9-QISM
GENERAL GRANT
Mana William hokimiyat tepasiga kelib, odamlarni oyoqqa turgazganiga ham 1 oydan oshdi. U boshchilik qilayotgan olimlar guruhi vampirlarni o'ldira oladigan darajadagi kuchli bo'lgan miltiqlarni yasashdi. Yuz kishidan iborat ovchilar guruhi esa "YSM" dan tashqariga chiqib, qurolni vampirlarda sinab ko'rishdi. William Minerva qo'shinga boshchilik qilish uchun 40 yoshli kuchli, irodali va aqlli harbiyni topib keldi. Uning ismi general Grant bo'lib, 35 yoshigacha "YSM" ichki qo'shiniga rahbarlik qilgan. Keyin esa birgina arzimas xatosi tufayli ishdan chetlashtirilgan.
–U odamdan badbo'y hid kelyapti,-dedi burnini berkitib olgan Roza qo'lidagi buterbrod to'ldirilgan patnisni stol ustiga qo'yib,-Nega dadamiz uni uyga olib keldi o'zi?
Sal nariroqdagi stol ustidagi xaritaga bir nimalarni chizib o'tirgan Grant bolalarning gapini umuman eshitmay, yonidagi ichkilik to'ldirilgan idishdan bir ho'plab qo'ydi.
–Bilmadim...bunday piyonista odamga ishonish mumkinmikan...Emma, sen nima deysan?-Luna chekkada kitob o'qib o'tirgan Emmaga yuzlandi.
–Bilmayman. Ammo dadamiz bu odamni bekorga tanlamagani aniq. Shunchaki ichkilikdan biroz chalg'itilsa, bizga ancha foydasi tegadigan odam bo'ladi.
–Hoy mallasoch, menga yeyishga biror narsa olib kel!-Grant xarita joylashtirilgan stol qarshisidagi yumshoq kresloga o'tirib olib, buyruq berdi.
–Mallasoch? U meni aytyaptimi?-so'radi Emma qizishib.
–Ma ol, mallasoch,-Roza qo'lidagi patnisni Emmaga uzatdi. Emma buterbrod to'ldirilgan patnisni Grantning yoniga qo'yib, asabiy ohangda gap boshladi:
–Janob, umuman olganda, bu sizning uyingiz emas. Yaxshisi dadam bilan hokimiyat binosida ishlashingiz kerak.
–Menga aql o'rgatma. Janob Minerva meni ataylab shu yerga jo'natdi. Haqiqiy ish kechasi boshlanadi.
–Bu bilan kechgacha ichib o'tiraman demoqchimisiz?-so'radi nargi kresloda kitob o'qib o'tirgan Rey.
–Sen umuman aralashma, uyquchi siklop. Senga o'xshab boshimga kitob qo'yib olib uhlamayapman. Agar bilsang, hozirning o'zida siz bergan shtab xaritasini butunlay o'rganib chiqdim.
–Siklop?! Haddingizdan oshmang, janob! Undan ko'ra sasiyotgan og'zingizni yopib o'tirsangiz bo'lardi.
–Kelinglar, qizishmaymiz,-dedi oshxonadan chiqib kelgan Mayk,-Men dadamiz bilan gaplashdim. Bir necha soatdan so'ng yetib kelar ekan.
–Ana, demak meni bir necha soat bezovta qilmaysiz. Qani, boshqa xonaga o'tinglar. Tez! Axir uy juda katta-ku.
–Janob, bu uy bizniki,-dedi Luna,-Agar xohlasangiz sizga alohida xona ajratib beramiz. Derazasi ham bor, badbo'y hidlar chiqib ketadi.
–Rahmat, to'rtko'z, ammo stol ustida qog'ozlar ko'p. Qaytadan joylashtirilsa, chalkashib ketishim mumkin.
–Axir bittagina xarita va 2-3 ta qog'oz turibdi, xolos-ku!-baqirib yubordi Emma.
–Bo'ldi, bas! Menga halaqit bermang. Bo'lmasa dadangizga hisobot tayyorlay olmay qolishim mumkin!
Do'stlaringiz bilan baham: |