Oshqozon osti bezi
Oshqozon osti bezi oshqozonning pastki va orqa sohasida birinchi bel umurtqasi ro’parasida joylashgan bo’lib, uzunligi 16-20sm, vazni 70-80 g. Oshqozon osti bezi aralash bez bo’lib, to’qimasining 98-99% tashqi sekretsiya funksiyalarini bajarib, ovqat hazm qilishda ishtirok etuvchi fermentlarni ishlab chiqaradi. Bez to’qimasining 1-2%i, ya’ni Langergans orolchasi deb ataluvchi qismi ichki sekretsiya funksiyasini bajaradi.
Bez orolchalari uch tipdagi hujayralardan tashkil topgan: alfa, beta va gamma hujayralar. Ularning asosiy qismini beta hujayralardan tuzilgan Langergans orolchalari tashkil qiladi. Hujayralarning 1/5 umumiy qismini alfa hujayralardan tashkil topib bezning periferiyasida joylashgan. Odam bezining 1 massasida 2700-25500 pankreatik orolchalari to’g;ri keladi.
Oshqozon osti bezi gormonlari
Langergans orolchalari uch xil hujayralardan — alfa, beta va gamma hujayralardan tuzilgan. Ular orasida eng ko’pi (itlarda qariyb 75%) beta hujayralardir; bular kichkina va donador protoplazmali bo’ladi.
Orolchalarning alfa hujayralari glyukagon gormonini hosil qiladi. Hayvonlar organizmiga kobalt tuzlari katta dozada yuborilsa, alfa hujayralar halok bo’lib, glyukagon chiqishi to’xtaydi. Me’da osti bezining mayda chiqaruv yo’llaridagi epiteliy lipokain gormonini chiqaradi, degan ma’lumotlar bor.Bez ekstraktlarida yana ikkita gormon — vagotonin va sentropnein topilgan.
Insulin. Oshqozon osti bezidan insulin gormonini ajratib olish yo’lidagi urinishlar uzoq vaqtgacha natija bermagan, chunki bu gormon oqsil modda bo’lib, qirqib olib maydalangan oshqozon osti bezida pankreatik shira ta’sirida parchalanib ketadi. 1902 yilda L. V. Sobolev insulin parchalanishining oldini olishga yordam beradigan ikki usulni taklif etdi. Bu usullardan birida hayvonning oshqozon osti bezini olib tashlashdan 4—5 kun oldin bezning shira chiqaruv yo’llari bog’lab qo’yiladi; shu sababli tashqi sekretor epiteliy degeneratsiyalanib, nobud bo’ladi. Natijada bezda insulinning fermentativ parchalanishiga sabab bo’ladigan shira qolmaydi. Ikkinchi usulda embrionlarning oshqozon osti bezidan gormon ajratib olinadi, chunki ularda hali hazm shirasi hosil bo’lmaydi. 1922 yilda F. Banting va Ch. Best birinchi usulni tatbiq etib, insulinning aktiv preparatlarini olishdi.
Insulinning kimyoviy tuzilishi yaqinda aniqlandi. Insulin disulfid bog’lar bilan birlashgan 17 xil aminokislotaning ikki zanjiridan tuzilgan polipeptid ekan (birinchi zanjir 21 aminokislotadan, ikkinchi zanjir 30 aminokislotadan tuzilgan). Hozir insulin preparatlari kimyoviy sintez yo’li bilan olingan (lekin bu preparatlar hozircha kam aktiv). Bu organizmdan tashqarida sintez yo’li bilan olingan birinchi oqsildir. Turli hayvonlarning oshqozon osti bezidan olingan insulinlar molekulasida aminokislotalarning joylashuvi bilan farq qiladi. Insulin molekulasida rux yo’q, lekin u ruxni biriktira oladi; ayni vaqtda insulin ta’siri uzayadi va kuchayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |