Harbiy etikani boshqa sohalar etikasidan farqi va uning o'ziga hos hususiyatlari
Reja:
1. Etika fanining predmeti, mohiyati, uning o’ziga xos asosiy belgilari.
2. Etika fanining zamonaviy fanlar bilan aloqasi.
3. Milliy mustaqillikni mustahkamlash jarayonida
axloqshunoslikning jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi o’rni.
“Etika” fanining predmeti, mohiyati, uning asosiy belgilari va tuzilmasi. Gedonizm va evdemonizm tushunchalarining axloqiy ahamiyati. Etika fanining fanlararo bog’liqligi; falsafa, estetika, dinshunoslik, huquqshunoslik, milliy g’oya, psixologiya, pedagogika, siyosatshunoslik, ekologiya. O’zbekiston mustaqilligining etika fani rivojiga kostruktiv ta’siri. XIX asrda global etosfera(axloqiy muhit)ni yaratishning zaruriyati. Inson, uning insoniyat oldidagi burchi va mas’uliyati.
“Etika” yunoncha (ethos) so’zdan olingan bo’lib, xulq, odat ma’nolarni anglatadi, axloq va uning shaxs hamda jamiyat hayotidagi o’rnini o’rganuvchi eng qadimiy falsafiy fan. Etika quldorlik tuzimi davrida paydo bo’lib, jamiyatning stixiyali-oddiy axloqiy ongidan falsafaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri sifatida, mavjudot haqidagi sof nazariy bilimlardan farqli ravishda qanday harakat qilmoq lozim, degan amaliy fan sifatida ajralib chiqqan.
Kishilik jamiyatining ilk davrlarida axloq normalari – yurish-turish qoidalari va odob printsiplari kishilarning mehnat qilish jarayonida vujudga kelib, ularga rioya qilish urf-odatga, an’anaga aylanib boradi. Keyinchalik jamiyat, ijtimoiy hayot taraqqiy etib, aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajralgach, mehnat taqsimoti yuz bergach, odamlarning yurish-turish qoidalari, odam axloqining mohiyati haqidagi masalalar bir butun falsafiy bilimlar sistemasiga solinadi, ma’lum darajada mustaqil fanga aylanadi. Shu tariqa etika, ya’ni axloq haqidagi ta’limot paydo bo’ladi.
Etika axloqshunoslikning falsafiy-nazariy muammolarini va axloqqa doir didaktik-amaliy asarlarni o’z ichiga oladi. Shuningdek, etika odamlarning yurish-turishida, axloqida tarixan o’zgarib turadigan, rivoj topib, taraqqiy etib boradigan printsiplarni, axloqiy norma, qoidalarni; axloqning manbai va kelib chiqishini, axloqiy kategoriyalarni ya’ni yahshilik va yomonlik, or-nomus, fazilat va illat, halollik, rostgo’ylik, kamtarlik, adolat, burch, vijdon, ideal, baxt, hayotning ma’nosi kabi umumiy tushunchalarni, axloqiy e’tiqod, maslak va his-tuyg’ularni izohlab beradi. Shuningdek, axloqning abadiy muammolari bo’lgan – axloqiy bahoning mezoni nimada, axloqda haqiqat bormi, axloqiy erkinlik nima, inson o’z hatti-harakati uchun javobgarmi, mas’ulmi kabi savollarga javob axtaradi.
Etika fan sifatida axloqni, odob-hulqni, axloqiy munosabatlarni aks ettiribgina qolmay, balki odam intilishi lozim bo’lgan maqsadni, ya’ni yuksak axloqiy g’oyani, bu g’oyani, ya’ni bizning pirovard strategik maqsadimiz bo’lgan – ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot g’oyasini amalga oshirmoq uchun qanday yashab, qanday harakat qilmoqlikning ma’nosi ochib beradi, odamlarning yurish-turishi qanday degan savolgagina emas, balki qanday bo’lishi kerak degan savolga ham javob beradi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, etika – axloq haqidagi fan ekan, endi ahloqning o’zi nima degan savolga ham javob topishga harakat qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |