Yuridik javobgarlikning tamoyillari
Yuridik adabiyotda yuridik javobgarlikning asoslarini va chegaralarini belgilab beradigan tamoyillarning bir xil tushunilishi shakllangan. Bunday tamoyillarga: 1) qonunchilik; 2) muqarrarlik; 3) individuallashtirishni kiritish mumkin.
Qonunchilik tamoyili jinoiy, fuqarolik, huquqiy, ma`muriy, intizomiy javobgarlikni amalga oshirayotib, qonun talablarini aniq va og`ishmay bajarishda о`z ifodasini topadi. Qonun talablariga rioya qilish (moddiy va protsessual) – yuridik javobgarlikning maqsadlariga erishishning muhim shartidir. Moddiy qonunning talabi shundan iboratki, yuridik javobgarlik faqat qonunda kо`zda tutilgan va faqat qonun tartibida rо`yobga keladigan qilmish (harakat yoki harakatsizlik) uchun kelib chiqishi kerak. Protsessual qonunning asosiy talabi esa, huquqbuzarga nisbatan yuridik javobgarlikni qо`llashning asosliligi, ya`ni obyektiv haqiqat sifatida ular tomonidan huquqqa xilof qilmishni sodir etish faktining belgilanishidir. Undan tashqari, bizning jamiyatimizda huquqbuzar – huquqsiz subyekt emas. Uning huquqlarini, shuningdek, himoya huquqini ta`minlash – yuridik javobgralikning muhim shartidir. Boshqacha qilib aytganda, javobgarlikning protsessual tomoniga qо`yiladigan qonuniylik talabi shuni bildiradiki, unga binoan, vakolatli organlar huquqbuzarlik haqidagi ishlarni tergov qilish va kо`rib chiqishning qonunda berilgan tartibiga, shuningdek, amaldagi qonunchilikka binoan, huquqbuzarni unga beriladigan subyektiv huquqlarning butun bir kompleksi bilan ta`minlashga qattiq rioya qilishlari kerak.
Yuridik javobgarlikning muqarrarligi tamoyili. Etimologik ma`nodagi muqarrarlik – hodisadan sо`ng oqibatning kelib chiqishini chetlab о`tib bо`lmasligi, muqarrarligidir. Yuridik javobgarlikning muqarrarligi –uning huquqbuzarlik fakti bilan chambarchas bog`liqligini ifodalaydi.
Yuridik javobgarlikning muqarrarligi tamoyili qonuniylik nuqta-nazaridan ikkita muhim tomonni о`z ichiga oladi. Birinchidan, har bir huquqbuzarlik aybdor shaxsning javobgarligiga albatta sabab bо`lishi shart, degan qoida; ikkinchidan, hech bir aybsiz shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin emas, degan qoidadir.
Ushbu tamoyilning mohiyati har bir huquqbuzarlik uchun yuridik sanksiya qо`llashning shart ekanligida emas, balki vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslarning unga nisbatan albatta о`z munosabatini bildirishidadir. Huquqbuzar, u sodir etgan qilmish jamiyatga oshkor qilinishi, jamoaning, vakolatli organlarning diqqatini tortishi, ular tomonidan qoralanishi kerak. Agarda huquqbuzar faqatgina jamoat choralari ta`siri ostida tuzalishi mumkin bо`lsa, unday holda jarima solish sanksiyasi qо`llanmasligi ham mumkin.
Ma`lumki, fuqarolar о`z huquqlarini amalga oshirishning ma`lum bir erkinligiga, fuqarolardan, о`z buzilgan huquqlarini himoya qilish uchun vakolatli organlarga murojaat qilish huquqi amalga oshirilmasa, bunday holda yuridik javobgarlikning muqarrarligi tamoyilining amal qilishi ma`lum darajada chegaralanib qoladi. Shu munosabat bilan yuridik javobgarlik choralarini huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin uzoq muddat о`tgach qо`llanilishi maqsadga muvofiq bо`lmaydi. Chunki u lozim darajada samara bermaydi va ba`zan namoyon bо`lgan adolatsizlik sifatidagi salbiy baho paydo bо`lishini ham inkor etmaydi.
Yuridik javobgarlikni individuallashtirish tamoyili. Ushbu tamoyilni yuridik javobgarlikka tortilgan subyektga nisbatan adolatli qaror qabul qilinishini ta`minlaydigan о`ziga xos ustun sifatida qarash mumkin. Javobgarlikning muqarrarligi, eslatib о`tilganidek, huquqbuzar-likning javobgarlik bilan ajralmas darajada bog`liqligini belgilashga qaratilgan, individuallashtirish esa, bu bog`liqlikning mutanosibligini ta`minlash vositasi bо`lib xizmat qiladi. Javobgarlikning individuallashtirilishini qonun bilan belgilangan sanksiyalar doirasida huquqiy ta`sir о`tkazishning turli xil vositalarini tanlash imkoniyati bilan ta`minlanadi. Bunday holda huquqqa xilof qilmishning xarakteri va ijtimoiy xavflilik darajasi aybdorning shaxsi, qonunda kо`zda tutilgan javobgarlikni yengillashtiradigan va og`irlashtiradigan holatlar va boshqalar hisobga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |