Jahon miqyosida O'zbekiston nufuzini oshiradi, mavqeini mustahkamlaydi, shaffoflikni ta'minlaydi
Insoniyat taraqqiyoti, barcha sohalarda kechayotgan globallashuv jarayonlar, sifat va tarkibiy o'zgarishlar xalqaro hamkorlik va aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish barobarida har bir mustaqil mamlakatning ushbu holatlarga yangicha qarashga, ular bilan birga odim tashlash vazifasini ko'ndalang qo'ymoqda. Bu esa, eng avvalo, o'sha mamlakatning jahon miqyosidagi o'rni, xalqaro reyting va ko'rsatkichlarda tutgan mavqei bilan belgilanadi.
Bugun hayotning har bir jabhasida yangilik va bunyodkorlik ishlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. Tabiiyki, bunday yangilanishlar natijasi nafaqat xalqimiz hayotida, balki nufuzli xalqaro reyting va indekslar ko'rsatkichlarida ham o'z ifodasini topayotir.
Aytish kerakki, xalqaro reyting va indekslar har bir mamlakatning rivojlanish jarayonini o'zida namoyon etib, davlat boshqaruvi sifati, aholining turmush darajasi, inson huquqlari muhofazasi, tadbirkorlik faoliyati va xorijiy investorlar uchun qulay muhit, barqaror iqtisodiy o'sish va raqobatbardoshlik kabi muhim jihatlarning ko'zgusidir. Bu jihatlar mamlakatimizdagi islohotlar mohiyatida ham mujassam. Bularning barchasi inson qadrini ulug'lashga, odamlarning hayotdan rozi va mamnun bo'lib yashashini ta'minlashga xizmat qilishi bilan yanada teran mazmun kasb etadi.
Prezidentimizning shu yil 2 iyunda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to'g'risida”gi farmoni yurtimizda bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim dasturilamal bo'ldi.
Mazkur farmonga muvofiq, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi tuzilib, sohada parlament nazorati o'rnatildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila NARBAEVA bilan suhbatimiz mazkur farmon ijrosini ta'minlash, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar xususida bo'ldi.
— Ilgari ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo'yicha ishlarni hukumatning maxsus komissiyasi muvofiqlashtirib kelar edi. Prezidentimiz farmoni bilan bu borada respublika kengashi tuzilishiga nima sabab bo'ldi?
— Xalqaro reyting va indekslar dunyodagi institutsional muhitning sifatini baholashda iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan vositadir. Ular nafaqat ekspertlar, balki davlatlar darajasida ham islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy siyosat mezoni sifatida qo'llanib kelinadi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ko'pgina ustuvor reytinglarda yuqorilab borayotgani yurtimizda aholi turmush farovonligini oshirish, jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralikni ta'minlash borasida qilinayotgan ezgu ishlarning muhim natijasidir.
Masalan, yaqinda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkilotining (YUNIDO) “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi” bo'yicha hisoboti chop etildi. Unda mamlakatimiz ilk marotaba aks ettirilib, 152 ta mamlakat orasida 92-o'rinni, MDHga a'zo davlatlar orasida 5-o'rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 2-o'rinni egalladi.
Aytish kerakki, bugun jamiyatimizdagi islohotlarning bosh maqsadi xalqimizni rozi qilishdek ezgu maqsadga yo'naltirilmoqda. Barcha sa'y-harakatlarimiz, islohotlarimiz, qabul qilayotgan qonun va qarorlarimiz zamirida ham ushbu maqsad mujassam. Aholi yuritilayotgan siyosatdan qanchalik rozi bo'lsa, turli reyting va indekslardagi o'rnimiz o'z-o'zidan oshib boraveradi.
Xususan, iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiy o'sish istiqbollarini yaxshilashga qaratilgan bosqichma-bosqich islohotlar 2020 yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 76-o'rindan 69-o'ringa ko'tarilishimizga, “Transparency International”ning Korruptsiyani qabul qilish indeksi hamda “World Justice Project”ning Qonun ustuvorligi indeksida mamlakatimiz o'rni yaxshilanishiga olib keldi.
SHu bilan birga, bu yo'nalishda hali qilinishi kerak bo'lgan vazifalar talaygina. Prezidentimiz farmoni asosida davlat organlari faoliyati natijadorligini oliy, ya'ni parlament darajasida nazorat qilish belgilanganidan maqsad — bu borada vazirlik va idoralar rahbarlarining mas'uliyatini oshirishdir. SHu bois, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi tashkil etildi. Oliy Majlis deputatlari va senatorlarining xalq tomonidan saylanishini inobatga oladigan bo'lsak, mazkur mexanizm sohadagi chora-tadbirlar ijrosi ustidan xalq nazorati o'rnatilganligini anglatadi.
endilikda vazirlik va idoralar rahbarlari o'zlari mas'ul bo'lgan reyting va indekslarda ko'rsatkichlarni yaxshilash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan respublika kengashida hisobot berib boradilar.
Xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimiz o'rnining yaxshilanishi ko'p jihatdan qabul qilayotgan qonunlarimizning joylardagi ijrosiga bog'liq. SHuning uchun ham kengash tarkibiga mahalliy hokimlar kiritildi. Bu esa qonun talablarining joylardagi ijrosi yuzasidan muammolarni vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi.
SHu orqali bu yo'nalishdagi ishlarda parlament, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarning o'zaro hamkorligi ta'minlanadi, sansalorlik holatlarining oldi olinadi, barcha ishlar muvofiqlashtirilgan holda tashkil etiladi.
— Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash mamlakatimiz uchun butkul yangi yo'nalish hisoblanadi. SHu ma'noda vazirlik va idoralar, sud va prokuratura organlari, mahalliy hokimliklar bunga qay darajada tayyor?
— Albatta, bu ko'p vaqt sarflanadigan, progressiv bilimlarni talab etuvchi yangi jarayonlardan biri. Bu, shubhasiz, mas'ul davlat organlarining o'zlariga biriktirilgan xalqaro reyting va indekslar metodologiyasini izchillik bilan o'rganish, uni to'g'ri talqin qila olgan holda amaliyotga tatbiq eta olish, xalqaro reyting va indeksni beruvchi tashkilot bilan aloqalarni o'rnata olish bilan bog'liqdir.
Ochig'i, barcha vazirlik va idoralar, ayniqsa, joylardagi hokimliklar yoki parlament a'zolarining barchasi ham masalaning tub mohiyatini to'la anglab etdi, deb aytish mushkul. YUqorida aytganimdek, reyting va indekslar joylardagi vaziyatga bog'liq, qonunlarning ijrosiga bog'liq. Ming afsuski, joylardagi hokimliklar yoki davlat organlari vakillarining ba'zida bilib-bilmay aytgan gap-so'zlari yoki xatti-harakatlari reyting va indekslardagi o'rnimizga salbiy ta'sir qiladi.
SHu o'rinda barcha rahbarlar, ular qaysi darajadagi rahbar bo'lishidan qat'i nazar, o'z harakatlarini qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari zarur ekanini yana bir karra ta'kidlamoqchiman. Odamlar bilan muloqotlarda esa inson sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi shart.
Har bir tizimda ishlarimizni samarali tashkil etish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha tarkibiy bo'linmalar tashkil etilishiga erishdik. Bu esa ishimizni ancha osonlashtiradi. Ajratilgan alohida xodimlar doimiy ravishda o'zlarining vazirligi yoki idorasi mas'ul bo'lgan xalqaro reyting va indeks bo'yicha ish olib boradi.
Xalqaro reyting va indekslarning ahamiyati, oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilash, reyting agentliklarining metodologiyalarini o'rganish maqsadida mahalliy hokimliklar hamda vazirlik va idoralar mas'ullari uchun maxsus treninglarni boshladik.
SHu bilan birga, eng asosiy ishimiz qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosini, bir so'z bilan aytganda, qonun ustuvorligini ta'minlashdir. Bu borada biz parlament va jamoatchilik nazoratini qat'iy yo'lga qo'yishga kirishdik va, albatta, ijobiy natijalarga erishamiz.
— Bugungi kunda xalqaro miqyosda ustuvor hisoblangan to'rtta xalqaro reyting va indeksda O'zbekiston hali e'tirof etilmagan. Buning sababi nimada? Ushbu reytinglarda mamlakatimiz o'rnini aks ettirish bo'yicha qanday choralar ko'rilmoqda?
— O'zbekistonning ushbu xalqaro indekslarda e'tirof etilmaganiga bir necha sabablar bor. Masalan, Jahon iqtisodiy forumining “Global raqobatbardoshlik indeksi”ga mamlakatimizni kiritish masalasi yuzasidan Moliya vazirligi olib borgan muzokaralar natijasida indeksga kirish jarayoni 2 yil muddatni talab etishi ma'lum bo'ldi.
Birinchi yilda tashkilot tomonidan O'zbekistonda rasmiy so'rovnoma o'tkazish uchun hamkor, ya'ni nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari tanlab olinadi va so'rovnoma o'tkaziladi. Ikkinchi yilda so'rovnoma natijalaridan kelib chiqib, O'zbekistonning indeksdagi norasmiy o'rni belgilanadi hamda ularning O'zbekiston ko'rsatkichlarining haqiqiy tendentsiyalari bilan qay darajada mos kelishi tekshirib ko'riladi. Tendentsiyalar maxsus ekspertlar tomonidan 2 yil mobaynida muntazam kuzatilib boriladi va tahlil qilinadi.
Xalqaro byudjet hamjamiyatining “Byudjet ochiqligi indeksi”ga kirish masalasiga to'xtaladigan bo'lsak, indeks bo'yicha mamlakatda tadqiqot o'tkazish uchun zarur resurslar (jumladan, mablag'lar) faqatgina xalqaro nodavlat tashkilotlar va institutlar (donorlar) hisobidan amalga oshiriladi.
Hamjamiyatning asosiy talablaridan biri — tadqiqot o'tkazishdagi mahalliy hamkor sifatida mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bo'lishi zarur. Mazkur indeks hisobotida mamlakatimizni aks ettirish bo'yicha yakuniy qaror tashkilotning joriy yil avgust oyidagi yig'ilishida ko'rib chiqilishiga kelishilgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi”da O'zbekistonni e'tirof etish maqsadida tuzilma mas'ul rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazildi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan birgalikda “Investitsion siyosat sharhi — O'zbekiston” nomli hisobotni ishlab chiqish va bu orqali indeksda mamlakat o'rnini aks ettirish imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Kornell universiteti, Xalqaro intellektual mulk tashkilotining “Global innovatsiyalar indeksi”da mamlakatimiz o'rnini aks ettirish masalasida Innovatsion rivojlanish vazirligi muzokaralar o'tkazmoqda. Hozir ushbu indeksda talab etilgan zarur statistik ma'lumotlarni jamlash bo'yicha hamkorlikda ishlar yo'lga qo'yilgan.
— Xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlarni mamlakatimizdagi islohotlar bo'yicha xolis va zarur ma'lumotlar bilan o'z vaqtida ta'minlash masalasi o'z echimini topganmi?
— Albatta, bunday ma'lumotlar turli axborotnomalar shaklida tegishli tashkilotlar, xususiy investorlar hamda xalqaro ekspertlarga jo'natilmoqda. SHuningdek, ular vazirliklarning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ham keng jamoatchilik e'tiboriga havola etib borilmoqda.
Bundan tashqari, ayrim reyting va indekslarda talab etilgan statistik ma'lumotlar respublikamizning davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan shakllantirilgan statistik ma'lumotlar bazasiga asoslanadi.
Masalan, BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”da jami 206 ta milliy indikator tasdiqlangan. Davlat statistika qo'mitasi tomonidan yaratilgan maxsus saytga bu boradagi zarur ma'lumotlar doimiy ravishda joylashtiriladi. SHuningdek, xalqaro reyting va indekslar uchun kerakli ma'lumotlar davlat idoralari tomonidan muntazam yangilanib boriladi.
Misol uchun, hukumat portali doirasida “Ochiq ma'lumotlar portali” ishga tushirilgan. Mazkur portal Davlat statistika qo'mitasining davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma'lumotlar bazasi yuritilishi va yangilanishi, shuningdek, tegishli axborotlarning o'z vaqtida aks ettirilishini muvofiqlashtirib kelmoqda.
Umuman olganda, xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlar tadbirkorlar va aholi o'rtasida o'tkazilgan so'rovnomalar natijalariga, nodavlat notijorat tashkilotlar ma'lumotlariga hamda milliy va xorijiy ekspertlar xulosalariga tayanadi. Bu esa, o'z navbatida, respublika miqyosida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohadagi islohotlar va ularning natijalaridan mahalliy aholi va tadbirkorlar qay darajada xabardor ekanini ko'rsatib beradi.
— Hozirgi kunda mamlakatimiz qaysi reyting va indekslarda quyi pog'onalarda qolmoqda va buning asosiy sabablari nimalardan iborat?
— Asosan, siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda mamlakatimiz o'rinlari nisbatan quyi pog'onalarda. Masalan, So'z erkinligi va hisobdorlik indeksida 191-o'rinda, Normativ sifat indeksida 184-o'rinda, Korruptsiyani nazorat qilish indeksida 183-o'rinda, Qonun ustuvorligi indeksida 182-o'rinda, Jahon matbuot erkinligi indeksida 156-o'rinda turibmiz. Albatta, so'nggi 3-4 yil mobaynida ushbu sohalarni tartibga soluvchi ko'plab qonun hujjatlari qabul qilindi, turli institutsional o'zgarishlar ro'y berdi.
Xususan, mamlakatimizda so'z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to'siqlarsiz faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoit yaratish va ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Bu boradagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish, turli organlar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi. Korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini yurituvchi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
Qator sohalardagi o'zgarishlar bilan bog'liq qonunchilikning jadal rivojlanishi ayrim hollarda amaldagi qonun hujjatlariga zid bo'lgan ko'plab normalarning vujudga kelishiga sabab bo'ldi. SHuning uchun ham qonunchilikni tubdan qayta ko'rib chiqish, uni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, ijrosi monitoringini takomillashtirish maqsadida Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasi ishlab chiqildi.
Biroq shuncha ishlarga qaramay, indekslardagi ko'rsatkichlar bu borada hali kamchiliklarimiz borligini ko'rsatib turibdi. SHu bois, qator muhim vazifalarni belgilab olganmiz. eng avvalo, O'zbekiston Respublikasining korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqishimiz zarur bo'ladi.
SHuningdek, davlat organlarida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholash tartibini belgilash va davlat boshqaruvi sohasida korruptsiyaning oldini olish bo'yicha reytingini shakllantirishni yo'lga qo'ymoqchimiz.
SHu bilan birga, mamlakatimizning Korruptsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GREKO) xalqaro tashkilotiga a'zo bo'lishi va bu tashkilotning korruptsiyaga qarshi tegishli konventsiyalari talablarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalasini ham o'rganib chiqishimiz lozim.
Ommaviy axborot vositalari, fikrlar xilma-xilligi va so'z erkinligini ta'minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashimiz zarur. Ayniqsa, jurnalistning qonuniy professional faoliyatiga to'sqinlik qilishga oid huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlikni belgilashimiz kerak.
Respublikaning siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda quyi pog'onalardan joy olganligining sabablaridan yana biri mazkur reyting va indekslar, asosan, jamoatchilik fikri va xalqaro ekspertlar xulosasi asosida shakllantirilishidadir. Qolaversa, indeks yurituvchi tashkilotlar so'rovnomalari faqatgina mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bilan hamkorlikda o'tkazilishini inobatga olib, respublika miqyosida bunday tashkilotlar kamligi hamda ular tomonidan tadqiqot ishlarini amalga oshirish salohiyati cheklanganligi kabi omillar ham bunga sabab bo'lishi mumkin.
SHu o'rinda alohida qayd etishimiz zarur, har bir davlat organi, ayniqsa, respublika darajasidagi vazirlik, idora, tashkilotlar huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilib, ular bilan yaqin hamkorlik o'rnatilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.
— YAqinda BMTning “Raqamli hukumatni barqaror rivojlanishi yo'lidagi o'n yillik harakat” nomli hisoboti e'lon qilindi. 2020 yil uchun dunyoda elektron hukumat rivojlanishi natijalari taqdim qilingan ushbu reytingda O'zbekiston 6 ta pog'onaga tushib, 87-o'rinni egalladi. Nima deb o'ylaysiz, nima sababdan mamlakatimiz avvalgi o'rnini yo'qotdi?
— Albatta, O'zbekiston umumiy reytingda 6 ta pog'onaga pasaydi. Lekin reytingni shakllantiruvchi komponentlar bo'yicha birmuncha o'sish kuzatilgan. Masalan, ushbu reytingning “Inson kapitali”, “elektron ishtirok” va “Telekommunikatsiya infratuzilmasi” indekslari bo'yicha ko'rsatkichlar 0,01 dan 0,14 punktgacha oshgan.
“elektron ishtirok” indeksi bo'yicha respublikamiz o'zining ko'rsatkichini 0,80 punktgacha oshirib, umumiy reytingdagi o'rnini 13 pog'onaga ko'tardi va 46-o'rinni egallab, elektron ishtirok indeksining juda yuqori rivojlanish darajasiga ega mamlakatlar ro'yxatiga kirdi. Vaholanki, 2018 yilda ushbu indeks bo'yicha mamlakatimiz 59-o'rinda edi.
Bundan tashqari, O'zbekistonga ochiq ma'lumotlar bo'yicha eng yuqori ball berildi. Albatta, “elektron hukumatni rivojlantirish” reytingidagi o'rnimiz pasayishiga ayrim omillar ta'sir qildi. eng avvalo, ta'kidlash joizki, 2018 yildan joriy yilning aprel` oyiga qadar respublikamizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va “elektron hukumat” tizimini joriy etishda yagona muvofiqlashtiruvchi organ mavjud bo'lmagan. Natijada reytingni oshirish bo'yicha aniq belgilangan chora-tadbirlar rejasi qabul qilinmagan va tegishli ishlar etarli darajada tashkil etilmagan. Hozir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu ishga mas'ul etib belgilangan.
SHuningdek, milliy elektron xizmatlar portali hamda ta'lim, mehnat, ijtimoiy xizmatlar, sog'liqni saqlash, moliya va atrof-muhit sohalaridagi tegishli vazirlik va idoralarning veb-saytlari ham talabga to'liq javob beradi, deb ayta olmaymiz. Ushbu saytlar reytingning “elektron xizmatlar” komponentida 148 ta jihat bo'yicha baholab boriladi. Milliy onlayn xizmatlar portali va rasmiy veb-saytlarning mobil` qurilmalardan foydalanish uchun moslashgan shakllari etarli darajada joriy etilmagan.
SHuningdek, tranzaktsiya xizmatlari darajasining pastligi, davlat bojlari, turli yig'imlar va jarimalarni to'liq elektron tarzda to'lash ham oxiriga etmaganligi reytingdagi o'rnimizga salbiy ta'sirini ko'rsatmoqda.
Reytingning “Inson kapitali” komponenti bo'yicha ham ishlashimiz kerak bo'lgan ayrim kamchiliklar bor. Masalan, masofaviy o'qitish imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmayotgani, oliy ma'lumotga ega aholi qatlami bo'yicha aniq ma'lumotlar etarli emasligi reytingdagi o'rnimizga ta'sir qilmoqda.
Mobil` aloqa abonentlari, internet foydalanuvchilari ulushini begilaydigan “Telekommunikatsiya infratuzilmasi” komponentida esa respublikaning uzoq hududlariga yuqori tezlikdagi simli internet tarmog'i etib bormaganligi ham reytingdagi o'rnimizga o'z ta'sirini o'tkazmoqda.
Bu kamchiliklarni to'g'rilash bo'yicha ustuvor vazifalarni belgilab olganmiz. Umid qilamizki, navbatdagi hisobotlarda ushbu yo'nalishda mamlakatimiz o'rni yanada yaxshilanishiga erishiladi.
— Koronavirus pandemiyasi ko'p islohotlarimizga salbiy ta'sir qildi. Iqtisod deysizmi, sanoatmi, ta'lim va boshqa sohalar qiyin raqobat muhitida qoldi. Nima deb o'ylaysiz, bu holat reyting va indekslarda qanday baholanadi?
— Darhaqiqat, bugungi kunda koronavirus pandemiyasi global miqyosda butun insoniyatga xavf solayotganiga, barcha sohalarda turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotganiga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz.
Pandemiya sharoitida, albatta, birinchi zarba iqtisodiyotga tushadi, rejalashtirilgan ko'plab islohotlar ijrosi ortga suriladi, asosiy e'tibor sog'liqni saqlash tizimini qo'llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, uning turmush darajasini yaxshilashga qaratiladi.
Xalqaro reyting agentliklari indekslarni hisoblab chiqishda yoki reytinglarni tuzishda, asosan, mamlakatning turli statistik ko'rsatkichlariga tayanadi. Tan olish lozim, pandemiya sababli statistik ko'rsatkichlarning yaxshi tomonga o'zgarishiga nisbatan ularning yomonlashish ehtimoli yuqoriroq.
SHu sababli keyingi yillarda xalqaro reyting va indekslardagi o'rnimizning joriy holatida saqlab qolinishi yoki pastlashishi ehtimolini nazardan qochirib bo'lmaydi. Biroq unutmaslik kerakki, pandemiya bitta yoki bir nechta davlatda emas, balki butun dunyo mamlakatlariga bevosita salbiy ta'sirini o'tkazmoqda.
SHu bois, balki boshqa davlatlarning ham reytinglardagi o'rni pastlashishi sabab mamlakatimizning o'rni tom ma'noda ko'tarilishi yoki joriy holatda saqlanib qolishi ham ehtimoldan xoli emas.
Har qanday vaziyatda ham xalqimizning azaliy qadriyatlaridan kelib chiqib hamisha yaxshi niyat qilish, ertangi kunga umid bilan boqish tuyg'usi dilimizda yashamoqda. Ishonchimiz komilki, barchamiz, butun xalqimiz bir jon, bir tan bo'lib bahamjihatlikda harakat qilsak, bu sinovlarni albatta engamiz. Pandemiyadan taraqqiyotimizning ertangi yo'nalishlarini belgilaydigan yangi xulosalar, yangi g'oyalar, yangi kuch bilan chiqib, rivojlanish yo'lini izchil davom ettiramiz.
Bahor Xidirova
suhbatlashdi.
Rated 5 stars out of 5
Epidemiologik vaziyatni yaxshilash – barcha imkoniyatlar va kuchlarni safarbar qilishni talab etmoqda
Suhbat
27 Iyul 2020
8181
Joriy yilning 23-iyul kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan navbatdagi videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infetsiyasi tarqalishiga qarshi olib borilayotgan tadbirlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.
10-iyuldan boshlab mamlakatda amal qilayotgan kuchaytirilgan karantin choralari natijadorligi atroflicha tahlil qilindi hamda Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi. Mamlakatda epidemiologik vaziyatni oʻnglash zarurati davlat idoralari, jamiyat institutlari va aholimizoldiga muxim vazifalar quyayotgani yana bir bor taʼkidlandi.
Muxbirimiz ushbu va boshqa mazularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Shafoat Nurullayeva bilan suhbatlashdi.
— Mamlakatimizda amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifi kiritildi va uni qoʻllash koʻzda tutilmokda. Bu boradagi fikringiz?
— Ushbu zarurat xududlarda epidemiologik vaziyatni mustahkamlash hamon dolzarb boʻlib qolayotganini va bu borada nafaqat davlat, balki jamiyatimizning ham barcha imkoniyatlarini keng ishga tushirishni, shuningdek, muammoni yengib oʻtish uchun kuchlarni birlashtirish lozimligini ham anglatadi. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, avvalambor, mamlakatda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat bevosita davlatimiz Rahbari tomonidan nazoratga olingan. Har bir yigʻilishda bu masalaga eʼtibor qaratilmoqda, aniq vazifalar belgilab olinmoqda, chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Muammoni yengish borasida bu juda muhim yondashuv boʻlib, amalda hech bir fuqaro bunday koʻrinmas yov oldida yolgʻiz emasligi, aksincha, davlat himoyasida ekanligidan dalolat beradi.
Xususan, oʻtgan soʻngi 10 kun davomida Davlatimiz rahbari tomonidan qator selektor yigʻilishlarining oʻtkazilishi va ularda eng asosiy masalalardan biri sifatida mamlakatimizda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash masalalaring muhokama qilinishi bu boradagi vazifalar naqadar jiddiyligini bildiradi.
Shu oʻrinda dunyoda koronavirusning tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtish zarur. Zero, bu kutilmagan global muammo barcha mamlakatlarni sarosimaga solgani, undan davo imkoniyatlari haligacha yaratilmagani bois koʻplab davlatlar hamon oʻzlarini oʻnglab ololmayotgani bor gap. Ayrim mamlakatlarda koronavirus tarkalishining yana kuchayayotgani ham kuzatilmoqda. Bugungi kunga kelib dunyo boʻyicha ushbu kasallikdan zararlanganlar soni 15,5 mln. kishidan oshganini koʻrib turibmiz. Har kunlik oʻsish 275 mingdan ortiq kishini tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2020-yilning 1-aprelida 925 ming kishini tashkil etgan boʻlsa,may oyi boshiga ularning soni 3,3 mln. kishiga yetdi. Dunyo boʻyicha bugungi kungacha oʻsish 1-aprelga nisbatan 16 barobarni,may oyi boshiga nisbatan, yaʼni kupgina mamlakatlarda karantin choralari yumshatilishidan boshlab, 6 barobarni tashkil qilmoqda.
Mutaxassislar, dunyoda bunday epidemiologik holatning kuchayishi aynan karantin choralarining yumshatilishi, yoki ayrim mamlakatlarda ularning bekor qilinishi va, ayniqsa, ushbu sharoitda koʻplab odamlarning sanitar-epidemiologik va ijtimoiy qoidalaga rioya qilmay qoʻygani sabab boʻlayotganini taʼkidlashmoqda. Qayd etilmoqdaki, koronavirus infeksiyasini birinchilardan boʻlib qarshi olgan va u bilan kurashgan Osiyo-Tinch okeani va Yevropa mintaqalarida joylashgankator davlatlarda joriy yil may oyining oʻrtalari va iyun oyidan boshlab karantin choralarining yengillashrilishi yoki umuman bekor qilinishi, shu bilan birga kafe, restoran va shunga oʻxshash koʻngilochar joylarning, jamoat transportining ishlashi, turizm faoliyati, ichki aviaqatnovlarga ruxsat berilishi ushbu infeksiyadan zararlanganlar sonining oshishiga olib keldi.Natijada, koʻrib turganimizdek, kator davlatlardakuchaytirilgan karantin choralarini qaytarish yoki uni qisman qoʻllash zarurati yuzaga keldi. Yevropaning ayrim mamlakatlarida (xususan Fransiya, Buyuk Britaniyada)aholi gavjum joylarda meditsina nikoblarini taqib yurish majbur qilib qoʻyildi.
Mamlakatimizdagi epidemiologik holat toʻgʻrisida gapirsak, joriy yilning 16-may holatiga, yaʼni qatʼiy karantin choralari yengilashirilgan kunga qadar koronavirus infeksiasidan zararlanganlar soni 2738 kishini tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib kasallanganlar soni 19 mingga yetdi yoki 7 barobarga kupaydi. Kuzatuvlar koʻrsatmoqdaki, bunday vaziyat yuzaga kelishiga qatʼiy karantin choralarni yengillashtirilganidan keyin ayrim korxonalar va aholimiz orasida saqlanib qolingan karantin talablariga (gigiyena qoidalari, niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va boshqa qoidalarga) rioya etmaslik asosiy sabablardan biri boʻldi, deyish mumkin.
Shu bois, koronavirus infeksiyasining tarqalishini jilovlashda eng asosiy vazifalardan biri – tegishli karantin choralarining barcha tomonidan qatʼiy qoʻllanishidir. Yaʼni, ushbu kasallikning geometrik progressiyada oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, “kasallanish zanjirini uzish” uchun oʻzimizni ayrim hatti-harakatlardan tiyishimiz zarur. Buning oʻta muhimligi ming yillar oldin buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tomonidan isbotlab berilganini hammamiz yaxshi bilamiz. Eslang, retro badiiy filmlarimizdan birida Ibn Sino boshqa bir buyuk ajdodimiz – Beruniy bilan uchrashganda aynan shu xaqda fikr yuritadi. “Bunday kasallikni yengish uchun nima qilish lozim?”, degan savolga javoban Ibn Sino: “avvalambor, qurquvni yengish, shuningdek, tozalikka va oʻz-oʻzini ijtimoiy himoyalashga qatʼiy rioya qilish, aholi gavjum joylarga bormaslik” kabi tavsiyalarni beradi. Ushbu talablar bugungi COVID-19 pademiyasi sharoitida ham hamon dolzarb ahamiyatga ega emas-mi?!
— Haqiqatdan ham shunday. Afsus bilan aytish lozimki, joriy yilning iyun oyidan qatʼiy karantin talablarining yengillashtirilishi sharoitida kasallanishning oshishi bilan toʻqnash keldik. Shifoxonalarda joy yetishmasligi, tez tibbiy yordamning kechikishi toʻgʻrisida shikoyatlar soni ortdi. Shu toʻgʻrisida fikringizni aytib oʻtsangiz.
— Buning koʻp sabablari bor deb oʻylayman. Xabardorsiz, Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahar hokimiga, hamda Sogʻliqni saqlash vaziriga yoʻl qoʻyilgan xatoliklar uchun hayfsan eʼlon qilindi. Umuman olganda, sogʻliqni saqlash tizimida ancha muammolar yigʻilib qolgan. Afsuski, bu sohaga koʻp yillar davomida yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan. Yaqinda, davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ushbu sohani isloh qilishga kirishilgani, koʻp maummo va kamchiliklarni borligi koʻrsatmoqda. Ammo, bularni muammolarni bir lahzada yechib boʻlmaydi.
Shu bilan birga, taʼkidlab oʻtmoqchimanki, dunyoda epidemiologik vaziyatning birdaniga keskinlashuvi sogʻliqni saqlash sohadagi muammolar nafaqat bizning mamlakatimizda, balki dunyoning rivojlangan davlatlarida ham dolzarb ekanligi koʻzga tashlandi. Hech bir mamlakatda koronavirus infeksiyasinining tarqalishi koʻlami va tabiatini oldindan aytib berishning imkoniyati yoʻq edi.
— Yuqorida taʼkidlaganingizdek, COVID-19 bilan kasallanganlar sonining ortishiga karantin choralarining yumshatilishi sharoitida aholi orasida saqlab qolinishi shart qilib belgilangan ayrim gigiyenik va ijtimoiy talablarga qatʼiy rioya qilmaslik holatlari ham sabab boʻlgani haqida koʻp gapirilmoqda. Ushbu masalaga alohida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Bunday koʻpsonli odamlar kasallanishi bilan bogʻliq vaziyatga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan barcha omillar yagona tizim doirasida, uzaro bogʻliq holda harakatlanishi maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Xususan, pandemik vaziyatni barqarorlashtirishning natijadorligi samarali boshqaruv tizimi, jumladan sogʻliqni saqlash sohasiningmustahkamligi, bemorlarni davolash uchun yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotidagi vaziyat bilan bir qatorda aholining tibbiy madaniyati, uning pandemiya sharoiti talab qiladigan qoidalarga toʻliq va qatʼiy rioya qilishiga ham jiddiy ravishda bogʻliq, desak toʻgʻri boʻladi.
Shu maʼnoda aytish lozimki, may-iyun oylarida qatʼiy karantin choralarni anchagina yengillashtirilganligi, ayrim korxonalar va aholi orasida “boshqacha” qabul qilindi. Jamiyatda, garchi har kun ommaviy axborot vositalari, meditsina muassasalari va jamoat tashkilotlari tomonidan pandemiyaning ogʻir oqibatlari toʻgʻrisidagi ogohlantirishlar hamda karantinning saqlab qolingan ayrim muhim talablariga rioya qilish zarurligi haqidagi chaqiruvlarga qaramasdan, “karantin bekor boʻldi, endi oldingi hayot tarziga qaytamiz” degan tushuncha va hatti-harakatlar kuchaygani kuzatildi.
Masalan, mamlakatda oʻrnatilgan karantin talablariga joylarda va poytaxtimizda bepisandlik bilan qarab, ularga rioya etmasdan 300-350 kishilik yoki bir xafta – 10 kun davomida 30 kishidan iborat toʻylar oʻtkazish, buning natijasida bir necha yuzlab kishilar koronavirus infekiyasini yuqtirgani toʻgʻrisida xabarlar koʻp tarqaldi.Bu esa, ushbu kasallikning vaksinasi va davo dorisi hali topilmagan sharoitda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning jiddiylashuvi sabablaridan biri boʻldi.
Shunday sabablardan yana biri– umumiy ovqatlanish korxonalariga, yaʼni odamlar toʻplanishi mumkin boʻlgan tarmoqlarga karantin qoidalariga rioya qilgan holda faoliyatini tashkil qilishga ruxsat berilgandan keyin, ularning aksariyati ushbu qoidalarga rioya qilishmadi. Bu haqda ommaviy axborot vositalarida koʻplab axborotlar tarqalganidan xabardorsiz. Xususan, beligilanganidek 4 kishidan ortiq boʻlmagan holda mijozlarga xizmat koʻrsatish oʻrniga, umumiy ovqatlanish korxonalari 10 va undan ortiq kishilar ishtirokida tugʻilgan kun va ziyofatlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻygan koʻplab kuzatildi.
Qolaversa, jamoat transportlarida oʻrnatilgan karantin qoidalariga rioya etmaslikham (xususan, avtoulov salonlarida yoʻlovchilar sonining koʻp boʻlishiga yoʻl qoʻyish) ushbu kasallik bilan zararlanganlar soni ortishiga yana bir sabab boʻldi, deyish mumkin.
Bundan tashqari, dehqon va kiyim-kechak bozorlarida belgilangan karantin qoidalarining buzilishi, issigʻi boʻla turib bozor hududiga savdogar va xaridorlar kirishiga ruxsat berilishi, bozorlar hududida niqobsiz yoki nomigagina niqob taqib yurishholatlarining bozor maʼmuriyatlari tomonidan yetarli darajada nazorat qilinmaganligi ham salbiy oqibatlarga – aholi orasida koronavirusdan zararlanish holatlarining ortishiga taʼsir qildi.
Yana bir tashvishli holat haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Kuzatishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim kishilar meditsina niqoblarini oʻz sogʻligʻini oʻylab emas, balki “talab etilayotgani uchun”ginataqishayotganlari koʻzga tashlanmoqda. Niqoblarni bir necha kunlab, almashtirmasdan taqib yurishni odat qilganlar ham yoʻq emas. Bu antisanitariya holatining yomonlashuviga sabab boʻlishi mumkinligini mutaxassislar tasdiqlashmoqda. Bugunki kunda niqoblarni aptekalardan sotib olish ancha bemalol boʻlib qolganini, qolaversa, bir parcha matodan uy sharoitida ham shunday niqoblarning bir nechtasini tikib olish, uni yuvib, dazmollab ishlatish mukinligini inobatga olib, bu boradagi tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim deb uylayman.
— Agar biz infeksiya aholi orasida koʻp tarqalib ketganligi sababli oʻrnatilgan cheklovlarni, koʻpchilik ekspertlar tomonidan maslahat berilayotgani bois bekor qilsak, bu kasallikdan zararlinishning har kunlik soni bir necha barobarga oshishi mumkin. Bunday vaziyatni oʻnglashga biz tayyormizmi? Hammaga malakali tibbiy yordam koʻrsata olamizmi? Bemorlarimizni ogʻir ahvoldan qutqara olamizmi?
— Ushbu masalaga jiddiy qaralayotgani bois ham karantin talablari amal qilishini yana uzaytirish choralari belgilanmoqda. Shuni ham taʼkidlash lozimki, shifokorlarimizni, sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarini qancha tanqid qilmaylik, bugungi kunga kelib epidemologik holat oʻnglanmoqda. Tez tibbiy yordam foaliyati normallashtirilmoqda, kasallanganlar uchun qoʻshimcha joylar yaratilmoqda, yaqinda mamlakatimizga Germaniya va Tursiyadan taniqli mutaxasislar taklif qilindi. Shu bilan birga esdan chiqarmaslik kerakki, bunday pandemik vaziyat bilan mamlakatimiz birinchi marta toʻqnash kelmoqda. Biz jarayon davomida bilimlarimizni oshirib, kamchiliklarimizni toʻgʻrilab bormoqdamiz, taslim boʻlmayapmiz.
Shunday ekan, hissiyotlarga berilmay, shunchaki tanqid qiluvchilarga chalgʻmay, koʻrilayotgan chora-tadbirlarini teran baholab, har birimiz biror foydali ish qilishimiz mumkinligi haqida oʻylashimiz lozim, deb oʻylayman. Hozir eng muhimi toʻgʻri yoʻlda harakat qilayotganligimizni, bu yoʻl murakkab ekanligiga qaramasdan boshqa tanlov imkoni yoʻq ekanligini anglab yetishdir.
Bundan tashqari, kiritilgan cheklovlar yetarli darajada yengil xarakterga ega hisoblanadi. Ularni aprel oyida amal qiolgan cheklovlar bilan taqqoslab boʻlmaydi. Karantin choralari asosan xizmat koʻrsatish va umumiy ovqatlanish sohalariga tegishli boʻlib, ular odamlar koʻp toʻplanadigan tarmoqlar hisoblanadi. Iqtisodiyot tarmoqlari keng koʻlamda toʻxtatilgani yoʻq va boʻlmasligi aniq. Iqtisodiy faollikning keskin pasayishini kutish kerak emas. Aksincha, faoliyati toʻxtab qolgan korxonalarning 70%ni shu yilning sentabr oyida, yil oxirigacha esa qolgan barchasining faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda.
Shu oʻrinda yana bir muhim masalagi toʻxtalib oʻtmoqchiman. Xodimlarning masofaviy mehnat shakliga oʻtishi ularning xaq toʻlanmaydigan mehnat taʼtiliga chiqishini anglatmaydi. Ish beruvchilar esa xodimlarga ish haqi toʻlash boʻyicha majburiyatini saqlab qoladi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish Respublika markazining maʼlumotlariga koʻra, hatto qatʼiy karantin paytida ham soʻrovlarda qatnashgan fuqorolarning katta qismi (72%) oʻz ish joylari va daromad manbalarini saqlab qolishganini tasdqlashgan. Faqatgina 17,3% respondentlar karantin vaqtida navbatdagi mehnat taʼtiliga chiqishganini aytishgan.
Epidemiologik vaziyatning yaqin kelgusida barqarorlashuvi karantin cheklovlarini yengillashtirishga imkon beradi. Vaziyatning barqarorlashuvidan kelib chiqib, cheklovlar taʼsir qilgan korxonalar faoliyati tiklanishi uchun yordam koʻrsatilishi nazarda tutilmoqda.
Hokimlarga iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha aniq va tushunarli topshiriqlar berilgan.
Shu bilan birga, aholining salomatligini hximoya qilish va uning iqtisodiy farovonligini taʼminlash oʻrtasida samarali muvozanatni shakllantirish davlatimizning asosiy maqsadi boʻlib qolmoqda.
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtkazilgan oxirgi selektr yigʻilishlaridan keyin joylarda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi va umuman karantin choralari kuchaytirilgan bugunki kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar borasida aniq faktlarga ham toʻxtalib oʻtsangiz.
— Maʼlumki, epidemiologik muammolarni bartaraf etish aholining xabardorlik darajasini muntazam va talab darajasida oshirib borishni ham talab etadi. Shu bois, joylarda aholining koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishining oldini olish, uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, bemorlarni davolash bilan bogʻliq koʻplab savollarga javob berish hamda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan mamlakatimiz tuman va shaharlari 4 ta sektorlari negizida tunu-kun– 24 soat ishlaydigan Shtablar tuzildi hamda ularning koll-sentrlari telefon raqamlari eʼlon qilindi, viloyat hokimlarining oʻz hududlaridagi epidemologik vaziyat, koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida brifinglari tashkil etilmoqda.
Axborotlarga koʻra, kuni-kecha, 24-iyun kuniXitoydan 1300 ta kislorod konsentratori, 20 ta PZR sinov apparati hamda virusga qarshi dorilar olib kelindi hamda ularni Sogʻliqni saqlash vazirligiga tegishli tartibda ishlatish uchun topshirildi. Yaqin kunlarda yana shunday tibbiyot uskunalari va dori-darmonlar olib kelinishi rejalashtirilmoqda.
Oxirgi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilish va davolash uchun qoʻshimcha 46,5 mingta oʻrin-joytayyorlandi.Shuningdek, selektr yigʻilishida yana 31 mingta oʻrin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 tashunday mashinalar joylarga yetkazilishini hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va kollejlari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlar va nafaqaga chiqqan tibbiyot xodimlari orasidan jami 5 mingtashifokor hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etilganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasi bilan kurashayotgan tibbiyot xodimlaring ish haqlarini joyida hamda har kun berish tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chetdan olib kiriladigan tegishli tibbiyot texnikalari va dori-darmonlarni sertifikatlash soddalashtirildi. Shuningdek, joylardagi aptekalarda sotilayotgan dori-darmonlar narx-navosi noqonuniy oshirilishining olidini olish borasida tegishli tartibda nazorat ishlari kuchaytirilmoqda. Ushbu tadbirlar haqida telekanallar orqali axborotlar berib borilmoqda.
Shuni xam taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda karantin eʼlon qilingandan buyon 20 dan ortiq qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi salomatligini saqlash, dori-darmonlar bilan taʼminlash, iqtisodiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlarga qulay shart-sharoit va imtiyozlar yaratish kabi masalalar oʻz aksini topgan.
Karantin davrida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning yanabir jihatiga eʼtibor berishimiz lozimki, Respublika komissiyasining qarori bilan 20 kunlik karantinda 120 ming ijtimoiy muhofazaga muxtoj oilani bepul oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi maxsulotlar bilan taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Maqsadli taqsimlash va moliyaviy yordam koʻrsatish uchun homiylik, xayriyani muvofiqlashtirish va koʻngillilar markazlari tashkil etilmoqda.
Birinchi navbatda, yolgʻiz va keksalar, kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalar, ogʻir kasallar, ikki yoki undan ortiq bolani tarbiyalayotgan beva ayollar, ota-onalari nogironlar va yetimlarni tarbiyalayotgan oilalar hamdapandemiya sababli vaqtincha daromaddan mahrum boʻlgan oilalargayordam koʻrsatish belgilandi.
Mamlakatimizda pandemiya sharoitida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarga yordam berishni tashkil etish maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati tuzilganidan xabaringiz bor. Qisqa vaqt mobaynida ushbu tashkilottomonidan qoʻllab-quvvatlashga muhtoj 583 ming oilalarga 307 mlrd. soʻmlik yordam koʻrsatildi va bunday koʻmak hajmi ortib bormoqda. Ushbu savobli ishga oʻz hissasini qoʻshayotganlar kam emas.
Umuman olganda, pandemiya boshlangandanberiqiyin ahvolga tushgan 3,8 mln. fuqarolarimizga turli yordam koʻrsatilgan. Yordamning eng katta qismi – 92 foizi toʻgʻridan-toʻgʻri yoki vaucherlar shaklida berilgan va yordamning juda katta ulushi aynan ijtimoiy zaif uy xoʻjaliklariga yoʻnaltirilgan.
Taʼkidlash lozimki, keltirilayotgan raqamlar oddiy raqamlar emas. Bularning ortida murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizning taqdiri yotibdi.
— Maʼlumki, bemorning tuzalishi va oyoqqa turishida uning shifokorga boʻlgan ishonchi muhim ahamiyatga ega, ayniqsa epidemiologik vaziyat murakkb boʻlib turgan vaqtlarda. Shu xususda ham fikrlashsak.
— Buning zamirida shifokorlar va hamshiralarning mashaqqatli mehnati yotadi, menimcha. Shu bois, bugungi murakkab epidemiologik sharoitda bemorlar hayoti uchun tunu-kun kurashayotgan barcha meditsina xodimlarini, ayniqsa, kasalxonalarning “qizil zonasida” hamda tez yordam tizimida ishlayotgan shifokor va hamshiralarni, shubhasiz,qahramon deyish lozim. Bu haqda davlatimiz Rahbari selektr yigʻilishlarida koʻp bora eʼtirof etgan. Yaqinda Prezidentimiz tomonidan bir guruh meditsina xodimlarining yuqori davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligi ham buning isbotidir.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, mahalliy xokimliklar, shuningdek, boshqa mutasaddi davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari oʻz hududlarida karantin talablarining soʻzsiz amal qilinishini taʼminlash va aholini COVID-19dan himoyalanishi borasida xabardorligini oshirish yoʻnalishida “bir yoqadan bosh chiqarib” ishni tashkil etsalar, shu asosda joylarda kasallanish holatlarining kamayishiga erishish mumkin boʻlar edi hamda meditsina xodimlarining mashaqqatli faoliyati qoʻllab-quvvatlangan boʻlar edi. Bu esa oʻz navbatida sogʻliqni saqlash tizimiga qoʻshimcha yuklamaning kamayishiga sharoit yaratishi mumkin.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qatʼiy karantin choralarining qayta joriy etilishi kasallik yuqtirilishi holatlarini jiddiy kamaytirish, yaʼni uning “zanjirini uzish” orqali koronavirus infeksiyasidan zaralangan, ogʻir ahvoldagi beʼmorlarga eʼtiborni kuchaytirib, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish imkonini beradi.
Shu bois barchamiz karantin talablari, sanitar-gigiyenik hamda ijtimoiy qoidalarga qatʼiy rioya qilishimiz, shifokorlar maslahatlariga amal qilib, ushbu koʻrinmas yovni birgalikda yenga olishimizga ishonishimiz lozim.
Rated 4 stars out of 5
Pandemiya davrida jismoniy tarbiya va sport sohasi qanday rivojlanmoqda?
Suhbat
25 Iyul 2020
4025
2020-yil nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo sportida muhim yil boʻlishi kutilayotgandi. Jumladan, 24-iyul – 9-avgust kunlari kunchiqar yurt Yaponiyada XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilishi belgilangan, yurtimizda ham koʻplab nufuzli musobaqalar va tadbirlar oʻtishi lozim edi. Ammo...
Koronavirus pandemiyasi tufayli rejalar butkul oʻzgarib ketdi. “Tokio–2020” bir yil keyinga surildi, koʻplab sport tadbirlari kechiktirildi yoki bekor qilindi. Xullas, orzular, rejalar, maqsadlar oʻzgardi.
Koronavirus balosi inson uchun salomatlik naqadar qadrli neʼmat ekanini teran anglashni, sogʻlik qadriga yetishni oʻrgatdi. Bu ofat odamlarda jamiyatga, atrofda roʻy berayotgan voqea-hodisalarga boshqacha nazar bilan qarashga, sogʻlom kuchlarning jipslashishi, ommaviy madaniyatni yuksaltirish naqadar dolzarb vazifa ekanini anglatdi. Pandemiyaning keng tarqalishi jamiyatda inson salomatligini mustahkamlashda jismoniy tarbiya va sportning oʻrni naqadar ahamiyatliligini yana-da yorqinroq namoyon etdi. Bugun jahonning koʻplab davlat va nodavlat tuzulmalarida oʻtkazilgan monitoringlar, taqqoslar, tahlillar jismoniy madaniyat bilan muntazam shugʻullangan, faol hayot tarziga ega odamlarda kasallikka chalinish darajasi juda ham pastligini yana bir bor koʻrsatib qoʻydi.
Xoʻsh, kishi sogʻlom boʻlishi uchun nimalarga ahamiyat berishi kerak? Karantin davrida qanday qilib sport bilan shugʻullanish mumkin? Hozirgi murakkab, barcha oʻzini yakkalash sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining faoliyati qanday tashkil etilmoqda? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida biz jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan suhbatda boʻldik.
— Pandemiya sharoitida vazirlik faoliyati qay yoʻsinda tashkil etilmoqda? Umuman, pandemiya sport sohasiga qanchalik taʼsir koʻrsatdi?
— Pandemiya barcha sohalarda boʻlgani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Boshlanishida sport tashkilotlari, federatsiyalar, sport maktablarida bunday sharoitda ishni qanday tashkil etish, mashgʻulotlar uzluksizligini taʼminlash, ayniqsa, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik olib borayotgan sportchilarning jismoniy yuksak holatini saqlab qolish masalasida sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan vaziyatlar ham boʻldi. Biroq Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda koʻrilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mashgʻulotlarni masofadan olib borish dasturi ishlab chiqildi. Bilasiz, toʻrt yil kutilgan “Tokio–2020” Olimpiya oʻyinlari bir yilga kechiktirildi, juda koʻplab sport musobaqalari qoldirildi, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari toʻxtatildi. Bunday qaltis jarayonda rosti, jahon sporti bir muddat “oʻzini yoʻqotib qoʻyganligi” bor gap. Shunday boʻlsa-da, kundalik faoliyati jismoniy tarbiya bilan bogʻliq yurtdoshlarimizda sport hayoti bir zum boʻlsa-da toʻxtagani yoʻq. Eʼtiborlisi, mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport tizimi, uning minglab murabbiy va sportchilari, mutaxassislari koronavirus bilan mardonavor kurashmoqda. Sportchi va trenerlar, mutaxassislarimiz bu kunlar oʻtib ketishi, oldinda Vatanimiz shaʼni himoya qilinadigan jiddiy musobaqalar kutib turganini teran anglashmoqda. Shu bois, joriy yilning 16-martidan eʼlon qilingan dastlabki karantin davridan sportchi va trenerlar mashgʻulotlarni toʻxtatgani yoʻq. Bu borada maxsus oʻquv rejalar va mashgʻulotlar mundarijasi ishlab chiqilib, sport maktablari va federatsiyalar orqali har bir trenerga yetkazildi. Ular esa, oʻz navbatida, qoʻl ostida shugʻullanib kelayotgan sportchilar bilan onlayn mashgʻulotlar oʻtkazishni boshladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanali bilan hamkorlikda malakali trenerlar ishtirokida onlayn teledarslar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi va har kuni ertalabki dasturlar orqali 10 daqiqadan uy sharoitida bajarish mumkin boʻlgan mashqlar namoyish etib borilmoqda. Qolaversa, taniqli sportchi va trenerlar ishtirokida “Sport bilan koronavirusni yengamiz!” aksiyasi doirasida videoroliklar tayyorlanib, telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali muntazam yoritilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida 1-apreldan masofaviy oʻqitish joriy etildi. Barcha fanlardan tayyorlangan maʼruzalarni videoportal hamda telegram kanallari orqali yetkazish yoʻlga qoʻyildi. “Online maktab” loyihasi doirasida tashkil etilgan masofaviy televizion videodarslar orqali maktab-internat oʻquvchilari umumtaʼlim fanlarini toʻliq oʻzlashtirishiga erishildi. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlarini onlayn (masofaviy) tarzda davlat imtihonlari shaklida oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning Nukus, Samarqand, Fargʻona filiallarida masofaviy oʻqitishga jami 1 352 nafar tinglovchi hamda 145 nafar professor-oʻqituvchi jalb etildi.
Darvoqe, vazirligimiz tomonidan amalga oshirilgan xayrli ishlardan yana biri — poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga karantin davrida uyda qolgan yurtdoshlarimiz uchun Olympic virtual muzey xizmati yoʻlga qoʻyilganligidir. Ushbu xizmatdan foydalanish orqali xalqimiz uyida turib jahon arenalarida oʻzbek sportining dovrugʻini koʻklarga koʻtarib kelayotgan sportchilarning yorqin gʻalabalari aks etgan fotolavhalardan bahramand boʻlishi mumkin.
— Karantin davrida vazirlik tashabbusi bilan koʻplab onlayn musobaqa va chellenjlar tashkil etildi. Umuman, avvallari onlayn musobaqalar juda kam oʻtkazilardi. Shu maʼnoda, aholining masofaviy bahslarga qiziqishi qanday boʻldi, ushbu tadbirlar kutilgan darajada samara berdimi?
— Darhaqiqat, karantin davrida xalqimizni uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga daʼvat etish maqsadida qator chellenjlar oʻtkazildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Eʼtiborlisi, bu musobaqalarga koʻproq havaskorlarni jalb etishga harakat qildik. Jumladan, yurtdoshlarimiz orasida sport bilan faol shugʻullanishni keng targʻib etish maqsadida “uyda qol!”“hayotga qoʻshil!”“sport challenge” eʼlon qilindi. 6-apreldan 10-maygacha davom etgan chellenjga respublikamizning barcha hududlaridan uy sharoitida bajarilgan sport mashgʻulotlari aks etgan jami 10 mingdan ortiq videolavha kelib tushdi. Umumiy hisobda chellenj oʻrtacha 25-30 ming yurtdoshimizni qamrab oldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Chellenj 7 ta bosqichda tashkil etildi. Quvonarlisi, chellenjni yurtdoshlarimiz juda iliq qarshi olishdi. Masalan, Navoiy viloyati Nurota tumanidan yuborilgan bir videorolikda uch, ehtimol toʻrt avlod vakillari ishtirok etganligi bizni hayratga soldi. Rolikda 86 yoshli onaxon, uning 68 yoshli oʻgʻli, 63 yoshli kelini, 35-40 yoshlar atrofidagi oʻrta avlod vakillari, bular nabiralari boʻlsa kerak nazarimda, yosh bolakaylar, qisqasi 6-7 kishi ishtirok etishgan. Shuningdek, xalqimiz orasida kompyuter sporti, yaʼni kibersportni yana-da ommalashtirish maqsadida Esports Uzbekistan federatsiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk marotaba “MINSPORT ONLAYN KUBOGI” tashkil etildi. Kibersport musobaqasida jami 4 617 nafar havaskor sportchi qatnashdi.
Qolaversa, 11-maydan 20-mayga qadar “Uyda qol va gʻalaba qozon!” shiori ostida shaxmat boʻyicha birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionati tashkil etildi. Mazkur turnir onlayn tarzda, shveysarcha tizimda Chess.com oʻyin platformasi orqali oʻtkazildi. Oʻnta turdan iborat musobaqa koʻpchilikda ijobiy taassurot qoldirdi. 3 000 nafarga yaqin havaskor shaxmatchi ishtirok etgan musobaqada 10 nafar gʻolib aniqlandi. Bu roʻyxatga yana karatening “kata” va taekvondoning “pumse” yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan onlayn musobaqalar, bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish boʻyicha onlayn Oʻzbekiston chempionati, onlayn yugurish kabi musobaqalarni qoʻshish mumkin.
Sanab oʻtilgan chellenjlar yurtdoshlarimiz tomonidan juda yaxshi kutib olingani, qolaversa, pandemiya sababli karantin holati choʻzilayotgani, mazkur vaziyatda aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb etish orqali ular salomatligini mustahkamlash va immunitetini koʻtarishga hissamizni qoʻshish maqsadida vazirligimiz tashabbusi bilan “Onlayn yurish”, “Onlayn yugurish”, “Onlayn velomarafon”, “Onlayn shaxmat” chellenji hamda kibersport boʻyicha 8 ta yoʻnalishda “MinSport eSropts CUP” musobaqalarini yangi yilgacha davom ettirishga qaror qildik. Ushbu tadbirlar orqali aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish koʻzda tutilgan. Onlayn musobaqa va chellenjlarda faol qatnashgan yurtdoshlarimiz nafaqat salomatligini mustahkamlashi, balki qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, onlayn shaxmat musobaqasining mutlaq gʻolibi “Spark” avtomobilini qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, vazirligimiz oldiga joriy yilda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanayotgan aholi sonini 18 foizgacha yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Garchi pandemiya tufayli sport tadbirlari oʻtkazilmayotgan boʻlsa-da, bu vazifani hech kim zimmamizdan soqit qilmagan. Onlayn sport tadbirlari orqali biz ana shu vazifani bajarishga harakat qilmoqdamiz. Qolaversa, ommaviylikni oshirmasdan turib, professional sportda ulkan yutuqlarga erishib boʻlmaydi.
— Tokio — 2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik bugungi kunda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalardan biri. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Tokio Olimpiadasiga munosib tayyorgarlik koʻrish davlatimizning doimiy eʼtiborida. Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik ishlari murakkab vaziyatga qaramasdan tasdiqlangan dastur asosida olib borilmoqda. Pandemiya sharoitida ham boʻlgʻusi olimpiyachilarga barcha qulayliklar yaratib berildi. Har bir olimpiyachi uchun uy sharoitida mashgʻulotlarni toʻlaqonli olib borishi, ularning salomatliklarini muntazam nazorat qilish borasida maxsus dastur ishlab chiqilib, kunlik, haftalik mashgʻulotlari tahlil etib borildi. Karantin kunlari har bir sportchi, uning oila aʼzolari bilan alohida-alohida muloqotlar oʻtkazildi. Jismoniy va ruhiy muvozanatlari biriktirilgan shifokorlar, diyetolog va ruhshunoslar orqali kuzatuvda boʻldi. Zarur hollarda oilasiga, mahallasiga kerakli yordamlar koʻrsatildi. Toʻgʻri, pandemiya tufayli rejadagi oʻquv mashgʻulotlarning dasturiga oʻzgartirishlar kiritildi, ammo ularning mohiyati, tub negizi asl holat, reja asosida davom ettirilmoqda.
Sportchilarimizning Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash maqsadida 13 ta sport turi boʻyicha 18 ta xorijiy trener jalb qilingan. Ularning aksariyati, aniqrogʻi, 15 nafari karantin davrida ham yurtimizda qolib, shogirdlari bilan onlayn shugʻullandi. Bundan tashqari, Olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarga jalb etilgan xorijlik malakali trener-maslahatchi va mutaxassislar bilan hududlardagi yosh va iqtidorli sportchilar uchun onlayn mahorat darslari oʻtkazilmoqda. Negaki, bu yoshlar oʻzbek sportining ertasi, aynan ular vaqti kelib, terma jamoalardan oʻrin egallaydi. Aniq misollar bilan aytadigan boʻlsam, shu kungacha Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan yaponiyalik mutaxassis Tomu Tori ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlarida, Oʻzbekiston VTF taekvondo assotsiatsiyasi tashabbusi bilan janubiy koreyalik mutaxassis Jing Yung Kim ishtirokida Andijon, Fargʻona hamda Namangan viloyatlarida, Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tashabbusi bilan murabbiylar Arsen Axmetov hamda Zaza Silagadze ishtirokida barcha hududlarda, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida faoliyat yuritayotgan rossiyalik Boris Jgir ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida onlayn seminar hamda mahorat darslari tashkil etildi. Tajribali murabbiylardan bugun olinayotgan bilim va tajriba esa ularga kelgusi faoliyatida qoʻl kelishiga shubha yoʻq.
2021-yilga qoldirilgan Olimpiya oʻyinlariga hozirgacha sportchilarimiz 15 ta sport turi boʻyicha (tennis, velosiped, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yunon-rum kurashi, ogʻir atletika, sport gimnastikasi, yengil atletika, zamonaviy beshkurash, taekvondo WTF, boks, para oʻq otish, parakanoe, para suzish, para yengil atletika, para taekvondo) jami 40 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritgan. Afsuski, pandemiya sababli Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etuvchi 20 ga yaqin xalqaro musobaqa oʻtkazilmay qoldi. Hozir Xalqaro olimpiya qoʻmitasi qoldirilgan saralash musobaqalarining muddatlarini koʻrib chiqmoqda.
Respublika maxsus komissiyasi Olimpiya sport turlari boʻyicha mamlakat terma jamoasi aʼzolariga sport majmualarida Tokio oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishni boshlashga ruxsat berdi. Shunga asosan, hozir terma jamoalarimiz aʼzolari maxsus bazalarda karantin qoidalariga qaʼtiy amal qilgan holda va shifokorlarning doimiy nazorati ostida oʻquv yigʻinlarga kirishgan. Tahlillarimizga koʻra, sportchilarimiz 22 ta sport turidan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining yana 74 ta yoʻllanmasini qoʻlga kiritish ostonasida turibdi. Albatta, yutuqlar oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilmaydi. Har bir yoʻllanma ortida tinimsiz mehnat, eʼtibor, trener va mutaxassislarning izlanishlari yotadi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida oʻtgan yildan eʼtiboran Olimpiya — 2020 shtabi samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
— Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalardan biri ommaviylikni oshirish, aholi orasida jismoniy madaniyatni shakllantirishdan iborat. Bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?
— Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini faol targʻib etish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli ravishda joylarda “Yoshlar haftaligi”, “Mahalla va nuroniylar haftaligi”, “Taʼlim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi” musobaqalarining kalendar rejasi ishlab chiqib, shu kungacha minifutbol boʻyicha hududiy jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari kubogi uchun musobaqalar oʻtkazildi. Unga jami 106 056 nafar uyushmagan yosh jalb etildi, eʼtiborlisi, shundan 35 866 nafarini xotin-qizlar tashkil qildi.
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan pandemiya talablari asta-sekin yumshatilib borishi natijasida 2020-yil iyun oyida vazirligimiz tashabbusi bilan jami 329 ta ommaviy sport tadbiri oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar karantin qoidalari asosida ishtirokchilar soni 30-40 kishidan oshmagan holda tashkil etildi. Shuningdek, “Yoshlar oyligi” hamda 23-iyun — Xalqaro Olimpiya kuni munosabati bilan bir qator sport tadbirlari tashkil etildi. Masalan, 22-iyun kuni Toshkent shahridagi “Eko park” sayilgohida 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan musobaqalar hamda taniqli sportchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Sport musobaqalari doirasida shahardagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablarining oʻquvchi yoshlari voleybol, badminton, minifutbol hamda stol tennisi boʻyicha oʻzaro bahslashishdi. Shuningdek, 28-iyun kuni “Yoshlar oyligi” doirasida respublikamizning barcha hududlari boʻylab onlayn yugurish marafoni oʻkazildi. Unda 2 ming 500 ga yaqin yurtdoshimiz roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, shundan 1 500 nafari onlayn yugurish marafonida oʻz imkoniyatini sinab koʻrdi. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha “yashil” hududlarida tashkil etildi.
Ommaviylik borasida soʻz ketganda, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoniga muvofiq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan oʻzaro hamkorlikda jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashish, aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va aholiga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Jismoniy tarbiya va sport rivojlangan eng yaxshi mahalla” koʻrik-tanlovi oʻtkazishi belgilangan. Mazkur koʻrik-tanlovning birinchi bosqichi tuman(shahar)lar kesimida iyun oyida, ikkinchi bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida oktyabr oyi yakuniga qadar oʻtkazilishi koʻrsatilgan. Hozir aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi boʻyicha birinchi bosqich sovrindorlarini aniqlash maqsadida respublikamizda mavjud 9 145 ta mahalladan 3 200 tasi boʻyicha maʼlumotlar respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.
— Samarqand shahrida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etildi. Bu taʼlim muassasasida qanday mutaxassislar tayyorlanadi?
— Oʻzbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq 2019-yil 8-mayda tashkil etilgan ushbu filialga 2019-2020 oʻquv yilida 150 nafar (shundan 45 tasi davlat granti asosida) talaba oʻqishga qabul qilindi. Filial binosida amalga oshirilayotgan ishlar yakuniga yetmaganligi sababli 2019-2020 oʻquv yilida talabalar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida shu oliygohning professor-oʻqituvchilari rahbarligida tahsil olishdi. Mazkur filialda sport faoliyati yoʻnalishi, yaʼni sportning asosan oʻyin turlari, jumladan, futbol, voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi, tennis va yengil atletika boʻyicha mutaxassislar, trenerlar tayyorlanadi.
Manzilli dastur doirasida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali uchun
400 oʻrinli yotoqxona qurilishi hamda mavjud oʻquv binolarini taʼmirlash uchun jami 21,0 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanish arafasida.
PS: Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bu yil barcha jabhalarda boʻlgani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari uchun ham sinovli yil boʻlmoqda. Belgilangan koʻplab sport musobaqalari oʻtkazilmadi, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari bekor qilindi. Lekin hali yil yakunlangani yoʻq. Hozir Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 2020-yilning qolgan davri uchun alohida, qisqartirilgan sport musobaqalari taqvimini ishlab chiqmoqda. Bunda muhim chempionatlar, xalqaro turnirlar eʼtibordan chetda qolmaydi. Karantin davri ortda qolishi bilan shiddatli sport musobaqalari, qizgʻin bellashuvlar davri boshlanadi. Ayniqsa, aholining turli qatlamlarini qamrab oladigan ommaviy sport tadbirlariga keng oʻrin beriladi. Maqsad aniq — yurtdoshlarimiz orasida faol sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasini shakllantirish, aholi salomatligini yana-da mustahkamlash.
Bugun mamlakatimizda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng islohotlar, bunyodkorlik ishlari yaqin kelajakda oʻzbek sportining imkoniyatlari cheksizligini va istiqbolini jahonga namoyon etadi. Muhimi, jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan eʼtibor orqali millat genofondi sogʻlomlashadi. Sogʻlom millat esa ulkan gʻalabalarga, qolaversa, intellektual yuksalishlarga qodir.
Toʻlqin Roʻziyev suhbatlashdi.
Rated 5 stars out of 5
Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorligida yangi davr boshlandi
Suhbat
17 Iyul 2020
11589
Mamlakatimiz keyingi yillarda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, xorijiy davlatlar bilan doʻstona hamda oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishmoqda.
Bu jarayonda, ayniqsa, Yevropaning bir qator davlatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. BMT, YEXHT, SHHT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Muxbirimiz Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod ASADOV bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
— Sherzod Ikromovich, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Yevropa mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishda qanday yangi tendensiyalar koʻzga tashlanmoqda? Pandemiya sharoitida bu aloqalar qaysi sohalarda koʻproq namoyon boʻlmoqda?
— Darhaqiqat, Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni oʻz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri deb biladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari bilan barcha jabhalardagi munosabatlari jadal surʼatlarda rivojlanib borishi natijasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi davri boshlandi, deb aytsak boʻladi.
Birgina misol. Prezidentimizning Fransiya (2018-yil oktyabr), Germaniya (2019-yil yanvar) va Turkiyaga (2017-yil oktyabr va 2020-yil fevral) rasmiy tashriflari tashkil etilib, ularning natijalari boʻyicha siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda salmoqli kelishuvlarga erishildi. Oʻz navbatida, GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer (2019-yil may) va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻan (2018-yil aprel) mamlakatimizga javob tashrifini amalga oshirganini alohida qayd etish joiz.
Hozirgi vaqtda Vengriya, Italiya, Belgiya, Buyuk Britaniya va Chexiya kabi davlatlar bilan bilan oliy darajadagi tashriflarni tashkil etish yuzasidan har tomonlama ishlar olib borilmoqda.
Soʻnggi bir yil davomida Yevropaning Avstriya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Fransiya, Shveysariya, Chexiya, Norvegiya, Finlyandiya, Latviya, Litva kabi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirliklari bilan 20 dan ziyod siyosiy maslahatlashuv oʻtkazildi.
Biz soʻnggi vaqtlarda Yevropa Ittifoqi bilan eng yuqori va oliy darajadagi muloqot ilgari kuzatilmagan darajada faollashayotganiga guvoh boʻldik. Xususan, 2019-yil may oyida Yevropa Kengashi rahbari Donald Tusk ilk marotaba Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bundan tashqari, YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha endilikda sobiq oliy vakili Federika Mogerini ikki marta (2017-yil noyabr va 2018-yil mart oylari) respublikamizga tashrif buyurdi.
2020-yilning aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel oʻrtasida telefon muloqoti oʻtkazildi. Tashqi ishlar vaziri A.Komilov YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel (2020-yil yanvar oyida Berlin shahrida va may oyida telefon orqali) bilan ikki marta suhbatlashdi. Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mazkur muzokaralar chogʻida Yevropa tomoni iqtisodiyot, savdo, innovatsiya va investitsiya, transport, ilm-fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shu oʻrinda Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy yoʻnalishda hamkorlikni sezilarli tarzda oʻsib, rivojlanib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Jumladan, 2019-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va YEI mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi 2016-yil bilan taqqoslaganda deyarli 60 foiz oʻsib, 4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yevropaga eksport qilish 1,5 baravar ortgan holda 580 millionAQSH dollari miqdoriga yetgan boʻlsa, bu davrda import hajmi 1,5 barobar oshdi va 3,42 milliard dollarni tashkil etdi.
Joriy yil yanvar-may oylarida tovar ayirboshlash hajmi 1,315 milliard dollarni, shu jumladan, eksport 196,6 million dollarni, import 1,11 milliard dollarni tashkil etdi.
Oʻzaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi va yuqori darajaga koʻtarish maqsadida rasmiy Toshkent va Bryussel oʻrtasida yangi keng qamrovli ikki tomonlama hujjat — Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish boʻyicha 2019-yildan boshlab faol muzokaralar oʻtkazilmoqda.
Yevropa Ittifoqi bilan koʻp jabhali muloqotni rivojlantirishga xizmat qilayotgan mazkur yoʻnalishga, asosan,
2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan tub islohotlar tufayli erishildi.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan hamkorlikning ijobiy dinamikasi, shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlariga nisbatan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va konstruktiv muloqot orqali barcha masalalarni hal etishga qaratilgan yangi siyosati asosida Bryussel mintaqaga nisbatan siyosatini mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish sari tubdan qayta koʻrib chiqdi.
Bularning barchasi Bryussel tomonidan Markaziy Osiyo uchun tasdiqlangan (2019-yil iyun oyida) yangi strategiyada yaqqol namoyon boʻldi. Yevropa tomonining pozitsiyasiga koʻra, Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar Markaziy Osiyoning siyosiy barqarorligi va izchil rivojlanishidan, shuningdek, ikki mintaqa oʻrtasidagi integratsiya aloqalarini faol rivojlantirishdan manfaatdordir.
Mintaqamizdagi barqaror vaziyatni eʼtirof etgan holda, rasmiy Toshkent tomonidan ilgari surilgan yaxshi qoʻshnichilik siyosati tufayli rasmiy Rim ilk marta “Italiya — Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlar uchrashuvini (2019-yil dekabr) oʻtkazdi. Oʻz navbatida, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida rasmiy Parij ham shu singari muloqotning ikkinchi bosqichini davom ettirishga qaror qildi.
2020-yilning aprel va iyun oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Yevropa Ittifoqi savdo komissari F.Xogan bilan ikki marotaba videokonferensiya shaklida uchrashuvlar oʻtkazdi. Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha kelishish jarayonini faollashtirish borasida kelishuvga erishildi. Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning 4-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga, shuningdek, Oʻzbekistonning YEI “PBT+” imtiyoz tizimida benefitsiar mamlakat maqomini olishi jarayoniga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda COVID-19ning global miqyosda tarqalishi va butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri sharoitida Yevropa Ittifoqi uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Oʻzbekistonga 30 million yevrodan koʻproq mablagʻ ajratishga qaror qildi.
Bundan tashqari, BMT shafeligida Oʻzbekistonning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondiga Yevropa Ittifoqi 5 million yevro, Norvegiya 1,1 million AQSH dollari va Finlyandiya 1 million yevro miqdorida mablagʻ ajratdi.
Fursatdan foydalanib, Yevropadagi hamkorlarimizga Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi hamda respublikaning “GSP+”tizimi doirasida benefitsiar maqomini olishi boʻyicha saʼy-harakatlari, shuningdek, keng qamrovli oʻzgarishlar sharoitida mamlakatimizga koʻrsatayotgan moliyaviy va texnik koʻmagi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasi uchun 2014 — 2020-yillarga moʻljallangan begʻaraz yordami toʻgʻrisidagi koʻp yillik indikativ dasturi doirasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 168 million yevro mablagʻ ajratildi.
Shu bilan birga, biz Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan Afgʻonistondagi mavjud vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha olib borayotgan xalqaro maydondagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdormiz. Oʻzbekiston uchun qoʻshni davlatda uzoq kutilgan tinchlikni oʻrnatish ustuvor ahamiyatga egadir.
Biz Yevropa bilan ikki va koʻp tomonlama istiqbolli munosabatlarni davom ettiramiz. Savdo-sotiq, investitsiya va moliya, yuqori texnologiyalar transferi, ilm-fan, texnika, taʼlim, ekologiya, sogʻliqni saqlash va madaniyat sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash Oʻzbekiston — Yevropa munosabatlarining asosiy ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.
— Oʻzbekistonning dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF bilan hamkorligi bugungi global pandemiyaga qarshi kurashda qanday samaralar bermoqda?
— Oʻzbekistonning nufuzli xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan agentliklari bilan samarali hamkorligi pandemiya davrida ham susaygani yoʻq.
Joriy yilning iyun oyida Prezidentimiz taklifi bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tadbirlar rejasi (“yoʻl xaritasi”) fikrimizning yaqqol isbotidir. Mazkur hujjat davlatimiz rahbari tashabbuslarini BMT doirasida ilgari surish, respublika va uning vakillari nomzodlarini BMTning saylov organlari aʼzoligiga ilgari surish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini oshirishga qaratilgan siyosiy-diplomatik tadbirlarni tashkil etish boʻyicha xalqaro maydondagi faoliyatni jadallashtirish borasidagi saʼy-harakatlarni koʻzda tutadi. Tadbirlar rejasi sayyoramizdagi eng universal xalqaro tashkilot — BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan bundan keyingi hamkorlikni sifat jihatdan yangi pogʻonaga koʻtarishi shubhasiz.
Shu bilan birga, mamlakatimizda koronavirusning kirib kelishi va uni respublika hududida tarqalishiga qarshi birgalikda kurashishda BMT, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
8-iyul kuni Jeneva shahrida dunyoning 80 dan ortiq mamlakati davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat sohasida COVID-19ga qarshi kurash masalalari boʻyicha global virtual sammiti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatnomasi mamlakatimizda pandemiya sharoitida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.
BMT Taraqqiyot dasturi birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha aniq maqsadli saʼy-harakatlarni amalga oshirish uchun 250 ming dollar miqdoridagi moliyaviy-texnik yordamni ajratdi. Shuningdek, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish borasida Oʻzbekiston hukumatiga koʻmak berish maqsadida qoʻshimcha ravishda 1 million dollar miqdoridagi grant mablagʻlari ajratishi masalasi ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, BMTning Toshkentdagi tegishli agentliklari tomonidan COVID-19 bilan bogʻliq vaziyatni baholash hamda bu boradagi dolzarb vazifalarni oʻz ichiga olgan “Ijtimoiy-iqtisodiy choralar boʻyicha umumlashtirilgan koʻp tomonlama taklif” deb nomlangan tahliliy hujjat ishlab chiqildi.
Hujjatda koronavirus pandemiyasi sharoitida hal etilishi lozim boʻlgan dolzarb ijtimoiy, shu jumladan, sogʻliqni saqlash sohasiga oid masalalar bilan bir qatorda, BMT va uning respublikada faoliyat yuritayotgan agentliklarining Oʻzbekiston hukumatiga kechiktirib boʻlmaydigan makroiqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni tiklash, xususan, mahsulot eksportining kamayishiga, kichik va oʻrta biznes korxonalarining yopilishiga va tegishli ish joylarining qisqarishiga yoʻl qoʻymaslik borasida yaqindan koʻmak berish boʻyicha taklif va tavsiyalari oʻz aksini topgan.
Oʻz vaqtida ishlab chiqilgan ushbu tahliliy hujjat hozirgi sharoitda juda muhim ahamiyatga ega boʻlib, respublikada pandemiyaga qarshi jadal olib borilayotgan tadbirlarni BMT va uning ixtisoslashgan agentliklari tajribasi va imkoniyatlarini hisobga olgan holda manzilli yoʻnaltirish imkoniyatini beradi. Oʻzbekiston tomoni, albatta, BMTning mazkur hujjatni tayyorlash borasidagi faoliyatini yuqori baholaydi va shu kabi masalalarda bundan keyin ham tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Oʻzbekistonga laboratoriya va sinov toʻplamlarini sotib olishda, infeksiya tarqalishini nazorat qilishda, xalqaro sogʻliqni saqlash qoidalari va COVID-19 maʼlumotlarini toʻplashda yordam bermoqda.
BMTning bolalar jamgʻarmasi —
YUNISEF Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy koʻmagi asosida respublika uchun 1,56 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalar va jihozlarni xarid qildi. Dori-darmon vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa kerakli anjomlar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda.
— Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga intilmoqda. Bu mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti uchun qanday xizmat qiladi?
—Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishda hamda ularni yuqori bosqichga olib chiqishda muhim omil sanaladi.
Hozirgi kunda dunyoning 164 ta mamlakatini oʻz tarkibiga olgan yirik iqtisodiy integratsiyalardan biri Jahon savdo tashkilotidir. Tashkilot alohida nizomga ega boʻlmay, shartnoma va muzokaralarga tayangan holda tashkil etilgani va hozirgi kunga qadar faoliyat yuritib kelayotgani uning oʻziga xos jihatlaridan biridir. Mazkur tashkilotga aʼzo boʻlish uzoq muddatli muzokaralar va turli yoʻnalishlarda kompleks ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Bunda asosiy eʼtibor aʼzo davlatlar bilan olib boriladigan ikki va koʻp tomonlama muzokaralarga qaratilgan.
Tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash va ularning xalqaro infratuzilmalar bilan integratsiyalashuviga qaratilgan tadbirlar doirasida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi uchun salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yil 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishi videokonferensiya shaklida oʻtkazildi.
7-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasining JSTga qoʻshilishi boʻyicha ishchi guruhning 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda 60 dan ortiq mamlakat vakillari, jumladan AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Kanada, Braziliya, Panama, Paragvay, Urugvay, Nikaragua, Moʻgʻuliston, Gonduras, Hindiston va boshqalar ishtirok etdilar.
Yigʻilish davomida aʼzo davlatlarning savollariga oʻzbek ekspertlari tomonidan batafsil javoblar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonning tashkilotga qoʻshilishi jarayonining keyingi bosqichlari, yaʼni faktologik rezyume ishlab chiqish, ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkillashtirish va ularni oʻtkazish, ilgari taqdim etilgan hujjatlarni yangilash kabi muhim masalalar yuzasidan kelishib olindi.
Hozirgi kunda JSTga aʼzo davlatlarning aksariyati, jumladan, Xitoy, YEI, Turkiya, Yaponiya, Rossiya kabilar Oʻzbekistonning JSTga kirishi uchun amalga oshiriladigan tadbirlarda har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
— Oʻzbekistonda keyingi yillarda inson huquqlari himoyasi, soʻz erkinligini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan qanday baholanmoqda?
— Yurtimizda oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Jumladan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bacheletning 2019-yil yakuni boʻyicha taqdim etgan yillik hisobotida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida ijobiy urgʻu berilgan.
Shu bilan birga, joriy yilning mart oyida BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan taqdim qilingan Beshinchi davriy hisobotni koʻrib chiqib, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash, ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish, sud-huquq sohasini isloh qilish, bolalar va majburiy mehnatga barham berish sohasidagi yutuqlarga ijobiy baho bergan. Hozirgi kunda qoʻmitaning bu boradagi tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Arlem Dezir Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash sohasidagi ishlarga yuqori baho bermoqda. Jumladan, uning ofisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda qator tadbir va loyihalarni amalga oshirmoqda. 2020-yilda
YEXHTning Markaziy Osiyoda soʻz erkinligi xalqaro forumini Toshkentda oʻtkazish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 22-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida yurtimizda inson huquqlari sohasida yana-da keng koʻlamli islohotlarni va xorijiy hamkorlar bilan keng qamrovli ishlar koʻzda tutilgan.
Xorijiy sheriklarimiz va xalqaro tashkilotlar bilan muloqot jarayonida Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlarning ortga qaytmasligi va davomiyligini alohida taʼkidlab kelmoqdamiz. Mazkur sohada mamlakatimizning nufuzini yana-da oshirish maqsadida Oʻzbekistonning 2021-2023-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlishi masalasi boʻyicha respublikamizning tegishli vazirlik va idoralari hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan izchil faoliyat amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Respublikamiz Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqador masalalar boʻyicha Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi quyi qoʻmitasi doirasida “Inson huquqlari boʻyicha muloqot”ni tashkil etdi. Bugungi kunga qadar tomonlar oʻrtasida 12 raund muloqot boʻlib oʻtdi.
Harakatlar strategiyasi doirasida koʻp qirrali islohotlar boshlangan paytdan buyon yevropalik hamkorlarimiz jamiyatni demokratlashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati, soʻz erkinligi va inson huquqlari sohasidagi chuqur oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqdalar.
Oʻzbekistonning majburiy mehnatga barham berish, sud islohotlari, qiynoqlarning oldini olish va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan bogʻliq muammolarni hal etish borasidagi yutuqlarini Yevropa tomoni alohida taʼkidlaydi.
Ushbu sohalardagi sezilarli yutuqlar tufayli 2019-yilda Yevropa Ittifoqi “individual holatlar” deb nomlanuvchi roʻyxatni birinchi marta taqdim etmadi. Albatta, bu mamlakatimizda mazkur sohalarda olib borilayotgan islohotlardagi sezilarli oʻzgarishlardan dalolat beradi.
Maʼlumot uchun: “Oʻzbekiston-YEI” quyi qoʻmitasining adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqador masalalar boʻyicha yigʻilishlari doirasida Yevropa tomoni qamoqdan ozod qilish talabi bilan “siyosiy mahbuslar” deb ataluvchi 10-15 kishining roʻyxatini anʼanaviy tarzda taqdim etar edi.
Bundan tashqari, Yevropa tomonining taʼkidlashicha, 2019-2020-yillarda oqlanganlarning oʻtgan yillarga nisbatan juda koʻpligi Oʻzbekiston sud tizimidagi islohotlar amalda ijobiy natijalarni koʻrsatayotganidan dalolat beradi.
Oʻzbekistonning ushbu sohada erishgan ijobiy natijalari Yevropa Ittifoqining dunyoda inson huquqlari va demokratiya boʻyicha yillik hisobotida (2020-yil iyun oyida eʼlon qilingan) ham yuqori baholandi. Hujjatda 2016-yildan boshlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda jamiyatni bosqichma-bosqich liberallashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar dasturi, shu jumladan, siyosiy dasturlar amalga oshirilayotgani taʼkidlangan.
Alohida qayd etilishicha, bu yoʻnalishda jiddiy yutuqlarga 2019-yilda va uning yakunida (22-dekabr) boʻlib oʻtgan parlament saylovida erishildi. Bu esa, oʻz navbatida, respublikamiz rahbariyatining tub oʻzgarishlarni amalga oshirishga boʻlgan intilishlarini yaqqol namoyish etdi.
Bundan tashqari, YEI hisobotida soʻz erkinligi sohasida erishilgan ijobiy oʻzgarishlarga eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi turli davlat idoralari bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelgan oʻzbekistonlik jurnalistlarga jiddiy yordam koʻrsatgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston 2019-yilda “Chegarasiz OAV” tasnifiga koʻra, “qora hudud”dan chiqarildi.
Respublikaning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi yutuqlarini inobatga olgan holda, YEI va unga aʼzo davlatlarning aksariyati Oʻzbekistonning global siyosiy jarayonlar, jumladan, BMTning Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlishidagi faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlamoqda.
— Mamlakatimizda xalqaro turizmni rivojlantirish tobora jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning bu sohadagi tashabbuslarini Jahon sayyohlik tashkiloti qay darajada qoʻllab-quvvatlamoqda?
— Albatta, Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, yurtimizga chet ellik sayyohlarni jalb qilish, umuman, mamlakatimizning turistik salohiyatini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarimiz BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda.
Respublikamiz vakillari YUNVTO shafeligida tashkil etiladigan yirik va nufuzli turistik yarmarkalar — FITUR, ITB, JATA, World Travel Market, Top Resa va shunga oʻxshash qator xalqaro tadbirlarda hamda ular doirasida oʻtkaziladigan vazirlar darajasidagi anjumanlarda doimiy ravishda faol ishtirok etib kelmoqdalar. Bu esa hozirgi kunda turizm sohasidagi muhim masalalar yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan fikr almashish imkonini bermoqda.
Tashkilot Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi tashabbuslarini har tomonlama va keng qoʻllab-quvvatlamoqda. Jumladan, mamlakatimiz tashabbusi bilan joriy yilning 1-iyun kuni Jahon sayyohlik tashkilotining “Tiklanish yoʻli” mavzusidagi xalqaro anjumani tashkil etildi. Ushbu onlayn muloqot jarayonida SAFE TRAVEL GUARANTEED tashabbusi, yaʼni Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish, xavfsiz turizmni joriy etish, yurtimizda xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqidagi yangilik tashkilot aʼzo davlatlari oʻrtasida ilgari surildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 25-iyun kuni Oʻzbekiston raisligida YUNVTOning Yevropa mintaqaviy komissiyasining navbatdagi 65-sessiyasi videomuloqot tarzida tashkil etildi. Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov 2023-yilda BMT Jahon sayyohlik tashkilotining Ijroiya kengashiga 2021-2023-yillar uchun va Bosh assambleyasining 25-sessiyasini oʻtkazishga Oʻzbekiston nomzodini ilgari surish tashabbusini eʼlon qildi hamda bu aʼzo davlatlar tomonidan iliq kutib olindi.
Xullas, Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligini xalqimiz xalqaro miqyosda erishilayotgan ana shunday salmoqli natijalar, zalvorli yutuqlar bilan qarshilamoqda. Ishonchimiz komilki, bunday xayrli ishlar kelgusida ham davom etadi. Buning natijasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi mustakamlanib, Vatanimizning kuch-qudrati yuksalib boraveradi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Bahor XIDIROVA suhbatlashdi.
Rated 3.8 stars out of 5
So’nggi yangiliklar
2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab c...
Madaniyat va sport majmualari loyihasi taqdimot qilindi
“Rolls-Royce” elektrosamolyoti tezlik bo'yicha rekord o'rnatdi
Rossiyada og'ir tan jarohati olgan va kasallikka chalingan fuqarolar O'zbekistonga qaytari...
Profilaktik tadbir davomida o'qotar qurollar olib qo'yildi
Ekologiyaning innovatsion posbonlari
Noyabr 2021
Du
Se
Ch
Pa
Ju
Sh
Ya
Ommabop yangiliklar
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlani
1592
Davlat byudjeti loyihasi muhokama qilindi
1 Noyabr 2021, 20:11O‘zbekiston Respublikasi Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi-2021 yil natijalariga ko‘ra 94-o‘ringa ko‘tarildi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoat Rivojlanishi Tashkiloti (UNIDO) tomonidan chop etiladigan “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi 2021” (Competitive Industrial Performance Index) yillik mamlakat hisobotida O‘zbekiston Respublikasi 94-o‘rinni egallagan holda o‘tgan yilga nisbatan o‘z o‘rnini 1 pog‘onaga yaxshiladi hamda o‘rtacha past kvintil davlatlar qatorida qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi 2021 yilgi natijasida 152 ta mamlakatlar orasida 0,017 indeksi (so‘nggi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘rsatkichi +0,001 ga yaxshilandi) bilan 94-o‘rinni egallab,1 ta pog‘onaga ko‘tarilgan. Shuningdek, reytingning mintaqaviy taqsimotiga ko‘ra O‘zbekiston Markaziy va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari qatoridan o‘rin olib, 22 ta davlat orasidan 11-o‘rinni egalladi va o‘tgan yilga nisbatan o‘rnini 2 ta o‘ringa yaxshiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida, indeksning oxirgi hisobotiga ko‘ra O‘zbekiston 8 ta indikatorning 5 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, shu bilan 2 ta indikatorda pasaygan va 1 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘zgarmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi tarkibiy ko‘rsatkichlarning 2018 va 2019 yillardagi qiyoslama jadvali
Indeks metodologiyasiga asosan 2021 yil uchun hisobot natijalari 2019 yil hamda 2020 yil uchun hisobot natijalari 2018 yil ma’lumotlariga asosan shakllantirilgan.
Dunyo reytingining yuqori beshligidan Germaniya (0,460), Xitoy (0,386), AQSh (0,353), Yaponiya (0,352) hamda Koreya Respublikasi (0,347) davlatlari o‘rin egallagan.
Shuningdek, MDH davlatlar orasida O‘zbekiston Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Ukrainadan keyin 5 o‘rinni egallagan.
Indeks hisoboti bo‘yicha havola: https://stat.unido.org/cip/
Indeksni yurituvchi tashkilot (UNIDO) tomonidan o‘tgan yillardagi indeks ko‘rsatkichlari metodologik o‘zgarishlarga muvofiq qayta hisob-kitob qilingan va bu davlatlarning indeksdagi reyting o‘rni hamda ko‘rsatkichlariga ta’sir o‘tkazgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmatiO‘zbekiston Respublikasi Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi-2021 yil natijalariga ko‘ra 94-o‘ringa ko‘tarildi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoat Rivojlanishi Tashkiloti (UNIDO) tomonidan chop etiladigan “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi 2021” (Competitive Industrial Performance Index) yillik mamlakat hisobotida O‘zbekiston Respublikasi 94-o‘rinni egallagan holda o‘tgan yilga nisbatan o‘z o‘rnini 1 pog‘onaga yaxshiladi hamda o‘rtacha past kvintil davlatlar qatorida qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi 2021 yilgi natijasida 152 ta mamlakatlar orasida 0,017 indeksi (so‘nggi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘rsatkichi +0,001 ga yaxshilandi) bilan 94-o‘rinni egallab,1 ta pog‘onaga ko‘tarilgan. Shuningdek, reytingning mintaqaviy taqsimotiga ko‘ra O‘zbekiston Markaziy va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari qatoridan o‘rin olib, 22 ta davlat orasidan 11-o‘rinni egalladi va o‘tgan yilga nisbatan o‘rnini 2 ta o‘ringa yaxshiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida, indeksning oxirgi hisobotiga ko‘ra O‘zbekiston 8 ta indikatorning 5 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, shu bilan 2 ta indikatorda pasaygan va 1 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘zgarmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi tarkibiy ko‘rsatkichlarning 2018 va 2019 yillardagi qiyoslama jadvali
Indeks metodologiyasiga asosan 2021 yil uchun hisobot natijalari 2019 yil hamda 2020 yil uchun hisobot natijalari 2018 yil ma’lumotlariga asosan shakllantirilgan.
Dunyo reytingining yuqori beshligidan Germaniya (0,460), Xitoy (0,386), AQSh (0,353), Yaponiya (0,352) hamda Koreya Respublikasi (0,347) davlatlari o‘rin egallagan.
Shuningdek, MDH davlatlar orasida O‘zbekiston Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Ukrainadan keyin 5 o‘rinni egallagan.
Indeks hisoboti bo‘yicha havola: https://stat.unido.org/cip/
Indeksni yurituvchi tashkilot (UNIDO) tomonidan o‘tgan yillardagi indeks ko‘rsatkichlari metodologik o‘zgarishlarga muvofiq qayta hisob-kitob qilingan va bu davlatlarning indeksdagi reyting o‘rni hamda ko‘rsatkichlariga ta’sir o‘tkazgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati
Do'stlaringiz bilan baham: |