EKSKURSIYA XIZMATINI TAYYORLASH TEXNOLOGIYASI
Reja:
4.1. Yangi ekskursiyani tayyorlash jarayoni
4.2. Ekskursiya xizmatining maqsadi, vazifasi va mavzusini aniqlash
4.3. Ekskursiya xizmati ma’lumotlari uchun manbalar izlash
4.4. Ekskursiya xizmatining asosiy va individual matnini tayyorlash
4.5. «Gid portfeli» ni tahlash
4.1. Yangi ekskursiyani tayyorlash jarayoni
Yangi mavzudagi ekskursiya xizmatini tayyorlash murakkab jarayon bo‘lib, butun bir ishchi jamoaning faol ishtirokini talab qiladi. Bo‘lajak ekskursiya xizmatining mazmuni, uning ilmiy ahamiyati uslubchi va gidlarning bilimi, salohiyati, ularning pedagogika va psixologiya asoslarini amaliy o‘zlashtirganlik darajasiga, auditoriyaga ta’sir ko‘rsatishning eng samarali usullarini tanlay olish ko‘nikmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi. Ekskursiya xizmati – bu ikki muhim jarayon, ya’ni uni tayyorlash va o‘tkazish natijasi bo‘lib, o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq, bir-birini to‘ldiruvchidir. Puxta tayyorgarliksiz ekskursiya xizmatini yuqori sifatda o‘tkazib bo‘lmaydi. Yangi ekskursiya xizmatini tayyorlashda ikkita asosiy yo‘nalishni ajratish mumkin:
yangi mavzudagi ekskursiya xizmatini ishlab chiqish;
endigina o‘z ishini boshlayotgan gidni tayyorlash (yoki ushbu mavzu bu gid uchun yangi bo‘lishi mumkin).
Yangi ekskursiya xizmatini tayyorlash ijodiy guruhga topshirilib, uning tarkibida mavzuning murakkabligiga qarab 3-7 nafar gid kiradi. Ko‘pincha maslahatchi sifatida turli soha mutaxassislari, muzey ilmiy xodimlari, OTM va o‘rta maktab o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa mutaxassislar ham taklif etilishi mumkin. Odatda ijodiy guruhning har bir qatnashchisiga ekskursiya xizmatining bir bo‘limi, biron-bir mavzusi yoki mavzuning bir nechta kichik mavzuostilarini tayyorlash topshiriladi. Mazkur ijodiy guruh ishining nazorati esa mas’ul rahbarga topshiriladi.
Odatda yangi ekskursiya xizmatini tayyorlash 3 bosqichda amalga oshiriladi:
Dastlabki ishlar, ya’ni yangi ekskursiya xizmati mavzusi bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash, ekskursiya xizmati maqsad va vazifalarini aniqlash, shu bilan bir vaqtda ekskursiya ob’ektlarini tanlash.
Bevosita ekskursiya xizmatini tayyorlash, ya’ni ekskursiya xizmati marshrutini tuzish, ma’lumotlarga ishlov berish, ekskursiya xizmatining asosiy matnini yozish, uni o‘tkazish uslubini aniqlash, ekskursiya ob’ektini ko‘rsatish va hikoya qilishning eng samarali usullarini tanlash, gidlar tomonidan individual matnni tayyorlash jarayonini o‘z ichiga oladi.
Yakuniy bosqich, ya’ni, sinov ekskursiyasini o‘tkazish. Ekskursiya muassasasi rahbari tomonidan yangi ekskursiya xizmatini tasdiqlash, mavzuni himoya qilgan gidlarga ushbu ekskursiya xizmatini o‘tkazishga ruxsat berish jarayonlari kiradi.
Ekskursiya xizmatini o‘tkazish tartibi uning mavzusi, turi va o‘tkazish shaklidan qat’iy nazar bir xil bo‘ladi: tanishuv qismi, asosiy qism va yakuniy qism.
Do'stlaringiz bilan baham: |