Farmakopeya (yun. pharmakon — dori va poieo — tayyorlayman) — dori vositalarini tayyorlash, sifatini sifatmiqdoriy jihatdan nazorat qilish, saqlash shartsharoitlari va nomlanishini belgilaydigan davlat standartlari majmui. F.da dori moddalari va dori turlarini kimyoviy, fizik, biologik va boshqa usullarda sifat hamda miqdoriy tahlil qilish usullari, zaharli va kuchli taʼsir etadigan dorilar roʻyxati, bolalar va kattalar uchun dorilarning bir ichishlik, shuningdek, kunlik miqdorlari jadvali yoritiladi. Xitoyda 502 yilda chiqarilgan "Minibelu" kitobi, Yevropada 1130 yilda chop etilgan "Antidotoriy" toʻplamlari ilk rasmiy F. hujjatlaridir. Birinchi F. 1498 yilda Florensiyada "Ricettario Fiopentino" nomi bilan bosilib chikdi. Abu Ali ibn Sinoning "Tib qonunlari" asari u yashagan davrda qoʻllanilgan dori vositalarini tayyorlash, ularning sifatini baholash va qoʻllanilishi haqidagi maʼlumotlari bilan oʻz zamonasining F.si deb baholanishi mumkin. Bugungi kunda koʻpgina mamlakatlarning milliy va hududiy F.lari mavjud boʻlib, ulardan Yey.R. (Yevropada hamjamiyati F.si), LJSP (AQSH F.si), VR (Britaniya F.si), GF XI (Davlat F.sining 11-nashri), DP (Germaniya F.si) kabilar xalqaro eʼtirof etilgan F.lar hisoblanadi va koʻp hollarda dori vositalarining sifat nazorati yuqoridagilarga asosan amalga oshiriladi.
Farmakologiya (yun. pharmacon — dori va logiya) — tibbiybiologik fan; odam va hayvonlar organizmiga dorilar yuborilgandan keyin ularda roʻy beradigan oʻzgarishlarni oʻrganadi. F. bir necha yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi: farmakodinamika — doridarmonlarning organizmga taʼsirini, farmakokinetika — dorilar organizmga tushgandan to organizmdan chiqib ketguncha boʻlgan harakatini (soʻrilishi, taqsimlanishi, biotransformatsiyasi va ekskretsiyasi), biokimyoviy farmakologiya — dorilarning organizmdagi molekulyar taʼsir mexanizmini oʻrganadi. Doridarmonlarning tibbiyot amaliyotidagi taʼsirini oʻrganish esa klinik F.ning vazifasidir.
Umumiy va xususiy F. ajratiladi. Umumiy F. dorilarning organizmga taʼsir mexanizmini, shu tufayli kelib chikadigan umumiy oʻzgarishlarni, dori moddalarini organizmga yuborish, ularning soʻrilishi, taqsimlinishi, oʻzgarishi va organizmdan chiqish jarayonlarini, dori moddalarining xususiyatiga taʼsir etuvchi sharoitlarni, dori moddalarining taʼsir va davolash turlarini, ularni birga qoʻllanganda roʻy beradigan jarayonlarni hamda ularning standartlash, tasniflash va qidirish kabi juda kup muammoli masalalarini oʻrganadi.
Xususiy F.ning vazifasi — asosiy taʼsir kuchiga koʻra sistemalashgan dori moddalar, yaʼni ogʻriqsizlantiruvchi, siydik haydovchi va h.k. ni oʻrganish. Shuningdek, turli xil mikroorganizm va parazitlarga taʼsir etuvchi dorilar ham xususiy F.da qayd etiladi. Xususiy F. farmatsevtik kimyo, farmatsevtik texnologiya, farmakognoziya, biokimyoviy F., kimyoterapiya, toksikologiya va boshqa fanlar bilan uzviy bogʻliq. Shu tufayli tibbiyotning asosiy nazariy bilimlari F. orqali amaliy tibbiyotga tadbiq etiladi.
F. tarixi uzok, oʻtmishga borib taqaladi, chunki inson yaratilgandan boshlab u tabiat qoʻynida yashab oʻzining turli xil noxush holatlari va kasalliklariga atrofidagi giyohlardan, hayvonot olamidan shifo, doridarmon izlagay. F. rivojlanishiga qad. arab, yunon va Osiyo mamlakatlari olimlari ham katta hissa qoʻshganlar. Xususan, Gippokrat, Dioskarid, Galen va boshqalarning dorivor giyohlar hamda ularning ishlatilishi haqidagi maʼlumotlari 19-asrgacha F. sohasida asosiy qoʻllanma boʻlib kelgan.
Yaqin Sharq va Oʻrta Osiyoda Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sinolarning dorivor giyohlar va moddalar haqidagi asarlari F. taraqqiyotiga muhim turtki buldi. Ibn Sinoning "Tib qonunlari" asarida qayd etilgan 811 xil oddiy dorilarning 612 tasi dorivor oʻsimliklar va ulardan foydalanish usullariga bagishlangan. Ushbu asar shu kungacha oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda.
19-asrga qadar F. asosan empirik tarzda rivojlangan. Shu davrga kelib eksperimental F. shakllandi. Bunda F. Majandi, Klod Bernar, R. Buxgeym, I. P. Pavlov, V. V. Zakusov, M. D. Mashkovskiy va boshqa jahon olimlarining ulkan hissalari bor.
Oʻzbekistonda F. 1920 yil Toshkentda Turkiston davlat universiteti tibbiyot fti qoshida F. kafedrasini tashkil etilishi tufayli rivojlandi. Keyinchalik respublikaning turli shaharlaridagi tibbiyot intlari qoshidagi F. kafedralarida, Oʻzbekiston FA ning i.t. institutlarida F. fani yanada rivojlantirildi. Oʻzbek farmakologlaridan, prof. I.K. Kamilov, M. B. Sultonov, Oʻ.B. Zokirov, Q.N. Najmiddinov, S. S. Azizova va boshqalarning izlanishlari natijasida dorivor oʻsimliklar va kimyoviybiologik faol moddalardan 200 dan ortiq shifobaxsh moddalar ajratib olindi, ularning 30 dan ortigʻi klinik tekshiruvlardan oʻtkazilib, tibbiyot amaliyotiga tadbiq etildi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng Respublika sogʻliqni saklash vazirligi qoshida Dorivor moddalar va tibbiyot texnikasi sifatini nazorat qilish hamda standartlash boʻyicha Bosh boshqarma hamda ular tarkibida farmakologiya va farmakopeya qoʻmitalarining tuzilishi munosabati bilan F. fani yanada ravnaq topdi. Qisqa muddat ichida 20 dan ortiq shifobaxsh oʻsimliklar va 10 dan ortiq yangi biologik faol preparatlar (piratsin, kupir, fentriazolin, kobavit, fensulkal, glipil, mumiyo tabletkasi, navbaxtin, benzketozon va boshqalar) tibbiyotda qoʻllash uchun tavsiya etildi.
Veterinariya F. si ham jadal rivojlanmokda. U dorivor moddalarning turli hayvonlar organizmiga, ularning oʻziga xos kasalliklariga taʼsirini oʻrganadi, hayvonlarning oʻsishini tezlatuvchi, mahsuldorligini oshiruvchi, boquvini boyituvchi va turli kasalliklarning oldini oladigan dorivor moddalarni izlaydi va veterinariya amaliyotiga (kovilon, navbaxtid va boshqalar) tatbiq etadi. Bu borada Samarqand veterinariya instituti va Toshkent agrar universitetining veterinariya boʻlimlarida ilmiy ishlar olib borilmoqda.
Ad.Maxsumov M. N., Malikov M. M., Farmakologiya, T., 1997; Azizova S . S ., Farmakologiya, T., 2002.
Do'stlaringiz bilan baham: |