SO‘Z BOSHI
Mustaqillikning ilk davridayoq mamlakatimizda xalqimizning tarixiy rivojlanish an’analari, umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar, qolaversa mamlakat milliy manfaatlarini o‘zida ifoda etgan fuqarolik jamiyati, huquqiy davlat va bozor munosabatlariga o‘tish davrining nazariy asoslari ishlab chiqildi. Fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish jarayoni bilan bog‘liq umuminsoniy demokratik qadriyatlar faqat xalqaro tajribalarda sinovlardan o‘tganligi uchungina emas, balki o‘zbek xalqining milliy manfaatlariga mos kelganligi uchun ham mamlakatimizdagi islohotlar jarayonlariga bosqichma-bosqich tatbiq etila boshlandi.
Darhaqiqat, mustaqillik yillarida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi1 farmonining qabul qilinishi fikrimizning isbotidir. Mazkur dasturning maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.
Mazkur o‘quv uslubiy majmuani tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2017 yil 1 martdagi 107-sonli buyrug‘i asosida qabul qilingan yangi o‘quv uslubiy majmualarni tayyorlash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma talablariga alohida e’tibor qaratildi. «Fuqarolik jamiyati» fani bo‘yicha mazkur o‘quv uslubiy majmua Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 18 sentyabrdagi №352 sonli buyrug‘iga asosan O‘zMUda tayyorlagan fan dasturi loyihasiga muvofiq ishlab chiqildi. SHuningdek, fuqarolik jamiyat tahliliga aloqador turli manbalar va adabiyotlardan foylalanildi.
«Fuqarolik jamiyati» fani bakalavriyat ta’lim bosqichida o‘qitiladi. Fuqarolik jamiyati fani hozirgi islohotlar davri yanada rivojlanishga doir izlanishlarni chuqurlashtirish jarayoni kun tartibiga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqib «O‘zbek modeli» asosida fuqarolik jamiyati qurish va uning istiqbollari to‘g‘risida bilimlar beradi. SHuningdek, bu fanni o‘qitish jarayonida rivojlangan mamlakatlarda fuqarolik jamiyati qurish tajribasi ham o‘rganiladi, ular mamlakatdagi islohotlar natijasiga o‘zgarishlar qiyoslanadi.
Mazkur fanni o‘qitishda asosiy e’tibor talabalarning erkin fikrlashi, ularning jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga nisbatan mustaqil o‘z munosabatlarini shakllantirishga qaratildi. Fanning yana bir asosiy maqsadlaridan biri – bu yoshlarda vatanparvarlik his-tuyg‘ularini yuksaltirish, ularning mamlakatga sadoqatini oshirish, yangi jamiyat qurishga befarq bo‘lmaydigan inson sifatida tarbiyalash vazifalarni amalga oshirishdir.
Ushbu o‘quv uslubiy qo‘llanma beshta qismdan iborat. bo‘lib, ular ishchi o‘quv reja, namunaviy va ishchi o‘quv dastur, modulni o‘qitishda foydalaniladigan interfaol ta’lim metodlari, ma’ruza materiallari (ma’ruza matni, adabiyotlar ro‘yxati, mustaqil ta’lim mavzulari, glossariy, keyslar banki, nazorat savollari va test savollari) va seminar mashg‘ulotlari materiallari (amaliy topshiriqlar, namuna, adabiyotlar ro‘yxati, tarqatma materiallar, keyslar banki, test savollari)dan tashkil topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |