Nukleotidlar
DNK va RNK polimer hisoblanadi (DNK boʻlsa, koʻpincha juda uzun polimer) va nukleotidlar deb nomlanuvchi monomerlardan tashkil topgan. Ushbu monomerlar birlashganda hosil boʻlgan zanjir polinukleotid (poli-= “koʻp”) deb ataladi.
Har bir nukleotid uch qismdan tashkil topgan: azot asosi deb nomlangan azot tutuvchi halqa, beshta uglerodli uglevod va kamida bitta fosfat guruhi. Uglevod molekulasi nukleotidda markaziy mavqega ega, uning bir uglevodiga azot asosi va boshqasiga fosfat guruhi (yoki fosfat guruhlari) birikadi. Oʻz navbatida nukleotidning har bir qismini koʻrib chiqamiz.
Uglevod (dezoksiriboza yoki riboza), fosfat guruhi va azot asosi tutgan DNK va RNK zanjiri tarkibiy qismlari keltirilgan rasm. Azot asoslaridan pirimidin asoslari (bitta halqali sitozin, DNKda timin va RNKda uratsil) va purin asoslari (ikkita halqali adenin va guanin) mavjud. Fosfat guruhi 5ʼ uglerodiga birikkan. Riboza molekulasidagi 2ʼ uglerodi gidroksil guruhi tutadi, ammo dezoksiriboza molekulasida 2ʼ uglerodda gikroksil guruhi mavjud emas (vodorod tutadi).
_Rasm manbasi “Nuklein kislotalar: Figure 1” OpenStax College, Biology (CC BY 3.0)._
Azot asoslari
Nukleotidlarning azot asoslari azot saqlovchi halqadan (uglerod-asosli) iborat molekulalardir.
[Nima uchun u asos deb ataladi?]
DNKdagi har bir nukleotid toʻrtta azot asosdan bittasiga ega: adenin (A), guanin (G), sitozin (S) va timin (T). Adenin va guanin purinlar boʻlib, ularning tarkibida ikkita uglerod-azot saqlovchi halqa mavjud. Sitozin va timin esa pirimidinlar hisoblanib, bitta uglerod-azot halqasiga ega. RNK nukleotidlari ham adenin, guanin va sitozin asoslariga ega, ammo timin oʻrniga ularda uratsil (U) deb ataladigan boshqa pirimidin asosi mavjud. Yuqoridagi rasmda koʻrsatilgandek, har bir asos halqasiga turlicha funksional guruhlar birikkan boʻlib, har bir asosning oʻziga xos xususiyatga ega boʻlishini taʼminlaydi.
Molekulyar biologiyada azot asoslar asosning birinchi harfini keltirish orqali ifodalanadi, bu quyidagicha: A, T, G, S va U. DNK A, T, G va S dan iborat, RNK esa A, U, G va S dan iborat (yaʼni T oʻrniga U boʻladi).
Uglevodlar
Turli azot asoslari toʻplamiga ega boʻlishdan tashqari, RNK va DNK har xil uglevod molekulalarini oʻzida tutadi. DNKdagi beshta uglerodli uglevod dezoksiriboza, RNKdagi beshta uglerodli uglevod esa riboza deb ataladi. Bu ikkita molekula bir-biriga juda oʻxshash, faqat bitta farqi mavjud: ribozaning ikkinchi uglerodi bitta gidroksil guruhiga ega, dezoksiribozadagi xuddi shu uglerod bitta vodorod atomiga ega. Nukleotiddagi uglevod molekulasining uglerod atomlari yuqoridagi rasmda koʻrsatilgandek raqamlangan: 1ʼ, 2ʼ, 3ʼ, 4ʼ va 5ʼ (1ʼ “bir shtrix” deb oʻqiladi). Nukleotidda uglevod molekulasi markaziy holatni egallaydi, azot asosi 1ʼ uglerodga va fosfat guruhi (yoki guruhlari) esa 5ʼ uglerodga biriktirilgan.
Fosfat
Nukleotidda uglevod molekulasining 5ʼ uglerodiga birikkan bitta fosfat guruhi yoki uchtagacha fosfat guruhlari boʻlishi mumkin. Ayrim manbalarda bitta fosfat guruhi tutgan molekula “nukleotid” deb keltirilgan, ammo molekulyar biologiyada keng doiradagi atama umumiy qabul qilingan^11start superscript, 1, end superscript
Zanjir oxiriga qoʻshiladigan yangi nukleotid oʻzida uchta fosfat guruhini tutadi. Oʻsib borayotgan DNK yoki RNK zanjiriga qoʻshilgan nukleotid ikkita fosfat guruhini yoʻqotadi. Shu sababli DNK yoki RNK zanjiridagi har bir nukleotid faqat bitta fosfat guruhiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |