Farmatsevtika bozorida dori vositalarini qalbakilashtirish muammolari Farmatsevtika bozorida iste’molchilar huquqini himoyalashning asosiy tamoyili dori vositalarining sifati va bezararligini ta’minlashdir.
O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda chiqarilgan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan harid qilinayotgan tovarlarning sifati va bezararligini ta’minlanib berilishi – iste’molchilarning asosiy huquqi bo‘lib hisoblanadi.
Dori vositalarining sifatini ta’minlash – muhim tibbiy-ijtimoiy va iqtisodiy muammo bo‘lib, dori vositalarini yaratilishidan to bevosita iste’molchiga etib borishigacha bo‘lgan hamma bosqichlarda turli omillar majmuini hisobga olishni talab qiladi. Turli muassasalar – ishlab chiqaruvchi korxonalar, davolash-profilaktika muassasalari, dori vositalar bilan ulgurji va chakana savdo qiluvchi tashkilotlar dori vositalari sifatini ta’minlashga o‘z xissalarini qo‘shadilar. Dori vositalarini bozorga chiqarishda asosiy ko‘rsatkichlar bo‘lib ularning sifatliligi, samarali va bezarar bo‘lishi kerak.
Qalbaki dori vositalari to‘g‘risida tushuncha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, qalbakilashtirilgan dori vositalari dunyoning deyarli barcha mamlakatida aniqlangan. 1992 yil Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan halqaro farmatsevtik ishlab chiqaruvchi firmalar assOTCiatsiyasi hamkorlikda o‘tkazgan dori vositalarini qalbakilashtirish muammolariga bag‘ishlangan 1-halqaro anjumanda “qalbaki dori vositasi” tushunchasiga ta’rif berildi.
“Qalbaki dori vositasi – bu oldindan ko‘zda tutilgan holda va aldov yo‘li bilan chinligi yoki olinish manbalari bo‘yicha yolg‘on yorliqlar bilan ta’minlangan farmatsevtik mahsulotdir”.
Qalbakilashtirish nafaqat original vositalar, balki generik dori vositalariga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Qalbaki dori vositalariga kerakli ingredientli yoki boshqa ingredientli, aktiv ingredienti yo‘q bo‘lgan yoki keragidan kam miqdorda aktiv ingredient saqlagan hamda qalbaki qadoqlangan dori vositalari kiradi.
Farmatsevtika bozori tizimiga qalbaki mahsulotlarning kirib kelishi natijasida quyidagi nojo‘ya holatlar kuzatilishi mumkin.
Dori vositalari tarkibida asosiy ta’sir qiluvchi moddaning kam miqdorda bo‘lishi yoki umuman mavjud emasligi bilan bog‘liq holda bemor organizmida tegishli farmakoterapevtik ta’sir vujudga kelmaydi.
Agar dori vositasi yorliqda ko‘rsatilmagan ta’sir qiluvchi moddani saqlasa, bemor organizmiga salbiy ta’sir qiluvchi zaharli yoki keraksiz biologik faol moddaning tushib qolishiga olib keladi.
Rasmiy ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotiga nisbatan ishonchning susayishi kuzatiladi.
Ishlab chiqaruvchi firmalar va davlat muassasalariga iqtisodiy zarar etadi.