Glikozidlarning klassifikatsiyasi.
Fiziologik faol moddalarga boy bo’lgan tabiiy manbalardan biri bo’lgan o’simliklar tarkibida uchraydigan glikozidlar tuzilishiga qarab quyidagi turlarga bo’linadi:
Tioglikozidlar
Aglikoni tarkibida oltingugurt bo’lgan glikozidlar tioglikozidlar (Sglikozidlar) deb ataladi. Bu glikozidlardagi qand molekulasi aglikon qismi bilan oltingugurt atomi orqali birlashgan. Tioglikozidlarning ferment ta`sirida parchalanishidan hosil bo’lgan aglikon qismi efir moylari xossasiga o’xshash xossaga ega (uchuvchan va suv bug’i bilan haydaladi). Shuning uchun bu glikozidlarning ba`zi aglikonlari efir moyi deb yuritiladi.
Tioglikozidlar achchiq bo’lib, organizmning shilliq qavatlariga va teriga qitiqlovchi ta`sir ko’rsatadi (terini qizdiradi yoki kuydiradi). Oz miqdorda iste`mol qilinsa, ishtahani ochadi. Tioglikozidlar kuchli bakteritsid ta`sirga ega.
Tioglikozidlar yoki izotiosianatlar hayvonlarda bo’qoq kasalligini paydo qilishi mumkin, degan fikr ham bor.
Tioglikozidlarning turlari ko’p. Ular asosan kavardoshlar, karamdoshlar (butguldoshlar, krestguldoshlar), ziradoshlar va boshqa oilalar vakillarida uchraydi. Jumladan, karamdoshlar oilasiga kiradigan o’simliklar (sholg’om, karam, rediska, turp, xren, xantal va boshqa o’simliklar)da keng tarqalgan.
Tibbiyotda tioglikozidlar saqlovchi o’simliklardan hozircha faqat xantal urug’i (uning tarkibida tioglikozid sinigrin bor) ishlatiladi. Sinigrin mirozin fermenti ta`sirida glyukoza, kaliy bisulfat va allilizotiosianatga (xantal efir moyiga) parchalanadi.
Xantalning efir moyi och sariq rangli suyuqlik bo’lib, zichligi 1,013– 1,022. U organizmning shilliq qavatlariga (ayniqsa og’iz bilan ko’zga) kuchli ta`sir etadi.
Xantal (gorchitsa) urug’i va efir moyi –
– Semina sinapis nigrae et oleum sinapis aethereum
O’simlikning nomi. Sarept xantali, qo’ng’ir xantal – Brassica juncea (L.) Czern. (Sinapis juncea L.) va qora xantal – Brassica nigra Koch. (Sinapis nigra L.); karamdoshlar – Brassicaceae (butguldoshlar – Cruciferae) oilasiga kiradi.Sarept xantali bir yillik, bo’yi 40–50 sm (ba`zan 1 m) ga yetadigan o’t o’simlik.
P oyasi tik o’suvchi, shoxlangan, tuksiz. Ildiz oldi va poyaning pastki barglari patsimon qirqilgan, lirasimon bo’lib, poyada bandi bilan ketma-ket o’rnashgan. Barglari poyaning yuqori qismiga chiqqani sari siyraklashib, plastinkasi kamroq qirqilib va bandi qisqarib boradi. Poyaning uchki qismidagi barglari butun lansetsimon va poyada bandsiz o’rnashgan. Gullari shingilga to’plangan. Kosachabargi 4 ta, tojbargi 4 ta, tilla rangga bo’yalgan, otaligi 6 ta bo’lib, shundan 2 tasi kalta, onalik tuguni ikki xonali, yuqoriga joylashgan. Mevasi – chiziqsimon, ingichka, usti g’adir-budir, poyaga yondoshmagan va pishganda ochiladigan, 7–12 mm uzunlikdagi qo’zoq. Urug’i mayda, yumaloq shaklli, och sariq yoki qo’ng’ir. May oyida gullaydi, mevasi iyunda yetiladi. Qora xantal tojbargining och sariqligi, mevasining poyaga yondoshgan, to’rt qirrali, o’tkir uchli, urug’ining mayda va to’q qizil, qo’ng’ir rangli bo’lishi bilan sarept xantalidan farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |