Nazorat savollari:
1.Frazeologiya nimani o’rganadi ?
2.Turg’un birikma nima ?
3.Frazemaga ta’rif bering.
4.Frazeologik ma’no nima ?
5.Frazemaning ifoda plani nimaligini tushuntiring.
6.Frazemaning mazmun plani nima ?
7.Frazemalarning turkumlanishini qanday tushunasiz ?
Frazemalarning semantik turlari. Frazema ma’nosi bilan uning tarkibida qo’llangan leksemalar ma’nosi o’rtasidagi munosabat asosida frazemaning ikki semantik turi farqlanadi:
1. F r a z e o l o g i k b u t u n l i k. Bunday frazemaning umumlashgan ko’chma ma’nosi frazema tarkibidagi leksemalar ma’nosi bilan izohlanadi. Masalan, “tepa sochi tikka bo’lmoq” frazemasi yaxlit holda “g’azablanmoq” ma’nosini – umumlashgan ko’chma ma’noni anglatadi. Bunday ko’chma ma’noga esa kishi darg’azab bo’lganida uning badanidagi tuklarning sezilar - sezilmas harakatga kelishi (psixo – fiziologik holat) asos bo’lgan, demak, frazemaning ko’chma ma’nosini frazema tarkibidagi so’zlarning o’z ma’nolari bilan izohlash mumkin. Ya n a: “Ona suti og’zida“ frazemasi yaxlit holda “hali yosh”, “tajribasiz” ma’nosini anglatadi. Bunday ko’chma ma’noni esa frazema tarkibidagi so’zlar ma’nosi bilan izohlash mumkin: «Mahmadona, shumsan-da. Ona suting og’zingda – yu, soqolimning oqiga qaramay aql o’rgataman deysan”. (O.)
2. F r a z e o l o g i q ch a t i sh m a.Bunday frazema ifodalagan ko’chma ma’no frazema tarkibidagi so’zlar anglatgan leksik ma’nolar bilan izohlanmaydi. Masalan, “ikki qo’lini burniga tikib“ frazemasi “quruqdan quruq, evaziga hech narsa olmay” ma’nosini ifodalaydi, bu ma’noni frazema tarkibidagi so’zlarning ma’nolari bilan izohlab bo’lmaydi: “Kelmagandan keyin, domlaga «ozodlik” olib kelish kerak-da. Bu bo’lsa shumshayib, ikki qo’lini burniga tikib keldi». (P.T.) «...Senga ish yo’q!” – deb, bizni quvib yubordi. Katta o’g’lim bilan ikki qo’limizni burnimizga suqib o’z uyimizga bordik». (S.A.)
Frazeologik butunlik bilan frazeologik chatishma orasida ma’lum umumiylik va tafovutlar bor. Ularni quyidagicha izohlash mumkin:
1.Ikkalasi xam turg’un konstruktsiya sanaladi.
2.Ikkalasida xam umumlashgan yaxlit bir ma’no ifodalanadi.
3.Ikkalasida ham uslubiy bo’yoq (uslubiy sema) bo’ladi, chunki frazemalarning barchasi voqelikni nomlash bilan cheklanmaydi.
4. Ikkalasi ham yaxlit holda bitta sintaktik vazifada qo’llanadi
Farqlari:
Frazeologik butunlik tarkibidagi so’zlarning ma’nolari, frazemaning ko’chma ma’nosini izohlaydi. Frazeologik chatishmada esa so’zlar ma’nosi bilan frazema ma’nosi o’rtasidabunday aloqa yo’q.
2. Frazeologik butunlikning ma’nosida ichki obraz saqlanadi: tarkibidagi so’zlarga xos ma’nolar sezilib turganligidan frazemaning ma’nosi ko’p qirrali, boy bo’ladi. frazeologik chatishma ma’nosining gavdalanishida esa frazema tarkibidagi so’zlarning ma’nolari ishtirok etmaydi, shuning uchun unda ichki obraz so’ngan bo’ladi.
Nazorat savollari:
1.Frazemaning semantik tarkibiga nimalar kiradi?
2.Frazemalarning qanday semantik turlari bor?
3.Frazeologik chatishma nima?
4.Frazeologik birikma nima?
5.Frazeologik monosemiya deganda nimani tushunasiz?
6.Frazeologik polisemiya nima?
Do'stlaringiz bilan baham: |