5. Hadisning sobit maqsadi va unga yetish vositalarini ajrata bilish.
Hadisi shariflarni fahmlab yetish, ularga amal qilishda xatoga sabab bo‘ladigan narsalardan biri hadisdan ko‘zlangan maqsad qolib, ko‘proq maqsadga erishish yo‘lidagi vositaga e’tibor berishdan kelib chiqadi. Misol uchun ba’zi hadislarda, kim Allohning yo‘lida bir kamon o‘qini otsa, unga savob bo‘ladi, ma’nosi zikr etilgan. Xo‘sh, Allohning yo‘lida miltiq, to‘pponcha, avtomat, to‘p, raketa otsa bo‘ladimi, yo‘qmi? Bulardan o‘q otgan musulmon savob oladimi-yo‘qmi? Mazkur hadisi sharifning maqsadi musulmonlarni Allohning yo‘lida jihodga chorlash edi. Demak, madomiki kamondan boshqa qurollardan o‘t otish bilan ham Allohning yo‘lida jihod qilish mumkin ekan, maqsad hosil bo‘lganidan keyin, ulardan o‘q otgan kishilarga savob tegaveradi. Imom Buxoriy, Imom Nasaiy, Imom Shofe’iylar Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Misvok og‘izni tozalovchi va Robbni rozi qiluvchidir”-deganlar. Ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, Hadisdan asosiy maqsad og‘izni toza tutishga qiziqtirish. Misvok, deganda buta shoxidan, ko‘proq Arok deb ataluvchi daraxtdan olingan yog‘och tushuniladi. Agar hadisning lafzini ushlaymiz, desak dunyodagi barcha musulmonlarga Arok daraxti yog‘ochidan misvok yetkazib berib turish kerak bo‘ladi. Ba’zi kishilarda shundoq tushunishadi ham. Imom Abu Hanifa mazhablarida og‘izni tozalashi mumkin bo‘lgan hamma narsa bilan, latta yoki panja bilan misvok qilsa bo‘laveradi, deyilgan. Demak, zamon o‘zgarishi bilan paydo bo‘lgan yangi tish tozalash vositalarini ishlatish ham ayni muddao bo‘laveradi. Tib borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharifning ko‘pida ham mazkur ma’no bor. U zoti bobarakot sollallohu alayhi vasallam bunga o‘xshash narsalarda o‘z zamonlari va sharoitlaridan kelib chiqib gapirganlar.
6. Hadisni tushunish uchun majoz bilan haqiqatni ajrata bilish zarurligi.
Har bir tilda o‘ziga yarasha kinoya, qochirim, o‘xshatish kabi uslublar ishlatiladi. Arab tilida bu narsalar juda rivojlangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari arab tilining eng eqori cho‘qqisida bo‘lgani uchun mazkur narsalar ham keragicha U zotning so‘zlariga kirgan. Buni arab tilida majoz, deyiladi. Ba’zi hadislarni tushunish uchun majozdan haqiqatni ajrata bilish lozim bo‘ladi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z zavjai mutahharalariga: “Mening ortimdan eng tez yetadiganingiz–qo‘li uzuningiz”-deganlar. Ya’ni, bu–qo‘li uzuningiz mendan keyin birinchi vafot etib, u dunyoda menga eng tez qo‘shiladiganingiz deganlari. Ushbu hadisdagi majozni hatto Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari–onalarimizning o‘zlari ham to‘g‘ri tushinishmaganlar. Ular, bu sharafga qay birimiz noil bo‘lar ekanmiz, deb qo‘llarini uzunligini o‘lchab ko‘rganlar. Sirni esa voqe’lik kashf etgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin birinchi bo‘lib Zaynab binti Jahsh onamiz vafot etganlar. U zot roziyallohu anho hunarmand ayol bo‘lib, qo‘l mehnati bilan topganlaridan tez-tez sadaqa qilar edilar. Demak, hadisdagi qo‘lning uzunligidan murod–sadaqani ko‘p qilish ekan. Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Nasaiylar Jahima roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda yordamga muhtoj onasini qo‘yib jihodga ruxsat so‘rab kelgan yigitga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sen U(ona)ning lozim tut, jannat uning qadami ostidadir”-deganlar. Albatta, jannat o‘sha yigitning onasi qadami ostida emas. Balki, gap onasining qadamini o‘pib bo‘lsa ham xizmatini qilib, roziligini olgan kishi jannatga sazovor bo‘lishi haqida ketmoqda.
Hadislarda majoz ishlatilishiga yana bir misol: Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bilinglarki, albatta jannat qilichlar soyasi ostidadir”, deganlar. Bu taqvodor bandalar uchun Alloh taolo tomonidan u dunyoda tayyorlab qo‘yilgan jannat qilichning soyasiga joy, degani emas, albatta. Balki, qilich ko‘tarib Alloh yo‘lida jihod qilgan odam jannatga kiradi, deganidir. Chunki o‘sha vaqtlarda qilich jihodning ramzi bo‘lgan.
Hamasr ulamolarimizdan birlari hadisdagi majozni tushunmaslik oqibatini anglatish uchun quyidagi hodisani keltiradilar: “Arab olamida ko‘zga ko‘ringan zamonaviy qonunshunos “Sahih Buxoriy” kitobini sotib olibdi. So‘ng varaqlab “Nilu Furot, Sayhun va Jayhun hammasi jannat daryolaridir”-degan hadisni o‘qibdi. Hayron bo‘libdi. Mazkur daryolarning oqib chiqadigan joyi ma’lum. Hammasi ham jannat emas, oddiy yerdan oqib chiqadi. Buxoriyning kitobida ham bo‘lmagan narsalarni yozaverar ekan, deb undan yuz o‘giribdi.
Bu hodisaga ta’liq qilib muhtaram olimimiz quyidagilarni aytadilar: “Agar o‘sha qonunshunos bir oz tavozu’ qilganida, chuqurroq fikrlaganida edi, Buxoriyning sharhlaridan birortasini o‘qib ko‘rar yoki biror haqiqiy olim kishidan so‘rar edi. Ana shunda unga hadisdagi haqiqat oydak ravshan bo‘lar edi. Men ushbu hadis ma’nosi haqida Islom madaniyati imomlaridan birining sharhini keltirish bilangina kifoyalanmoqchiman. U kishi Imom Ibn Hazmdirlar. Ibn Hazmni tanlashimning sababi u kishi mashhur zohiriy faqih, hadislarning sabab va munosabatlariga qaramasdan zohirini harfma-harf ushlaydigan olimdir. Shu bilan birga u kishi arab tilida majoz va haqiqat borligini biluvchi kishidir.
Ibn Hazm mazkur hadis to‘g‘risida quyidagilarni yozadi: “Sahih hadislarda kelishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Nilu Furot va Sayxunu Jayhun hammasi jannat daryolaridandir”, hamda “Mening uyim bilan minbarim orasida jannat bog‘laridan bir bog‘ (ravza) bor”, deganlar. Bu ikki hadis ba’zi johillar gumon qilganidek, ravza jannatdan kesib olinganini yoki mazkur daryolar jannatdan oqib chiqqanini bildirmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzai shariflari jannatdan bo‘lishligi, o‘sha yerning fazliga dalolat qiladi. Mazkur daryolar esa barakali bo‘lganligi uchun jannat daryolari, deb nomlanganlar”.
Do'stlaringiz bilan baham: |