Ribosomalar – sitoplazmada erkin suzib yuruvchi va hujayrada oqsil sintezi amalga oshadigan joy hisoblanadi.
Endoplazmatik to‘r- bu naychalarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan membrana to‘ri bo‘lib, hujayra sitoplazmasining ichkarisidagi bo‘shliqda joylashadi. Endoplazmatik to‘r ikki tipga bo‘linadi.
Dag‘al yoki donador turdagi endoplazmatik to‘rning yuzasida ko‘p miqdorda ribosomalar birikkan bo‘ladi va mikroskop ostida donador bo‘lib ko‘rinadi. Bunday tipdagi endoplazmatik to‘rning vazifasi ribosomalarda sintez bo‘lgan oqsillarni tashishdan iborat. Sintez bo‘lgan ayrim oqsillar to‘g‘ridan –to‘g‘ri hujayra yuzasidan chiqarilishi mumkin (masalan, ovqat hazm qilish fermentlari va gormonlar).
Silliq endoplazmatik to‘r yuzasida ribosomalar bo‘lmaydi. SHuning uchun ham bular silliq endoplazmatik to‘r deb yuritiladi. Ularning funksiyasi lipidlar va steroidlarni sintez qilish hamda tashishdan iborat.
Goldji tanasi - sitoplazmada joylashgan zich xaltachalar to‘plamidan iborat. Uning vazifasi hujayralar ishlab chiqargan ayrim oqsillarni qayta o‘zgartirishdan iborat (masalan, uglevodni qo‘shish) va u lizosomalarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Lizosomalar – bu membranaga birikkan xaltachalar bo‘lib, unda lizosomalar yoki ovqat hazm qilish fermentlari saqlanadi. Ularning vazifasi hujayraga tushgan yot moddalarni fagotsitoz yoki endotsitoz jarayoni yordamida neytrallashdan iborat. Lizosomalar, shuningdek, hujayraning eskirgan organellalarini yoki hujayrani o‘zini ham yo‘q qilishi mumkin.
Lizosomalarni to‘planish kasalligi- bu lizosomalarda fermentativ jarayonning buzilishi natijasida kelib chiqadi va qoldiq moddalarning to‘planishiga olib keladi. Lizosomalarning to‘planish kasalligi ko‘pincha mushuklarda uchraydi, odatda yosh hayvonlarda skelet anomaliyasi, nevrologik va ko‘z buzilishlarida yuzaga keladi.
Sentrosoma va sentriolalar-sentrosoma juft tayoqchasimon tuzilmalardan tashkil topgan bo‘lib, bu tuzilmalar sentriola deb yuritiladi. Ular bir-biriga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida joylashadi va hujayraning bo‘linishida ishtirok etadi.
Kiprikchalar va xivchinlar- tananing ayrim hujayralarida plazmatik membrananing kengayishi ko‘zga tashlanadi. Kiprikchalar ko‘p miqdorda hujayraning tashqi yuzasida joylashadi va to‘lqinsimon harakatni hosil qilishi natijasida hujayra yuzasida shilimshiq suyuqlikni aralashtiradi. Xivchinlar odatda yakka –yakka joylashadi, kiprikchalarga nisbatan uzunroq bo‘ladi, hujayraning to‘lqinsimon harakatini ta’minlaydi. Xivchinga yagona misol bo‘lib, sut emizuvchilar spermatozoidining dumchasi hisoblanadi. 2
Hujayralarning ko‘payishi va embrion qavatlari hosil bo‘lishi
Organizmda hujayralarning yashash muddati bir xil emas. Ular organizmda ma’lum funksiya bajaradi, qariydi va oxirida nobud bo‘ladi, ularning o‘rniga yangi yosh hujayralar paydo bo‘ladi. O‘sayotgan embrionning hujayralari juda tez ko‘payadi, ya’ni mavjud hujayralarning bo‘linishidan va hujayraviy tuzilmagan tirik moddalardan yangi hujayralar paydo bo‘ladi. Hujayralar oddiy (amitoz) va murakkab (kariokinez yoki mitoz) yo‘l bilan bo‘linib ko‘payadi. Ular oddiy yo‘l bilan ko‘payganda yadro va yadrocha ikkiga bo‘linadi. SHundan keyin sitoplazma ikkiga bo‘linadi. Natijada ikkita hujayra hosil bo‘ladida, ular sekin – asta kattalashib, ona hujayra hajmiga etadi. Hujayralar murakkab bo‘linishi vaqtida sitoplazma va yadroda ko‘p o‘zgarishlar ro‘y beradi. Hujayralar murakkab bo‘linganda ketma – ket to‘rt fazani: profaza, anafaza va telofaza davrlarini o‘tadi.
Embrion qavatlarining hosil bo‘lishi. Individual rivojlanish erkaklik jinsiy hujayrasi bilan urg‘ochilik jinsiy hujayrasi qo‘shilishi davridan boshlanadi. Urug‘langan tuxum hujayra xromosomalarning to‘liq to‘plami (nabori) bilan, mitoz yo‘li bilan bo‘linib rivojlana boshlaydi. Urug‘langan tuxum hujayra har xil sondagi blastomerlarga bo‘linadi, ularning bir qismi embrion tanasi – embrioblast hosil bo‘lishi, ikkinchisi – trofoblast esa embrion tanasining oziqlanishi uchun sarf bo‘ladi. Trofoblast tez ko‘payishi natijasida embrion pufagini hosil qiladi hamda embrion pardalarining, jumladan, bachadonning shilimshiq pardasiga kirib turadigan tukli xorion hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Embrioblast oldin embrionning ikki qavatdan iborat gardishini: tashqi – ektoderma va ichki – entoderma qavatlarini hosil qiladi. Bu har ikkala qavat o‘rtasida uchinchi, oraliq qavat – mezoderma hosil bo‘ladi. Undan mezenxima hujayralari hosil bo‘lib, qavat oraliqlarini to‘ldiradi. Embrion qavatlari – ektoderma, entoderma va mezodermalar hosil bo‘lgach, to‘qima va organlar differensiyalanadi. Bu hodisa har qaysi tur hayvonning o‘ziga xos tomonlari bo‘lishi bilan birga, o‘zaro o‘xshashligi borligini ham ko‘rsatadi. Masalan, xordali hayvonlarda entoderma to‘qimasidan terining epiteliy qavati hosil bo‘ladi. Bundan tashqari, sudralib yuruvchilar va sut emizuvchilarda entodermadan ovqat hazm qilish organlarining shilimshiq qavati, nafas yo‘li va siydik pufagining shilimshiq qavatlarini qoplovchi epiteliy, ovqat hazm qilish organlarining shilimshiq qavatidagi bezlar, so‘lak bezlari, jigar va oshqozon osti bezlari hosil bo‘ladi.
Mezodermadan mezenxima hosil bo‘ladi. Mezenxima embrion tanasida tayanch vazifasini bajaradi va embrion qavatlari hujayralarini oziq moddalar bilan ta’minlaydi. Keyinchalik mezenximadan qonning shaklli elementlari, biriktiruvchi to‘qimalar, tog‘aylar, suyaklar, silliq muskullar, qon tomirlari va teridagi silliq muskullar hosil bo‘ladi. Mezodermadan esa skelet muskullari va ichki organlarning ustini qoplab turuvchi bir qavatli yassi mezoteliy hujayralari hosil bo‘ladi. Mezoteliy hujayralari zardobsimon suyuqlik ishlab chiqaradi. Bu suyuqlik ichki organlarning ustini namlab turadi. Natijada ularning o‘zaro ishqalanishi kamayadi, organlarning harakati engillashadi. Mezodermadan organlar ham hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |