Tabletkalar tayyorlashda mehnat sharoitlarining gigiyenik tavsifi.
Tabletkalar - tayyor dorivor preparatlarning presslangan kukunlari yoki aralashmalaridan iborat qat’iy dozalangan dorivor shakldir. Tayyorlash usuliga ko‘ra tabletkalar presslangan va trituratsion turlarga bo‘linadi. Presslangan tabletkalar eng keng tarqalgan. Tabletka tarkibiga dorivor moddadan tashqari yordamchi birikmalar ham kiradi, ular belgilanishiga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:
- aralashtirmalar, ular tabletkaga zaruriy massa hosil qilish maqsadida quyiladi (kraxmal, sutli qand, lavlagi qandi, glyukoza, magniy oksidi kaolin, sorbit va b.);
parchalovchilar - oshqozon yoki ichakda tabletkaning mexanik bo‘linishini ta’minlovchi birikmalar. Ularga shishish (agar-agar, jelatin va b.) yoki gaz hosil qilish (limonli yoki vino-tosh kislotali natriy nitrokarbonat) hisobiga tabletkani parchalovchi yoki namlanishni yaxshilovchi (kraxmal, tvinlar, spenlar va b.) moddalarning uch guruhi kiradi;
sirg‘anuvchi yoki moylovchi moddalar, ular tabletkaga uning sirg‘anishini yaxshilash uchun qo‘shiladi (kraxmal, talk, parafin, stearin kislotasi, alyuminiy silikati va b.);
granula va tabletkalarni mustaxkamligini oshirish uchun foydalaniladigan bog‘lovchi yoki elimlovchi moddalar (glyukoza, selliloza, algin kislotasi va b. ).
Tabletkalarning tayyorlash uchta asosiy ishlab chiqarish operatsiyalarini o‘z ichiga oladi, bular: aralashtirish, granulalash (donalash) va presslash (tabletkalash). Tabletkalashga mo‘ljallangan dorivor moddalar farmatsevtika zavodiga etkazib berilib, omborda standart o‘ramda standartlanadi. Zaruratga ko‘ra ular tabletkalash sexiga kelib tushadi. So‘ngra dorivor va yordamchi birikmalarini quritish, maydalash, elakdan o‘tkazishdan iborat materialning tayyorlanishi amalga oshiriladi. Bu bosqichda ishlovchilarga turli xil moddalar changi ta’sir qiladi, bunda nafas organlari orqali organizmga bir vaqtning o‘zida bir nechta moddalarning changi kirishi mumkin.
Ingridientlari aralashtirish dorivor moddalar reglamenta ko‘ra aralashtiriladigan aralashtirgichlarda amalga oshiriladi, so‘ngra keyinchalik granulalash uchun zarur bo‘lgan elimlovchi modda bilan boshqa idishda namlanadi.
Granulalash - kukunga o‘xshash materialni ma’lum hajmdagi donalarga aylantirish. U tabletkalanayotgan aralashmaning qumoqligini yaxshilash va uning qatlamlanib qolishining oldini olish uchun amalga oshiriladi. Granulalashning har xil turlari mavjud: tuyish, bosish va tarkibiy granulalash.
Granulalash mahsus granulyator apparatlarida amalga oshiriladi. Ko‘pincha xo‘l granulalashdan foydalaniladi, bundan so‘ng granulalar quritilishi zarur. U quritish javonlarida 30- 40°S xaroratda amalga oshiriladi. Xozirgi paytda infraqizil nurlar, yuqori chastotali toklar va boshqalar yordamida quritishning turli usullaridan foydalanilmoqda.
Sifatli presslashni ta’minlash uchun olingan granulyatni maxsus upalovchi apparatda talk, kraxmal, tvin va boshqa sirpanuvchi moddalar bilan upalaydilar.
So‘ngra tabletkalash mashinalarida presslash (tabletkalash) amalga oshiriladi. Tabletkalarni olish jarayoni materialni dozalash, presslash va tabletka)ni matritsadan chiqarish hamda uni qabul qiluvchiga tashlashdan iborat. Tabletkalash mashinasining asosiy detallari matritsalar (tabletka uchun silindrli teshiklarga ega po‘lat disk) va puansonlar (presslanadigan massani matritsaga chiqarish uchun xromlangan pulatdan sterjenlar) xisoblanadi. Tabletkalash mashinalari avtomatik ravishda ishlaydi. Trituratsion tabletkalarni presslanganlaridai farqli ravishda namlangan dorivor massani maxsus shaklga ishqalash, keyin uni puanson porshenlar yordamida chiqarish va 400 S ga yaqin haroratda quritish yo‘li bilan oladilar. Bu operatsiyalar maxsus mashinada amalga oshiriladi. Nitroglitserin tabletkalari shu usulda tayyorlanadi. Bu usul boshqa preparatlar uchun ham ishlatiladi.
Tabletkalash sexidagi ishning barcha bosqichlarida ishlovchilarga turli dorivor va yordamchi moddalar changi ta’sir ko‘rsatadi. Bu tabletkalash sexining asosiy ishlab chiqarish zararidir. Aralashtirish, granulalash, granulyatni quritish va uni upalash chog‘ida eng katta chang konsentratsiyasi xosil bo‘ladi. Tabletkalash sexining o‘ziga xos jixati havoda aralash changning mavjudligi bo‘lib, bu o‘ta xavflidir, chunki bu changning ayrim komponetlari aralashgan aerozolining umumiy biologik ta’sirini kuchaytirishi mumkin. Quritish bo‘limidagi yuqori xarorat sababli havoga eng ko‘p chang ajralib chiqadi. Quritilgan mayda dispers chang xavoda uzoq turadi. Ishlayotgan tabletkalash mashinalarining tinimsiz shovqini va yuqori xarorat xam muxitning noqulay ishlab chiqarish omillari xisoblanib, dorivor chang bilan birgalikda bu ta’sir yanada kuchayadi. SHu tariqa kuritish bo‘limida ishlovchilar kimyoviy va fizikaviy omillarni kompleks ta’sirini xis etadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |