Yevropa mamlakatlarida mehnatga yaroqli aholi bandligi (jami band aholiga nisbatan % hisobida)
Shvetsiya 79
Buyuk Britaniya 77
Finlandiya 75
Niderlandiya 73
Avstriya 71
Germaniya 71
Fransiya 69
Italiya 59
XX asr 50 - yillarining o'rtalarida G'arbiy Yevropada emigratsiya immigratsiyadan ustun kelardi, lekin keyinchalik ahvol keskin o'zgarib, G'arbiy Yevropa dunyodagi eng ko'p aholini qabul qilish markaziga aylanib qoldi. 70- yillarning boshida immigrantlar soni 10 mln. bo'lsa, 90- yillarning boshida ularning soni 15 mln. ga yetdi.
G'arbiy Yevropaga aholining oqib kelishi sabablarini chet el va mahalliy geograflar o'rganib quyidagi xulosaga keldilar. Immigrantlar, asosan, katta pul topish hamda mehnat va hayotning qulay sharoitlari izidan keladi. Tahlil natijasida aniq bo'ldiki, immigrantlarning aksariyat qismi yirik sanoat rayonlarida va katta shaharlarda istiqomat qiladi. Masalan, Fransiyadagi immigrantlarning 37 % i Parijda, Belgiyada esa ularning 24 % i Brusselda yig'ilgan. Buning asosiy sababi past malakali, «kelgindi» ishchilar eng avvalo qurilish, tog'-kon sanoatida hamda farrosh, gazeta sotuvchisi bo'lib ishlaydi. Masalan, Fransiyadagi «kelgindi» ishchilarning 45% i qurilish sanoatida, 40 % i yo'l ishlarida, 15 % i avtomobilsozlik sanoatida ishlaydi.
Sharq davlatlari bilan bir qatorda, Yevropani ham qadimgi shaharlar vatani deb atasa bo'ladi. V.V.Pokshishevskiyning aytishicha, bu shaharlarning tarixi o'rta asrlar davriga, hatto Rim imperiyasi davrigacha borib taqaladi. Bundan kelib chiqadiki, bu regionda, boshqalardan farqli o'laroq, urbanizatsiya jarayoni ertaroq paydo bo'lgan. XX asr boshidayoq butun jahon yirik shaharlarining 1/3 qismi Yevropaga to'g'ri kelar edi. Hozirgi vaqtda bunday shaharlar soni 400 taga yetgan. Ulardagi urbanizatsiya darajasi 75% ga yetdi. Yevropa mamlakatlarida aholini taqsimlashning zamonaviy shakli -- shahar aglomeratsiyasi vujudga kelgan va u rivojlanib bormoqda. Ularning taqsimlanishi quyidagicha: Fransiya — 74, GFR — 72, Buyuk Britaniya — 68, Italiya — 56, Ispaniya — 37, Niderlandiya — 22, Shvetsiya -11, Belgiya — 10 ta shahar aglomeratsiyasi joylashgan. Buyuk Britaniyaning eng asosiy va katta London aglomeratsiyasi yoki konurbanizatsiyasi bo'lib, unda 12 mln. kishi istiqomat qiladi. Undan keyin o'rinlarda G'arbiy Midlend (2,7 mln.), Katta Manchester (2,6 mln.), Lids yoki G'arbiy Yorkshir (2,0 mln.), Liverpul (1,5 mln.), Janubiy Yorkshir (1,3 mln.) aglomeratsiyalari bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |