Postreplikativ reparatsiyalar. Reparatsiyaning bu xili E.coli ning mutant hujayralarida aniqlangan. Bular timin dimerlarini yo`qota olmaydi. Bunday hujayralar UB nurlar bilan nurlansa ham replikatsiya jarayoni sekin bo`lsa ham davom etadi, lekin ayrim uzilishlar bo`ladi. Keyinchalik bu qismlar yo`qoladi, bu reparatsiya nurlangandan keyin darhol o`tadi.
Postreplikativ reparatsiya o`ziga xos, bu yerda zararlangan qismlarni tanish davri yo`q. Reparatsiyaning bu xili rekombinatsiya bilan bog`liq. Bunda rekombinatsiya jarayonida buzilgan qismlar tez tiklanadi. Timin dimerlari DNK ning boshlang`ich iplarida saqlanadi. Postreplikativ reparatsiya faqat bakteriya hujayralarida emas, balki eukariot hujayralarda ham kuzatiladi. Sutemizuvchilarda uzilgan qismlarning tiklanishi rekombinatsiya hisobiga emas, balki DNK molekulasining yangidan sintezi (de novo) hisobiga tiklanadi.
Postreplikativ reparatsiyaning yana bir xili sust boruvchi reparatsiya mavjud. Buning uchun bir necha soat talab etiladi. Chunki bu reparatsiya uchun talab qilinadigan ferment nurlanmagan hujayrada bo`lmaydi. Ularni nurlanish ta’minlaydi. Bunday mexanizmga SOS – reparatsiya deyiladi. Buning o`ziga xos tomoni shundaki, bunda DNK molekulasining birlamchi tarkibi aniq tiklanmaydi. Shuning uchun bunga xatoga yo`l qo`yiladigan reparatsiya deyiladi.
Postreplikativ reparatsiya faqat bakteriyalarda emas, balki eukariot organizmlarda ham aniqlangan. Odamlarda aniqlangan kserodermaning XPvar xili postreplikativ reparatsiya bilan bog`liq.
Transduksiya – ma’lum sharoitda maxsus tuzilishga ega bo`lgan bakteriofag DNK bo`lagining bakteriya xromosomasiga birikishi va undan ajralib chiqish jarayonida bakteriya xromosomasining bir bo`lagini o`ziga biriktirib olib chiqish jarayoni.
DNK irsiyatning moddiy asosi ekanligi ikkinchi marotaba 1952-yili A.Xershi va M.Cheyz bakteriofaglar ustida o`tkazgan tajribasida isbotlandi. Ular N.Zinder, J.Lederberglar bilan bir vaqtda transduksiya hodisasini kashf etdilar. Transduksiya atamasi ostida DNK molekulasini bir bakteriyadan ikkinchi bakteriyaga bakteriofaglar yordamida o`tkazilishi tushuniladi.
Mazkur tajribaga qadar bakteriofaglar bakteriya tanasiga kirganda ularning hujayrasida ko`payib bakteriyalar yorilib o`lishi va natijada bakteriofaglar bilan zararlangan bakteriya koloniyasi lizis bo`lishi ma’lum edi. Bu jarayon faglarning litik reaksiyasi deb ataladi. Ayrim hollarda fag bilan zararlangan bakteriya hujayralarining ba’zilari ofatdan qutilib qolishi mumkin. Buning asl sababi bakteriya tanasiga tushgan fagning irsiy molekulasi bakteriya xromosomasining maxsus nukleotidlari izchilligini kesib, unga birikishi va faol holatdan ko`paya olmaydigan ya’ni bakteriyani lizis qila olmaydigan nofaol – profag holatga o`tishi bo`lgan. Ofatdan qutilgan bakteriya lizogen bakteriya, bu jarayon esa lizogen reaksiyasi deb nomlanadi. Ayrim holatlarda o`z-o`zidan yoki fizik-kimyoviy omillar ta’siri tufayli bakteriya xromosomasidagi fag irsiy molekulasi ajralishi va boshqa bakteriyalarni zararlantirishi, o`ldirishi yoki bakteriya xromosomasi bilan birikib profag holatga o`tishi mumkin. Binobarin, transduksiya hodisasi ham organizmlar irsiyatini moddiy asosi DNK ekanligidan dalolat beradi.
Irsiyatning moddiy asosi DNK ekanligini isbotlovchi yana bir misol bakteriyalarning konyugatsiyasidir. Bakteriyalar odatda jinssiz bo`linish yo`li bilan ko`payadilar. Lekin ularda “jinsiy” ko`payish – bakteriyalar konyugatsiyasi ham sodir bo`ladi. Konyugatsiya paytida bakteriyalar ayrim qismlari bilan yaqinlashib, ikki bakteriya yadrosi orasida sitoplazmatik ko`prik hosil bo`ladi va u orqali donor bakteriya xromosomasining ayrim bo`lagi retsipiyent bakteriya tanasiga o`tadi va natijada retsipiyent bakteriya fenotipda donor bakteriya xossasini o`zida namoyon etadi.
Transpozonlarning kashf etilishi genetik muhandislikning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo`ldi.
Ko`chib yuruvchi genetik elementlar – transpozonlarni o`simlik organizmida AQSH olimasi Barbara Mak Klintok, mikroorganizmlarda AQSH olimi Ahmad Buxoriy va hasharotlarda Rossiya olimi Georgiy Georgiev kashf etgan.
Ko`chib yuruvchi genetik elementlar ayni vaqtda transpozitsion elementlar yoki transpozonlar deb ham ataladi. Transpozonlar xilma-xil strukturaga ega bo`lsalar-da, barcha transpozon molekulalarining ikki chetida maxsus nukleotidlar izchilligi, markaziy qismda esa DNK molekulasining belgilangan joyida "yopishqoq" uchlar hosil qilib notekis kesuvchi transpozaza fermentini sintez qiluvchi gen mavjuddir.
Transformatsiya – ma’lum sharoitda bir organizm irsiy molekulasi har qanday bo`lagining ikkinchi organizm irsiy molekulasi tarkibiga birikish hodisasidir. Bu yo`l bilan organizm irsiylantiriladi.
DNK ning genetik roli birinchi marotaba zotiljam kasalligini qo`zg`atuvchi yumaloq shakldagi bakteriyalar – pnevmokoklarda isbotlangan. Pnevmokoklardagi transformatsiya hodisasi 1928-yili ingliz bakteriologi F.Griffit tomonidan ixtiro qilingan. Uning tajribasi pnevmokoklarning ikki S va R formalari ustida o`tkazilgan. Bakteriyalarning S shtammi agar-agardan tayyorlangan quyuq ozuqa muhitida tekis, yorqin koloniya hosil qiladi. U polisaxarid kapsulaga ega bo`lib sichqonlarga yuqtirilgach ular o`limiga sababchi bo`ladi. Bakteriyalarning R shtammi kapsulasiz bo`lib, quyuq ozuqa muhitida g`adir-budur koloniya hosil etadi va shtamm sichqonlarga yuqtirilganda, ular omon qoladilar. Tajribada S shtammli bakteriyalar 65-70°C issiqlik ta’sirida o`ldirilgach, ularning patogenlik xususiyati yo`qoladi. F.Griffit tajribalarining birida o`lgan S shtamm qoldig`i bilan tirik R shtamm bakteriyalar aralashgan holda sichqonlar tanasiga yuqtirilganda, ba’zi bir sichqonlarning o`lganligi kuzatilgan. O`lgan sichqonlar tanasi tekshirilganda ularda tirik S bakteriyalar borligi aniqlangan. Boshqa sichqonlarga issiqlik ta’sirida o`lgan S shtammli bakteriyalar yoki tirik R bakteriyalar alohida-alohida yuborilganda sichqonlar o`lmay, tirik qolgan. O`tkazilgan tajriba asosida agar o`lgan S bakteriya va tirik R shtamm birga bo`lsa, u holda R shtamm o`lgan S shtamm xossasiga ega bo`lishi mumkin degan xulosaga kelindi. Lekin olim bakteriyalar qanday moddasi irsiy xossani tashib yurishini bila olmadi.
1944-yilga kelib O.Everi, K.Mak Leod va M.Mak Karti Griffit tajribasini qaytadan takrorladilar va S shtammida uning patogenlik xususiyatini tashib yuruvchi DNK ekanligini ma’lum qildilar. Shunday qilib dastlab bakteriyalarda DNK ning irsiyatga aloqadorligi isbotlab berildi.