Farmasevtika distribyusiyasi. Farmasevtik distribyusiya tizimi, ya’ni dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ulgurji savdo qilish tarmog‘i O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgan va bozor munosabatlarining rivojlanashi boshlangan paytdan buyon shakllanmoqda. Bu davrga qadar farmasevtika xizmati, shu jumladan ulgurji yetkazib berish tizimi to‘liq davlatga qarashli bo‘lib, dorixonalarga dori vositalari va tibbiyotga doir mahsulotlar yetkazib beruvchi yagona ta’minotchi “Farmatsiya” Respublika ishlab chiqarish birlashmasi (RIB) bo‘lib, unda markaziy dorixonalar ombori va uning regional filiallari faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.03.1994 yildagi №132 qarori bilan “Farmatsiya” (RIB) “Dori-darmon” davlat aksionerlik assotsiatsiyasi (DAA) sifatida qayta tashkil etildi. Assotsiatsiya tarkibiga “Dori-darmon”ning xududiy birlashmalari, “Dori-darmon” ulgurji korxonalari nazorat-analitik laboratoriyalar va aksioner dorixonalar kirdi.
Shu bilan bir qatorda mulkchilik shakli va tashkiliy shakli turlicha bo‘lgan yangi ulgurji farmasevtika tashkilotdari tuzish jarayoni asosida O‘zbekiston Respublikasida farmasevtik distribyusiya tizimining jadal rivojlanish jarayoni boshlandi. 2005 yildan 2011 yilga qadar ulgurji firmalar soni 192 dan 287 kompaniyaga ortdi, o‘sish sur’ati 66,9% ni tashkil etdi. O‘zbekiston farmasevtika bozorida ulgurji bo‘g‘inning rivojlanish holatidagi jadal o‘sish sur’atlari hisobiga ushbu segmentda raqobat muhiti ortayotgani kuzatilmoqda. Bu esa distribyutorlar orasidagi raqobat hisobiga ular tomonidan assortiment va narx siyosatini oqilona shakllantirishga bo‘lgan zaruratni vujudga keltirmoqda. Keyingi yillarda yirik ulgurji kompaniyalar - distribyutorlar orasidagi raqobat yanada kuchayib: narx siyosati va taklif qilinayotgan dori vositalarining assortimenti hisobiga sezilarli afzallikka erishishlari murakkab bo‘lgandigi bois ular o‘z mijozlariga aynan xizmat ko‘rsatish saviyasini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqdalar.
Hozirgi paytda farmasevtik distributsiya tizimida xorijiy standartlarga o‘tish va ulgurji savdoni tashkil etishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish - logistikaning zamonaviy tamoillarini tatbiq etish, tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, tovar xarid qilish va yetkazib berish jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek marketing komunikatsiyalarini faollashtirishga alohida e’tibor qaratish kuzatilmoqda. Keyingi vaqtlarda yirik ulgurji tashkilotlarning respublikaning turli xududlarida o‘z regional omborlarini ochish yo‘li bilan o‘zining ishtirokini kengaytirish tendensiyalari kuzatilmoqda. Shu tariqa, turli xududlarda joylashgan dorixona muassasalariga xududda joylashgan kichik ulgurji tashkilotlar yoki markazlashtirilgan yirik kompaniyalarning filiallari bilan hamkorlik qilishda tanlov huquqi beriladi. Bu omil xududlarda raqobat muhitini rivojlantirib, optimal narx takliflari, shuningdek, yetkazib berishning yanada sifatli servis shartlari asosida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining eng yaxshi assortimentini tanlash imkoniyatini yaratadi31.