III. DUNYO OKEANI. UNING QISMLARI VA OKEAN TUBI RELYEFI Boshqa fanlarda bo’lgani singari okeanshunoslikda ham nazariy va tajriba tadqiqotlari
o’tkaziladi. Ular o’zaro chambarchas bog’langan. Tajriba yo’li bilan olinadigan kuzatishlarga oid
ma’lumotlar sizni qiziqtirayotgan obyekt – okean tuzilishi to’g’risida yaxlit tasavvur hosil qilish
uchun nazariy tafakkurni taqozo etadi. O’z navbatida nazariy andozalar yanada ko’proq bilimga ega
bo’lish uchun keyingi kuzatishlarni qay yo’sinda tashkil etishda asqotadi.
Yaqin-yaqingacha har narsaga qiziquvchi dengizchilarning yo’l-yo’lakay kuzatishlarini hisobga
olmaganda tadqiqot kemalaridagi dengiz ekspeditsiyasi okeanni tajriba yo’li bilan o’rganishning
asosiy vositasi edi. Bunday kemalar maxsus jihozlar: suvning temperaturasi kimyoviy tarkibi
oqimlar tezligini o’lchaydigan asboblar dengiz tubidan tuproq oladigan dengiz jonivorlarini
tutadigan moslamalarga ega bo’lishi kerak. Dastlabki okeanografik asboblar kema bortidan metall
arqon bilan oddiy chig’ir yordamida suvga tushirilgan.
Katta chuqurliklardagi suvning o’ziga xos xususiyatlarini o’lchash topqirlikni talab qiladi.
Darhaqiqat bir necha kilometr chuqurlikdagi asbob ma’lumotlarini qanday olishi mumkin? Uni
yuzaga ko’tarish kerakmi? Ammo asbob yuzaga ko’tarilayotganda, suvning turli qatlamlaridan
o’tishi oqibatida undagi ma’lumotlar ko’p marta o’zgaradi. Shu sababli kerakli chuqurlikdagi suv
temperaturasini o’lchash uchun to’ntariluvchi termometrdan foydalaniladi. bunday termometrning
“oyog’i osmondan bo’lganida” faqat o’sha o’zi to’ntarilgan chuqurlik temperaturasidan boshqasini
ko’rsatmaydi. Uning to’ntarilishiga yuqoridan arqon bo’ylab tushirilgan kichik bir chopar yuk
signal beradi. Ma’lum bir chuqurlikdan kimyoviy tahlil uchun suv namunasini oladigan idishning
bo’g’zi ham to’ntarilgan vaqtda yopilib qoladi. Bunday idishlar batometrlar deb ataladi.
Keyingi yillarda okeanshunoslar uzoq vaqt yordam berib kelgan bunday oddiy asboblar o’rnini tok
o’tkazuvchi kabel yordamida chuqurliklarga tushiriladigan elektr moslamalar egallab bormoqda.
Asbob bunday kabel bilan kema bortidagi kompyuterga bog’langan bo’ladi. kompyuter
chuqurlikdan kelayotgan ma’lumotlarni eslab qoladi va qayta ishlaydi.
Ammo okean haqida to’la ma’lumot olish uchun ilgarigi asboblarga nisbatan puxta, aniqva qulay
moslamalar ham yetarli emas. Sababi, dunyo okeani hajmi shu qadar kattaki (Yer yuzining 71%
maydonini ya’ni 360 mln kv km ni tashkil etadi) eng tezyurar kema ham uning barcha mintaqalarini
kezib chiqishi uichun bir necha o’n yillar kerak bo’ladi. bu vaqt ichida uning suvlari holati
atmosfera ob- havo o’zgargani kabi jiddiy ravishda o’zgarib ketadi. Kuzatishlar vaqti cho’zilib
ketgani uchun okean to’g’risidagi tasavvurlar uzuq- yuluq bo’ladi. Okeanshunoslarga bu borada Yer
atrofida bir kecha kunduzda bir necha marotaba aylanib chiqadigan yoki ekvatorning qaysi bir
nuqtasidagi yuksaklikda “harakatsiz” turib qoladigan sun’iy yo’ldoshlar yordamga keladi. O’sha
balandlikdan Yer yuzasining deyarli yarmi ko’rinadi. Bunday yuksaklikdan okeanni har tomonlama
o’lchash qiyin ammo bu eplasa bo’ladigan ish. Hatto kosmonavtlar kuzatatdigan okean suvining
loyqalanish hodisasi ham uning harakati haqida ko’p narsa berishi mumkin. Oqim bilan birga
ko’chib yuruvchi bo’ylarni (suvda sayozlik, yo’l va h.k ni ko’rsatadigan belgi) yo’ldoshlardan
kuzatish orqali suvning harakatini yavshiroq bilib olish mumkin bo’ladi. ammo okean yuzasidan
chiqayotgan elektromagnit to’lqinlarini qayd etib boorish orqali ham ko’proq axborot olish
mumkin. Yo’ldoshdagi asboblar tutib oladigan to’lqinlarni tahlil qilib ham okean yuzasi
temperaturasi, shamol tezligi, shamol to’lqinlarining balandligi va okeanshunoslarni qiziqtiradigan
boshqa ko’rsatkichlarni aniqlash mumkin.
Okean va undagi ekologik holatni aynan ana shu bobda o’rganamiz.