2.
Tur paydo bo`lishining asosiy yo`nalishlari.
Keng tarqalgan ajdod tur arealining bo`linishi hisobiga yangi turlar hosil bo`ladi.
Turlarning bunday hosil bo`lishi allopatrik, ya’ni geografik (grekcha allo — boshqa,
patriya - vatan degan so`zlardan olingan) tur hosil bo`lishi deyiladi. Boshqa hollarda
esa yangi tur ona tur areali ichida vujudga keladi. Keyinchalik holat simpatrik
(yunoncha sim birga degan ma’noni bildiradi) tur hosil bo`lishi deb nomlanadi.
Allopatrik usulda tur hosil bo`lishi
. Bunda oldin geografik, ya’ni territoriya
jihatdan alohidalanish, so`ngra biologik alohidalanish ro`y berishi tufayli yangi turlar
hosil bo`ladi. E. Mayr mulohazasiga ko`ra, allopatrik usulda tur hosil bo`lishi
sistematiklar olib borgan xilma-xil tadqiqodlarga asoslanadi. Ajdod turdan geografik
jihatdan ajralgan populyatsiyalar ma’lum muddat davomida shunday belgi-xossalarga
ega bo`ladiki, oqibatda ular jinsiy ko`payish jihatidan alohidalanishga olib keladi.
Shuning uchun turning xilma-xil bosqichlaridagi tabiiy populyatsiyalarni tinmay
kuzatish imkoniyati tug`iladi. Darvin va klassik darvinizm namoyondalari asta-sekin
tarkib topayotgan turlarni tadqiq etishga doim harakat qilganlar. Ularning
mulohazasiga ko`ra, «shubhali» turlar yangi turlar paydo bo`lishini isbotlovchi dalil.
To`g`ri, Darvin tur paydo bo`lishining o`ziga xos bosqichlarini aniqlay olmagan.
Chunki u ayrim bir organizmning o`zgarishi bilan populyatsiyaning o`zgarishi
orasidagi farqni bilmagan. Tur hosil bo`lishi avvalo populyatsiya yangilanishi, qay
darajada mustaqil hayot kechirishi, rivojlanishga layoqatligi bilan belgilanadi.
Allopatrik usulda tur hosil bo`lishi masalasi yaxshi o`rganilgan. Hozirgi vaqtda
geografik irqlarning alohidalanishi hisobiga yangi turlar hosil bo`lishiga doir juda
ko`p ma’lumotlar to`plangan. Odatda, keng arealga tarqalgan turlar geografik
irqlarning ma’lum darajada alohidalanishiga sababchi bo`ladi. Masalan, V.L.
Komarov uqtirishicha, kaynozoy erasining to`rtlamchi davrida Shimoliy Muz okeani
muzining janubga siljishi natijasida o`simliklar qoplami o`zgargan. Oqibatda
marvaridgul tarqalgan areal 5 ta mustaqil geografik zonaga bo`linib ketgan va bu
o`simlikning Yevropa, Zakavkaze, Saxalin-Yaponiya, Shimoliy Amerika irqlari hosil
bo`lib, ular ko`pgina belgilari bilan bir-biridan farq qilgan.
G`o`za avlodi allopatrik yo`l bilan tur hosil bo`lishiga yorqin misoldir.
Gossipium avlodining turlari mezozoy erasining bo`r davridan boshlab bir-biridan
185
alohidalashib, to`rt qit’aga tarqalgan. Shunga ko`ra, hozirgi vaqtda ko`p turlarning
alohida tarqalish areali mavjud. Chunonchi yovvoyi G. trilobum Meksikaning
shimoliy qismiga va AQSh ning Arizona shtatida, G.klotshianum Galapagos
arxipelagining Chatem va Chariz orollarida G.raimondi Shimoliy Peruning qirg`oqqa
yaqin tog`li rayonlarida, G. armarianum Kaliforniyaning janubida hamda San-Markos
orolida tarqalgan.
Juda ko`p ma’lumotlar turga xos har qanday belgi geografik jihatdan
o`zgaruvchan ekanligini tasdiqlamoqda. Bu o`zgaruvchanlik darajasi irqlar va
populyatsiyalarning alohidalanish xususiyatlariga bog`liq. Mabodo, bir tur yoki yaqin
turga mansub populyatsiyalar territoriyasi yondosh bo`lsa, ular o`zaro chatishishi
hisobiga geografik o`zgaruvchanlik nisbatan kamayadi. Ularning territoriyasi alohida-
alohida bo`lganda esa geografik o`zgaruvchanlik orta boradi. Tur hosil bo`lishining
har xil usulida alohidalanish mexanizmi katta ahamiyatga ega. Geografik jihatdan
alohidalanish hamma vaqt asta-sekin biologik alohidalanishga olib keladi. Geografik
irqlarning jinsiy alohidalanishi etologik o`zgaruvchanlik bilan uzviy bog`liqdir.
Gomperts ma’lumotlariga ko`ra, katta chittakning tutqinlikda saqlangan Hind va
Britaniya irqlarini chatishtirish natijasida hosil bo`lgan duragaylar patining rangi va
sayrashi bilan ota-ona formalardan farq qilgan. Oqibatda katta chittakning Britaniya
irqi boshqa tur vakili sifatida qabul qilingan. O`simliklarda geografik irqlar orasidaga
alohidalanish gullash va hosil tugish muddatlarining o`zgarishi bilan bog`liq.
Urchish davrida biologik alohidalanish natijasida populyatsiya va geografik
irqlardagi genlar takrorlanishi, tanlanish yo`nalishi, moslanish normalari keskin
o`zgaradi. Alohidalanishning asta-sekin kuchayib borish hisobiga geografik irqlar,
kenja turlar hosil bo`ldi. Kenja turlarni tur ichidagi eng yirik struktura birligi sifatida
emas, balki evolyutsion o`zgarishlarning bosqichi sifatida talqin etish kerak.
Geografik irqlar rivojlanib kenja tur darajasiga yetishi yumronqoziqlar, dengiz
mushuklari, rusak quyon va boshqa hayvonlarda aniqlangan.
Ekologik irqlarning alohidalanishi hisobiga yangi turlar vujudga kelishi
o`simliklar va hayvonlarda ko`plab uchraydi. G`o`zaning barcha turlari ma’lum
darajada polimorf hisoblanadi. Polimorf turlar tarqalgan areal hajmi va hayot
sharoitining xilma-xilligi bilan uzviy bog`liqdir. F. M. Mauer aniqlashicha, G.
xirzutum turida meksikanum, punktatum, panikulatum, yeuxirzutum kenja turlari
mavjud. Ularning har biri o`z navbatida ekologik-geografik irqlarga bo`linadi.
Chunonchi, g`o`zani punktatum kenja turi Markaziy Amerika, Vest- Indiya, G`arbiy
Afrika, Sharqiy Afrika va Janubiy Hind ekologik-geografik irqlaridan tarkib topgan.
X.Saydaliev ma’lumotiga ko`ra hozirgi vaqtda poliploid turlarida G hirsutumda
8361, G barbadenseda 2046, G. arboreumda 600, G. herbaceumda 636 madaniy va
yovvoyi o`simlik namunalari bor.
Ekologik tur hosil bo`lishi, odatda, «ekoelement→ekotip→tur» sxemasi asosida
boradi. Allopatrik usulda tur hosil bo`lishida ajdod tur tarqalgan arealning o`zgarishi
divergensiyaga sababchi hisoblansa, ekologik yo`l bilan tur hosil bo`lishida bu jarayon
o`zgargan formalar ajdod tur populyatsiyalarining saqlanib qolgan areali doirasidan
yangi hayot sharoitini egallab olishi hisobiga amalga oshadi. Buning natijasida ular
yangi arealdagi populyatsiyalar, geografik, ekologik irqlar bilan bevosita yoki
bilvosita aloqada bo`ladi. Shu nuqtai nazardan, geografik va ekologik tomondan
186
alohidalashgan organizmlarning vujudga kelishida ularning qo`shni populyatsiyalar
bilan munosabati alohida o`rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |