GEOGRAFIK QOBIQNING BIR BUTUNLIGI
Bir butunlik - geografik qobiqning eng muhim qonuniyati. Geografik qobiq o`zining barcha qismlarining birligi tufayligina mavjud bo`ladi. Geografik qobiqning biror-bir qismi yoki geosferasi alohida, boshqalaridan ajralgan holda mavjud bo`la olmaydi. Chunki, har qanday qism faqat sistema doirasida o`z funksiyalarini bajarayotgan sharoitlarda mavjud bo`la oladi.
Geografik qobiqning bir butunligi uning komponenlarining o`zaro bog`liqligi, quruqlik va atmosfera, Dunyo okeani va organizmlar orasidagi uzluksiz modda va energiya almashinuvi tufaylidir. Geografik qobiq bir butunligining asosini uni tashkil etuvchi komponentlar orasidagi hamda geografik qobiqning tashqi olam (Yerning ichki sferalari va Koinot) bilan modda va energiya almashinuvi(moddalarning va ular bilan bo`g`li` holda energiyaning aylanma harakati) tashkil etadi. Geografik qobikning ayrim tarkibiy qismlari orasida modda va energiyaning uzluksiz turli xildagi harakatlari ularni yagona bir butun sistemaga bog`lab turadi va geografik qobiqning bir butunligini belgilaydi. O`zaro modda va energiya almashinuvi jarayonida muayyan komponentagi modda va energiyaning bir qismi usluksiz ravishda boshqa komponentlarning tarkibiga o`tadi, energiya bir turdan boshqa turga o`zgaradi. Quruqlik va atmosfera, Dunyo okeani va organizmlar orasida uzluksiz kechadigan energiya va modda almashuvi geografik qobiqning bir butunligini ta’minlaydi. Havo, okeanlardagi, daryolarning uzanlaridagi va yerosti qatlamlaridagi suv, muz, mineral zarralar va boshqa moddalarning oqimlari va, shuningdek energiya oqimlari geografik qobiqning barcha qismlarini yagona bir butun sistemaga birlashtiruvchi ahamiyatga ega. Geografik qobiqning bir butunligi uning komponentlarining o`zaro aloqalasi, o`zaro ta`siri va o`zaro taqozasida namoyon bo`ladi. Tabiatning har bir komponenti o`zining qonunlariga ko`ra rivojlangan holda boshqa komponentlarning ham ta’sirida bo`ladi. Bir butunlik qonunining mohiyati shundaki, tabiiy jarayonlar, hodisalar va komponentlar (o`simlik, tuproq va b.) mujassam o`zaro aloqada bo`ladi va ulardan birining o`zgarishi boshqalarining o`zgarishiga ham olib keladi. Ayrim komponentlarga ko`rsatiladigan ta’sir butun sistemada muayyan vaqtda barcha komponentlarning o`zgarishiga olib keladigan zanjirli reaksiyaga sabab bo`ladi. Uzluksiz modda va energiya almashinuvi geografik qobiq tuzilmasidagi o`zgarishlar bilan bir paytda sodir bo`ladi. Ammo bu o`zgarishlarning tezligi turli komponentlar uchun bir xil emas va bu holat geografik qobiqning o`z-o`zini boshqaradigan sistema sifatidagi xossasidir. Geografik qobiqning har bir komponenti o`zining xususiy qonunlari tufayli mavjud va rivojlanadi. Ammo bu komponentlardan birortasi ham boshqalaridan ajralgan hollda mavjud emas va rivojlanmaydi. Geografik qobiqning birligi va bir butunligi geosistemaning biror-bir komponentining o`zgarishi boshqa qolgan komponentlarning va pirovardida butun geosistemaning o`zgarishida namoyon bo`ladi. Geosistemalarning o`zgarish ko`lamlari ularning tarkibiy qismlarining, ya’ni komponentlarining o`zgarish miqyoslariga bog`liq. Turli komponentlarning rivojlanish tezligi ham turlicha bo`ladi. Konservativlik darajasiga ko`ra komponentlar quyidagi tartibda joylashtirilishi mumkin: litogen asos – relyef – iqlim –suv – tuproq – o`simlik – hayvonot dunyosi. Shunday qilib, landshaft komponentlarining o`zgarishi muayyan izchillikda sodir bo`ladi: odatda dastavval biotik komponentlar (o`simlik va hayvonot dunyosi), so`ngra esa abiotik komponentlar (tuproq, suv rejimi, iqlim, relyef va litogen asos) ozgaradi.
Bir butunlik qonuniyati ayrim geosistemalar uchun ham, turli kattalikdagi geosistemalardan iborat bo`lgan geografik qobiq uchun ham xos. Geografik qobiqdagi bir butunlik qonunining namoyon bo`lishini kichikroq hududlar misolida ham ko`rish mumkin. Masalan, cho`l sharoitlarida sug`oriladigan hududlarda landshaft komponentlariga sug`orish orqali ta’sir ko`rsatishda muttanosiblashgan tabiiy – moddiy-energetik aylanma harakatda muvozanat buziladi va komponentlar o`zgara boshlaydi. Sug`orish nafaqat shu joining, balki yaqin atrofdagi joylarning sizot suvlari sathining o`zgarishiga olib keladi. Buning natijasida tuproq, o`simliklarning turlar tarkibi, mahalliy iqlim va boshqa komponentlar o`zgaradi, sug`orish eroziyasi kuchayadi. Tabiiy landshaftlarning antropogen o`zgarishi natijasida ularning o`rnida antropogen landshaftlarning o`ziga xos turi vujudga keladi. Geografik qobiqda regional o`zgarishlarning namoyon bo`lihiga Atakama cho`li va El - Nino oqimi ham yaqqol misol bo`ladi. Boshqa bir misol. Barens dengizida muzlar ko`paysa, Afrikaning yirik ko`llarining sathi pasayadi. Aksincha, muz kam yillari ko`llarning suv sathi yuqori bo`ladi. Bu hodisa havo massalarining kuchayishi yoki susayishi bilan bog`liq. Havo masalarining ko`chib yurishi, ayniqsa meridional yo`nalishda ko`chishining tezligi oshganda Arktika dengizlarida muzlar kamayadi; ekvatorial mintaqada esa, aksincha, yoginlar miqdorining ko`payadi va ko`llarning sathining ko`tarilishiga sabab bo`ladi.
Geografik qobiqni biror joyida sodir bo`ladigan o`zgarish butun qobiqda aks etadi. Masalan, Antarktida muzlari erisa Dunyo okeanininh sathi 60 m ga ko`tarolishi mumkin. Bunday holda Yer yuzasida issiqlik va nam almashinuvining sajiyasida, daryo eroziyasining intensivligida ba boshqa jarayonlarda o`zgarishlar sodir bo`ladi. Bu misolda geografik qobiqdagi bir omilning o`zgarishi (muz qoplamimning erishi) o`zaro bog`liq bo`lgan boshqa omillarni va butun sayyoraviy geosistemani o`zgarishiga olib kelishini ko`rish mumkin. Yana bir misol. Yer yuzasida hayotning vujudga kelishi va rivojlanishi atmosfera, hidrosfera va litosferadagi o`zgarishlarga sabab bo`lgan.
To`rtlamchi davr voqealari ham geografik qobiqning bir butunligiga yaqqol misol bo`la oladi. Pleytotsen epoxasining sharoitlari muzlanishga qulaylik yaratganligi sababli ulkan muz qoplamlari hosil bo`ladi. Eng katta to`rtlamchi davr muzlanishi epoxasida okeanning sathi 110 m gacha pasayadi va buning oqibatida butun sayyorada bevosita yoki bilvosita oz aksini namoyon etadi. Bebosita ta’sir tufayli shelfda katta maydonlar quruqlikka aylanadi, materiklarning maydonlari kengayadi, ular o`zaro tutashadi va materiklar qiyofasi o`zgaradi; ayni paytda havonot vq o`simlik dunyosi vakillarining migratsiyasi va boshqa jarayonlar sodir bo`ladi. Dunyo okeani sathining psayishi va unga bog`liq holda okeanga quyadigan daryolar eroziya bazisining pasayishi tub eroziyaning kuchayishiga, vodiylarning chuqurlashuviga va umuman quruqlik relefining kuchliroq parchalanishiga olib keladi.
Iliq muzliklararo epoxada muzliklarnng erigan suvlarining okeanga qaytishi tufayli uning sathi ko`tarilda, epikontinental dengizlar hosil bo`ladi, materiklar va orollar bo`laklanadi, daryolarning eroziya bazisi ko`tariladi, qurulik faunasi va florasining migratsiyasi cheklangan holda cuvda yashaydigan organizmlarning migratsiyasi erkinlashadi, marjon qurilmalari shakllana boshlaydi va h.k.
Bu misollar geografik qobiq o`z-o`zini tartibga soladigan sistema ekanligini ko`rsatadi. Uning elementlarining o`zaro ta’siri uning bir butunligini asrashga yo`naltirilgan. Komponentlarning birortasining o`zgarishi bilan butun sistema ham o`zgaradi va buning natijasida o`zining bir butunligini saqlab qoladi. Geografik qobiqda barcha jarayonlar aylana bo`yicha sodir bo`ladi. Ular zanjirdagi halqalardek tuzilgan bo`lib, bir-biri bilan almashinib, energiyani biridan boshqasiga yetkazib beradi va o`zgartiradi. Geografik qobiq komponentlari to`g`ri va teskari aloqalar orqali o`zaro bog`liq bo`lgan va qisman bir-biriga o`zaro kirib turadigan murakkab uyushgan ochiq sistemadir. U Koinot tomonga ham, Yerning ichki qatlamlari tomoniga ham ochiqdir va ularning turli xil ta`siri ostidadir.
Geografik qobiqda ayrim komponentlar boshqa komponentlarning tadrijiy rivojlanishini sekinlashtirishi yoki aksincha tezlashtirishi mumkin. Shunday qilib, geografik qobiq o`ta tartibli uygun‘lashgan (uyushgan) mexanizm bo`lib, uning biror – bir hududida sodir bo`lgan o`zgarish albatta uning boshqa hududlarida ham muayyan o`zgarishlarning sodir bo`lishiga olib keladi.
Geografik qobiq bir butunligi – hozirgi paytda tabiatdan oqilona foydalanish nazariyasi va amaliyoti asoslanadigan muhim qonuniyat. Bu qonuniyatni hisobga olish sayyoramiz tabiatida sodir bo`lishi mumkin bo`lgan o`zgarishlarni oldindan ko`rish, insonning tabiatga ta’sirining ehtimoliy natijalarining geografik bashoratini berish, muayyan hududlardan xo`jalikda foydalanish bilan bog`liq bo`lgan turli loyihalarning geografik ekspertizasini amalga oshirish imkonini beradi. Agar insonning xo`jalik faoliyati bu qonuniyatni e’tiborga olmasa, nomaqbul oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Geografik qobiqning bir butunligi qonuniyati inson xo`jalik faoliyati ta’sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan har qanday hududni (geosistemani) oldindan geografik jihatdan mukammal o`rganishni taqoza etadi.
Geografik qobiqdagi sabab va oqibat bog`lanishlari juda murakkab bog`lanishlardir. Geografik qobiqning ana shu murakkab bog`lanishli tuzilmasining xucusiyatlarini bilib olgandagina lanshaft komponentlari orasidagi nisbat va mutanosiblik xo`jalik faoliyati ta’siri ostida qay yo`nalishda o`zgarishi to`g`risida mulohaza yuritish mumkin. Geografik qobiq bi butunligi qonuniga rioya qilmaslik juda katta iqtisodiy xatoliklarga sabab bo`ladi.
Geografik qobiqning bir butunligi tabiiy jarayonlarni boshqarishni murakkablashtiradi. Chunki insonning biror-bir hududga ta’siri bu hududdan tashqarida ham ancha katta maydonlarga tarqaladi va oxir-oqibatda butun geografik qobiq bo`ylab tarqaladi. Geografi qobiqdagi o`zaro aloqalarning hududiy tabaqalashuvini bilish nisbatan alohida bo`lgan sistemalarni belgilash imkonini bergan holda boshqarish uchun ‘qulayroq’ bo`lgan sistemalarni ham belgilash imkonini ham beradi.
Geografik qobiqning bir butunligi tabiiy muhitni asrash va uni boshqarish muammolarining yechimiga strategik yondashuvni belgilaydi. Geografik qobiqdagi o`zaro ta’sirning global sajiyasi tufayli unung holati va tavsiflarini samarali tartibga solish amalga oshiriladi. Ayni paytda geografik qobiqning bir butunligi va birligi tabiiy jarayonlarni boshqarish muammosining yechimini murakkablashtiradi. Chunki insonning cheklangan hududlarga yo`naltirilgan ta’sirlari ancha katta maydonlarga va oxir – oqibatda butun geografik qobiq bo`ylab tarqaladi. Geografik qobiqdagi o`zaro aloqalarning hududiy tabaqalashuvini o`rganish nisbiy alohida bo`lgan sistemalarni aniqlash va buning natijasida ularni qulay holda boshqarish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |