O’rta Оsiyo ilk dehqonchilik madaniyatida Sarazm manzilgohining tutgan o’rni.
Nazarov O GulDU dotsenti
Usmonaliyeva Laylo GulDU talabasi
O`tmish tarixni jonlantiruvchi va so’zlatuvchi soha hisoblangan, arxeologiya yo’nalishini yana bir bor tadqiq etishdan maqsad, yosh avlodga tariximizni ilk o’tmish dehqonchilik madaniyatining takrorlanmas qismi hisoblangan Sarazm manzilgohi haqida ayrim ma’lumotlar berish orqali, yoshlarda vatan tarixini qadrlash uni o`rganishga bo’lgan intilishlarni inobatga olgan holda, bugungi kunda yurtimiz tarixining yorituvchi ilk temir davriga oid, qadimgi dehqonchilik madaniyatining noyob, durdonalardan biri bo’lgan Sarazm madaniyati haqida fikr yuritishni lozim topdik. Mazkur manzilgoh Zarafshon vodiysining eneolit va ilk jez davriga oid qadimgi dehqonchilik madaniyatiga tegishli arxeologik yodgorliklardan biri hisoblangan bu manzilgoh Zarafshon daryosining tog’lar orasidan keng vodiyga chiqish joyida, Oyimko’l yonida joylashgan bo’lib arxeologik olim V. A. Livshitsning fikriga ko’ra, «Sarazm» atamasi sug’dcha «sarizamin», ya’ni «yerning boshlanishi», «vohaning boshlanishi» degan ma’nolarni anglatadi[1]. Yodgorlik yassi tepachalar ko’rinishida, yuz gektarga yaqin joyni egallagan. Dastlab 1976 y. dan tadqiqot ishlari olib borilgan. Arxeologik tadqiqot natijalariga qaraganda, manzilgoh Zarafshon vodiysining eng qadimgi dehqonchilik maskani bo’lib, bu joyda hayot eneolitning rivojlangan bosqichidan to ilk jez davriga qadar (yaqin 1,5 ming yil) davom etganligi fanga ma’lum bo’ldi. Keyingi yillarda Sarazmda arxeologik qazish ishlari olib borilishi tufayli manzilgohda to’rtta tarixiy bosqichi aniqlandi:
l)bosqich (C mil. av. 3400—3200 y. lar)
2)bosqich (mil. av. 3200—2900 y. lar)
3)bosqich ( mil. av. 2900-2700 y. lar)
4) bosqich ( mil. av. 2700—2000 y.) lar bilan belgilandi.
Sarazm birinchi davri jamoaoilalari bir xonali uylarda yashagan, jamoa xilxonasi bor. Jamoa kvartali atrofi esa mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Jamoa turar joy qoldiqlarini qazish jarayonida sirtiga rangli gul solingan sopol parchalari, xilxonadan esa mis oyna, oltin va kumuhdan yasalgan munchoqlar topildi. Topilmalar ko’p jihatdan janubiy Turkmanistonning qadimgi Gyoksur vohasi materiallariga aynan o’xshab ketadi.
Sarazm ikkinchi davrida bir-birlaridan tor ko’chalar bilan ajratilgan ko’p xonali turar joy massivlari paydo bo’ladi. Ularning qoshida aylana shaklida qurilgan sig’inish maskani — oilaviy otashparastlik altarlari shakllanadi. Yirik uy-joy massivlari doirasida jamoa ibodatxonalari (ikki joyda) qad ko’taradi. Ibodatxonalarning devorlariga qizil rangda naqsh berilgan va ularning qoq o’rtasida gumbaz shaklida altar joylashgan. Xo’jalikda toshdan ishlangan mehnat qurollari, to’qimachilik dastgohining qismlari, urchuq toshlar, mis pichoqlar, xanjar, qarmoq, igna va bigizlar ko’plab uchraydi.
Sarazm uchinchi davrida ijtimoiy xarakterdagi monumental binolar paydo bo’ladi. Ular urug’ jamoalarining ma’muriy bino va ibodatxonalaridan iborat edi. Bu davrda patriarxal oila hovli joylari kengayadi, bu hovlilar maydonida kulolchilik xumdonlari va metallni eritish ustaxonalari paydo bo’ladi. Bu bosqichda ishlab chiqarishning qator sohalarida hunarmandchilikning turli yo’nalishlari bo’yicha ixtisoslashuv jarayoni kuzatish mumkin. Kulolchilikda ichi va sirtiga sayqal berilgan sopollar keskin kamayadi. Natijada ularning o’rnini mahalliy an’anaviy shakldagi naqshlar egallaydi. Mahalliy naqshlar bilan ibodatxonalarning devorlarini bezash odati vujudga keladi. Bu bosqichda mahalliy xom ashyo bazasida metall eritish va metalldan turli xil qurollar yasash kuchayadi. Shunday qilib, qadimgi sarazmliklar ijtimoiy va iqtisodiy hayotida tub o’zgarishlar yuz beradi.
Va nihoyat Sarazmninig to’rtinchi davriga kelib, demografik o’zgarishlar bilan bog’liq holda aholining vodiy bo’ylab tarqalishi, ayrim sabablarga ko’ra. Sarazmda aholi siyraklashib, avvalgi monumental ma’muriy imoratlar o’rnini oddiy kulbalar egallaydi. Ehtimol, to’rtinchi davri yodgorlikning eng yuqori qatlamlari bo’lgani uchun davr taqozosi bilan uning qurilish qoldiqlari bizgacha shu holatda yetib kelgandir. Ehtimol, bu tanazzul jez davrining ma’lum bir bosqichida (mil. av. 2 ming yillikning 2-yarmida) balki oriylarning janubga tomon ko’chishi munosabati bilan O’rta Osiyoning shimoliy va markaziy viloyatlari moddiy madaniyatida yuz bergan o’zgarishlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Bu davr aksi kulolchilikda yaqqol ko’zga tashlanadi, ya’ni, bir tomondan kulolchilikda qizg’ish oq tiniq angob bilan pardozlangan sopollar sirtida, idishlarning gardishi bo’ylab oddiygina rangli naqsh solish kuzatilsa, ikkinchi tomondan sopol idishlarning kulolchilik charxida yasash texnologiyasi kashf etilishi kuzatiladi. Bundan tashqari manzilgohda Ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanishning ayrim belgilari sifatida terrakota, tosh va jezdan ishlangan muhrlar paydo bo’lgan. Natijada manzilgohda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tufayli mulkiy tabaqalanish yuzaga kelganligini kuzatish mumkin. Jumladan, Qishloq jamoasininig sardori, qabila boshlig’ining hukmdorlik belgisi bo’lmish jamoa nishoni yangi ma’no va mazmun kasb etadi. Demak, Sarazm to’rtinchi davrida ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotda yuz bergan o’zgarishlar Sarazm jamiyatining so’nggi bosqichida mulkiy tabaqalanish jarayoni jadal kechayotganligidan dalolat beradi. Sarazmda o’rganilgan yagona xilxona, yuqorida ta’kidlaganimizdek, uning ilk bosqichiga daxldor bo’lib, u doira shaklida ishlangan tosh g’ovlar bilan o’rab olingan, uning diametri 15 m, ichiga 5 ta qabr joylashgan. Tosh g’ovning markaziy qabriga 3 kishi (ayol, erkak va o’spirin) ko’milgan. Ayolga tegishli ashyoviy dalillarga qaraganda u o’z jamoasida katta nufuzga ega bo’lgan. Uning kiyimlariga feruza, la’l, yoqut va yashma kabi qimmatbaho toshlardan yasalgan munchoqlar qadalgan. Ayolning bosh kiyimi ham taqinchoqlar bilan bezatilgan. Soch tolalariga oltin munchoq shodalari osib qo’yilgan. Qo’llariga dengiz chig’anog’idan ishlangan bilaguzuklar taqilgan. Ayol skeleti yonidan dastali mis ko’zgu, suyakdan qilingan bigiz, beshta urchuq tosh, ikkita ayol ma’budasi (terrakota) topilgan. Demak, Sarazm birinchi davrida ayollarning jamoadagi ijtimoiy nufuzi hali yuqori bo’lganligini alohida takidlash mumkin.
Sarazm aholisining iqtisodiy hayotini sug’orma va lalmikor dehqonchilik hamda xonaki chorvachilik tashkil etgan. Zarafshon tog’ tizmalaridagi qadimiy ma’dan (mis, qo’rg’oshin, qalay, oltin, kumush, simob va feruza) konlarining yaqinligi Sarazmda hunarmandchilikning metallurgiya va metall ishlab chiqarish sohasini rivojlanishiga hamda undan turli mehnat va harbiy qurollar ishlab chiqarishga keng imkoniyatlar bergan. Shuningdek, manzilgohdan topilgan 150 dan ortiq buyumlar — pichoq va xanjarlar, bolta va bigizlar, paykon va muhrlar, metall eritish qozonlari (tigillar), asbob-anjom quyish qoliplari, metall eritish pechlari, metall xom ashyo yombilari bundan dalolat beradi. Yodgorlikni qazish jarayonida nafaqat toshdan ishlangan mehnat qurollari, balki og’irlik o’lchov toshlari, to’qimachilik dastgohining qismlari ham uchratilgan. Ammo, sarazmliklar kulolchilikda metallurgiya va toshga ishlov berishdek yuksaklikka erisha olmaganlar.
Chunki qabilalar o’rtasida doimiy aloqalar sustligi ehtimol bu sohaning sust rivojlanishiga sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Xullas, Sarazm yodgorligi Zarafshon vodiysining eng qadimiy dehqonchilik madaniyati bo’lib, keyingi asrlardagi Sug’d o’lkasida shakllangan shahar madaniyatining ildizlari bir jihatdan shu yodgorlik bilan bog’liq edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |