Prezident Islom Karimov alohida ta’kidlaganidek: “Aslida, har qanday islohotning eng muhim samarasi, avvalo, xalqning ma’naviy-ruhiy qarashlaridagi yangilanish jarayonlari, uning ongu tafakkurining yuksalishi, mamlakatda yuz berayotgan o’zgarishlar uning hayotiga, taqdiriga daxldor bo’lganini chuqur his qilishi va shundan xulosa chiqarishi bilan belgilanadi. Biz amalga oshirayotgan islohotlarimizda ana shunday natijalarga erishish uchun barcha o’zgarish va yangilanishlarning markaziga inson va uning manfaatlarini qo’ydik. Shuning uchun ham bugungi kunda ana shu jarayonlarning mohiyatida islohot-islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun xizmat qilishi kerak, degan maqsad mujassam ekanini va uning amaliy ifodasini barcha sohalarda ko’rish, kuzatish qiyin emas”2.
Natijada mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga xos aholi qonuni amal qila boshladi. Ushbu qonunning tub mohiyati shundan iboratki, u ishsizlikni tugatish, aholini ijtimoiy ishlab chiqarishda to’la band qilish negizida, ularning moddiy va madaniy turmush darajasini tinmay oshirib borish, shaxsni har tomonlama taraqqiy ettirish va aholining o’zini progressiv hamda ijtimoiy jihatdan sog’lom tarzda takror barpo qilishni ta’minlab beradi.
Ushbu doirada ijtimoiy-iqtisodiy islohatlar negizida, qisqa qilib aytganda ishlab chiqarish doirasida quyidagi jarayonlar amalga oshirilib borilmoqda:
-Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash-ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, tarkibiy jihatdan texnik va texnologik qayta tuzish, ishlab chiqarishni ma’naviy jihatdan yangilash;
-Tarkibiy o’zgarishlar-iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini rivojlantirish, yangi o’zak tarmoqlarni barpo etish, samarali va mustaqil iqtisodiyotni shakllantirish;
-Diversifikatsiya-korxona va tarmoqlar faoliyat sohalarini kengaytirish, mahsulot va xizmat turlarini yangilash, mahsulot va xizmat turlarini ko’paytirish.
-Mahalliylashtirish-ishlab chiqarish jarayonida mahalliy xomashyo va resurslardan kengroq foydalanish, milliy korxonalar uchun butlovchi qismlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan etkazib berish, importni qisqartirish evaziga valyuta resurslarini tejash.
Ushbu bozor iqtisodiyoti aholi qonunining tub mohiyati tarixan yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar zaminida yotadi, bozor iqtisodiyotining tabiati bilan belgilanadi. Bu aholi qonunining amal qilishi natijasida mehnatga layoqatli butun aholini to’la band qilish zarurati va imkoniyati vujudga keladi. Iqtisodiyotni bozor iqtisodiyoti qonunlari asosida rejali va proportsional (oqilona, samarali) rivojlantirish qonuni, ishchi kuchidan samarali foydalanishni taqozo etadi. Bu qonun, dastavval, mamlakat ichida, iqtisodiy rayonlar, viloyatlar, tumanlar, shahar va qishloqlarda mehnat resurslarini oqilona joylashtirishni ko’zda tutadi.
Ishlab chiqarishni hududiy asosda tashkil etishda mehnat resurslari muhim omil sifatida maydonga chiqadi. Bundan tashqari faqat ishlab chiqaruvchi kuchlarni oqilona, hududiy tashkil etilishi kishilarning hayoti va faoliyati uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida shaharlar, qishloq aholi manzilgohlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirishga muqarrar suratda asoslanadi. Umuman har bir formatsiyaga xos bo’lgan aholi qonunlarining tub mohiyati ishlab chiqarish vositalariga mulkchilik shakliga qarab belgilanadi.
Aholi haqida ayrim nazariyalarga e’tibor bersak:
-ingliz popi, T.R.Maltus (1766-1834) nazariyasi. 1798 yilda “Aholi qonuni haqida tajriba” nomli kitobi nashr etildi. Bu kitobda aytilishicha, aholi geometrik progressiyada (1, 2, 4, 8, 16 va hokazo) ko’payadi, har 25 yilda uning soni ikki hissa orta boradi, tirikchilik vositalari esa, arifmetik progressiyada (1, 2, 3, 4, 5 va hokazo) ko’payadi, shuning uchun ham tez o’sayotgan aholini oziq-ovqat bilan ta’minlab bo’lmaydi.
Nazariyani asosiy mohiyati shundan iboratki, er shari aholisini tirikchilik vositalari bilan ta’minlab bo’lmaydi, shuning uchun qirg’in urushlar olib borish, kasalliklar tarqatish, tug’ilishni keskin kamaytirish yo’li bilan aholining bir qismini yo’q qilish va bundan keyingi o’sishga chek qo’yish kerak deydi.
Masalan, yaponiya siyosati (endi hududimiz bizni oziq-ovqat bilan ta’minlay olmaydi, shuning uchun boshqa hududlarni bosib olishga otlanish zarur). Shuningdek, Mussolina Italiyaning Habashistonni olishini quyidagi so’zlar bilan oqlamoqchi bo’lgan: “O’z hududida mumkin bo’lgan hamma erlardan foydalangan va ochdan o’lishni xohlamayotgan, tez ko’payayotgan zotli xalq uchun bosib olish (ekspansiya) siyosati maqbuldir”. Nemis fashistlari ham yapon va italyanlar singari “hayot makoni uchun kurash” nomli nazariyani ilgari surdlar;
-Neomaltuschilar (yangi zamon maltuschilari)-Tabiiy resurslarning cheklanganligini dalil qilib, dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlab bo’lmaydi, shuning uchun shoshilinch choralar ko’rib, aholini kamaytirish kerak deganlar. Yangi zamon maltuschilari o’rtasida ham bir-biridan farq qiluvchi turli oqimlar mavjudligi e’tirof etilgan:
-Ayrim neomaltuschilar ochiqdan-ochiq urushni targ’ib qiladilar. Bunda ular urushlar “mutlaq ortiqcha aholini” yo’q qilish yo’ligina emas, balki “oliy” angl-saks irqining boshqa “past” irqlar ustidan hukmronligini ta’minlaydigan oliy irqli aholiga ega bo’lgan “buyuk” davlatlarning hududlarini kengaytirish vositasi deb qaraydilar. Ana shunday g’oyaga boy bo’lgan “asar” neomaltuschi U.Fogtning (AQSh) “Najot yo’li” kitobidir. Fogt aholi o’rtasida o’lim koeffitsientining yuksak bo’lishi, zamon madaniyatini saqlab qolishning eng asosiy yo’lidir, deb yozadi.
Uning fikricha, vrachlar odamlarni o’limdan saqlab qolib, “eng katta jinoyat” qilmoqdalar. Fogt har qanday yo’l bilan aholi sonini kamaytirishni taklif etadi va butun qobiliyatini ishga solib, urushlarni ko’kka ko’tarib maqtaydi. Shunisi ajablanarliki, Fogtning bu ishi AQSh ning taniqli atomchi olimi Barux tomonidan yozilgan so’z boshi bilan nashr qilingan. Barux so’z boshida AQSh davlat arboblariga bu “qimmatli asar” bilan tanishib chiqishni tavsiya etadi. Bu o’sha davrda imperializmning yangi urush siyosatini oqlashga qaratilgan edi;
-Liberal maltuschilar-asosiy g’oyasi shundan iboratki, “demografik inqilob” davrida insoniyat oldida ikkita katta xavf paydo bo’lgan. Bu xavfning biri atom bombasi bo’lsa, ikkinchisi aholi ortiqchaligidir. Ba’zi bir liberal maltuschilarning fikricha “demografik portlash” (ya’ni aholining tez o’sishi) hatto atom bombasining portlashidan xavfli emish. Liberal maltuschilar ana shunday fikrga asoslanib, yangi urushning oldini olishning birdan-bir yo’li aholi o’sishini kamaytirish deb tushunganlar (liberal maltuschilarning vakillari G. Klark, A. Styuart, M. Mannes, F. Lorimer va boshqalardir.).
Umuman yangi zamon maltuschilari, tub mohiyati deyarli bir xil bo’lgan, ammo har xil nom bilan ataluvchi “yangi nazariyalar” ni ilgari surganlar. Ana shunday nazariyalardan biri aholining optimal soni haqidagi nazariya (optimum nazariyasi) dir. Bu nazariya har bir mamlakat aholisi sonini u erda ishlab chiqarishning erishgan darajasiga tenglashtirishni tavsiya etadi. Aholisi ko’p (tez o’sayotgan), ammo iqtisodiyoti qoloq mamlakatlar aholisining ortiqcha qismini qirib tashlash tavsiya etiladi. Shuningdek, biometriya, qashshoqlikning mudhish doirasi, antroposotsiologiya, V. Zombartning aholi haqidagi sotsiologik nazariyasi, umumiy farovonlik davlati, yagona industrial jamiyat kabi nazariyalarning demografik variantlari va boshqalar. Bu nazariyalar bilan maxsus kitobchada batafsil tanishishingiz mumkin (G.Asanov, Aholi o’sishi va hayot resurslari, Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1970.).
Do'stlaringiz bilan baham: |