UNDALMALI GAPLAR51
So‘zlovchi o‘z fikrini shaxs yoki predmetga qarata bayon qiladi. Ya’ni so‘zlovchining fikri ma’lum shaxs yoki shaxslarga qaratilib aytiladi. So‘zlovchining fikri qaratilgan shaxs yoki predmet undalma hisoblanadi. Undalma ishtirok etgan gap esa undalmali gap deyiladi.
Undalmalar gap tarkibidagi bo‘laklar bilan grammatik aloqaga kirishmaydi. Ya’ni undalmalar ma’lum gap bo‘lagi vazifasini bajarmaydi. Shuning uchun ham undalma gapdagi bo‘laklar bilan mazmunan bog’lansa ham, ular bilan sintaktik aloqaga kirishmaydi.
Eski o’zbek tilida undalma, kirish so’z, izoh va kiritma konstrukцiyalar faol qo’llangan bo’lib, tabiiy ravishda gapni ham shaklan, ham mazmunan murakkablashtirgan. Undov va kirishlarning sintaktik vazifa bajarishi haqidagi fikrlar bir xil emas. Ularning gap bo’lagi bo’la olmasligi grammatik adabiyotlarda va darsliklarda ko’rsatib o’tiladi. Buning asosiy sababi qilib undalma va kirish so’z va gaplarning gap bo’laklari bilan grammatik aloqaga kirisha olmasligi ko’rsatiladi. Ammo lingvistik adabiyotlarda bu xil bo’laklar gapning umumiy mazmuni bilan semantik munosabatga kirishishi aytib o’tilgan.
Gap tarkibidagi sintaktik shakllar o’zaro tobelanish aloqasiga ko’ra gap bo’laklariga ajratiladi, degan fikrlarga qo’shimcha sifatida ayrim mualliflar undalma va kirish so’zlarni ham gap bo’laklari deb hisoblaydilar. Xususan, G’.Abdurahmonov undalma va kirish qurilmalarni o’ziga xos gap bo’lagi ekanligini ta’kidlaydi. Undalma va kirish bo’laklar o’ziga xos grammatik usul bilan munosabatga kirishishi va bu grammatik aloqa usulini izohlash munosabati deb atalib, u grammatik munosabatlarning uchinchi turini tashkil qilishi haqidagi qarashlar ham mavjud. A.Sayfullaevning ishlarida ham shu fikr ilgari suriladi. U undalma va kirish so’z va kiritma qurilmalar sintaktik kategoriyalar orasida o’zining ifoda usuli, leksik-semantik xususiyatlari, tuzilishi va gapdagi poziцiyasiga ko’ra alohida mavqega egaligini aytadi va ularni gapning bosh va ikkinchi darajali bo’laklardan tashqari uchinchi darajali bo’laklar sifatida baholash maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi. Bunday fikrlarni boshqa mualliflarning asarlarida uchratamiz: «Kirishlarga gap kengaytiruvchilari sifatida qaralib, «gapning konstruktiv bo’laklari sanalmish ega va hollar kabi faqat to’g’ridan-to’g’ri gap markaziga munosabatda bo’ladi. Biroq kirish kengaytiruvchilar kesimga grammatik jihatdan bog’lanmaganligi bois unga nisbatan konstruktiv sifatini qo’llab bo’lmaydi… Kirish kengaytiruvchilar so’z va gap kengaytiruvchilari oralig’idagi «oraliq uchinchi» bo’lganligi bois ularni gapning konstruktiv bo’lagi bo’lmagan bo’lagi atamasi bilan» ham nomlashadi. SHuningdek, boshqa nazariy adabiyotlarda undalma va kirishlar orqali ifodalangan mazmuniy munosabat atributiv, ob’ektiv, relyativ, predikativ munosabatlarning mazmuniy munosabatlardan farq qilishi, gap orqali ifodalanayotgan sintaktik vaziyat yoki uning unsuri bilan so’zlovchi o’rtasidagi sub’ektiv munosabatni ifodalashi qayd etiladi.
Alisher Navoiyning nasriy asarlarida ham gapni murakkablashtiruvchi sintaktik tarkiblar: undalma, kirish so’z, izoh va kiritma qurilmalar qo’llangan. Biroq tahlil ob’ekti bo’lgan chun bog’lovchili polipredikativ gaplarning tarkibida undalmalar siyrak uchraydi. Ular «Tarixi anbiyo va hukamo» va «Nasoyimul muhabbat» asarlaridagina kuzatildi. Undalmalar, asosan, gaplarning boshida qo’llangan bo’lib, ularning umumiy mazmuniy munosabati chaqiriq, o’tinch semalaridan iborat:... xudoyo, chun Ishoqqa bu nav’ ulug’ mavhibat karomat qilding, Ismoilni ham bu maxsus inoyat bila bahramand qil (TAH 198).
Undalmalar takrorlanib kelishi mumkin. Bu hol kuchli his-hayajon ifodalanganda, undalmalarga alohida e’tibor berilganda ro’y beradi. Masalan: Alloh, Alloh, chun ul damni topsang va ul zavqni totsang, g’animat tut va shukr qilki, men uldurmen. (NM 326). Ushbu gaplarda tinish belgisi bilan ajratilgan so’z shakllari, polipredikativgaplar tarkibini mazmunan va shaklan murakkablashtirgan. To’g’ri, «Alloh, Alloh» so’zlari undalma sifatida shaxs tushunchasini ifodalayotgani shartlidir, ya’ni bizning tushunchalarimizdagi nutq qaratilgan shaxsni bildirmaydi, lekin ollohga murojaat ma’nosi bilan birga kirish so’zlardagi kabi taajjub ma’nosi ham mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |