muayyan tarkibiy qismlari, xususan, axloq, mafkura, din, ruhiyat kabilarning iqtisodiyotga o’tkazadigan ta’siri
o’rganilgan.
Masalan, «Ma’naviyat — millat nishoni» kitobida A. Erkaev ta’kidlagani kabi, XX asrdagi yirik faylasuflardan biri
Maks Veberning eng katta xizmatlaridan biri uning xristian dinidagi protestantlik mazhabining iqtisodiy taraqqiyotga
o’tkazgan ta’sirini kashf etishida bo’ldi. Uning nazariyasiga ko’ra, boylikni, boylik orttirishga intilishni uncha
xushlamaydigan xristian dini mazhablari iqtisodiy taraqqiyotga muayyan darajada to’sqinlik qilgan.
Boylikni xudoning
ne’mati, unga intilishni esa bandalarning burchi deb talqin qiladigan protestantlik esa iqtisodiy taraqqiyot va kapitalistik
munosabatlarning rivojlanishiga kuchli turtki bergan.
Iqtisodiyot va ma’naviyatning o’zaro bog’liqlik darajasi, ular o’rtasidagi o’zaro ta’sirning har bir yo’nalishidagi
kuchi va davomiyligi turli davrlarda turlicha bo’lgan. Tarixga loaqal umumiy tarzda ko’z yugurtirib chiqilsa, ularning
parvozi ham, tanazzuli ham ko’pincha bir paytda yuz berganini ko’rish mumkin.
Qadimgi Yunoniston va Rimda ma’naviyat yuksak cho’qqilarga ko’tarilganini hamma biladi, lekin aynan, shu
davrda bu hudud iqtisodiyoti o’sha davr jahon taraqqiyotining eng yuksak cho’qqilari bo’lganini hamma ham bilmaydi.
Movarounnahr tarixida ham ma’naviyat va iqtisodiy taraqqiyot, ularning inqirozi baqamti yuz berganini ko’rish
mumkin. Jumladan, milodiy IX-XII asrlarda bu mintaqada ham ma’naviy, ham iqtisodiy sohada ulkan ko’tarilish yuz
berdi. Bu davr to’g’risida so’z
yuritganda, tarixchilar asosan ma’naviy yuksalish to’g’risida gapiradilar. To’g’ri, Sharq
uyg’onish davri dunyoviy va diniy ilmlar, adabiyot va san’atning mislsiz rivoji bilan xarakterli. Shu davrda yuzlab va
minglab ulkan allomalar etiishib chiqdiki, ular nafaqat shu hududda yashovchi xalqlar, balki butun insoniyat faxriga
aylandilar. Shundaylar jumlasiga Ahmad Farg’oniy, Yusuf xos Xojib, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu
Ali
ibn Sino, al-Xorazmiy, Zamahshariy, imom Buxoriy, imom Termiziy, va boshqa ko’plab olimu fuzalolarni kiritish
mumkin.
Ularning ko’pchiligi haqida ilmiy risola va badiiy asarlar endigina yozila boshlagan bo’lsa-da, shu dastlabki
namunalarning o’zidan ham ma’naviy ko’tarilish ko’lamini tasavvur qilsa bo’ladi.
Lekin bu davrdagi iqtisodiy
yuksalish to’g’risida juda kam yozilgan. Holbuki, iqtisodiy o’sish ham kishini hayratga soladigan darajada edi. Bunga
yozma manbalarga murojaat etib, ishonch hosil qilish mumkin. Iqtisodiy rivojlanish umuman savdoning, xususan tashqi
savdoning qaydarajada rivojlanganligida o’z aksini topadi. Uyg’onish davrida O’rta Osiyoda tashqi savdo qay darajada
rivojlanganligi to’g’risida tasavvur hosil qilish uchun manbalarga murojaat etish mumkin. Movarounnahrning o’zida
savdo va iqtisodiyot rivojlanishidan tashqari, bu erlik savdogarlar dunyoning uzoq mamlakatlarida ham faol savdo
ishlari olib borgan.
1150 yilda Vengriyaga borgan arab sayyohi Abu Hamid al-Harnatiy u erdagi bozorlar va savdogarlar to’g’risida
shunday yozgan edi: «Unkuriya deb ataluvchi bu mamlakat 78 shahardan iborat. Bu shaharlardan har biri ko’plab qal’a,
qishloq, tog’, o’rmon va bog’larga ega. Ularda minglab mag’ribliklar yashaydi. Ularning son-sanog’i yo’q. Ularda
minglab xorazmliklar ham yashaydi. Ularning ham son-sanog’i yo’q. Xorazmliklar savdo bilan shug’ullanadi va
podshoga xizmat qiladi»
Iqtisodiyot va ma’naviyatning o’zaro uzviyligini faqat ma’naviyat bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar emas,
iqtisodchi olimlarning ko’pchiligi ham chuqur anglaganlar. Masalan, XX asrning ko’zga ko’ringan
iqtisodchilaridan biri
Jon Meynard Keyns bu aloqadorlikni anglabgina qolmay, o’zining fandagi xizmatini asosiy ruhiyat qonuni deb atalgan
qonunni kashf etishda, deb bilgandi. Bu qonunga ko’ra, daromadlarning o’sishi, boylik ortishi natijasida iste’molga
bo’lgan mayl pasayadi. Odamlarda hisob-kitob bilan iste’mol qilish, ehtiyotkorlik, baxillik kabi xususiyat va motivlar
paydo bo’ladiki, ular endi talabning pasayishiga va u orqali ishlab chiqarish sur’atlarining sekinlashishiga olib keladi.
Keyns jami sakkizta shunday motivni aniqlagan edi. Keyns aniqlagan motivlar va ularning ishlab chiqarishga ta’siri
alohida bahs talab qiladi. Lekin iqtisodchi sifatida jahonga mashhur bo’lgan olimning ruhiyatga aloqador masalalar
bilan jiddiy shug’ullanishi e’tiborga molikdir.
Ma’naviyat iqtisodiy jarayonlarni harakatga keltiruvchi, rivojlantiruvchi muhim omillardan hisoblansa ham, uning
o’zi iqtisodiyot bilan uzviylikda yuqori cho’qqilarga ko’tarilishi mumkin. U iqtisodiy tushkunlik davrida
ham rivojlana
olsa-da, uning haqiqiy yuksaklikka ko’tarilishi iqtisodiy o’sish, rivojlanish davrida yuz beradi. Bunga G’arb tarixi ham,
Sharq tarixi ham guvohlik beradi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Sharqdagi Uyg’onish davrida ma’naviyatning gullab-yashnashi iqtisodiyotning barq
urib rivojlanishi bilan birga kechdi. Keyinroq G’arb Uyg’onish davrida ham ma’naviyat va iqtisodiyot birgalikda
rivojlangan edi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Ma’naviyatning iqtisodiyot tushkunlikka uchragan
hollarda ham rivojlanaverishi nisbatan qisqa davrda va cheklangan hududlarda yuz bergan.
Bundan tashqari, ma’naviyat iqtisodiyotdan uzoqlashar ekan, asta-sekin inqirozga yuz tutgan. Buning sababi
shundaki, jamiyat hayoti o’zaro bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’lgan ikki qism — iqtisodiy va ma’naviy hayotga
bo’linadi. Ularni bir-biriga qarshi qo’yish, bir-biridan ajratish voqelikka zid bo’lib, oxiri muvaffaqiyatsizlik bilan
tugaydi.
XIX-XX asr adabiyotining mumtoz
namunasi hisoblangan Balzak, Edgar Po, Jek London, Folkner singari
yozuvchilar yaratgan qahramonlar ham pul va boylik to’plash to’g’risida tunu kun bosh qotiradi. Boylik to’plash uchun
ular qahraton shimolga yoki jazirama janubga boradilar. Ular qilgan qabohatlar ham, qahramonliklar ham boylik bilan
bog’liq edi. Bu yozuvchilar ijobiy qahramonlarning olijanob ishlarini ta’riflashda boylik qanday o’rin tutganini e’tirof
qilish bilan birga, qabohatlarning kelib chiqishiga ham boylik sabab bo’lganini ishonarli bo’yoqlarda tasvirlagan.
Biz Maks Veber protestantlik mazhabi jamiyatning boyishiga katta turtki berganini kashf qilgani haqida gapirdik.
Savdo xodimlari, hisobchi-buxgalterlar, omborchilar, dallollar singari iqtisodiy hayotning
zarur odamlarini faqat qora
bo’yoqlarda tasvirlagan sobiq sovet adabiyoti esa jamiyatning boyishiga, iqtisodiy jihatdan yuksalishiga hissa qo’shishi
mumkin emas edi. Mana shu misol ham adabiyot va san’at, umuman, ma’naviyat iqtisodga teskari qarab olganda inqirozga
uchrashi va iqtisodiy taraqqiyotga to’siq bo’lib qolishini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: