С
В
– Aylanma harakat.
S
А
– Mexanik harakat.
D – Harakat.
Tushunchani chegaralash va umumlashtirish amallari kundalik hayotimiz va ilmiy bilishda keng qo’llaniladi. Xususan, barcha kategoriyalar, ular yordamida ifodalanadigan nazariy qonunlar, g’oyalar, nazariyalar mavjud empirik tushunchalarni, empirik qonunlarni umumlashtirish natijasida hosil bo’ladi.
Umumlashtirish muhokama yuritish jarayonida induktiv xulosa chiqarish usulida yaqqol ifodalangan bo’ladi. Tushunchalarni umumlashtirishsiz fanning fundamental tushunchalarini yaratib bo’lmaydi; mavjud bilimlarni tizimga solish qiyin va umuman, fan taraqqiy eta olmaydi.
Tushunchalarni chegaralash amali esa, yaratilgan umumiy bilimlarni (nazariy tushuncha, g’oya, nazariya va shu kabilarni) talqin etishda ishlatiladi. Masalan, Nyuton mexanikasidagi «Inersiya» tushunchasi Galiley nazariyasidagi «Erkin tushish» tushunchasi yordamida tushuntirilishi mumkin.
Tushunchalarni bo’lish
Tushunchaning hajmini unda aks etgan predmetlarni ayrim guruhlarga (ayrim predmetlarga) ajratish yo’li bilan aniqlashga tushunchani bo’lish deyiladi. Bo’lish amalini bo’linuvchi tushuncha (hajmi aniqlanishi lozim bo’lgan tushuncha), bo’lish asosi (predmetning tushunchada fikr qilinadigan birorta umumiy belgisi) va bo’lish a’zolari (bo’lish natijasida hosil qilinadigan tur tushunchalar) tashkil etadi. Masalan, «inson»larni (bo’linuvchi tushuncha) jinsiga ko’ra, (bo’lish asosi) erkak va ayollar (bo’lish a’zolari)ga ajratish yo’li bilan uning hajmi aniqlanadi. Bo’linuvchi tushuncha – jins tushuncha, bo’lish a’zolari – tur tushunchalar bo’lib, ular o’zaro birga bo’ysunish munosabatidadirlar.
Tushunchalarni bo’lish amalini predmetlarni qismlarga ajratishdan farq qilish lozim. Masalan, avtomobilni kuzov, shassi, dvigatel va shu kabilarga ajratsak, uni qismlarga bo’lgan bo’lamiz. Predmetning qismi predmetning umumiy belgilariga ega bo’lmasligi mumkin. Shuning uchun ham «Kuzov avtomashinadir», degan mulohaza hosil qilsak, u xato bo’ladi. Agar «Avtomobil» tushunchasini «Yengil avtomobil», «Yuk tashuvchi avtomobil» tushunchalariga ajratsak, uni bo’lgan bo’lamiz.
Bo’lishning ikkita turi mavjud: asos bo’lgan belgining o’zgarishiga qarab bo’lish va dixotomik bo’lish. Birinchi turida predmetning birorta umumiy belgisi bo’lish uchun asos qilib olinib, uning o’zgarishiga muvofiq holda predmetlarning ayrim guruhlari aniqlanadi. Masalan, burchakning o’zgarishiga qarab «uchburchak» tushunchasi uchta tur tushunchaga: «to’g’ri burchakli uchburchak», «o’tmas burchakli uchburchak», «o’tkir burchakli uchburchak»larga ajratiladi. Bo’lish asosi qilib bo’linuvchi tushunchaning mazmunida fikr qilinadigan har qanday umumiy belgini olish mumkin. Masalan, «uchburchak» tushunchasini tomonlariga qarab «teng tomonli uchburchak», «teng yonli uchburchak», «turli tomonli uchburchak» tushunchalariga ajratish mumkin.
Tushunchaning qaysi belgisini bo’lish asosi qilib olish bo’lishda hal qilinishi lozim bo’lgan vazifaga bog’liq. Lekin qanday vazifani hal qilishdan qat’i nazar, bo’lish o’zining obyektiv asosiga ega bo’lishi lozim, ya’ni bo’lish asosi bo’lgan belgi predmetning umumiy belgisi bo’lishi shart.
Dixotomik bo’lish bo’linuvchi tushunchani o’zaro zid bo’lgan ikkita tur tushunchaga ajratishdan iborat. Masalan, barcha kishilarni «dindorlar» va «dindor emaslar»ga ajratsak, dixotomik tarzda bo’lgan bo’lamiz. Dixotomik bo’lish bir qator qulayliklarga ega. Xususan, bunda biz bo’linuvchi tushunchaning barcha turlarini ko’rsatib o’tirmasdan, o’zimizga kerakligini ajratamiz, qolganlarini unga zid bo’lgan tushunchaga birlashtiramiz. Shu bilan birga dixotomik bo’lish ma’lum bir kamchiliklarga ham ega. Masalan, inkor tushunchaning hajmi noaniq bo’ladi. Undan tashqari, dixotomik bo’lishdan faqat bir marta foydalangandagina kutilgan maqsadga erishish mumkin. Agar, bo’lish a’zolaridan biri, ayniqsa, inkor tushunchani o’z navbatida bo’linuvchi tushuncha deb qabul qilib, bo’lish amalini davom ettirsak, xato natijalar kelib chiqishi mumkin.
Bo’lish amali to’g’ri borishi uchun ma’lum bir qoidalarga rioya qilish kerak. Ular bo’lish qoidalari deb ataladi.
A. Bo’lish teng hajmli bo’lishi, ya’ni bo’lish a’zolari hajmlarining yig’indisi bo’linuvchi tushuncha hajmiga teng bo’lishi kerak. Bu qoida buzilsa, bo’lish to’liqsiz yoki ortiqcha bo’lib qoladi. Birinchi xil xatoda ba’zi bo’lish a’zolari ko’rsatilmay qoladi. Masalan, «fe’l zamonlari» tushunchasini «o’tgan zamon fe’li» va «hozirgi zamon fe’li» tushunchalariga ajratsak, ana shunday xato ro’y beradi. Chunki «kelasi zamon fe’li» tushunchasi qolib ketgan. Ikkinchi xil xatoda esa ortiqcha bo’lish a’zosi ko’rsatilgan bo’ladi. Masalan, «bilish» tushunchasini «hissiy bilish», «tafakkur», «nazariy bilish»ga ajratib bo’lmaydi. Chunki «nazariy bilish» bu yerda ortiqchadir.
B. Bo’lish bir asos bo’yicha amalga oshirilishi lozim. Boshqacha aytganda, asos qilib olingan belgi bo’lish davomida boshqa belgi bilan almashtirilmasligi zarur. Masalan, «Qonun» tushunchasini «Tabiat qonuni», «Jamiyat qonuni», «Bilish qonuni», «Statistik qonun», «Dinamik qonun» tushunchalariga bo’lsak, xato qilgan bo’lamiz. Chunki bu yerda bo’lish asosi bir emas, ikkita. Birinchi uchta bo’lish a’zosi qonunning amal qilish sohasi bo’yicha, qolgan ikkitasi qonun ifoda qiluvchi hodisalar xarakteri bo’yicha ajratilgan. Bu bilan bo’lishdagi izchillik yo’qolgan.
V. Bo’lish a’zolari hajmi bo’yicha bir-birini istisno qilishi kerak. Buning uchun ular birga bo’ysunish munosabatidagi tushunchalar bo’lishi kerak. Agar «Bino» tushunchasini «Bir qavatli bino», «Ko’p qavatli bino», «Osmono’par bino» tushunchalariga bo’lsak, xatoga yo’l qo’ygan bo’lamiz. Chunki «Ko’p qavatli bino» tushunchasi bilan «Osmono’par bino» tushunchasi bir-birini hajmi bo’yicha istisno qilmaydi.
G. Bo’lish uzluksiz holda amalga oshirilishi, unda «sakrash» bo’lmasligi kerak. Buning uchun jins tushunchaga eng yaqin bo’lgan bir tartibdagi tur tushunchalar olinmog’i lozim. Masalan, «Gap» tushunchasini «Sodda gap», «Ergashgan qo’shma gap», «Bog’langan qo’shma gap» tushunchalariga ajratsak, bo’lishdagi izchillik yo’qoladi. Bunda oxirgi ikkita bo’lish a’zosi «qo’shma gap» tushunchasining turlaridir. Demak, «sakrash» hodisasi ro’y bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |