7-MAVZU: O’QITUVCHI FAOLIYATIDA PEDAGOGIK QOBILIYAT
Qobiliyatning psihologik-pedagogik tavsifi.
Pedagogik qobiliyatning asosiy turlari (Empatiya va pertseptiv qobiliyatlar.
Didaktik, tashkilotchilik, konstruktiv, kommunikativ, bilish va anglash qobiliyatlari).
O’qituvchining o’z-o’zini boshqarishi hamda boshqalarga ta’sir o’tkaza olish qobiliyati.
Ma’ruza turi: Binar ma’ruza.
Tayanch ibioralar: qobiliyat, uning ta’rifi, pedagogik qobiliyatlar, ularning turlari. Empatiya va pertseptiv qobiliyatlar. Didaktik, tashkilotchilik, konstruktiv, kommunikativ, bilish va anglash qobiliyatlari. O’z-o’zini idora qila olish, ta’sir ko’rsata olish.
QOBILIYATNING PSIHOLOGIK-PEDAGOGIK TAVSIFI.
Respublikamiz hukumati xalq ta’limi sohasida o’rtaga qo’yayotgan vaziflarni bajarish ko’p jihatdan o’qituvchiga bog’liq. Yangi iqtisodiy siyosatga o’tish sharoitida ta’lim - tarbiyadan ko’zda tutilayotgan maqsadlarga erishish, o’quvchilarning xilma - xil faoliyatini uyushtirish, ularni bilimli, odobli, e’tiqotli, mehnatsevar, barkamol inson qilib o’stirish o’qituvchi zimmasiga yuklatilgan.
O’zining fidokorona mehnati bilan yosh avlodni o’qitish va tarbiyalash sifatini oshirishga katta hissa qo’shayotgan ijodkor o’qituvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Har yili eng yaxshi o’qituvchini aniqlash uchun o’tkazilayotgan maktab, tuman, viloyat, Respublika ko’rik tanlovlari ana shu yutuqlarga omil bo’lmoqda. Maktablarda "O’zbekiston qahramoni», «metodist o’qituvchi", "katta o’qituvchi", "O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi", "O’zbekistan xalq o’qituvchisi" unvonlariga sazovor bo’lgan o’qituvchilar soni tobora ko’paymoqda.
Xalqimizning kelajagi, mustaqil O’zbekistonning istiqboli ko’p jihatdan o’qituvchiga, uning saviyasiga, tayyorgarligi, fidoiyligiga, yosh avlodni o’qitish va tarbiyalash ishiga bo’lgan munosabatiga bog’liq.
So’nggi yillarda pedagogika institutlarida, universitetlarida, kasb-hunar kollejlarida o’qituvchilar tayyorlashni yaxshilashga qaratilgan ko’pgina ishlar amalga oshirildi. Bo’lajak o’qituvchilarning kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish, ixtisosiga doir fanlarni chuqur o’rganish va pedagogik mahoratni egallash, nazariy bilimlarni amaliyotda qo’llashga o’rgatish masalalariga e’tibor kuchaydi. Bo’lajak o’qituvchilarga pedagogika, ruhshunoslik, metodikaga doir fanlarni o’rgatish ko’lami yanada kengaydi. Ta’limning bakalavr hamda magistr sohalari joriy etildi.
O’zbekiston hukumati maktab o’qituvchilarining haftalik o’quv ishlari hajmini kamaytirib, maoshini oshirdi. O’quvchilarning daftarlarini tekshirgani uchun, shuningdek, "Xalq o’qituvchisi", "Xizmat ko’rsatgan o’qituvchi", "metodist - o’qituvchi"larga va ilmiy darajasi bor o’qituvchilarga qo’shimcha haq to’lash joriy etildi.
Pedagogika oliy o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan talabalarning stipendiyalari oshirildi, ovqatlanishi uchun, shaxsiy uylarda yashagani uchun ularga qo’shimcha pul to’lanadigan b´ldi.
O’qituvchilik sharafli, lekin juda murakkab kasbdir. YAxshi o’qituvchi bo’lish uchun pedagogik nazariyani egallashning o’zigina etarli emas. CHunki pedagogik nazariyada bolalarni o’qitish va tarbiyalash haqida umumiy qonun-qoidalar, umumlashtirilgan metodik g’oyalar bayon etiladi.
Shuning uchun ham mustaqil O’zbekiston davlatining umumiy ta’lim maktabida ishlaydigan o’qituvchi:
- pedagogik faoliyatiga qobiliyatli, ijodkor, ishbilarmon;
- milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlarni, dunyoviy bilimlarni mukammal egallagan, diniy ilmlardan ham xabardor, ma’naviy barkamol:
- O’zbekistonning mustaqil davlat sifatida taraqqiy etishiga ishonadigan, vatanparvarlik burchini to’g’ri anglagan, e’tiqodli fuqaro;
- ixtisosga doir bilimlarni, psixologik, pedagogik bilim va mahoratni, shuningdek, nazariy ilmlarni mukammal egallagan;
- o’qituvchilik kasbini va bolalarni yaxshi ko’radigan, har bir o’quvchisi ulg’ayib yaxshi odam bo’lishiga chin ko’ngildan ishonadigan, ularning shaxs sifatida rivojlanib, inson sifatida kamol topishiga ko’maklashadigan;
- erkin va ijodiy fikrlay oladigan, talabchan, adolatli, odobli bo’lmog’i darkor.
Pedagogik, o’qituvchilik faoliyatini, yoshlarni o’qitish va tarbiyalash ishini samarali bajarish, ota - onalar va bolalarning izzat -hurmatiga sazovor bo’lish uchun ham kishida bu ishga layoqat, qobiliyat, qiziqish bo’lmog’i lozim. Boshqa kasblar kabi o’qituvchilik kasbiga ham yoshlar orasida pedagogik faoliyatga layoqatli, bolalar bilan til topib muomala qila oladigan, ilmli kishilarni tanlab olish kerak.
Pedagoglik kasbini tanlagan kishi avvalo sog’lom bo’lishi, so’zlarni to’g’ri va yaxshi talaffuz qila olishi, asablari joyida, vazmin bo’lishi darkor. SHuningdek, bolalarni yoqtirishi, ular bilan ishlashga mayli, boshqalar bilan muloqat qila olishi, xushmomilaligiga, kuzatuvchanligi, keng fikrlay olishi, o’ziga va boshqalarga nisbatan talabchanligi ham kishining pedagogik ishga yaroqligini ko’rsatadi. Bu sifatlar kishida bor- yo’qligini tibbiyot xodimlari, ruhshunos, pedagoglar og’zaki va yozma savol - javoblar yordamida aniqlay oladi.
Pedagogik faoliyat yosh avlodni hayotga, mehnatga tayyorlash uchun xalq oldida, davlat oldida javob beradigan, bolalarga ta’lim - tarbiya berishga maxsus tayyorlangan odamlarning mehnat faoliyatidir. Maktab o’qituvchilarining faoliyati inson shaxsini shakllantirishga qaratilgan.
O’qituvchilik ixtisosining bu xususiyatlari uning professiogrammasida ifodalanadi.
Professiogramma quyidagilarni o’z ichiga oladi:
1) O’qituvchi shaxsining xususiyatlari;
2) O’qituvchining ruhiy – pedagogik tayyorgarligiga qo’yiladigan talablar;
3) Maxsus tayyorgarlikning hajmi va mazmuni;
4) Ixtisosga oid usuliy tayyorgarlikning mazmuni.
- O’qituvchi shaxsining xususiyatlari.
G’oyaviy sohada: ilmiy dunyoqarash va e’tiqod; ijtimoiy ehtiyoj va axloqiy zaruriyatlarni chuqur tushunish; ijtimoiy va grajdanlik burchini anglash; ijtimoiy - siyosiy faollik.
Pedagogik kasbi sohasida: bolalarni sevish va ular bilan ishlashga qiziqish, pedagogik ishni sevish; ruhiy - pedagogik ziyraklik va kuzatuvchanlik, pedagogik takt, pedagogik tasavvur; tashkilotchilik qobiliyati; haqqoniylik; dilkashlik; o’zini tuta bilish kasbiy layoqatlilik.
Muvaffaqiyatli ishlash uchun har bir o’qituvchi pedagogik mahoratga ega bo’lishi zarur. Pedagogik mahorat egasi oz mehnat sarf qilib, katta natijaga erishadi. Ijodkorlik uning hamisha hamkori bo’ladi. Pedagogik ishga qobiliyatli, iste’dodli kishidagina pedagogik mahorat bo’lishi mumkin.
O’qituvchining o’tkir qobiliyat egasi bo’lishi haqida xalqimiz tomonidan ajoyib rivoyatlar yaratilganki, bular hali-hanuz ta’lim-tarbiya ishida katta ahamiyatga ega bo’lib kelmoqda.
«Bir vaqtlar Mavlono Tanburiy degan ustod mashshoq o’tgan ekan. U kishi tambur, dutor, nay, changni shunday mahorat bilan chalar ekanki, eshitgan kishi erib, sel bo’lib ketarkan. Ustod ko’plab shogirdlar ham tayyorlagan ekan. Ammo shogird tanlashda qiziq bir odatlari bo’lib kim shogird bo’laman desa, qo’liga cho’p yo xassalarini tutqazar ekanlar. Bir boy «qobiliyati zo’r, muziqachi bo’ladi», deb ustoz Tanburiyga farzandini ko’rsatibdi. Tanburiy bergan hassani bola bir qarich, ikki qarich deb o’lchayotganini ko’rgan ustoz: «Yo’q bolangizdan mashshoq emas, bozingar - savdogar chiqadi» debdi. Yana bir kishining bolasi berilgan yog’ochni kesa boshlaganini ko’rgan ustoz undan musiqachi emas, duradgor usta chiqajagini aytibdi.
Shunday qilib, ustoz, shogird bo’laman deb kelgan bola sinash uchun berilgan cho’pni erga tiqsa bog’bon, «qilich» qilsa sarboz bo’ladi, deb jo’natib yuboraveribdi. Keyin bolalarni yig’ib. qo’llariga cho’p berib poylab o’tiribdi. Ulardan biri yana qilich qilib o’ynabdi, ikkinchisi ot qilib minibdi... Faqat bir usti yupun bola cho’pni nayga o’xshatib chala boshlabdi. Buni ko’rib Tanburiy bag’oyat xursand bo’libdi-da, bolani o’ziga shogird ham o’g’il qilib olib, unga bor hunarini qunt, sabr, matonat bilan o’rgata boshlabdi. Kechani-kecha, yozni-yoz, qishni-qish demay ta’lim beribdi. Bola o’hm zehnli ekan, ustozning aytganlarini darrov anglab olib, qayta-qayta takrorlab keyinchalik mashhur naychi bo’lib etishibdi.
Qarang-a ustodning topqirligi, bilimi, donoligi, ustozlik mehri tufayli oddiy bir dehqon bolasi xalq orasida mashhur naychi bo’lib etishibdi».
Muallim sinfda jamiyatning vakili sifatida o’quvchilar jamoasi bilan yolg’iz ish olib boradi. Bunday sharoitda o’qituvchining mas’uliyati uning xulqini tartibga solib turadigan, boshqaradigan kuch, o’quvchilarga ta’sir o’tkazish darajasining asosiy mezoni hisoblanadi.
O’qituvchi deyarli har kuni o’quvchilar bilan uchrashadi, savol-javob qiladi, ularning yaxshi ishlarini ma’qullaydi, bilimini baholaydi, nojo’ya xatti - harakatlari uchun tanbeh beradi. Albatta, o’qituvchining bunday xatti-harakatida mulohazalarida nisbiylik, subyektivlik alomatlari mavjud. U hammaga aynan birdek juda to’g’ri munosabatda bo’la olmasligi mumkin. Lekin u hamma o’quvchilarga nisbatan xolis niyatli, yaxshilik qilishga intiluvchi, adolatli kishi ekanligiga barchaning ishonchi komil bo’lmog’i darkor. Sinfda o’qituvchi "yaxshi ko’radigan", "yomon ko’radigan" o’quvchilar bor degan taassurot tug’ilmasligi kerak.
Xullas, obro’ o’qituvchilik faoliyati uchun zarur xususiyatdir. Obro’ kishining chuqur bilim, yuksak axloqiy sifatlari, hayot tajribasi, ilmiy tadqiqot va jamoat ishlarida faol ishtirok etishi tufayli orttirilgan, ko’pchilik tomonidan e’tirof etilgan ta’siri nufuzidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |