FARIDIDDIN ATTOR VA TARIQAT
Maqom – arabcha so‘z bo‘lib, uning ma’nosi olis manzil, martaba, mavqe demakdir. Bu so‘z tasavvufda tariqat yo‘liga kirgan muridning maqsadiga yetishi muhim bo‘lgan axloqiy va ma’naviy kamolot tartiblarini ravshan ko‘rsatadi.
Attor o‘z ta’limotlarida tariqat masalasini boshdan-oxir asosiy o‘ringa qo‘yib ta’kidlaydi hamda uni ibratli misol, aqliy tushunchalar orqali atroflicha sharhlaydi. Attorning tariqat masalasiga alohida ahamiyat bilan qarashi hargiz o‘zigagina xos bo‘lgan aqida, ixlos, taqvodorlik bilangina aloqador bo‘lmasdan, balki barcha inson uchun dahldor mukammal g‘oyalarga asos hozirlagan mutafakkirlarga xos bashoratning natijasi edi.
Umuman olganda tariqat inson uchun bir maktabdir. Bu maktabning maqsadi insonni ruhiy va aqliy jihatdan tarbiyalab takomillikka yuzlantirish, o‘z amaliyoti orqali o‘zini tarbiyalab insoniy fazilatni mustahkamlashdir. Tariqat o‘ziga xos qurilmaga ega bo‘lgan bir turli tarbiya tartiblaridir. Uning yo‘nalishi avvalambor insonning ma’naviy dunyosini soflashtirib, qalb ko‘zini ochishdan iboratdir.
Nima uchun tariqat tarbiyasi ruh va qalbdan boshlanadi? Chunki ruhning maskani qalb, binobarin inson mohiyatida burilish bo‘lmay turib, amalda o‘zgarish bo‘lmaydi. Attor ruh haqida to‘xtalib bunday deydi:
– Butun olamlarning hammasi sen bilan yashnaydi, sen bilan mustahkam, osmon va yer senga bog‘langan. Sen hammani o‘z ichingga olgansan-u, lekin o‘zing bizdan yiroqsan, ko‘zga ko‘rinmaysan-u, biroq barchani ko‘rasan. Jannat, do‘zax, qiyomat – bularning hammasi noming o‘rnida keladigan omonat so‘z, belgi, o‘xshatish, xolos.
Bu parchadan shuni his qilish mumkinki, Attorning nazarida ruh koinotning mezonidir. Unda jannat va do‘zax, yaxshilik va yomonlik, ijobatlik va salbiylikdan iborat keskin ziddiyatlar mavjud. Odam bilan odam, odam bilan jamiyat, odam bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarda ana shu ziddiyatlar o‘zaro kurashadi. Shuning uchun, tarbiya ruhdan boshlanishi kerak. Ruhdagi salbiy illatlar tozalanib, ijobiy xislatlar taraqqiy ettirilgandagina insonning qalb ko‘zi ochiladi, o‘zidagi ilohiy fazilatlarni tanishga boshlaydi.
Tariqatdagi maqomlarni odamning ma’naviy jihatdan yetilish jarayonidagi tarbiyalanish bosqichlariga o‘xshatish mumkin. Bu bosqichlar har bir tariqat ta’limotchilarining tushunchasi tarafidan belgilanadigan bo‘lgani uchun uning soni ham birdek emas. Ba’zilar bularni olti maqom desa, ba’zilar to‘qqiz maqom deb qaraydi, yana ayrimlari undan ham ko‘p deb qaraydilar. Biz Attor g‘oyasini imkon qadar kengroq doirada tushunishga yordam bersin deb, tariqatdagi olti maqom – bosqich ustida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Tariqatdagi ilk maqom – tavba bo‘lib, buning ma’nosi qaytish demakdir. Tariqat yo‘liga kirgan muridning niyat va ixlosi tavba orqali o‘z aksini topadi. Tavbaning haqiqati muridning o‘z nuqsonlarini his qilish va undan forig‘ bo‘lishga intilish, kufrdan va barcha yomon ishlardan saqlanish, adolatsizliklardan xoli bo‘lish haq va fazilatlarda ayon bo‘ladi.
Tavba – inson uchun bir xil inoyat, o‘zini unutishning muqaddimasidir. Shu bois Attor “Shayx San’on” qissasida payg‘ambar tili orqali insonga shunday xitob qiladi: “Sen shu narsaga ishonginki, olam-olam gunoh bo‘lsa-da, birgina tavba tufayli kechiriladi”1 .
Hikoyat:
Piri komil Boyazid Bistomiy bunday degan:
– Bir kuni tavhid (tanholik) maqomining g‘olib ishoratidan sahroga chiqqandim. O‘zimda qilcha ixtiyor yo‘q edi. Bir xalta un ko‘tarib olgan bir kampir uchrab menga “Kel, bu xaltadagi unimni uyimga olib borib ber” dedi.
Mening esa xaltadagi unni ko‘tarishga hafsalam yo‘q edi. Shu bois, bir sherni ishorat bilan chaqirib, kampirning unini sherga yuklab qo‘ydim hamda kampirga:
– Shaharga borsang kimni ko‘rdim deysan? – dedim.
Kampir:
– Bir zolim va takabburni ko‘rdim deyman, – dedi.
Men:
– Nima uchun bunday deysan, – desam, kampir:
– Olloh taolo sherni bandasining xizmati uchun yaratmagan. Sen nima uchun uni xizmatga solasan? Bu zulm emasmi? – dedi. Men:
– Bu aytganing to‘g‘riku-ya, takabbur deganing nima uchun, – deb so‘radim. Kampir:
– Shuning uchunki, sening xohishing sherning senga bo‘ysunganligi va farmonbardor bo‘lganligingni shahar ahliga bildirishdir. Darvoqe, sen karomat egasisan. Ammo, bu takabburlik emasmi? – dedi. Men dedim:
– To‘g‘ri, shunday. Buning uchun tavba qildim. Balanddan pastga tushdim. Sen menga pirdursan.
Ikkinchi maqom – vara’a – poklik bo‘lib, uning ma’nosi taqvodorlik, parhezkorlik, musofirlikdir. Vara’a muriddan turli bulg‘anishlardan, shubhalardan o‘zini asrashni talab qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, vara’aning uch turi bor ekan. Birinchisi, til vara’asi (pokligi), ya’ni tilni bema’ni gaplardan asrash, g‘iybat shikoyat qilmaslik; ikkinchisi ko‘z pokligi, shubhali narsalarga qaramaslik; uchinchisi qalb pokligi, ko‘ngilni ifloslantiruvchi bahillik, ichi qoralik, dilozorlik, takabburlik kabi narsalardan parhez qilish, ta’madan saqlanish, pastkashlikni tark etishdir. Qisqasi, til, ko‘z, qalbda parhezli bo‘lish, turli nafs balosidan qutulish, haromga yaqin yo‘lamaslik, o‘zini doimo pok tutish vara’aning asosiy ma’nosi hisoblanadi.
Attorning qarashicha, halollik va poklik tariqat yo‘liga kirgan odamning muqaddas burchidir. Chunki bu odamning niyat va iqbolini belgilaydigan omildir. Niyat va iqboli durust bo‘lmagan odam tariqat manziliga qadam bosmaydi, aksincha, o‘zini xarob qiladi. Shuning uchun, Attor yozadi: “Agar donishmand bo‘lsang, o‘zingga o‘zing eshikni yop! Odam farzandining hirsi buncha ko‘p bo‘lmasa, u olamda bunchalik hayronu sargardon bo‘lmasdi. Ey, hirslar bilan qalb ko‘zi ko‘r bo‘lgan kishi, to sen o‘lguncha hirsning yarasiga faqat o‘lim davo bo‘loladi xolos”1. Odamni bulg‘aydigan va sharmanda qiladigan narsa nafsdir. Nafs balosidan qutulmay turib tariqatdan so‘z ochib bo‘lmaydi. U hatto iymonni zaiflashtirib, odamni jaholatga boshlaydi.
Attor “Ilohiynoma”dagi bir hikoyatda pari shaklida kirib olgan nafs tilidan shularni yozadi: “Men Nafsman, ko‘rinishda chiroyli, dilkashman. Hammani maftun qilaman, domimga tortaman, mag‘lublarni o‘zimga qaratib olaman. Men turli qiyofaga kirolaman. Agar nafsi ammora – (shaytoniy nafs) bo‘lsam, it va qobondan bo‘lgan bo‘laman, shu maxluqlarning qiyofasiga kiraman. Xotirjam bo‘lgandan keyin insonning iymonini yemirishga boshlayman, uni tubanlikka tortaman. Shunda hech kim mendan qochib qutulolmaydi, kishilarning boshiga falokatlar keltiraman, balo-qazolarni yog‘diraman”2.
Uchinchi maqom – faqirlik bo‘lib u moddiy muhtojlikni yengib, ruhiy jihatdan o‘zini takomillashtirishni, ulug‘vor ilohiy mohiyatni egallab, ixlosmand, kamtar, bag‘ri keng bo‘lib, borliqni haq yo‘liga atashni ko‘rsatadi.
Attor bu nuqtani “Mantiq-ut-tayr”da shunday bir hikoyat orqali sharhlab o‘tadi:
Bir pok inson huzurida muhabbat haqida so‘z bo‘layotgandi, o‘tirganlardan biri dedi:
– Men oltin oshig‘iman, pul va boylikni yaxshi ko‘raman. Oltinga oshig‘ligim vujudimda jon bilan barobardur. Agar qo‘limda oltin guldek ochilib yaltirab turmasa, men ham guldek kulib turolmayman. Meni dunyo ishqi g‘amlardan ozod etdi. Odamlar orasida obro‘-e’tiborli bo‘ldim. Men – dunyoparastman, mening sig‘inadigan tangrim ham boylik, pul – oltindir.
Shunda pok, xudojo‘y odam unga qarab dedi:
– Ey baloi nafsga giriftor bo‘lgan g‘ofil banda, sen mohiyatga emas, suratga shaydo bo‘lgan, suratning tuzog‘iga tushgan odamsan, ko‘nglingdan safo sehrining nuri olisdir. Sen chumoliga o‘xshaysan. Kovaklardan boshqa narsani bilmaysan. Kecha kunduz devonadek yelib – yugurasan. Suratga shaydo bo‘lib, unga aldanib qolmagin, ma’noni izla, surat bir arzimas narsadir, haqiqiy mohiyat ma’nodir. Oltin ko‘rinishi bo‘yalgan yaltiroq toshdir. Sen yosh bolaga o‘xshash rang bo‘yoqlarga payvand bo‘libsan. Sening oltinlaring hech bir ishga yaramaydi. Qiyomat kuni bu jonsiz narsang bilan hech kimga yordam berolmaysan. Sen o‘yinchoqlardan lazzat topasan, soxta yaltiroqlikdan shodlanasan. Sen mohiyatga intilmaysan, nurning manbaini izlamaysan. Pok joningni oltinning iskanjasidan xalos et, ey jon, oxiri mohiyat – abadiyatning oshig‘i bo‘lish kerak. Har qanday mushkulliklarni sabr bilan yenggan muridgina o‘zi ko‘zlagan manzilga yeta oladi. Sabrsizlik va irodasizlik odamni adashtiradi.
Bu mohiyatda o‘z ustidan g‘olib kelish jarayonidir. Attor asarlarida sabr-toqat orqali haqiqatga yetish masalasi bilan bog‘liq ko‘pgina falsafiy mulohazalar va ibratli hikoyatlar mavjud.
Tariqatdagi beshinchi maqom – tavakkul bo‘lib, barcha yaxshi – yomon ish va hodisalarni ilohiy zotning amri deb, ilohiy zotning irodasini o‘z irodasi deb bilishdir. Shu sababdan tavakkul ilohiy visolga intilgan muridning iymoni tarafidan belgilanadi; ya’ni u ilohiy ma’rifatning bir tarkibiy qismidir.
Tariqatdagi oltinchi maqom – rizo, rozilik bo‘lib, muridning qalb jihatdan tozalanib, ollohning roziligiga yetishini ko‘rsatadi. Bunda murid barcha nafsoniy his – tuyg‘ulardan ozod bo‘lib, qalbida faqat ilohiy zotninggina yodi qoladi. Ilohiy zotning visoli yo‘lidagi har qanday qismatga zarracha e’tiroz bildirmaydi. Shu orqali ilohiy zotning roziligiga musharraf bo‘lish talab qilinadi.
Attorning muhim asarlaridan biri hisoblangan “Ilohiynoma”ni ma’lum ma’noda shoirning tariqat qarashlarini sharhlashga bag‘ishlangan asar deyish mumkin. Asarning hoshiyasini tashkil qiladigan hikoyatda bir podshoh o‘zining olti o‘g‘lini huzuriga chorlab: “Aziz farzandi arjumandlarim, qani menga aytinglarchi, sizlarning qanday orzu-armoninglar bor, dunyoda nimani xohlab, nimani izlaysizlar? Nimaiki orzu-istaklaring bo‘lsa menga istiholaga bormay dadil ayon qilinglar. Har biringlarning fikr-o‘yinglarni bilishni istayman. Shunga qarab men sizlarga yo‘l ko‘rsatishim mumkin,”1 deydi. Garchi podshohning o‘g‘illari Attor ta’biri bilan aytganda hammasi zamonasining barcha ilmlarini o‘zlashtirib “donishmand” bo‘lgan esalar-da, lekin ma’naviy ilmlardan butkul xabarsiz bo‘lganlari uchun bebaqo o‘tkinchi dunyoning hoyu-havaslaridan so‘z ochadilar. Buning bilan podshoh o‘g‘illarining ma’naviy dunyolari qorong‘uligini his qilib, har xil ibratli hikoyatlar orqali ularni hidoyatga undaydi. Attor podshoh siymosi orqali uning o‘g‘illarini (ular orqali barcha insonlarni) tariqatga da’vat qiladi. Asardagi barcha hikoyatlar amaliyotda tariqatning maqom – bosqichlarini tanishtirish, sharhlash va dalillashga xizmat qiladi.
Attor tariqat va uning maqomlarini o‘ziga xos, eng zarur ruhiy ilmlar deb qaraydi. Insonni ana shu ruhiy ilmlar orqali voyaga yetkazmay turib takomillikdan so‘z ochib bo‘lmaydi. Shuning uchun, podshohning farzandlari turli o‘tkinchi vasvasalarga maftun bo‘lib, insonning asli mohiyatiga xos bo‘lgan ulug‘vor g‘oyalardan emas, balki nafsoniy istaklardan so‘z ochadilar. Attor aqlga tayanib mohiyatga yetuvchi, nazariy-amaliy fanlarning ahamiyatini hargiz chetga surmaydi. Uni inson taraqqiyotidagi zarur bo‘lgan aqliy bosqich, ruhiy ilmlarga yuzlanishining tayyorlik bosqichi deb qaraydi. Ammo, Attorning nazarida faqat aqliy bilimlar bilan olamning mohiyatiga yetib bo‘lmaydi. Chunki, haqiqiy mohiyatning ochqichi ruhdadir. Shuning uchun Attor “Ilohiynoma”da ruh haqida bunday deb yozadi:
“Qandayligini bilib bo‘lmaydigan ajoyib bir qushsanki, bizning tushuncha va tasavvurimiz hamda tasdig‘imizdan, inkor ham raddiyamizdan tashqarisan. Na yerda, na ko‘kda emas, tangri taoloning huzuridasan. Hamma narsa sensan, ammo hamma yo‘qlik ham yana o‘zingsan. Ko‘zga ko‘rinmaysan, ammo ko‘zlarning nurisan”.
Attorning tariqat haqidagi ta’limotlari boshdan oxiri ruhiy takomillikni targ‘ib qiladigan taraqqiyot jarayonidan iborat bo‘lib, u insonning ruhiy kamolatini maqsad qiladi. Bu nuqtadan Attorning tariqat ta’limotlari XIX asarning oxiri va XX asrning boshlarida Ovrupoda maydonga kelib, dunyoviy ta’sirga ega bo‘lgan, avstriyalik faylasuf Zigmund Freyd tomonidan asos solinib, Nitshe, Shopengauer, Erix Fromm kabi mutafakkirlar tomonidan taraqqiy ettirilgan “Ruhiy analiz” ta’limoti bilan ma’lum ohangdoshliklarga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |