2-o‘quv savoli Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisining «Amaliy jismoniy tayyorgarlik» bo‘limi bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘rish va o‘tgazish jarayonining mazmuni.
Jismoniy tayyorgarlikka oid vazifalarni samarali hal etish uchun harbiy xizmatchilarning jismoniy va maxsus sifatlari hamda harbiy-amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirib, talab darajasida saqlab borishga yo‘naltirilgan mashqlardan foydalaniladi.
Jismoniy sifatlar–kishining harakatlanish faoliyatini ta’minlaydigan organizm xususiyatidir. Asosiy jismoniy sifatlarga tezlik, chidamlilik, kuchlilik va chaqqonlik kiradi.
Tezlik sifati – kishining harakatlanish amallarini qisqa vaqtda bajara olish qobiliyatini anglatadi.
Tezlik sifati hatti-harakatlarni tez amalga oshirish va oniy amallar bajarish talab etiladigan jismoniy mashqlar vositasida rivojlantiriladi. Shu maqsadda, tez bajariladigan va kuch ishlatilgan tarzda tez amalga oshiriladigan turli-tuman mashqlar (qisqa masofalarga yugurish, yugurish bilan bog‘liq maxsus mashqlar va sakrash mashqlari), shuningdek, jo‘shqinligi va bajarish davomida vaziyatning daf’atan o‘zgarib borishi bilan tavsiflanadigan mashqlar (sport o‘yinlari, serharakat o‘yinlar, to‘siqlar yo‘lagida bajariladigan mashqlar, qo‘l jangi va shu kabi boshqa mashqlar) qo‘llaniladi.
1- mashq. 10x10 metr masofaga moki yugurish mashqi.
Ushbu mashq start olish va burilish chiziqlari yuritilgan tekis maydonda bajariladi. Start olish va burilish chiziqlarining eni yo‘lakning 10 metrlik qismi ichiga kiradi. Dastlabki «Diqqat'>Startga» va «Diqqat» komandalaridan so‘ng beriladigan «OLG‘A» ijro komandasiga binoan 10 metrga yugurib borib, tananing har qanday qismi bilan burilish chizig‘idan o‘tiladi va ortga burilib, start olish chizig‘i tomon yugurib boriladi. Shu tariqa, ushbu tarzda yana 4 marotaba yuguriladi.
Mashq davomida burilish tayanchi sifatida biron-bir tabiiy yoki sun’iy jism yohud yo‘lak yuzasida bo‘rtib chiqqan notekis joydan foydalanish man etiladi.
2- mashq. 100 metrga yugurish mashqi.
Ushbu mashq o‘yingohning yugurish yo‘lagi yoki qattiq qoplamaga ega tekis maydonda yuqori start holatidan bajariladi. Start olish tartibini o‘zlashtirish uchun dastlabki «Startga» va «Diqqat» komandalari hamda «OLG‘A» ijro komandasi beriladi. «Startga» komandasi berilganida start olish chizig‘iga kelib, kuchli oyoq start olish chizig‘i yaqiniga qo‘yilib, ikkinchi oyoq yarim qadam ortda qoldiriladi. «Diqqat» komandasi berilganida tana vazni oldinda turgan oyoqqa o‘tkazilib, gavda va bosh oldinga egiladi, qo‘l tirsaklari esa bukiladi. «OLG‘A» ijro komandasi berilganida yugurish amaliga kirishiladi.
3- mashq. 400 metrga yugurish mashqi.
Ushbu mashq har qanday tabiiy joyda, umumiy start olgan tarzda bajariladi. Start olish va finish marralari bir joyda jihozlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |