Oldingi tahrirga qarang. 8. Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza qonun hujjatlariga muvofiq pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan uning yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 13-maydagi 121-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 227-modda) Xodimga va uning oila a’zolariga pensiya (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi) tayinlangan taqdirda pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza xodimning yoki vafot etgan boquvchining (uning oila a’zolariga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan taqdirda) oxirgi ish joyi bo‘yicha tashkilotning ma’muriyati orqali ariza beruvchining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga berilishi mumkin.
Pensiya tayinlanadigan shaxs balog‘atga yetmagan yoki huquqiy muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, ariza uning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ularning yashash joyi orqali beriladi.
Oldingi tahrirga qarang. 81. Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash (qayta hisoblash, tiklash, pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish) to‘g‘risidagi ariza bevosita manzil-koloniya joylashgan yerdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi.
Shaxsning pensiya tayinlash (qayta hisoblash, tiklash, pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish) to‘g‘risidagi arizasi manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan manzil-koloniya joylashgan yerdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Pensiya tayinlash (qayta hisoblash) to‘g‘risidagi arizaga ish stajiga oid ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.
Pensiya jamg‘armasi bo‘limi:
shaxsning ish stajiga oid ma’lumotlar asosida pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur bo‘lgan ushbu Nizomning 12 — 14-bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘plashda amaliy yordam ko‘rsatadi;
pensiya to‘lovini tiklash yoki davom ettirish to‘g‘risidagi arizaga asosan pensiya yig‘majildini Pensiya jamg‘armasining tegishli tuman (shahar) bo‘limidan talab qilib oladi.
(81-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-martdagi 145-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.03.2020-y., 09/20/145/0295-son) 9. Pensiya tayinlashni so‘rab pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab istalgan vaqtda, biror muddat bilan cheklanmagan holda murojaat etish mumkin.
10. Barcha zarur hujjatlar bilan birga ariza qabul qilingan kun pensiya so‘rab murojaat etilgan kun hisoblanadi.
Agar ariza pochta orqali yuborilsa va bunda barcha zarur hujjatlar ham ilova qilingan bo‘lsa, ushbu arizani jo‘natishning pochta shtempelida ko‘rsatilgan sanasi pensiya so‘rab murojaat etilgan kun hisoblanadi.
Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan hollarda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi qo‘shimcha yana qanday hujjatlar taqdim etilishi lozimligini tashkilot ma’muriyatiga yoki ariza beruvchiga ma’lum qiladi. Agar ular qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi lozimligi to‘g‘risida xabarnoma olingan kundan boshlab uch oydan kechikmay taqdim etilsa, pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan kun pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang. 11. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligi uchun shubha paydo bo‘lgan taqdirda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin. Tekshirish tasdiqlovchi hujjatlarni bergan tashkilotda yoki arxivda amalga oshiriladi. Tekshirish natijalari bo‘yicha ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, u tekshiruvchining va tashkilot yoki arxiv mansabdor shaxsining imzosi, shuningdek tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi tashkilot yoki arxivda, ikkinchi nusxasi Pensiya jamg‘armasi bo‘limida qoladi. Dalolatnomada tasdiqlovchi hujjatlarning kim tomonidan berilganligi va tekshirish vaqtida hujjatlarning joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumot majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 26-27-son, 294-modda) Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish to‘g‘risida qaror chiqargan hollarda, tekshirish tamom bo‘lish muddatidan qat’i nazar, pensiya tayinlash uchun dastlab murojaat qilingan sana pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan sana hisoblanadi.
12. Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
ish stajini, shu jumladan maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;