Fanning tarixi va o‘rganish uslublari.
Hayvonlar morfologiyasiga oid tarixiy ma’lumot. Hayvonlar morfologiyasining tarixi tabiat tarixidan, solishtirma anatomiya va odam anatomiyasidan ajralmagan holda bir necha ming yil mobaynida paydo bo‘lgan. Qishloq xo‘jaligi hayvonlari anatomiyasi bundan 200 yillar muqaddam alohida fan bo‘lib ajralib chiqdi.
Qo‘lyozma ma’lumotlar saqlanmaganligi sababli anatmoiya ustida dastlab kimlar ish olib borganligi noma’lum. Ammo ovchilar hayvonlar tanasini maydalaganda jigar, buyrak, taloq, ichak, oshqozon, yurak va boshqa ichki organlar hayot uchun muhim ekanligini qadim zamondayoq aniqlaganlar. Masalan, bundan 20 ming yil oldin Shimoliy Ispaniyadagi Pendal g‘orining devoriga fil rasmining tashqi ko‘rinishi chizilib, uning ko‘kragiga yurak rasmi solingan. Bundan ma’lumki, o‘z zamonasining ilg‘or kishilari hayvonlarning tuzilishi bilan shug‘ullangan. Chorvachilik rivojlangan sari odamlar Hayvonlar morfologiyasini o‘rganish bilan ko‘proq shug‘ullangan. Qadimgi Sharq davlatlarida – Misr, Vavilon, Xitoy va Hindistonda qishloq xo‘jaligi hayvonlarining tana tuzilishi yaxshi o‘rganilmagan bo‘lsa ham, veterinariyaning dastlabki belgilari ko‘rina boshlagan. Gresiyada quldorlik davri hukm surgan paytda bir qancha fanlarning taraqqiy etishiga qulay sharoit tug‘ildi. Bu yerda keyinchalik Qadimgi Sharq madaniyati tez yuksaldi. Boshqa fanlar qatori medisina va anatomiya ham rivojlandi.
Dinning taraqqiy etishi natijasida odam jasadini yorish man qilinishi anatomiya fanini rivojlantirishda katta qiyinchiliklar tug‘dirdi. Shundan so‘ng Gresiya vrachlari hayvonlar tanasini yorib o‘rgana boshladilar. Qadimgi yunon tabibi, faylasufi Gippokrat (eramizdan oldingi 460 – 377 yillar) va uning shogirdlari skelet hamda ichki organlar to‘g‘risida ishonchli dalillar to‘pladilar, lekin organlarning funksiyasi haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmadilar.
Anatomiya fanining rivojlanishida Qadimiy Yunonistonning yirik olimi va faylasufi Aristotel (384 - 322) katta rol o‘ynagan. U 50 ga yaqin hayvon turini solishtirib, ularning tashqi tuzilishini o‘rgandi, ilmiy asosda klassifikasiyaladi. Butun hayvonot dunyosini umurtqali va umurtqasizlar, tirik tug‘uvchilar, tuxum qo‘yuvchilar turkumiga bo‘ldi. Aristotel qon tomirlari suyaklarni oziqlantiruvchi manba ekanligini, nervlarning paylardan farqini, yurak bilan qon tomirlarining o‘zaro munosabatini va boshqalarni aniqladi.
Shu davrda Gerofil hayvon va odam anatomiyasini o‘rganib, o‘pka arteriyasini topdi, til osti suyagini, ko‘zning tuzilishini, miya qorinchalarini izohlab berdi. Nerv sistemasining markazi bosh miya ekanligini aniqladi. Amaliy medisina sohasida ishlovchi vrachlardan anatomiyani bilishni talab qildi.
K.Galen (130 – 201 yillar) zamonasining mashhur anatomlaridan bo‘lib, hayvonlar, ya’ni maymun, ayiq, fil, sher, sudralib yuruvchilar va baliqlar anatomiyasini o‘rgandi. U yurakning chap qorinchasida va qon tomirlarida havo emas, balki qon suyuqligi oqishini ko‘rsatib berdi. Galen suyaklarning tuzilishi, rivojlanishini va ularning bog‘lanishini tekshirdi. Hiqildoq, kekirdak va burun bo‘shlig‘ining to‘sqichi tog‘aydan iboratligini aniqladi. U 300 ga yaqin tana muskulini izohlab, ularni klassifikasiyaladi.
X – XI asrlarda O‘rta Osiyoda ilm – fan ancha rivojlangan edi. Bu davrning eng buyuk namoyandalaridan biri Abu Ali ibn Sinodir (980 - 1037). U har tomonlama bilimdon olim, ensiklopedist, kashfiyotchi bo‘lgan. Filosofiya, matematika, fizika, astronomiya, anatomiya va ayniqsa medisinaga oid ishlari bilan dunyoga tanilgan.
XVI – XVII asrlarda G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishi natijasida matematika va tabiyotshunoslik fanlari qiziqib o‘rganila boshlandi. Bu davrda anatomiyada ilmiy tekshirish ishlari boshlandi. A.Vezaliy va Leonardo da Vinchi (1452 - 1519) anatomiyani ilmiy jihatdan tekshirishga asos solgan olimlar hisoblanadi. Leonardo da Vinchi barcha urf – odatlarga itoat etmay, odam va hayvonlar murdasini o‘rgandi. U o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan organlar tuzilishining rasmini chizdi. Otlarning skelet va muskullarini o‘rgandi,
Do'stlaringiz bilan baham: |