Axloq – arabcha so’zdan olingan bo’lib, xulqning ko’pligi, lotincha moralis – xulq-atvor degan ma’nolarni bildiradi. Axloq ijtimoiy ong shakllaridan biri. Kishilarning tarixan tarkib topgan xulq-atvori, yurish-turishi, ijtimoiy va shaxsiy hayotidagi o’zaro, shuningdek, jamiyatga bo’lgan munosabatlarini tartibga solib turuvchi barqaror, muayyan norma va qoidalar yig’indisi. Axloq normalari kishilarning xatti-harakatlarida o’z ifodasini topadi.
Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yohud axloq” risolasida ta’kidlab o’tganidek, - “Axloq insonlarni yahshilikka chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yahshi hulqlarning yahshiligini, yomon hulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurg’on kitobni axloq deyilur”.
Shuningdek, atoqli faylasuf Erkin Yusupovning: “Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar zaminida alohida shahs sifatida mavjud bo’lgan insonlarning o’z-o’zini idora qilish shakllari va me’yori, o’zaro muloqot va munosabatlarda ularga hos bo’lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo’lishidir” - degan ta’rifi ham diqqatga sazovordir.
Axloqiy ta’limotlardan biri – gedonizmdir. U yunoncha so’zdan olingan bo’lib, huzur-halovat, rohatlanish ma’nolarni anglatadi. Bu ta’limot huzur-halovat, rohatlanishga intilish insonlarning oliy maqsadi deb hisoblaydi. Shuningdek, etika nazariyasidagi axloqiy talablarni asoslash tamoyili bo’lib, unga ko’ra huzur-halovat keltiruvchi va azob uqubatdan qutqazuvchi narsa yaxshilik deb, azob-uqubat keltiruvchi narsa esa yomonlik deb ta’rif qilinadi. Gedonizm etikadagi naturalizmning bir ko’rinishidir. Insonga tabiat tomonidan jo qilingan va uning butun ish amalini belgilaydigan bosh harakatlantiruvchi ibtido huzur-halovatdan iborat, degan tasavvur gedonizmning asosini tashkil etadi.
Gedonizm qadim zamonlardayoq paydo bo’lgan, jumladan, qadimgi Yunonistonda Aristipp(er. av. tah. 435-355) etikasining muxlislari bo’lgan va huzur-halovatni oliy saodat deb hisoblagan kishilar gedoniklar deb atalgan. Gedonizm Epikur(eradan avvalgi. 341-270) nazariyasida o’zining eng rivojlangan nuqtasiga erishgan. Gedonizm xozirgi zamon nazariyalarida faqat uslubiy tamoyil – yaxshilikni ta’riflash usuli sifatida mavjuddir.
Evdemonizm – grekcha so’zdan olingan bo’lib, rohat-farog’at, baxt-saodat ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, etikaning gedonizmga yaqin metodologik tamoyili. Evdemonizm antik dunyo axloqiy nazariyalaridayoq eng to’liq ravishda namoyon bo’lgan edi. Evdemonizmning asoschilari Demokrit(er. av. 460-370), Sokrat(er. av. 469-399), Aristotel(er. av. 384-322)lar baxtga intilishni evdemonizm axloq-odobning mezoni va inson axloqiy xatti-harakatining asosi deb hisoblaydilar.
Axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Tsitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, Fazzoliy, Nasafiy, Spinoza, Kant, Ґegel, Shopengauer, Feyerbah, Nitsshe, Vladimir Solovyov, singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta’limotlar bilan birgalikda “Qutadg’u bilik”, “Qobusnoma”, Sa’diyning “Guliston”, Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Montenning “Tajribanoma”, Gulxaniyning “Zarbulmasal” kabi amaliy axloqqa bag’ishlangan asarlari ham o’z mustahkam o’rniga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |