7-§.Hozirgi o’zbek adabiy tilining dialektal asoslari. O’zbek tili bir qator shevalarni o’z ichiga oladi, bunday shevalar etnolingvistik nuqtai nazardan uchta katta lahjaga - qarluq, qipchoq va o’g’uz lahjalariga birlashtiriladi. Hozirgi o’zbek adabiy tilining tarkib topishida ana shu uchta lahja shevalarining ishtirok etganligi tabiiy bir holdir, ammo ulardan qaysi biri adabiy tilga ko’proq darajada asos bo’lganligi masalasida tilshunoslar orasida yakdillik yo’q. Ko’pchilik manbalarda hozirgi o’zbek adabiy tilining tayanch dialekti sifatida qarluq lahjasi, xususan, uning Toshkent-Farg’ona tipidagi shahar shevalari ishtirok etganligi ko’rsatiladi3. Ammo ayrim tilshunoslar (masalan, prof.X. Doniyorov, dotsent B. To’ychiboyev) adabiy tilning tayanch dialekti masalasiga boshqacharoq yondashadilar: ularning fikricha, hozirgi o’zbek adabiy tilining tarkib topishida qipchoq lahjasiga mansub shevalar ham faol qatnashgan, shunga ko’ra adabiy til me’yorlariga oid ayrim masalalar (xususan, vokalizm tizimi, alifbo tuzilishi) qayta ko’rilishi kerak. Bu mualliflarning ta’kidlashicha, hozirgi o’zbek adabiy tili vokalizmida 6 ta emas, 8-9 ta unli fonema bor, ular i/ы, ә/a, ү/u, ө/o kabi kontrast juftliklarni hosil qiladi4.
Hozirgi o’zbek adabiy tilining grammatik qurilishida otning jo’nalish, o’rin-payt va chiqish kelishiklaridagi shakllari Toshkent- Farg’ona gruppa shevalariga asoslanadi:"-ga"(j.k), "-da" (o’-p.k) va "-dan"(ch.k) kabi. Boshqa shevalarda otning
bu kelishiklaridagi shakllari quyidagicha bo’ladi: Samarqand shevasida "-ga" formanti jo’nalish va o’rin-payt kelishiklari ma’nosini ifodalaydi: Buxoroga ketopti ("Buxoroga"- otning jo’nalish kelishigidagi shakli), Buxoroga o’qopti ("Buxoroga"–otning o’rin-payt kelishigidagi shakli) kabi. O’g’uz lahjasi shevalarida "-ga" o’rnida "-g’a" (qurvaqag’a), "-yә" (tangyә), "-nә" (әrkinә), "-na(yanыna),"-ә" (үyimә) formantlari ishlatiladi. Bunday har xillik tushum va qaratqich kelishiklarida ham mavjud: "-ni"/"-nы", "-ning"/"-nыng" (qipchoq lahjasi shevalarida), "-ning"/"-ing","-nыng"/"-ыng" (Iqon, Qorabuloq, Hazorasp shevalarida), "-ni"/"-ti"/"-pi"/"-yi"/"-mi" (Toshkent shevasida) kabi. Bunday ko’p variantlilik adabiy tilga ko’chirilmagan.
Shuni ham aytish kerakki, ko’pchilik shevalarda tushum va qaratqich kelishiklari deyarli farqlanmaydi. Shuning uchun ham kelishiklar soni Toshkent, Farg’ona, Xeva-Urganch shevalarida-5ta, Qarshi shevasida 4 tadir. Qipchoq lahjasining j-lovchi shevalarida, qarluq-chigil-uyg’ur lahjasining Iqon-Qorabuloq dialektida esa ularning soni 6 taga etadi. Hozirgi o’zbek adabiy tilining 6 kelishikli tizimga asoslanishida ana shu lahjalarning morfologik xususiyati hisobga olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |