4-mavzu. Madaniyat falsafasi.
O’zbekistonning tsivilizatsiyalashgan taraqqiyoti
Reja:
1. «Madaniyat» va «tsivilizatsiya» tushunchalarining mohiyati va mazmuni.
2. Tsivilizatsiyaning tarixiy shakllari va hozirgi zamondagi xususiyatlari.
3. Jahon tsivilizatsiyasida O’zbekistonning tutgan o’rni va istiqbollari.
4. Madaniyat va tsivilizatsiyaning asosiy tamoyillari, qonuniyat va xususiyatlarini bilish – ma’naviy kamolot manbai.
Insoniyatni o’rab turgan muhitning tarkibiy qismi bo’lgan odamzodning yaratuvchilik qobiliyatini ko’z-ko’z
qiladigan eng buyuk ne’matlar orasida madaniyat asosiy o’rinlardan birini egallaydi. Unda odamzodning iqtidori,
salohiyati va qobiliyati o’zligini namoyon qiladi. Gohida olimlar, mutaxassislar o’rtasida «Odamzod madaniyatni
yaratishga qancha ko’p e’tibor qaratgan bo’lsa, madaniyat ham odamzodni shuncha ko’p tarbiyalagan», degan fikrlarni
ham eshitish mumkin.
Keyingi yillarda madaniyat tushunchasi bilan birga, «Tsivilizatsiya» atamasi ham tez-tez eshitiladigan bo’lib qoldi.
Muayyan xalq, hudud yoki davlatning taraqqiyot bosqichlari, ularga xos madaniy rivojlanish to’g’risida gap ketganida,
olim va mutaxassislar ana shu atamadan foydalanmoqda. Bu esa o’z-o’zidan «Xo’sh, madaniyat nima? Tsivilizatsiya-
chi?» kabi savollarga javob berishni taqozo etadi. Madaniyat ko’pqirrali ijtimoiy-tarixiy hodisa bo’lib, insoniyat
ma’naviyati yuksalib borgani sayin mazkur tushunchaning mazmuni tobora boyib boradi. Madaniyat inson tomonidan
yaratilgan sun’iy olamdir yoki ikkinchi tabiatdir, degan qarashlar ham yo’q emas. Bunda odam zotining yaratuvchilik
qobiliyati, iqtidori va shu asosdagi faoliyati hamda ularning natijalari nazarda tutiladi.
Tarixdan jamiyat taraqqiyotining muayyan davrlarida madaniyatning nihoyatda gullab-yashnagan davrlari bo’lgani
ma’lum. Masalan, qadimgi Yunonistonda miloddan ilgarigi VII-II asrlarda fan va madaniyat nihoyatda rivojlangan.
O’sha davrda yashagan Suqrot, Aflotun, Arastu kabi o’nlab allomalarning nomlari insoniyat tarixiga abadiy
muhrlangan. Hozirgacha insoniyat tarixini o’rganadigan mutaxassislar bu davrdagi Yunoniston madaniyatini jahon
tsivilizatsiyasining beshiklaridan biri sifatida talqin etadilar. Taxminan ana shu davrda «Avesto» kitobini yaratgan
yurtdoshlarimiz madaniyati ham yuksak bo’lganini bugungi kunda ko’pgina mutaxassislar e’tirof etmoqda. Xuddi
shunday madaniy taraqqiyotni yurtimiz tarixining VII-XII asrlarida yoki Sohibqiron Amir Temur hukmronlik qilgan
davrda ham kuzatish mumkin.
Madaniyat inson bilimlari, ko’nikma va tajribalarini, ma’naviy salohiyatini hamda amaliy faoliyat jarayonida inson
ideallarining ro’yobga chiqishi va shaxs sifatida kamol topish jarayonini o’zida aks ettiradi.
Madaniyat va tsivilizatsiya tushunchalari o’zaro bog’liq bo’lsa-da, turlicha mazmun va xususiyatga egadir. Ba’zi
olimlar madaniyat, o’zining kelib chiqishiga ko’ra, tsivilizatsiyaga nisbatan qadimiydir, u mohiyatan tsivilizatsiyaning
ruhi, jonidir, deb hisoblaydi. Masalan, A. Toynbi «Tarixning idrok qilinishi» asarida shunday fikrlarni bayon etadi.
Frantsuz olimi R. Aron ham shunga yaqin xulosaga keladi. Uning fikricha, aynan madaniyat va sanoat sohasidagi
tanazzul asta-sekin insoniyatni krizislar botqog’iga botirishi, bu esa, umumbashariyatning kelajagini xavf ostiga
qo’yishi ham mumkin.
Har bir xalq o’ziga xos madaniyat yaratadi va shu madaniyat tufayli o’zligini anglaydi, jahon taraqqiyotiga hissa
qo’shadi. Milliy madaniyat rivojida quyidagilar katta o’rin tutadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |