Hamid Olimjon (1909–1944)
Isteʼdodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Narimonov nomidagi boshlangʻich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923–1926), soʻng pedakademiyada (1926–1931) oʻqidi.
Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq sheʼriyatga qiziqdi. Uning asarlari 1926 yildan “Zarafshon” gazetasida chiqa boshladi. Hamid Olimjonning “Koʻklam” nomli ilk sheʼriy toʻplami 1926 yilda bosilib chiqdi. Shundan soʻng “Olov sochlar” (1931), “Oʻlim yovga” (1932), “Poyga” (1932) kabi sheʼriy toʻplamlari oʻquvchilar qoʻliga tegdi.
Davr bilan birga odim tashlagan, oʻz ijodida xalqimizning mehnat jabhasidagi qahramonligini tasvirlagan shoir 30-yillarda ajoyib lirik sheʼrlar bilan birga “Zaynab va Omon” dostonini yozdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi (1943) Hamid Olimjon oʻzbek adabiyotining dolzarb masalalari boʻyicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi. Hamid Olimjon A. Pushkin, L. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining ajoyib durdonasi “Alpomish” dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib (1938) chop etildi.
U Alisher Navoiyning 500 yilligini oʻtkazish yubiley qoʻmitasining aʼzosi sifatida ulugʻ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Hamid Olimjon 1939 yildan to umrining oxirigacha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi.
Hamid Olimjon “Daryo kechasi”, “Oʻlka”, “Baxt” (1939) toʻplamlari, “Ikki qizning hikoyasi” (1935–1937), “Oygul bilan Baxtiyor” (1937), “Semurgʻ” (1939) dostonlari bilan oʻzbek sheʼriyatida romantik tasvir tamoyilining qaror topishiga katta hissa qoʻshdi. Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida “Muqanna” sheʼriy dramasi yaratildi; u hanuzgacha dramaturgiyamizning goʻzal namunalaridan biri boʻlib kelayotir. “Jinoyat” dramasi zamonaviy mavzuda yozilgan. Bu davrda uning bir necha sheʼriy toʻplamlari qatorida “Jangchi Tursun”, “Roksananing koʻz yoshlari” kabi balladalari ham yaratildi.
Isteʼdodli shoir 1944 yilda avtomobil halokati natijasida fojiali halok boʻlgan.
ADABIYOTLAR:
1. Olimjon H. Tanlangan asarlar (3 tomlik).-T.: “Badiiy adabiyot”, 1-2-tomlar, 1957-58.
2. Olimjon H. Asarlar (5 tomlik).-T.: “Adabiyot va san`at”, 1-2-tomlar. 1970-71.
3. Olimjon H. Mukammal asarlar to`plami (10 tomlik).-T.: “Fan”, 1-2-tomlar, 1979.
4. Azimov S. Hamid Olimjon abadiyati.-T.: “Badiiy adabiyot”, 1967.
5. Yoqubov H. Hamid Olimjon. // O`zbek adabiyoti tarixi (3 tomlik).-T.: “Fan”, 2-tom, 1971.
6. Karimov N. Hamid Olimjonning poetik mahorati.-T.: “Fan”, 1964.
7. Karimov N. Hamid Olimjon (shoir hayoti va ijodidan lavhalar). -T.: “Yosh gvardiya”,1979.
8. Yoqubov H. Oybek lirikasida obrazlar sistemasi va lirik xarakter. //H.Yoqubov. Adabiy maqolalar.-T.: “Adabiyot va san`at”, 1970.
9. Imomov B. Hamid Olimjon-dramaturg. // Nafosat chashmasi.-T.: “Fan”, 1970.
10. Qurbonov D. Hamid Olimjonni bilasizmi? // “Sharq yulduzi”, 2002, 2-son.
11. Qosimov S. Hamid Olimjon adabiy tanqidchi sifatida. //
Nafosat chashmas.-T.: “Fan”, 1970
Do'stlaringiz bilan baham: |