Evsfin (barvasta) – Pantagryuelning hamrohi.
Karpalim (epchil) – Pantagryuelning boshqa hamrohi.
Anarx (qonunsiz) dipsodlar (“mushtoqlar”) qiroli, Pantagryuel uni mag‘lub etgan.
Utopiya (o‘zi yo‘q joy) – Gargantyua qirolligining Tomas Morning shu joydagi kitobidan olingan nomi.
ROMANNING SYUJETI
Gargantyua – Shinondan sal narida istiqomat qiluvchi odamshavanda ulkan zot. Utopiya qirolining dabdabali unvoniga sazovor bo‘lgan otasi Granguze aslida bor-yo‘g‘i qishloq boyoni bo‘lib, uning mulki bir necha mil kvadratni tashkil etadi. Gargantyua bolaligidan hayratomuz qo‘maqayligi bilan taniladi, qolgan narsalarda barcha o‘smir bolalar qanday bo‘lsa, u ham shunday. Eskicha ta’limdan qoniqmagan otasi o‘g‘lini Parijga o‘qishga yuboradi. Unga murabbiy Ponokrat hamrohlik qiladi, u Gargantyuaning ongiga o‘z zamonasining yangi insonparvarlik qarashlarini singdiradi. Shaharda Gargantyua bir qancha sarguzashtlarga duch keladi. Shulardan biri Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasining qo‘ng‘iroqlarini o‘g‘irlashdir. Bu qo‘ng‘iroqlarni Gargantyua biyasining bo‘ynidagi munchoqqa osib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Shu orada Granguze va qo‘shnisi monarx Pikroxol o‘rtasida chinakam urush chiqadi. Pikroxol ismi ostida Rablening otasi bilan sudlashib yurgan yer egasi tasvirlangani istisno etilmaydi. Casus belli[2] puch gap bo‘lib chiqadi: qirol Pikroxolning fuqarolari bir nechta konni o‘g‘irlashadi, ammo urush hazilakam tus olmaydi, bu qonga qon, jonga jon urushiga aylanadi. Otasidan xabar kelgach, Gargantyua shosha-pisha uyiga qaytadi va raqibining abjag‘ini chiqaradi. Bunda unga Jan – Tishmaydalagich laqabli betayin rohib yordam beradi – u fransuz rohibi Tukdan bir tuki kam emasdi. Minnatdorlik yuzasidan Gargantyua Janning onasi uchun dabdabali abbatlik qurib beradi, uning hayoti o‘rta asr monastirlik hayotiga mutlaqo teskari tamoyillarga asoslangan edi. Monastirning erkagu ayol ahli bir-birlari bilan nikohdan o‘tishlari mumkin edi: ular toat-ibodatlar bilan vaqt o‘tkazmay, sport o‘yinlari va gumanitar ilmlarni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Monastirdagi “Istagan narsangni qil”, degan shiori shundan yaqqol guvohlik berib turibdi.
Ikkinchi kitob birinchisining qaysidir ma’noda zaif takrori hisoblanadi. Uning bosh qahramoni Gargantyuaning o‘g‘li Pantagryuel bo‘lib, otasidan oliyjanoblik va sira so‘nmas ishtahani meros qilib olgan. Otasiga o‘xshab, u ham Parijga boradi, u yerda huquq va falsafiy mubohasalarda ishtirok etishi sharofati bilan mashhur bo‘lib ketadi. Shu yerda u kitobning aksilqahramoni, kazzob Panurg degan odam bilan oshlashib qoladi. Uning Pantagryuel bilan munosabatlari Falstafning shahzoda Xel bilan munosabatlarini esga soladi.
Shu orada dipsodlar (“mushtoqlar”)ning Utopiyaga bostirib kirganlari haqida xabar keladi. Pantagryuel qaytib keladi-da, dushman ko‘shinini tor-mor etadi – u o‘zidan shunchalik ko‘p peshob chiqaradiki, yaqin-atrofida turgan odamlar bitta qolmay peshobga g‘arq bo‘lib o‘ladi.
Uchinchi kitobda Panurg qonun bo‘yicha yangi uylangan erkak harbiy xizmatga bir yil keyin chaqirilishini eslab, uylanishga jazm qiladi va do‘stlaridan maslahat so‘raydi. Ular ayollarinng fe’l-atvori va ijtimoiy ahvolini muhokama qilib, oxiri ko‘rinmas bahsga kirishib ketadilar, bir qancha boobro‘ olimlarga – ilohiyotshunos, qonunshunos, falakshunos, shifokor, faylasuf va qiziqchilarga murojaat qiladilar. Ularning javoblari bir xil bo‘lsa-da, tasalli bermas edi, biroq tinib-tinchimas Panurg yana bir kishining fikrini bilishni istaydi: u Ilohiy Shishaning Orakulidan yordam olishni tavsiya etadi. Uchinchi kitob sayyohlari o‘zlari bilan olib yuradigan pantagryuelion nomli giyohning tavsifi bilan yakunlanadi. Giyoh aslida nasha o‘simligi edi, uning mana bunaqa atalishiga sabab, devqomat Pantagryuel mudom tashnalik azobini tortib yuradi, jallod sirtmog‘i shaklidagi nasha (ko‘knor) esa bo‘yinni qiltiriq qiladigan xususiyatga ega.
To‘rtinchi va beshinchi kitoblar Orakulni qidirishdagi sayohatlar tafsilotlaridan iborat. (Bu kitobda olimlar sayohatlar, xususan, Shimoli-g‘arb yo‘lini qidirishga otlangan sayyohlar haqidagi hikoyalarning ta’sirini ko‘zda tutadilar). Sayyohlar ko‘plab g‘aroyib yerlarga qo‘nadilar bu yerlar majozan turli bilim vakilliklarini namoyon etadi, Rable o‘tkir kulgi ostiga olgan bu dargohlar orasida ruhoniylar, qozilar, xazinabonlar, falsafa olimlari va boshqalar uchraydi. Ayrim lavhalar sayohatchilarning o‘zida hech qanday ma’noni kasb etmagan shunchaki mullajiringini ifodalagan. Bunga shunday bir mamlakat misol qilib olinadiki, u yerda havo azbaroyi sovuqligidan odamlar muzga aylanib qolarkan, bahorda esa erir ekan – bunday sarguzashtlar baron Myunxgauzen loflarida qayta-qayta takrorlanadi.
Beshinchi kitob oxiri nuqul majoziy ma’noda yozilgan. Sharhlovchilar ko‘pchiligining fikricha, Ilohiy Shisha ichida sharobdan ko‘ra haqiqatning o‘zi joylashgan, uning barcha mijozlari u tomon intilganlari-intilgan. Maqsadga yetishdan oldin sayyohlar vijdonli va tirishqoq xalq yashaydigan Finus mamlakatidan o‘tadilar. Yo‘lni yoritib borish uchun ular Per Ami degan odamni yollaydilar. Shu yerda Rable shunday nomga ega, Rablega yunon tilini o‘rgatgan rohib – Fransiskola ehtirom izhor etadi. Oxiri ular qohina Bakbuk qo‘l ostida bo‘lgan Orakulga yetib keladilar.
Bakbuk barchaga bir stakandan zilolday tiniq suv ulashadi, har kim o‘z stakanidagi suvda o‘zining sevimli ichimligini ko‘radi, – haqiqat ham shunday, uni odamlarning har biri o‘z holicha tushunadi. Orakulning nutqini ramziy ma’noda ham talqin qilish mumkin; u bir ma’noni ilgari suradi: “Ich!” Ba’zi olimlar shunday taxminga boradilarki, Rable o‘z rivoyatini davom ettirishni niyat qilgan, juda bo‘lmaganda Pantagryuelning yurtiga qaytishi davrigacha kechgan voqealarni tasvirlamoqchi bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham kitob yaxshilik bilan tugaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |