10-QISM
MAHBUSLAR
Mana bugun Emma eng ko'p kutayotgan kun ham keldi. Bugun ular "YSM" qo'shinini yig'ib, vampirlarni yo'q qilish uchun jo'nab ketishadi. Havo ham ancha ochiq, atrof yorug' va charag'on. Xuddi tabiat ham odamlarga yon bosayotganday...
–Bugun oramizdan ko'pchiligimiz o'lishimiz mumkin,-William butun poytaxt aholisiga minbardan turib so'zlay boshladi,-Ammo o'lgan safdoshlarimiz shunchaki bizni tark etishmaydi. Ular farovon kelajagimiz uchun, odamzod uchun o'zini qurbon qilishadi! Yana bir bor qaytarib aytaman, tashqarida vampirlar biz o'ylaganchalik ko'p emas. Ular mingta bo'lgan taqdirda ham biz g'alaba qozongan bo'lardik! Ammo ular bunchalik ko'p emas. Nega men o'zim bilan ming kishilik qo'shinni olib ketyapman deb o'ylarsiz. Chunki vampirlarning soni yuztaga ham yetmaydi! Bizning qurollarimiz bemalol ularni yo'q qila oladi!
–Ishonamiz emish!-pichirlab qo'ydi Grant,-Axir mingtadan ortiq miltiq yasashga mahsulot yetmadi-ku.
–...Agar birgalikda harakat qilsak, jipslikda jang qilsak, vampirlarni o'z olamimizdan quvib chiqaramiz! Tez orada qurollarimiz soni yanada ortadi va vampirlarga kerak bo'lsa o'n ming kishilik qo'shin bilan hujum qilamiz. G'alaba ham, adolat ham biz tarafda!
Oradan 4 soat o'tdi.
General Grant qo'mondonligidagi qo'shin "YSM" ni qattiq va buzilmagan tartib ostida tark eta boshladi. Eng oxiri bo'lib chiqib ketishi kerak bo'lgan William, Emma va Rey qo'shinga vaqtinchalik qo'shilmay turishga qaror qilishdi. Chunki ular bira to'la "B32" ga qarab yo'l olmoqchi edilar.
–Menga so'z berishing kerak, Emma!-baqirdi Luna uning qo'llaridan mahkam ushlab,-Tirik qaytishing shart. Nima bo'lganda ham tirik qayt. Sendan ayrilib qolishni istamayman!
–Hammasi yaxshi bo'ladi, Luna. So'z beraman, yetimxonada qolib ketgan do'stlarimiz bilan birga qaytib kelaman. Birgalikda uzoq va baxtli hayot kechiramiz.
–Senga ishonaman, Emma-Luna jilmayib, Emmani qattiq quchoqladi. Ammo Emmani qo'yib yubormay, tirsaklari bilan qattiq bo'g'ib oldi:
–Menga qara, Emma, agar tirik qaytmasang, so'z beraman, o'zimni o'ldiraman! Tushundingmi?
–Luna, bu nima deganing? Albatta qaytaman...
–Sensiz biz hech kimmiz! Omon bo'l, omad yor bo'lsin!
* * *
–Mayk, men ham sizlarga qo'shilishni istayman! Axir fermadan ham birga qochganmiz-ku!
–Yo'q, Don. Sen qolishing kerak. Agar bizga nimadir bo'lsa, bolalarga ko'z-quloq bo'ladigan odam qolmaydi. Shuning uchun ham sen ham Luna ham shu yerda qolishingiz kerak.
–Bir nima bo'lsa?!-baqirib yubordi Don,-Sizlar omon qaytishingiz shart! Agar omon qaytishga ishonmayotgan bo'lsang, mana men sizlarni himoya qilaman! Men ham sizlar bilan birga borishni istayman!
–Don...
–Men Kenyni qutqara olmaganman...Krisni ham qutqarolmadim...qolgan do'stlarimni ham...Endi bunday bo'lmasligi kerak! Ulardan Kenyning o'limi uchun qasos olishni istayman!
–Balki dadamiz bilan gaplashib ko'rarsan? Men o'zim biror qaror qabul qilishim qiyin...
* * *
–Sog'-omon qaytishga so'z berasanmi, Rey?-so'radi Roza Reyga og'ir yuk halta tutqazib.
–So'z bera olmayman. Menda o'zimni o'ldirishga bo'lgan moyillik boshqalarnikidan ko'proq. Bular nima? Buncha og'ir bo'lmasa?
–Bu yerda barchangizga yetadigan oziq-ovqat, suv va har ehtimolga qarshi har xil mayda-chuydalar bor. Hatto pichoq ham solib qo'ydim.
–Bular menga kerak emas. Oziq-ovqat qo'shinda ham bor. Barchaga yetadi. Mayda-chuydalarni esa ko'tarib yurishga ortiqcha kuchim yo'q.
–Ammo bu yerda men va Luna pishirgan taomlarimiz bor. Bolalarni sog'inib qolmasligingiz uchun har xil esdaliklar ham solib qo'ydim...
–Esdalik?! Aqldan ozib qolganmisan? Men vidolashib ketmayapman-ku!
–To'g'ri...men ahmoqman. Biroz oshirib yuborgan ko'rinaman...
Rey haltani ochib, har xil kerakmas buyumlar va esdaliklarni chiqarib tashladi-da, orqasiga taqib oldi.
–Yegulik va o'tkir qurol ortiqchalik qilmaydi. Rahmat.
–Faqat tirik qaytishga so'z ber! O'zingni o'ldirishga bo'lgan moyillikni esa yo'qot!
–Men va'da berishni yomon ko'raman. Chunki sen qo'lingdan keladigan ishni hech qanday va'dasiz ham bajara olasan. Agar bu ish qo'lingdan kelmasa ham va'da bermaslik kerak.
–Sen baribir uddalay olishing uchun va'da bermayapsan-a? Yoki...
–Men fermadan qochib ketdim, notanish va xavfli o'rmonda jon saqlab qoldim, "B32" ni vayron qildim, shtabdan ham tirik chiqdim, endi bittagina urushni deb o'lib ketishimga ishona olmayman. Tirik qolaman...
–Seni kutaman!
Emmma, Mayk va Rey qolganlar bilan xayrlashib bo'lgach, general Grant boshchiligidagi qo'shinning ortidan shaharni tark etishdi. Donni esa o'zlari bilan olib ketisholmadi.
Gavjum va tor shaharning muhitiga o'rganib qolgan Emma tashqariga, bir paytlar o'zi yugurib yurgan o'rmonga chiqqach, o'zini qandaydir yengil va ozod qushday seza boshladi. U osmonga qarab, qo'llarini keng yozib, chuqur nafas oldi-da, undan o'zib ketgan safdoshlarining ortidan yugurib ketdi.
Oradan 2 soat o'tgach ular qo'shinga yetib olib, ularga boshchilik qilib ketayotgan general Grant bilan uchrashishdi.
–Biz o'rmonning eng xavfli qismiga kirib boryapmiz,-dedi Emma,-Askarlarga ehtiyot bo'lishni tayinlash kerak. Ayniqsa har xil hasharotlardan...
–O'rmon qanchaga cho'zilgan?-so'radi Grant.
–O'tgan safar to'rt kunda o'tib olgandik,-javob berdi Mayk,-Lekin bunchalik ko'p sonli qo'shin bilan bir haftaga ham cho'zilib ketishi mumkin.
–Bunday bo'lmaydi!-Grant asabiy ohangda Maykning gapini inkor qildi,-Ularga bunday dangasalik qilishlariga yo'l qo'ymayman. Uzog'i bilan besh kunda bosib o'tamiz...
O'sha kuni barcha osmon qorong'ulashmay boshpana qurib, olov yoqdi. Askarlar bir-biriga zich joylashib olib, ularga tarqatilgan ovqatni bir zumda paqqos tushirishdi. Olov yonida tovuq go'shtidan tayyorlangan pashtetni isitib o'tirgan William uning qarshisida o'tirgan yuzlab qo'shiniga qandaydir faxr bilan qarab qo'ydi.
–Menda savol tug'ilib qoldi,-gap boshladi Emma,-O'tgan safar vampirlar odamlarni qirib tashlashda zombilardan ham foydalanishgan-ku. Bu safar ham foydalanib qolishsa-chi?
–U payt zombilar tinch aholi o'rtasiga vaxshiylarcha qo'yib yuborilgan,-javob berdi William,-Biz esa qurollanganmiz. Bo'lsa uzog'i bilan beshta zombi bo'lishi mumkin. Men bir o'zim ularning miyasiga beshta o'q uzib yo'q qilishim mumkin.
–Tushunarli...demak zombilardan foyda yo'q ekanda? Baribir har ehtimolga qarshi ularni ham yo'q qilib yuborish kerak.
–Antizlar masalasi nima bo'ladi?-so'radi Mayk.
–Vampirlar yo'q qilingach, ular ham chekinishga va qorasini ko'rsatmaslikka majbur bo'ladi. O'zlarini o'zlari qirib tashlashsa kerak.
–Janob prezident,-gap boshladi Grant,-Biz to'ppa to'g'ri o'sha Anabellaning bazasiga hujum qilaveraylikmi?
–Bizga har ehtimolga qarshi ikkiyuz kishilik qo'shin tashlab ketasan. Agar ukam kelishishga rozi bo'lmasa, qo'shinni "B32" ga kiritamiz.
–Yaxshi, tushundim, ammo shtab-chi?
–Sizlar yaxshisi vayrona shaharda dam olib turasiz,-dedi Emma,-Qolaversa, askarlar besh kun o'rmonda yurib ancha charchagan bo'ladi. Biz avval Anabella xonim bilan gaplashib ko'rishga harakat qilamiz. Agar chindan ham rejasi ming yillik va'dani buzib, odamlarni ov qilish bo'lgan bo'lsa, uning bazasini tortib olishga majbur bo'lamiz. Keyin esa "B32" ga, Piter Minervaning yoniga boramiz.
–Emma, bunday qilsak cho'zilib ketishi mumkin,-rad etdi William,-Kelinglar yaxshisi sizlar Anabellaning shtabiga, men esa ikkiyuz kishilik qo'shin bilan "B32" ga yo'l olaman. Shunday qilsak, vaqt tejaladi.
–Bo'linish yaxshi oqibatga olib kelmaydi,-dedi Mayk,-Yaxshisi uzoqroq vaqt olsa ham barcha ishni birin-ketin bajarganimiz yaxshi...
William boshchilik qilib kelayotgan qo'shin dam olish uchun boshpana qurib, tunni o'rmonda o'tkazishga qaror qilishdi. Butun atrofdan sovuq shamol esib, Emmaning badaniga urilarkan, u uhlashga yotishidan avval yon-atrofiga yaxshilab qarab qo'ydi. Chunki o'tgan safar Fata Morgana o'rgimchagidan ko'radiganini ko'rib bo'lgan...
U endigina yumshoq matolarni o'rab, yasab olgan yostig'iga boshini qo'yib, ko'zlarini yumgan edi ham-ki, uning tepasida allaqanday qo'rqinchli qadam tovushlari eshitilib, Emmani cho'chitib yubordi. Emma ko'zini ochib, uning tepasida turgan qop-qora, qorong'ida tanib bo'lmaydigan, ko'zlari qip-qizil sharpaga ko'zi tushdi. Uning yuragi qattiq dukillab, ortiga tisarilib qolgan payt orqadan general Grantning baland ovozda baqirgani eshitildi:
–Emma, yot!-Grant shunday deb, sharpaga qarata o'q uzdi. Notanish sharpa shu zahoti yerga yiqildi. Orqadagi askarlar vahimaga tusha boshlashdi va qo'llariga miltiqlarini ko'tarib oldi. Emma o'zini zo'rg'a yig'ib, qo'rquvdan qaltirayotgan qo'llariga gulhanda yonib turgan olovlardan birini olib, yerda yotgan vampirga olib keldi.
–O yo'q! Ed!...
**Oradan 5 kun o'tdi**
**Lord Lyuvisning shtabi.**
Avvalgidan ancha qorong'ulashib qolgani uchunmi, yoki Anabellaning shtabi Lyuvisnikidan yorug'roq bo'lgani uchunmi, uzun yo'lak bo'ylab ketayotgan Lord Lyuvis ko'zlarini ishqalab, o'zining anchadan beri sog'inib qolgan xonasiga kirib keldi. Ichkarida uni mamnun qiyofada tirjayib turgan Elizabet kutib olib, ta'zim qildi.
–Milord, qaytganingiz bilan...
–Yo'lda odamlar qo'shiniga ko'zim tushdi. Men va 25 ta vampirlardan iborat bo'lgan guruhim o'rmonni aylanib o'tishga majbur bo'ldik. Senga aytgan buyrug'imni bajardingmi?
–Ha, milord. 3-fermada bitta ham bola qolmadi. Hammasi siz aytganday bo'ldi. Ammo...Albert va Mikael qani?
–Mikael o'ldi,-javob berdi Lyuvis taxtiga joylashib olib,-Albert esa izsiz yo'qoldi. Menimcha uni o'sha odamlar o'ldirishgan.
–Afsusdaman, milord...ha aytgancha, shtabdagi qolgan onalarni ham qurol ishlatishga o'rgatdik. Ular shtabni muhofaza qilishga to'liq tayyor.
–Jami nechta ona bor edi?
–Siz urushga olib ketganlarni va o'zimni hisoblamaganda, 35 ta. Qolganlari esa 20 yoshdan kichik.
–Demak...35 ta ona hamda 50 ta vampir...bu juda kam! Ularning qo'shinlari mingga yaqin edi!
–Piter Minerva-chi? U yerda ham vampirlar bor-ku. Keyin, yaqindagina egallagan shtabingiz-chi?
–Afsus, Albert o'lgani yomon bo'ldi...1041, hoziroq Piter Minervaning yoniga elchi jo'nat. Unga odamlarning barcha qo'shinini portlatib, yo'q qilib yuboradigan biror qurol yasashini buyurganman. Agar yasamagan bo'lsa, o'ldirishsin.
–Milord?! Axir shunday og'ir vaziyatda bir-birimizni qirib tashlashimiz yaxshimi? Piter Minervani o'ldirish shtab miyasidan ajralishday gap...
–Hoziroq chiqib ket, 1041. Men dam olishni istayman. Buyrug'imni bajarish yodingdan chiqmasin...
* * *
Emma va William boshchiligidagi qo'shin o'rmondan chiqib oldi. Ular Edni o'zlari bilmagan holda otib qo'ygani uchun yuz martalab kechirim so'rashdi, yaxshiyam-ki o'q uning yelkasiga tekkan ekan. Ed o'sha kunning o'zidayoq ularni yaralanib, o'lim to'shagida yotgan Satellaning yoniga olib borib, Williamga davolatdi. William 20 yil shtabda ishlagani sabab vampirni operatsiya qilish qiyin kechmadi, aniqrog'i, shunchaki uning ichidagi zaharli o'qni olib tashladi, xolos. Uch kunning ichida Satella ham oyoqqa turib oldi. Ular odamlarga Lord Lyuvisning qilgan hujumi va Mikaelning xiyonati, Anabella halok bo'lgani haqida aytib berishdi. Emma bu mudxish xabarni eshitarkan, qo'llarini qattiq musht qilib tugib, qovog'ini soldi.
–Lyuvisni deb mening eng yaqin do'stlarim va oyim o'lib ketdi! Nega bunday? Nega doim yaxshilar o'lib ketishadi? Qachon o'sha mahluqni yo'q qilamiz? Yoki yana kimdandir ayrilamizmi? Men qo'rqa boshlayapman...
–Kelinglar, shtabni portlatib yuboramiz!-dedi Rey,-Ichidagi vampirlariga qo'shib yo'q qilamiz.
–Bu juda xavfli,-inkor qildi William,-Yaxshisi vampirlarni o'zimiz qirib tashlaganimiz yaxshi. Men bugun "B32" borib, ukam bilan gaplashaman. Agar taklifimga rozi bo'lmasa...
–Uni o'ldiramiz,-tugatib qo'ydi Rey.
–Ha. Boshqa ilojim yo'q...
Anabellaning shtabiga hujum qilinmaydigan bo'ldi. General Grant va 800 kishilik qo'shin yovvoyi sarimsoqlar o'sadigan daryo bo'yida dam olish uchun qolishdi. William Minerva, Emma, Mayk va Rey esa o'zi bilan 200 kishilik qurollangan qo'shinni olib, "B32" bazasiga jo'nab ketishdi.
–Shu paytgacha hech so'ramaganimni qarang,-gap boshladi Emma,-"B14" ni nima uchun qurgansiz? Nega barcha ma'lumotlarni "B32" ning o'zida saqlab qo'ya qolmagansiz?
–Bu xavfsizlik uchun edi. U yerga eng ishongan odamlarim, jumladan Robert ham kira olardi. Aynan o'sha yerda "YSM" ga eltuvchi yo'lning taxminiy xaritasi chizilgan. Robertdan eshitgan ma'lumotlarim va "YSM" dan olib kelingan kitoblar yordamida o'zim uchun kerakli bo'lgan qaydnomalarni yozib bordim. Ammo o'sha paytning o'zidayoq Robert menga prezident Rozvaldning asl basharasi haqida aytib bergan. Shu sababli ham "YSM" ga qochmadim. Ulardan yordam so'rash foydasizligini tushunib bo'lgandim.
–Ukangizni ko'ndira olishimizga ishonchingiz komilmi?
–Yo'q. U xudbinlashib ketgan, qolaversa anchadan beri uni ko'rmadim. U mendan ancha avval taslim bo'lishga ulgurgan. Men qaror qabul qilib bo'ldim! Ortiq hech kimga rahm qilib ham ishonib ham o'tirmayman. Shuncha ko'rgan xiyonatlarim yetib ortadi...
Ular "B32" ga olib kiradigan g'orga yetib kelishgach, askarlardan faqatgina 50 tasini olib, ichkariga kirib ketishdi. Emma anchadan beri bunchalik tez yugurmagandi. Ular bor kuchlari bilan yugurib, qorong'i va sassiq g'ordan 5 daqiqada chiqib olishdi. Ular tashqariga chiqishi bilan miltiqning qo'rqinchli gumburlagan ovozi eshitilib, Emmani cho'chitib yubordi.
–Bu oldindagi askarlar,-dedi William,-Vampirlardan biri o'ldirildi. Omad yor bo'lsin!!!
Ular darvozani buzib kirishib, yam-yashil maydon bo'ylab shtab binosi tomonga yugurib ketishdi. Ularning qarshisidan chiqqan vampirlarni esa ayamay otib yuborishardi. Lekin vampirlar ham bo'sh kelmasdi, ular shamolday harakat qilib, o'qlarga chap berar va askarlarni birin-ketin o'ldirib chiqayotgandi. Eng yomoni esa ichkaridan yigirmata qurollangan vampir chiqib kelgani bo'ldi. William zudlik bilan tashqarida qolgan askarlarning yana yuztasi ichkariga kirib, ularga yordam berishini buyurdi.
Emma ilk marotaba qo'lidagi og'ir quroldan o'q uzdi. Lekin o'q hech kimga tegmay qoldi. Qarshisida turgan ikkita vampirni otib o'ldirgan William bor ovozi bilan askarlarga qarab baqirdi:
–Miltiq ushlab olgan vampirlarni yo'q qiling! Taslim bo'lmanglar!!!
Qurollangan vampirlar odamlarga qarata o'q uzishdi. William boshlab kelgan askarlarning 15 tasi halok bo'ldi.
–Jin ursin!-baqirdi Rey o'lgan askarning orqasiga berkinib,-Qolganlar qani?! Kelishmaydimi tezroq?
William qurollangan vampirlarning yana uchtasini otib o'ldirdi. Emma esa oddiy qilichli vampirlardan birini yo'q qilishga muvaffaq bo'ldi. Mayk esa orqadan bostirib kelayotgan pismiq vampirning kallasiga o'q uzishga bazo'r ulgurib qoldi.
–Ana! Yetib kelishdi!-baqirdi William uzoqdan ko'rinayotgan askarlarga qarab,-Yana ozroq chidab turamiz! Daraxt ortiga o'tinglar!
Mayk Emmaning qo'lidan ushlab, sal nariroqda o'sib turgan baland daraxt orqasiga olib o'tdi. William ham ular tomonga yugurib kelayotgan payt uning oyog'iga o'q tegib, yerga yiqitdi.
–Yo'q!-Emma bor ovozi bilan baqirib yuborib, William tomonga otildi. Lekin Mayk uni qo'yib yubormay, qo'llari bilan og'zini qattiq berkitdi.
–Shoshma! Qara, shundoq ham yordamga yetib kelishdi. Biroz dam olishing kerak!
–Hozir dadamizni o'ldirishadi! Qo'yib yubor meni!
William bir oyoqda turib, orqasidagi vampirga o'q uzdi. Emma Maykning qo'lidan otilib chiqib, Williamning o'rniga turishiga yordamlasha boshladi. Birozdan so'ng Mayk ham qo'shilishga majbur bo'ldi.
Qolgan askarlar barcha qurollangan vampirlarni otib o'ldirib, yaralanganlarga yordam ko'rsata boshlashdi. Qo'lidagi o'qi tugagan miltiqni yerda o'lib yotgan askarniki bilan almashtirib olgan Rey Emma va Maykning yoniga kelib, ikkisining ham yelkasini qoqib qo'ydi.
–Xo'sh, o'lib qolmadingizmi? Men mazza qildim, vampirlarni o'ldirishni fermada yashab yurgan paytimdanoq orzu qilardim.
–Buning hech qanday quvonarli joyi yo'q,-Emma jiddiy ohangda gapira boshladi,-Mana bu manzaraga qara. Do'stlarimiz, ya'ni bizga ishongan askarlar o'lib ketdi! Buning nimasidan rohatlanish mumkin?!
–Men bu ma'noda aytmagandim. Keyin, bu askarlarning bari o'lib ketish ehtimoli borligini bilgan holda bizga qo'shilishdi. Agar odam yo'qotishga bardosh berolmasang, biz bilan kelmasliging kerak edi!
–Bo'ldi bas,-dedi oyog'ini bog'lab olgan William,-Ukamni topishimiz kerak!
* * *
"B32" binosining ikkinchi qavatida hech narsa qilolmay, derazadan barcha vampirlarining o'ldirilganligini kuzatib turgan Piter ularning orasida akasi ham borligini ko'rib, yuragi o'ynab ketdi. Hozir uning ham yoniga bostirib kirib, o'ldirishlari mumkinligini sezib turgan Piter bino ichida bitta ham vampir qoldirmaganiga afsuslanib, eshikni tanbalab oldi.
–Jin ursin seni, Lyuvis! Bu yerni qurol-yarog' zavodimas, haqiqiy shtab qilganingda, shu ahvolga tushib o'tirmasdim! Endi nima qilaman...nima qilaman...
Oradan taxminan besh daqiqa o'tgach, Piter qulflanib o'tirgan xonaning eshigini ochib ko'rishga ham urinmay, birdaniga buzib kirishdi. U o'tirib olgan kreslosidan qaltiragancha turib, qo'llarini tepaga ko'tarib, tirjaydi.
–O, salom akajon. Ko'rishmaganimizga ham ancha bo'lib ketibdi...
–Meni hali ham aka deyapsanmi?-so'radi unga miltiq o'qtab turgan William.
–Albatta-da...ha aytgancha, men qoyil qoldim! Mana shu qo'lidan hech narsa kelmaydigan churvaqalar butun Nimmerlandni oyoqqa turg'azishibdi. Yoki buni siz qildingizmi?
–Biz qo'limizdan hech narsa kelmaydigan churvaqalar emasmiz!-baqirdi Emma Piter tomonga yaqinlashib,-Kerak bo'lsa, biz oilamiz bilan tog'ni ham ag'daramiz! Kerak bo'lsa, dushmanlarimizni kulga aylantirib yuboramiz! Bizni churvaqa deyishga haqqingiz yo'q!
Piter tirjayib, peshonasidan oqayotgan sovuq terni yengiga artgancha, hisoblab chiqdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |