Mahsulot tayyorlash. Aloe turlaridan sabur olinadi. Daraxtsimon aloening quritilmagan va quritilgan barglari hamda quritil-magan yon novdalari tayyorlanadi.
Ochiq dalaga o’tqizilgan aloydan apreldan to noyabr oyigacha o’sib chiqqan barglari va yon novdalari yig’iladi. Yig’ilgan barglardan biogen stimulaterlarga boy barglar tayyorlanib, keyinchalik ulardan ekstraktlar, suyuq surtma — liniment va bir qismini quritib, tabletka tayyorlanadi. Yon novdalardan aloy shirasi va sharbati, sharbatidan esa temirli aloy sharbati (anemiya-kamqonlik kasalligida ishlatiladi) olinadi.
Mahsulotning tashqi ko’rinishi. Quritilmagan barglar sershira, poyani o’rab oluvchi qinli, qilichsimon, ustki tomoni botiq, pastki tomonidan bo’rtib chiqqan, cheti tikanli tishsimon qirrali bo’lib, uzunligi 15-45 sm, eni 2-5,5 sm, qalinligi 0,7-1,5 sm. Bargi yashil, qini och jigarrang, tishlari yashil-sariq, kuchsiz hidli va achchiq mazali.
Yon novdalari 3-12 bargli bo’ladi. Poyasining yo’g’onligi 6-12 mm, novdaning uzunligi 3-15 sm, barglariniki 5-25 sm, eni 1-2,5 sm. Mahsulot och yashil-qo’ng’irrangli, hidi kuchsiz, mazasi - achchiq.
Aloe bargi va yort novdalaridan quyidagi preparatlar olinadi:
1. Sabur - aloy turlari bargning quritilgan shirasi. O’stiriladigan aloe bargini yig’ib olib, presslash usuli bilan shirasi ajratiladi va bu shirani bug’latib, sabur olinadi.
Afrikada va Amerikada aloe turlarining katta va sersuv barglarini kesib, kesilgan tomoni bilan chuqurchalarga solib qo’yiladi. Oqib chiqqan suyuqlik chuqurcha tagiga solib qo’yilgan narsa (mol terisi yoki taxta) ustida qurib, saburga aylanadi. Bu jarayon 6 soatgacha davom etadi.
Sabur har xil shakldagi qora-qo’ng’ir bo’lakchalardan iborat bo’lib, yoqimsiz hidi va achchiq mazasi bor. Sabur 60% li spirtda yaxshi, efirda kam eriydi, xloroformda erimaydi.
Quritilmagan shira. Aloening yangi yig’ilgan bargidan yoki novdalardan presslash usuli bilan olinadi. Bu shiraning 80 qismiga 20 qism spirt qo’shib, konservatsiya qilinadi. Shiraning hidi yoqimli, mazasi achchiq.
Biogen stimulatorlarga boy preparatlar. Akademik V. P. Filatovning ko’rsatishicha, har qanday o’simlik yoki hayvon to’qimasini organizmdan ajratib olib, noqulay (lekin o’ldirmaydigan) sharoitda saqlansa, to’qimada chuqur biokimyoviy o’zgarishlar yuz beradi. Normal moddalar almashinuvi jarayoni buziladi va hayot faoliyati so’na boshlaydi. To’qima o’z hayot faoliyatini tiklashi uchun maxsus modda ishlab chiqaradi. Ana shu modda biogen stimulator deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |