Mavzu. Antibiotiklar ishlab chiqarishdagi mehnat gigiyenasi.
Mashg‘ulotning jixozlanishi: Tarqatma materiallar Mavzuni asoslash:
Antibiotiklarni ishlab chiqarishda mehnat sharoitlari va ishchilar salomatlik
holatlariga gigiyenik tavsifi
Aholini zaruriy dori vositalari bilan etarli darajada ta’minlashdagi muhim vazifalardan biri kasalliklarni oldini olish va davolash maqsadida keng qo‘llanadigan antibiotiklarni ishlab chiqishni yanada kengaytirish hisoblanadi. Bugungi kunga kelib tibbiy korxonalarda 40 dan ortiq turdagi antibiotiklar va 100 ortiq dori shakllari ishlab chiqarilmoqda. Ularning umumiy solishtirma og‘irligi tibbiyotga doir sanoat- mahsulotlari ichida 18-20% tashkil etadi.
Antibiotiklar - mikroorganizmlar, yuqori bosqichdagi o‘simlik va hayvonlarning hayot faoliyati jarayonida ishlab chiqariladigan va bakteritsid yoki bakteriostatik ta’sir xususiyatiga ega bo‘lgan moddalardir. Bugungi kunga kelib dunyo miqyosida turli xildagi kimyoviy birikmalar sinfiga taalluqli bo‘lgan 500 ga yaqin antibiotiklar ishlab chiqarilmoqda. Antibiotiklarning antibakterial xususiyatlari tibbiyotda, xususan, yuqumli kasalliklar va yallig'lanish jarayonlari terapiyasi va ularni oldini olish amaliyotida keng ko‘lamda qo‘llanishi uchun asos bo‘ldi.
Antibiotiklar tibbiy amaliyotda qo‘llanishidan tashqari, oziq-ovqat va sut-go‘sht sanoatida ham keng qo‘llanadi. Ularni hayvonlar va qushlarning vaznini tezroq oshirish maqsadida ovqatlariga qo‘shib beriladi va x.h.
Antibiotiklarni olishdagi texnologik jarayon shunga muvofiq jixozlarda ketma-ket bajariladigan bir nechta bosqichlardan iborat: a) ekish materialini etishtirish va antibiotiklarni biosintezlash (fermentatsiyalash); b) kultural suyuqliklarni birlamchi ishlovdan o‘tkazish; v) filtrlash; g) ajratish va kimyoviy usulda tozalash (ekstraksiya, ionalmashinish usuli, cho‘ktirish usuli); d) tayyor dori shakllarini tayyorlash; e) qadoqlash va idishlarga joylash. Birlamchi texnologik jarayonlar ekish materialini kolbalar va fermenterlarda o‘stirishga asoslangan (produtsent). O‘stirilgan ishlab chiqarish produtsent shtammi, uni yanada boyitish maqsadida maxsus apparatlar-inokulyatorlarga o‘tkaziladi. Inokulyatorlarda mog‘orlar, bakteriyalarni etishtirish jarayoni qattiq belgilangan sharoitlarda amalga oshirilib, ular isitish va sovutish tizimlari, havo berish, o‘stirilayotgan va boyitilayotgan massani aralashtirish uchun maxsus jixozlar bilan ta’minlanadi. Shundan so‘ng produtsent fermentatsiya jarayoniga o‘tkaziladi. Fermentatsiya deb - produtsentni kultivatsiya qilish (o‘stirish) va maksiml darajada antibiotikni hosil qilinishiga aytiladi. Antibiotiklar mikroorganizmlar tanasida sintezlanadi yoki kultural suyuqlikda biosintez jarayonida ajraladi. Fermentatsiya jarayoni uchun asosiy jihoz bo‘lib. fermenterlar hisoblanadi. Ularning hajmlari turlicha, hatto 100 000 litrgacha bo‘lishi mumkin. Fermenterlar isitish va sovutish sistemalari, sterillangan havo aralashmasini berish, aralashtirgich, ovqatli muhit va kultural suyuqlikni kiritish va chiqarish mexanizmlari bilan jixozlangan. Texnologik jarayonning mazkur bosqichi qo‘llanadigan jixozlarning germetikligi bilan ta’riflanadi. Bunda havo muhitining antibiotiklarni biosintezlash uchun qo‘llanadigan moddalar, hamda fermentatsiya jarayonining yakuniy bosqichi bo‘yicha hosil bo‘ladigan biomassa bilan ifloslanish mumkinligi amalda bartaraf qilingan. Antibiotiklarning kultural suyuqlikda bo‘ladigan juda ko‘p moddalar bilan birikib, erimaydigan birikmalarni hosil qilishi, konsentratsiyani oshirish uchun hamda undagi aralashmalarni to‘liq cho‘kishini ta’minlash maqsadida, suyuqlikni suyuqlikning Rn 1,5-2,0 bo‘lguncha shovul va xlorid kislotasi bilan nordonlashtiriladi. Ishlov berilgan kultural suyuqlikni mitseliyalar va cho‘ktirilgan ballast moddalardan holi qilish uchun «nativ eritma» deb ataluvchi tiniq filtrat olinguncha suziladi (filtrlanadi). Ishlov berilgan filtral suyuqlik suzish ochiq turkumdagi romli filtr- presslarda amalga oshiriladi, natijada nativ eritmaning sochilishi yuzaga keladi. Filtr- presslarga mahsulotni qo‘lda solishda ishchilar, tarkibida antibiotiklari bo‘lgan kultural suyuqlik bilan aloqada bo‘lishi mumkin. Antibiotiklarni olishning keyingi bosqichi ajratish va kimyoviy tozalash hisoblanadi. Mazkur bosqichda antibiotikli eritmani konsentrlash va tozalash shunday bo‘lguncha olib boriladiki, toki undan tayyor dori preparatini olish mumkin bo‘lsin. Nativ eritmada antibiotiklarning miqdori juda kam, shuning uchun uni toza holda ajratib olish, tozalash va tayyor dori shakliga keltirish - juda murakkab va ko‘p mehnat talab qiladigan jarayondir. Masalan, 1 kg antibiotik olish uchun 600 litrga yaqin kultural suyuqlikni qayta ishlash kerak bo'ladi. Antibiotiklarni ajratib olish va kimyoviy tozalashdan o‘tkazishda quyidagi usullardan birini qo‘llash mumkin: 1) turli eritmalardan, foydalanish bilan ekstraksiya qilish usuli; 2) cho‘ktirish usuli; 3) ion almashtirish usuli. Antibiotiklarni biosintezlashda ekstraksion va ion almashtirish usuli keng qo‘llanishga egadir. Oxirgi yillarda antibiotiklarni ajratish va tozalashdagi ion almashtirish usulidan boshqa turdagi dori preparatlarini olishda ham foydalanilmoqda. Bu usulning asosiy ustunligi shundan iboratki, bunda zaxarli va portlashga xavfli eritmalardan foydalanishga umuman xojat qolmaydi: usul iqtisod tomonidan ham foydali, chunki uning texnologiyasi oddiy va qimmatbaho jixozlar va xom-ashyolarni talab qilmaydi. Nativli eritmadan antibiotiklarni ekstraksiya qilish ekstraktor-separatorlarda amalga oshirilib, uning asosiy kamchiligi ekstraktorlarga mahsulotni qo‘lda solinadi, natijada mazkur sex havosi eritmalar bilan ifloslanishi mumkin. Masalan, tetratsiklin va oksitetratsiklikni ishlab chiqarishda izooktanol moddasi bilan havo muhiti ifloslanishi mumkin. Antibiotiklarni ajratish va kimyoviy tozalash jarayonida qo‘llanilayotgan jixozlarning yaxshi takomillashtirilmaganligi tufayli havo muhitiga eritmalardan tashqari olein kislotasi, natriy ishqori, shovul kislotasi, butil va etil spirtlari, butilatsetat va b.q tushishi mumkin. Ionli sorbsiyalash usuli shundan iboratki, nativ eritma sulfokationit SBS-3 solingan ion almashtiruvchi kolonnalarga markazdan qochuvchi nasoslar yordamida uzatiladi. Ion almashinishi natijasida antibiotik ionitlarga sorbsiyalanadi, so‘ngra uni ammiak-boratli bufer eritmada desorbsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |