3. Dozimetrik asboblarning vazifasi, tuzilishi va ishlash prinsipi
Joylarda radiatsiya darajasini, Radioaktiv moddalarni aniqlashda va tashqi muhit obyektlarining Radioaktiv ifloslanishini o`lchashda DP-5 dozimetridan foydalaniladi. Butun ta’sir va yutilgan nurlanish dozasi DP-22V, DP-24, DP-23A, ID-1, ID-11 dozimetrlar komplekti bilan o`lchanadi. Shaxsiy dozimetrlar Radioaktiv moddalar bilan zararlangan joylarda bo`lganda olingan shaxsiy dozalarni o`lchaydi.
Tashqi muhitda foydalaniladigan ko`pgina dozimetrik asboblarning ishlash prinsipi Radioaktiv nurlarning havoda tarqalganda muhitni (gazni) ionlash qobiliyatiga asoslangan. Ionlash usuli asosida ishlovchi asboblar qabul qiluvchi, kuchaytiruvchi, o`lchovchi qurilmalar va ishlashni ta’minlovchi energiya manbaidan iborat bo`ladi (7.26- rasm).
7.26 –rasm. Radiometrik asbobning tuzilish sxemasi. 1-ionlash kamerasi; 2-elektrometrik lampa; 3- qarshilik; 4-milliampermetr; 5-energiya manbai.
Qabul qiluvchi qurilma (datchik yoki nurlar detektori)- ta’sir etuvchi Radioaktiv nurlar energiyasini boshqa turdagi (elektr, kimyoviy, yorug`lik) energiyaga aylantirish uchun mo`ljallangan. Qabul qiluvchi qurilma sifatida dala asboblarida ionlash kamerasi va gazorazryad hisoblagichlar qo`llaniladi.
Ionlash kamerasi havo bilan to`ldirilgan germetik idish bo`lib, unga korpusdan ajratilgan markaziy elektrod o`rnatilgan. Kamera devorlari izolyatsiyalovchi materiallardan tayyorlangan bo`lib, ularning ichki tomoni tok o`tkazuvchi materiallar bilan qoplangan. Tashqi manbadan kameraga elektr toki kuchlanishi berilib, bu markaziy elektrod va kamera devorining tok o`tkazuvchi qavati o`rtasida potensiallar ayirmasi hosil qiladi. Radioaktiv nurlar yo`q bo`lganda, havo elektrodlar o`rtasida izolyator bo`lib xizmat qiladi, kamera zanjirida tok bo`lmaydi. Radioaktiv nurlar ta’sirida havo kamerasida ionlanish sodir bo`ladi, kamera zanjirida ionlash toki paydo bo`ladi. Bu tok kattaligi kamera orqali o`tayotgan Radioaktiv nurlar dozasi quvvatiga bog`liq bo`ladi. Shu munosabat bilan juda oz bo`lgan tok kuchaytiriladi va so`ngra mikroampermetr yordamida o`lchanadi. Ionlash kamerasi gamma-kvantlarni yozib oladi.
Gazrazryadli hisoblagichlar - metall yoki oynadan qilingan silindrlar bo`lib, ular ichki tomonidan tok o`tkazuvchi material qatlami (katod) bilan qoplangan. Silindr ichida, o`qiga ko`ndalang silindrdan ajratilgan metall tola (anod) tortilgan. Hisoblagichdan havo chiqazilib, siyraklantiriladi, keyin silindr qisman argon yoki boshqa inert gaz bilan to`ldiriladi. Metall tolaga va tok o`tkazuvchi qatlamga elektr toki kuchlanishi ulanadi. Yozib olinadigan nurlanishning turiga qarab hisoblagich devorlari har xil materialdan tayyorlanadi. Gamma –nurlanishini yozib olish uchun ularni ichki tomoni mis qoplangan oynadan, betta va alfa nurlarini o`lchash uchun devorlari yumshoq folga yoki plyonka bilan qoplanadi.
Kuchaytiruvchi qurilma - past signallarni yetarli darajada kuchaytirishga mo`ljallangan. Ko`pincha kuchaytiruvchi qurilma sifatida elektrometrik chiroqlardan foydalaniladi.
O`lchash qurilmasi –qabul qilib oluvchi qurilma tomonidan ishlab chiqilgan signallarni o`lchash uchun xizmat qiladi.
Energiya manbai –asbob ishini ta’minlaydi. Bu maqsad uchun quruq elementlar yoki akumulyatorlardan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |