyat yozilajak, niyat qilingan «Saddi Iskandariy»ni xuftan namoziga qiyoslagan.
2. Islomning beshta rukni - «xamsi muborak»:
Besh yasamish tangri taborak ani,
Desa bo‘lur xamsi muborak ani [43. 111].
3. Beshta sezgi:
Qasrda besh rahba muxayyo anga,
Bo‘lg‘ali xar sori tamosho anga.
Lek bu besh rahbada besh korvon,
Bir-biridek har biri bisyordon [43. 93].
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, «Hayrat ul-abror» dostonidagi dastlabki bob («bismillohir rahmonir rahiym»ning sharhi) faqat shu dostonning emas, umuman «Xamsa»ning kirish qismi hisoblanadi. «Saddi Iskandariy» dostonining oxirgi 89-bobi faqat shu dostonning xotimasi emas, yaxlit tarzdagi «Xamsa»ning itmomi, «...bu maxozin tilismotini istehkom bila itmomg‘a etkurmakning tahriri» haqidagi bobdir.
Ushbu jumladagi «maxozin» (xazinalar, ya’ni besh xazina) so‘zi mazkur fikrni tasdiqlaydi. Bunda Navoiy «Xamsa»ni beshta tilsimlangan xazinadan iborat ko‘rg‘on - istehkom deb atamoqda. Aynan istehkom (devor, qoliplovchi vosita) vazifasini mazkur boblar bajargan.
III. Navoiy she’riyatida ham «Xamsa» o‘rni-o‘rni bilan tilga olinadi hamda qiziqarli mulohazalarga asos bo‘luvchi fikrlar keltiriladi. Xususan, «Navodir un-nihoya» devonidagi beshinchi na’t g‘azalida shunday bayt mavjud:
Bo‘lmag‘ay erdi muyassar «Xamsa», ya’ni panj ganj,
Qilmasa erdi madad holimg‘a besh oliy abo.
Mazkur g‘azal «Xazoyin ul-ma’oniy»ga ham kiritilgan. Unda «besh oliy abo» (besh oliy ota) jumlasi «besh oli abo» (ota oilasining besh a’zosi) tarzda keltirilgan (Birinchi o‘rindagi holat nashr xatosi bo‘lishi mumkin).
«Besh oli abo» manbalarda Muhammad (a.s.), qizlari Fotima, kuyovlari Ali hamda ikki nabiralari Imom Hasan va Imom Husayn deb tilga olinadi. «Xamsa»ning ular bilan aloqadorligi ham jiddiy tadqiq etishni talab etadigan masalalardandir.
Xulosa qilib aytganda, xamsanavislikning, shuningdek, Alisher Navoiy «Xamsa»sining yaxlit mukammal yoritish uchun quyidagi vazifalar bajarilishi lozim:
Navoiy dostonlarini o‘zi e’tirof etgan manbalar bilan qiyosan o‘rganish.
«Xamsa»dagi dostonlarni shu mavzuda yaratilgan asarlar (asosan «Xamsa»lar tarkibidagi) bilan qiyosan o‘rganish.
Navoiy «Xamsa»si tarkibidagi dostonlarni bir-biriga qiyosan o‘rganish.
Navoiy «Xamsa»sini yaxlit holda Nizomiy, Amir Xusrav va Jomiy xamsa yoki sab’alari bilan qiyoslab o‘rganish.
«Xamsa» tarkibidagi dostonlar mohiyatini borliq va tafakkurdagi boshqa beshliklar (besh qismdan iborat bo‘lgan hodisalar) bilan chog‘ishtirish.
1.2. “Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘qitishga doir innovatsiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalar. Hozirgi kunda filologik fanlarni o‘qitishning jahon tajribasini o‘rganish va tatbiq qilish bizdagi ta’lim sistemasini jahon standartlari darajasiga olib chiqish uchun zarur. Bugungi dunyo o‘zining tezkorligi bilan ajralib turibdi va bu katta o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Mana shunday o‘zgarishlar atrof-muhit, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar hamda turli boshqa jarayonlarda ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Ta’lim sohasi ham global dunyoning tarkibiy qismi sifatida jamiyatda bo‘layotgan barcha o‘zgarishlarni hisobga olishi, ana shu asosda o‘z tuzilishi va faoliyat mazmunini o‘zgartirishi zaruriyatdir. Shuday ekan milliy adabiyot fanini o‘qitishning ilg‘or xorijiy tajribalarini o‘zlashtirish va ulardan kerakli jihatlarni olish biz uchun muhim.
O‘zbek xalqining buyuk farzandi, Sharq Islom madaniyatining porloq yulduzi bo‘lgan Alisher Navoiy adabiy merosi, shu jumladan, “Xamsa”si hamda xamsanavislik an'anasini ilmiy tadqiqot doirasida hamda ta’lim tizimida o‘rganish dunyoning turli chekkalarida uzoq asrlardan beri davom etmoqda. Bu borada nafaqat Sharq davlatlarida, balki bir qator g‘arb davlatlaridagi ilmiy markazlarda ham ilg‘or tajribalar mavjud bo‘lib, ulardan bahramand bo‘lish, ularning ijobiy tomonlarini o‘zlashtirish innovatsion yondashuvga tayanadigan bugungi ta’lim tizimimizning muhim tamoyillaridandir.
G‘arb mamlakatlarida xamsanavislik an'anasi hamda Alisher Navoiy merosiga bo‘lgan qiziqish XVI-XVII asrlarda boshlangan edi. Shu davrda buyuk mutafakkir asarlariga munosabat bildirish, ularnini nashr etish, tarjima qilish ishlari ko‘zga tashlanadi. Jumladan, 1697-yilda fransuz sharqshunosi Derbelo "Sharq kutubxonasi" qomusini nashr ettirdi. Unda Alisher Navoiyga doir mo‘`jaz ma`lumot ham bor. Bunday ish xususan XIX asrda ancha jonlandi. Bu jihatdan fransuz sharqshunosi M.Belenning maqolalari hamda "Xamsat ul-mutahayyirin", "Mahbub-ul-qulub"dan parchalarning chop etishi (1861, 1866-yillar), Katrmerning esa "Tarixi muluki Ajam", "Muhokamat ul-lug‘atayn" asarlarining asliyatda nashr etishi (1841), rus sharqshunosi M.Nikitskiyning "Amir Nizomiddin Alisher va uning davlat hamda adabiyot sohasidagi ahamiyati" mavzusida yozilgan magistrlik dissertatsiyaning kitob holida nashr etilishi (1856-yil), Pave de Kurteyl, N.Ilminskiy, I.Berezin va boshqalarning turli xildagi ishlarini eslatish kifoya. To‘g‘ri, g‘arb sharqshunoslari asarlarining hammasi ham bir xil saviyada yozilgan, ularning hammasida ham Alisher Navoiy merosiga yuksak baho berilgan deb bo‘lmaydi. Chunki bu sohadagi ish endi boshlanayotgan bo‘lib, hali uning hamma asarlari ham to‘liq va chuqur ilmiy tarzda o‘rganilganicha yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, bu urinishlarning natijasi sifatida M.Belenning "Alisherbek o‘z zamonasining mashhur va eng sermahsul ijodkorlaridan biri bo‘lgan" tarzida mulohaza yuritishi g‘arb sharqshunoslarining dastlabki ijobiy xulosalari bo‘lganidan dalolat beradi.
XX asrdagi navoiyshunoslik o‘z ko‘lamining kengligi va bosib o‘tgan yo‘lining o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. Bu o‘ziga xoslik shundan iboratki, XX asrning 20-80 yillarida O‘zbekistonda hamda MDH mamlakatlarida Alisher Navoiy hayoti va merosini o‘rganishda sho‘rolar siyosati o‘z ta`sirini o‘tkazdi. Shunday bo‘lsa-da, Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va merosini o‘rganish, uning 500 yillik (1948), 525 yillik (1968), 550 yillik (1991) yubileylarini o‘tkazish; asarlarini (1948-yilda 3 tomlik, 1968-yilda 15 tomlik), ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini ("Majolis un- nafois", "Lison ut-tayr", "Hayrat ul-abror", "Farhod va Shirin", "Mezon ul-avzon") nashr etish, doktorlik (A.Sa`diy, A.Hayitmetov, H.Sulaymon, A.Abdug‘afurov, S.Erkinov, N.Mallaev, M.Hakimov va boshqalar), nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish, turli mavzularda monografiya va ilmiy maqolalar to‘plamlarini nashr etish davom etdi. Bu davrda Y.E.Bertels, S.N.Ivanov (Rossiya), H.Arasli, J.Nag‘ieva (Ozarboyjon), A.Mirzoev, R.Hodizoda (Tojikiston), B.Karriev (Turkmaniston) kabi yetuk navoiyshunoslar faoliyat ko‘rsatdilar. Shuning bilan bir qatorda, Turkiya (Ogoh Sirri Levend), Eron (Ali Asg‘ar Hikmat, Rukniddin Humoyun Farrux), Afg‘oniston (Muhammad Ya`qub Juzjoniy) va boshqa mamlakatlarda ham navoiyshunoslar faoliyat ko‘rsatib, asarlarini nashr ettirdilar, turli xildagi risolalar, maqolalar to‘plamlarini yaratdilar.
Tadqiqot ob’ekti sifatida tanlangan “Xamsa”lar haqida O‘zbekiston olimlari, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Eron, Tojikiston, Rossiya sharqshunoslari tomonidan salmoqli ishlar qilindi. Bu olimlarning ishlarida dostonlarning matnshunoslik tadqiqi, g‘oyaviy-badiiy tahlili, poetikasi va obrazlar olamiga e’tibor qaratilgan. Biroq, ularda muayyan davr va aniq adabiy muhitda yaratilgan “Xamsa” dostonlari qiyosiy-tipologik metod asosida tahlil qilinmagan. Shuningdek, tadqiqotlarning asosiy qismida forsiy salaflarning turkiy she’riyatga ta’siri va interpretatsiya masalalari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, turkiy tilda yaratilgan “Xamsa” dostonlarining forsiy tilda yaratilgan shu mavzudagi dostonlarga ko‘rsatilgan ta’siri haqida deyarli asosli xulosa bayon etilmagan.
Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Xoju Kirmoniy kabi xamsanavislar hayoti va adabiy merosi Ch.Ryo, F.Erdman, Sh.Shefer, I.Pitssi, A.Braun, L.Baxer, A.Krimskiy, kabi olimlarning tadqiqotlarida o‘rganilganularning shaxsiyati va adabiy merosi haqida turli hajm va mazmundagi axborot, ilmiy ma’lumot va mulohazalarni bildirishgan. XX asrda rus sharqshunoslari E.E.Bertels, I.S.Braginskiy; Eron va tojik adabiyotshunoslari H.Mansur, S.Nafisi, V.Dastgirdi, K.Ayni, Z.Safo, azarbayjon olimlari G.Aliev, B.Kulieva Xoju Kirmoniy she’riyati, dostonlari va xamsanavislik taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ilmiy izlanishlar olib borishdi.
O‘tgan asr oxiri va XX asrning o‘tgan davri mobaynida xamsanavislardan biri bo‘lgan Xoju Kirmoniy adabiy merosi bir qator azarbayjonlik adabiyotshunos olimlar tomonidan targ‘ib, tadqiq va tahlil etildi. Xususan, B.Qulievaning «Xoju Kirmoniyning «Somnoma» va «Humoy va Humoyun» dostonlari» monografiyasi bu boradagi eng muhim ishlardan biridir. Ayni damda yana bir azarbayjonlik olima Z.Ollohberdieva ham Xoju Kirmoniy dostonlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Uning ayrim natijalari mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi hukmiga ham havola etilgan.4
Bugungi kunda dunyoning turli ilmiy markazlarida xamsanavislik an’anasi tarixi, Alisher Navoiy hayoti va adabiy merosi, xususan “Xamsa”si va uning xamsanavislik an’anasi tarixidagi o‘rni, ahamiyati haqida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, B.Haynkele, K.Shuning, Y.Paul, M.Kirhner, Z.Klaynmihel, E.Taube, M.Sabtelni, B.Feldmen, D.Genchturk, D.Devin, K.Adaxl, G.Dik, M.Tuton kabi olim va tadqiqotchilarning ishlarini qayd etish mumkin.
2014-yilda fransiyalik yosh tadqiqotchi M.Tuton Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida rahbar fazilatlari va ijtimoiy adolat masalasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.
Navoiyshunoslikning hudud va chegarasiz geografiyasi, dunyoning beshta mamlakatida hazrat xotirasi uchun haykal o‘rnatilganligi bobokalonimizning nafaqat millat, balki butun insoniyat oldidagi buyuk xizmatlarining yuksak e’tirofidir. Binobarin dunyoning turli chekkalarida Alisher Navoiy hayoti va adabiy merosi, xususan “Xamsa”dek inson tafakkurining cheksiz qirralaridan guvohlik beruvchi monumental asar tadqiqi va ta’limi bilan bog‘liq erishilgan natijalar yutuqlar va ilg‘or tajribalardan bahramand bo‘lish, o‘z navbatida, navoiyshunoslikning tom ma’nodagi markazi bo‘lgan mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi tomonidan erishilgan yutuqlardan dunyo ahlini bahramand etish bugungi kunning dolzarb va ustuvor vazifalaridandir.
Bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlari hamda rivojlangan, uzoq an’analarga ega bo‘lgan Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim tizimi misli ko‘rilmagan tarzda taraqqiy etayotganligi sir emas. Borgan sari ta’limning yangi-yangi shakllari, vositalari va usullari kashf etilmoqda. Davlatlararo, tizimlararo va fanlararo integratsiyalashuv jarayonining tobora kuchayishi natijasida mazkur yutuqlarning aksariyati mamlakatimiz ta’lim sohasiga ham jalb etilmoqda.
Bugungi talaba uchun ma’lumot berish va ma’lumot olishning o‘zi kifoya emas, albatta. Binobarin “Alisher Navoiy “Xamsa”sining yaratilishi” modulini o‘qitishda ham ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab olish, ilg‘or xorijiy tajribalardan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero hazrat Navoiy me’rosining haqiqiy vorislari sifatida mamlakatimiz yoshlari, filolog va adabiyotshunos mutaxassislari bu borada – navoiyshunoslik borasida raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishi modulni o‘qitishdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir. Shularni inobatga olib, mazkur bobda modulning nazariy jihatlari, ilmiy asoslari, muammoni tadqiq etish metodologiyasi va tahlil metodlari haqida imkon qadar batafsil to‘xtalishga harakat qildik.
Bitiruv ishining keyingi bobida “Xamsanavislik an'anasi" modulini o‘qitishning amaliy jihatlari, mavjud va yangilangan, modernizatsiyalashgan didaktik ta’minoti haqida mulohaza yuritiladi.
II BOB. “XAMSANAVISLIK AN'ANASI” MODULININING
O‘QUV-USLUBIY VA DIDAKTIK TA’MINOTI
2.1. “Xamsanavislik an'anasi” modulining didaktik ta’minoti. Xamsanavislik an'anasi, shuningdek, Alisher Navoiy “Xamsa”si mamlakatimiz ta’lim tizimining deyarli barcha bosqichlarida alohida e’tibor bilan o‘qitiladigan modullardandir. Xususan, bakalavriat bosqichining “Filologiya va tillarni o‘qitish” yo‘nalishi o‘quv rejasiga kiritilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” hamda “Navoiyshunoslik” fanlari dasturlarida xamsanavislik an'anasi, Alisher Navoiy “Xamsa”sining yaratilishi masalasi alohida modul sifatida taqdim etilgan.
"O'zbek adabiyoti tarixi", “Navoiyshunoslik” fanlarining Namunaviy oquv dasturida quyidagi vazifalar qo‘yilgan:
- talabalarga xamsanavis ijodkorlar va ularning "Xamsa"lari haqida ma'lumot berish;
- Xamsanavis ijodkorlarning komil inson ma'naviyati haqidagi qarashlarini ilmiy jihatdan asoslangan dalillar bilan chuqur o‘rganish va hayotga tatbiq etish usul va vositalarni aniqlash;
- talabalarga Alisher Navoiyning fenomeni, shaxsiyati, tafakkur dahosi haqida ma'lumot berish;
- badiiy ijod namunalarini o‘rganish orqali badiiy so‘z shukuhi, o‘zbek tilining keng imkoniyatlaridan foydalanish malakasini shakllantirish;
- Navoiy asarlarining o‘zbek xalqi ma'naviyatining shakllanishi va rivojiga ko‘rsatgan ta'siri haqida ma'lumot berish orqali talabalarda milliy ma'naviyatimizning teran ildizlari haqida tasavvur hosil qilish;
- Alisher Navoiyning badiiy olami tabiati va qonuniyatlarini tadqiq etish, asarlari mohiyatini teran anglash, to‘g‘ri tahlil va tadqiq etish ko‘nikmasini hosil qilish;
Dasturning “Xamsanavislik an'anasi” moduli quyidagi mavzularni qamrab oladi:
Xamsachilik tarixidan. Nizomiy Ganjaviy va Xisrav Dehlaviy “Xamsa”lari. Hirot adabiy muhitida xamsanavislik. Abdurahmon Jomiy “Xamsa”sining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Alisher Navoiy beshligi birinchi turkiy “Xamsa” sifatida.
“Hayratul abror” dostonining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Tarkibiy tuzilishi, syujet tartibi va kompozitsiyasi, maqolat va hikoyatlar tahlili. Falsafiy va tasavvufiy talqinlar. “Farhod va Shirin” dostonining yaratilish tarixi. Dostonning muxtasar mundarijasi va timsollar olami. Farhod – ilohiy ishq yo‘liga kirgan soliki majzub timsoli. Shirin – ilohiy mazhar. Dostondagi ramziy timsollar. Dostonda tarixiylik va badiiylik. Doston badiiyati. «Layli va Majnun» – pok va yuksak muhabbat ifodasi. Asardagi bosh qahramonlar hayoti. Dostonning g‘oyaviy mundarijasi, timsollar olami. Majnun – ilohiy ishq yo‘lidagi majzubi solik timsoli. Dostondagi boshqa timsollar. Dostonning badiiy xususiyatlari. “Sab'ai sayyor” dostonining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Hikoyatlar tahlili. Shoh Bahrom timsoliga xos fazilat va ziddiyatlar. Dilorom –iste'dodli san'atkor, vafodor yor timsoli. Doston kompozitsiyasi. Asarning badiiy xususiyatlari. “Saddi Iskandariy” – falsafiy-ta'limiy, ijtimoiy-siyosiy va ma'rifiy asar. Dostonining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Tarkibiy tuzilishi. Dostonda adolat timsoli.
"Xamsanavislik an'anasi” moduli 10 soat miqdorda tuzilgan bo’lib, 2 soat ma’ruza, 4 soat amaliyot-seminar va 4 soat mustaqil soatdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |