Eslatma : «pozitsiya» kategoriyasini birinchi bo’lib hamyurtimiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (780-850) kashf etgan. U o’zining «Hind arifmetikasi hakida kitob» («Hisob al-hind») asarida o’nlik sistemasi raqamlaridan (0,1,2,3,4,5,6,7,8,9) foydalanib, katta sonlarni yozish tizimini ishlab chiqqan.Bu tizimga ko’ra raqam birinchi pozitsiyada birlikni, ikkinchi pozitsiyada o’nlikni, uchinchi pozitsiyada yuzlikni (to’rtinchi, beshinchi... pozitsiyalarda yanada kattaroq sonlarni) ifodalaydi: o (nol), 1 (bir), 10 (o’n), 100 (yuz); 2 (ikki), 20 (yigirma), 200 (ikki yuz) kabi. Keyinchalik «pozitsiya» tushunchasi til tizimiga ham tatbiq etilgan va fonologik oppozitsiya tushunchasining yuzaga kelishiga sabab bo’lgan.
Fonologik oppozitsiyalar dialektikaning qarama-qarshiliklar birligi va kurashi, inkorni inkor qonunlariga tayangan holda shakllandi, ularning strukturaviy birlik sifatidagi mohiyati ham shu qonunlarga asoslanadi.
Korrelatsiya – ikki va undan ortiq oppozitsiyalarning bir farqlanish belgisi asosida uyushib kelishidan tarkib topgan tagsistema (mikrosistema) . Masalan,o’zbek tili undoshlari «labial – til oldi» farqlanish belgisi asosida (p-t) + (b-d) + (m-n) + (f-s) + (v-z) + (f-sh) + (v-l) + (v-r) korrelatsiyasiga, «labial – til orqa» farqlanish belgisi asosida (p-k) + (b-g) + (f-x) + (v-ғ) korrelatsiyasiga, «til oldi – til orqa» farqlanish belgisi asosida (t-k) + (t-q) + (d-g) + (s-x) + (z-g’) + (n-ng) korrelatsiyasiga, «portlovchi – sirg’aluvchi» farqlanish belgisi asosida (p-f) + (b-v) + (t-s) + (d-z) + (t-sh) + (d-j) + (k-x) + (g-g’) + (q-x) + (k-h) + (g-h) korrelatsiyasiga uyushadi (korrelatsiyalar miqdori va turlari yuqoridagilar bilan cheklanmaydi).
Odatda, oppozitsiyadagi differensial (farqlovchi) belgi korrelatsiyada integral (farqlanmaydigan, birlashtiruvchi) belgiga, oppozitsiyadagi integral belgi esa korrelatsiyada differensial belgiga aylanadi. Masalan, (p-b) oppozitsiyasidagi jarangsizlik (p) va jaranglilik (b) farqlovchi belgisi korrelatsiyadagi (p-b) + (t-d) + (s-z) + (f-v) + (k-g) + (sh-j) + (ch-dj) + (x-g’) oppozitsiyalarining barchasi uchun umumiydir, ayni paytda (p-b) dagi integral belgilar (lab-lab, portlovchi) bu oppozitsiyani korrelatsiyadagi boshqa oppozitsiyalardan farqlaydi (demak, differensial belgi vazifasini bajaradi). Qiyos qiling : p-b (lab-lab) + t-d (til oldi - tish) + k-g (sayoz til orqa) + p-b (portlovchi) + f-v (sirg’aluvchi) kabi.
Tilshunoslikda fonologik oppozitsiyalar tasnifining yana bir necha ko’rinishlari bor. Shulardan biri taniqli fonolog N.S.Trubetskoyga mansubdir. U fonologik oppozitsiyalarni uch asosga ko’ra tasnif qiladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |