Fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi muddatning 3 yildan 1 yilga qisqartirilishi esa, fuqarolik huquqiy munosabatlarning barqarorligi, fuqarolik protsessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish, shuningdek sud protsessi muddatlari va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ortiqcha oraliq instansiyalarni bartaraf etish maqsadida Farmonda viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi instansiyalari tugatilib, o‘z navbatida, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilinishi nazarda tutildi.
SHu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rishga oid bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinmoqda.
Ortiqcha va bir-birini takrorlovchi instansiyalarning bekor qilinishi aynan bir nazorat instansiyasi tomonidan ishlarning bir necha bor ko‘rib chiqilishini oldini oladi, sud qarorlarining uzil-kesilligi va barqarorligini ta’minlab, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.
SHuningdek Farmonda viloyat xo‘jalik sudlarining qarorlarini o‘zlari tomonidan qayta ko‘rish vakolatini cheklash maqsadida ushbu sudlar tizimida mintaqaviy apellyasiya sudlarini tashkil etish nazarda tutildi.
Farmonning sud hokimiyati mustaqilligi asoslarini mustahkamlovchi alohida ahamiyatli tomoni adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash bo‘yicha vazifa va vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkazilayotganidir.
Ushbu chora sudlarning mustaqilligi va ularning faoliyatiga aralashmaslikning qo‘shimcha kafolatlarini yaratadi.
SHu bilan birga, Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralarga 2017 yil 1 iyulga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda quyidagi masalalar bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash topshirildi:
sud-prokuror xodimlarining malakasini oshirish va rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
protsessual harakatlarni amalga oshirishda voyaga etmaganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, jinoiy jazolarni liberallashtirish, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish va sudlanganlikni olib tashlash muddatlari va asoslarini qayta ko‘rib chiqish;
o‘zbek xalqining ezgulik va rahmdillik kabi ko‘p asrlik an’analariga mos bo‘lgan yarashuv institutini jinoyat protsessida qo‘llash doirasini kengaytirish. Bu norma qonunni chetlab o‘tgan, sodir etgan qilmishidan pushaymon bo‘lgan va etkazilgan ziyonni qoplagan fuqarolarni javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradi;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim turdagi jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish;
jabrlanuvchining arizasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan jinoyat tarkiblari ro‘yxatini kengaytirish;
elektron tartibda sud va ijro ishi yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, odil sudlovga erishishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish orqali odil sudlov sifatini oshirish. Bu tashabbusning amalga oshirilishi sud faoliyatining samaradorligiga, shuningdek «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonunni amalga oshirish doirasida respublikani rivojlantirishning zamonaviy bosqichi talablariga to‘liq asoslangan odil sudlovning jamoatchilik uchun ochiqligi, shaffofligi va erkinligi prinsiplarini hayotga izchil tatbiq etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, qonuniylikni ta’minlashda hamda mamlakatimizda islohotlarni samarali ro‘yobga chiqarishda yuridik xizmatlar rolini oshirish maqsadida davlat organlarining yuridik xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir aniq chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
Qayd etilgan asosiy vazifalar va yangi normalarni hayotga tatbiq etish uchun Farmon bilan sud-huquq tizimini rivojlantirish borasida 8 ta eng ustuvor sohalar bo‘yicha 45 ta aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmonni ijro etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Xo‘jalik protsessual kodekslari va bir qator boshqa qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini izchil takomillashtirish va mustahkamlash maqsadida umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida bir qator alohida qonunlar, shu jumladan «Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Mediatsiya to‘g‘risida»gi, «Ma’muriy sudlov ishlarini yuritish to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Ushbu dasturiy hujjatning amalga oshirilishi mamlakatning sud-huquq tizimi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
|