56
Sun’iy tanlashning ijobiy rolini bilvosita dalillarga qarab ham isbotlash mumkin.
Eng avval shuni qayd qilish kerakki, o`simlik navlari, hayvon zotlari odamning
xo`jalik, iqtisodiy yoki estetik talablariga muvofiq ravishda chiqarilgan. Shu sababli
madaniy o`simliklar va xonakilashtirilgan hayvonlar inson uchun foydali belgi-
xossalari bilan o`zaro keskin farq qiladi. Turli g`o`za navlari ko`sagining soni,
vazni, tezpisharligi va tolasining texnologik sifatlari bilan farq qilsa ham, biroq
gultojibarglarining, kosachabarglarining rangi va shakli yoki ildizining
tuzilishiga ko`ra o`zaro o`xshash bo`ladi. Shuningdek, xilma-xil karam navlari
bargining tuzilishi bilan o`zaro farq qilsa, gulining tuzilishi bilan o`xshash bo`ladi.
Kapalakgulda aksincha, gullari xilma-xil bo`lib, barglari o`zaro o`xshash. Krijovnik
o`simligining mevasi esa turli-tuman bo`lib, guli va vegetativ organlari o`zaro
o`xshash. Bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin. Bu dalillar inson sun’iy
tanlash olib borayotganida organizmlarning barcha belgi-xossalariga e’tibor
bermay, faqat xo`jalik, iqtisodiy va estetik talablariga muvofiq kelgan belgi-
xossalariga diqqat-e’tiborni qaratganidan dalolat beradi. Bunday qonuniyat faqat
o`simliklarga xos bo`lmay, balki hayvonlar zotiga ham mansubdir. Chunonchi,
jundor qo`ylarning juni juda yuqori baholanadi. Har xil qo`y zotlarining juni bir-
biridan keskin farq qiladi. Qoramollarda esa bunday emas. Inson sun’iy tanlash
jarayonida organizm belgilarini mumkin qadar keskin o`zgartirishga harakat qildi.
Yovvoyi qoramol bir yilda buzog`ini emizish uchun yetarli bo`lgan 600 l sut bersa,
inson tomonidan chiqarilgan qoramol zotlari bir yilda 16000 l gacha sut bera
oladi. Agar yovvoyi bankiv tovuqlari bir yilda 4—13 tagacha tuxum qilsa, sun’iy
tanlash natijasida chiqarilgan tovuqlar 300-350 tagacha tuxum beradi.
Sun’iy tanlash yo`li bilan inson o`zi uchun zarur belgi-xossalarni
takomillashtirishi tufayli hayvonlar bilan o`simliklarning g`ayri-tabiiy formalarini
vujudga keltirishi mumkin. Inson sun’iy tanlash bilan shunday g`ayri-tabiiy
formalarni chiqaradiki, ular tabiiy sharoitda inson ishtirokisiz yashashi mumkin
bo`lmay qoladi. Urug` bermaydigan o`simlik navlari, itlarning junsiz, kaptarlarning
shamolga qarshi ucha olmaydigan «tovus kaptar» zotlari, cho`chqa va qo`ylarning
haddan tashqari semiz zotlari bunga yaqqol misoldir.
Inson sun’iy tanlashni har xil maqsadlarni ko`zlab olib boradi. Buning
natijasida har xil zot va navlar vujudga keladi, ya’ni boshlang`ich formalardagi
belgilar tarqalib ketadi. Bu divergensiya hodisasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: