Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni: Insoniyat XX asrda boshlab XXI asrda davom ettirayotgan eng muhim g‘oyalardan biri — jamiyatdagi turli toifalar, siyosiy kuchlar va partiyalar o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikdir.
Ijtimoiy hamkorlik — murosa falsafasi bo‘lib, xilma-xil fikr va qarashlarga ega bo‘lgan, turli millat, irq va dinga mansub shaxs va guruxlarning umumiy maqsad yo‘lidagi hamjihatligini ta’minlaydi. Natijada jamiyatda tinchlik va totuvlikning, barqaror taraqqiyotning mustahkam kafolati vujudga keladi. Albatta, bunday darajaga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Turli g‘oyalarni bayroq qilib olgan kuchlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish g‘oyat mushkul. Lekin Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi shunga erishishni taqozo etadi.
Qarashlar rang-barangligi, fikrlar xilma-xilligi, so‘z va fikr erkinligi jamiyatni sog‘lomlashtiruvchi, uni mustahkamlovchi o‘ta muhim omildir. Biroq — bu, xayolga kelgan gapni aytish, ko‘ngil tusagan ishni qilish, o‘z manfaati uchun hamma narsaga tayyor turish, degani emas. Bundan tashqari, erkin fikr degani, albatta, to‘g‘ri fikr degani ham emas. Erkinlikning o‘zi esa anglab olingan zaruratdir. Demak, fikr erkinligi umummanfaat, umumjamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi sog‘lom harakat, sog‘lom fikr yuritish, iymon-e’tiqod yuzasidan ish tutish, demakdir. Ulug‘ bobokalonimiz Abu Nasr Forobiy ham «Agar fikrlari va harakatlari jamiyat manfaatlariga, xizmat qilmaydigan bo‘lsa, mamlakatni bunday kishilardan tozalash kerak», degan fikrni bejiz aytmagan. Ming yillar mobaynida milliy davlatchiligimiz tarixiy tajribalarida sinovdan o‘tgan bunday xulosalar hamon o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Binobarin, bugungi va ertangi kunimiz uchun ham, albatta, xizmat qilajak.
Sho‘rolar davrida yakka hukmronlik qilgan kommunistik mafkura sinfiylik va partiyaviylik shiori ostida olamni faqat oq-qora bo‘yoqlarda tasvirlashga, millatni ikkiga bo‘lib tashlashga sabab bo‘ldi. «Yot sinflar», ularning «dumlari», ularga «xayrixohlar» jismonai yo‘q qilindi. Buning sababi sho‘rolar mafkurasida sinfiy manfaatlar, yagona partiya talablari umuminsoniy g‘oyalardan ustun qo‘yilganida edi.
Bugun mustaqil O‘zbekiston ijtimoiy plyuralizm, hayotni erkinlashtirish, mulkning turli shakllari teng-huqukliligini huquqiy kafolatlash yo‘lidan bormoqda. Bunday jamiyatda esa turli ijtimoiy guruxlar, tabaqalar, sinflar bo‘lishi muqarrar. Ularning o‘z iqtisodiy va siyosiy manfaatlari bir-biridan muayyan darajada farq qilishi ham tabiiy. Lekin bu holat millatni bo‘lib yubormasligi lozim. Vatanimizda olib borilayotgan siyosat uni turli inqilobiy keskinliklarsiz, ijtimoiy adovatni avj oldirmasdan qaror toptirish imkonini berib, hamkorlik va tinch-totuvlik uchun sharoit tug‘dirmoqda. Ijtimoiy hamkorlik jamiyatdagi barcha kishilar, partiyalar, toifalar bir xil fikr yuritsin, degani emas. Aslida har bir ijtimoiy kuchning dunyoqarashi, manfaatlari turlicha bo‘ladi va binobarin, ular bir-biridan farq qiladi. Lekin bular uchun umumiy yo‘nalish yagona Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi bo‘lib qolaverishiga erishish nihoyatda muhim.
Turli ijtimoiy guruhlar manfaatini himoya qilishga bel bog‘lagan, o‘z dasturini e’lon qilgan partiya va jamoat tashkilotlari o‘z faoliyat doirasidagina a’zolari manfaatini himoya qilishi mumkin, xolos. Biroq umumiy manfaat — xalq, jamiyat, Vatan manfaati singari eng oliy qadriyatlar borki, barcha siyosiy partiyalar, g‘oyalar va mafkuralar ana shu umumiy asoslarda birlashadi. Jamiyat kimning qanday partiya yoki harakatga mansub bo‘lganiga qarab emas, el-yurt, tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida qilayotgan amaliy ishlariga qarab baho beradi.
Ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash, hammamizning, birinchi galda, davlat va jamoat tashkilotlari, hamda jamiyatning ilg‘or vakillari bo‘lgan ziyolilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Barchamiz Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligini ta’minlash uchun, ijtimoiy hamkorlik muhitiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday xavf-xatarning oldini olish, ularni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmog‘imiz darkor. Chunki shu aziz Vatan barchamizniki, undagi tashvishu g‘am, yutuq va kamchiliklar, muvaffaqiyatlar hammamizga tegishlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |