1.4.“Audit” fanida xususiy usullarning qo’llanilishi.
Audit fanini o’rganishda auditorlik faoliyatida qo’llaniladigan bir qancha xususiy usullardan foydalanamiz. Jumladan, xususiy usullar sifatida auditor tekshirish jarayonida me’yorlashtirish, baholash, guruhlash usullaridan foydalaniladi. Audit usullari har bir hodisaning kelib chiqish sabablari, ularning oqibatlari, ho’jalik jarayonlarining qonun-qoidalarga (mezonlarga) muvofiqligini aniqlashga yordam berishi kerak. Auditorlik faoliyatining rivojlanishi tufayli uning uslubi, unda qo’llaniladigan usullar ham takomillashib boraveradi. Keyingi paytlarda maxsus adabiyotlarda auditning quyidagi usullariga katta e’tibor berilmoqda: xodimlar (yoki uchinchi shaxslar) bilan og’zaki so’rovlar o’tkazish, tekshirilayotgan korxona bo’yicha muqobil (alternativ) balans tuzish, audit ob’ektlari bo’yicha testlar anketalar o’tkazish, kompyuter axborotlari texnolgiyalaridan keng foydalanish kabi usullar. Shuni ham qayd qilish kerakki, auditorlar (auditorlik tashkilotlari) audit jarayonida qabul qilingan umumiy (an’anaviy) usullardan foydalanish bilan bir qatorda ular o’zlariga ma’qul bo’lgan yoki boshqalar uchun “tijorat siri” hisoblangan noan’anaviy (lokal) usullardan ham foydalanishlari mumkin. Audit o’tkazishda milliy va xalqaro audit standartlariga asoslanadi. Shunday qilib, auditda qo’llaniladigan usullar uning turi, maqsadi va vazifalariga bevosita bog’liq bo’ladi.
1.5.“Audit” fanining “Buxgalteriya hisobi”, “Iqtisodiy tahlil”, “Soliqlar va soliqqa tortish” fanlari bilan o’zaro bog’liqligi.
Audit” fani “Buxgalteriya hisobi”, “Iqtisodiy tahlil”, “Soliqlar va soliqqa tortish” fanlari bilan quyidagi bog’liqliklarga ega:
“Buxgalteriya hisobi” fani bilan o’zaro bog’liqligi.
Buxgalteriya hisobida korxona moliyaviy-xo’jalik faliyati birlamchi hisob hujjatlarida, bosh kitob, balans hamda boshqa moliyaviy hisobot shakllarida ikki yoqlama yozuv qoidalari va buxgalteriya hisobining boshqa qoidalari asosida aks ettirib borilsa, “Audit” fani mazkur jarayonlarni korxona ma’lumotlarini olgach auditorning yiqqan dalillariga va amalga oshirilgan ishlarning mamlakatda mavjud me’yoriy-huquqiy hujjatlarga mosligini tekshirishni o’rgatadi hamda auditor korxona moliyaviy-xo’jalik faoliyatini samarali tashkil etish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
“Iqtisodiy tahlil” fani bilan o’zaro bog’liqligi.
Iqtisodiy tahlil mikrodarajada, ya’ni korxona darajasida amalga oshirilganda korxonaning ta’minot jarayonidan tortib ishlab chiqarish, sotish hamda moliyaviy natijalarni aniqlash jarayonlarigacha amalga oshirilgan tahlillar auditorlik xizmati amalga oshirgan tahlillar bilan solishtiriladi, shuningdek, korxonaning iqtisodiy va moliyaviy barqarorligi, to’lov qobiliyatiga egaligi haqiqatdagi ahvol bilan solishtirib chiqiladi va korxonaning yangi ishlab chiqarish rezervlarini aniqlash bo’yicha ham auditorning o’z takliflari auditorlik hisobotida aks ettiriladi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fani bilan o’zaro bog’liqligi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanida talaba soliqlarning turlari, ularni amalda hisoblash, to’lash tartiblarini o’rgansa, “Audit” fanida talaba mazkur soliqlar va majburiy to’lovlar haqiqatda to’g’ri hisoblanganligi va to’langanligi faktlarini aniqlash, farqlarni shakllantirish va ularning kelib chiqish sabablarini o’rganish, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni muntazam, to’g’ri hisoblab to’lab borish mamlakat iqtisodiyoti uchun nechog’lik muhimligi to’g’risida asosli tavsiyalar ishlab chiqishni o’rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |