Ko‘p o‘qli bo‘g‘imlarning harakat o‘qi juda ko‘p bo‘lib, har xil harakatni vujudga keltiradi. Bunday bo‘g‘imni hosil qiluvchi suyaklarning birida sharsimon boshcha, ikkinchisida esa shu boshchaga mos keladigan chuqurcha bo‘ladi. Masalan kurak, elka, tos va son suyaklarining bo‘g‘imlari ana shunday bo‘g‘imlardir. Bunday bo‘g‘imlar sharsimon bo‘g‘imlar - articulatio sphaeraidea deyiladi.
Kam harakat sirg‘anchoq bo‘g‘imlar - articulatio amphiartiosis ni hosil qiluvchi suyaklarning bo‘g‘im yuzalari tekis, harakati kam bo‘ladi. Bular, asosan, buferlik vazifasini bajaradi. Bunday bo‘g‘imga kaft, bilaguzuk va tovon suyaklarining bo‘g‘imlari kiradi.
Bo‘g‘imlar, o‘z navbatida, oddiy va murakkab bo‘g‘imlarga bo‘linadi. Ikkita suyakdan tuzilgan bo‘g‘imlar oddiy bo‘g‘im - articulatio simplex, tog‘ay plastinkalar yoki bir qancha suyakdan tuzilgan bo‘g‘imlar, masalan, bilaguzuk, tovon bo‘g‘imlari murakkab bo‘g‘im - articulatio compositia deyiladi.
Uyg‘unlashgan bo‘g‘imlarda harakat bir necha bo‘g‘imda bir vaqtda vujudga keladi.
Qishloq xo‘jaligi hayvonlarining ensa – atlant bo‘g‘imi, odamlarning tirsak bo‘g‘imi uyg‘unlashgan bo‘g‘imdir. Bular burilish xususiyatiga ham ega bo‘ladi.
Bo‘g‘imlardagi harakatning turlari
Oldingi va keyingi oyoq suyaklarining bo‘g‘imlari quyidagi harakatlarni: bukish, yozish, uzatish, yig‘ish, burish va aylantirish harakatlarini bajaradi.
Bukish – flexio holatida bo‘g‘im hosil qiluvchi suyaklar bir – biriga yaqin kelib, burchak hosil qiladi. Yozish - extensio holatida bukishning teskarisi bo‘lib, hosil bo‘lgan burchak yoziladi va suyaklar bir – biridan uzoqlashadi. Bunday harakat bir o‘qli va ko‘p o‘qli bo‘g‘imlarda sodir bo‘ladi. Yig‘ish (adduksiya) adductio holatida oyoq suyaklari bir – biriga yaqin bo‘ladi, uzatish (abduksiya) - adductio vaqtida esa oyoqlar bir – biridan uzoqlashadi. Bunday harakat ko‘p o‘qli bo‘g‘imlarda, masalan, elka bo‘g‘imi va hokazolarda paydo bo‘ladi. Burish - rotario holatida harakat o‘q atrofida bo‘ylamasiga vujudga keladi. Agar bo‘g‘im yonga burilsa, tashqi tomonga aylanish - supinatio, ichga burilsa, ichki tomonga aylanish - pronatio deyiladi.
Aylantirish – circumductio holatida bo‘g‘imlar har xil harakat hosil qilishi va aylanishi mumkin. Bunday harakat odamlarda ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi, hayvonlarning esa tos – son bo‘g‘imida vujudga kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |