CH.Darvin ta’limotining mazmuni
CH. Darvin turlarning paydo bo‘lishi va taraqqiyot jarayonining mexanizmlarini aniqladi. Evolyutsiya jarayonining harakatlantiruvchi asosiy omillari-o‘zgaruvchanlik, yashash uchun kurash va tabiiiy tanlanishni evolyutsiya jarayoni uchun ahamiyatini ochib berdi.
O‘zgaruvchanlik. Bir turga kiradigan individlarning bir-biridan ajratib turadigan tafovutlarni paydo bo‘lishini Darvin o‘zgaruvchanlik deb atadi. Darvin o‘zgaruvchanlikni ikki xilini farqlaydi.
1. Individual o‘zgaruvchanlik. Tirik organizmlar nasl qoldirganda, yangi bo‘g‘in ota-ona formalaridan va bir-biridan ayrim belgi xossalari bilan farq qilishni Darvin aniqladi va buni indiqidual o‘zgaruvchanlik deb atadi.
Darvin davrida hayvon va o‘simliklarning o‘zgarish sabablari va qonunlari xaqidagi bilimlar juda kam edi. Shunga qaramay, u o‘zgaruvchanlikda tashqi muhit faktorlarining ahamiyati chuqur o‘rgandi. Tabiatda bir turga kiradigan aynan bir-biriga o‘xshaydigan ikkita individni topib bo‘lmasligini Darvin ta’kidlagan. Chunki tashqi muhitning har qanday sharoitiga bir turga kiradigan organizmlar turlicha o‘zgaradi va moslashadi. Bu o‘zgarish va moslanishlar individual o‘zgaruvchanlikdir.
2. Gruppa o‘zgaruvchanlik. Tashqi muhitning ma’lum ta’siri bir tur, zot yoki navga kiradigan organizmlar va ularning kelgusi bo‘g‘inini bir xilda yoppasiga o‘zgartiradi. Buni gruppa (yalpi) o‘zgaruvchanlik deb ataladi.
Masalan, oziq moddalarning ko‘payishi yoki kamayishi hayvonlar mahsuldorligiga va o‘simliklar hosildorligiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Haroratni pasayishi sut emizuvchilar junini qalinlashishiga, o‘simliklar bargini to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Bunda turning hamma individlari o‘zgaradi.
Bundan tashqari, Darvin korrelyativ va kompensatsion o‘zgaruvchanliklarni ham e’tirof etdi. Korrelyativ yoki nisbiy o‘zgaruvchanlik deyilganda, biron organning o‘zgarishi shunga bog‘liq boshqa organni ham o‘zgarishiga olib keladi. Ma’lumki, o‘z vaqtida buni J.Kyuvye korrelyatsiya prinsipi sifatida izohlagan edi. Darvin esa korrelyativ o‘zgaruvchanlikni ilmiy jihatdan tushuntirib, bir qancha misollar keltirdi. Jumladan, oyog‘i uzun hayvonlarning bo‘yi ham uzun bo‘ladi, qoramollarning shohi va uning uzunligi o‘rtasida ham korrelyativ bog‘lanish bor.
Kompensatsion o‘zgaruvchanlik deyiganda, ba’zi organlar va ularning funksiyalarini rivojlanishi va boshqa organlarning zaiflashib yoki yo‘qolib ketishi tushiniladi. Buni dastlab Sent-Iler tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, uni muvozanat yoki kompensatsiya prinsipi deb atagan. M. Ko‘p sut beradigan sigirlar kam go‘sht beradi.
Darvin o‘zgaruvchanlikni o‘zgarish bilan birgalikda, irsiyat muammosiga ham e’tibor berdi. Darvin davrida irsiyat muammosi hal etilmaganligini e’tiborga olib: “Irsiyatni boshqaradigan qonunlarning ko‘pchiligi ma’lum emas” deb ta’kidlagan edi. Darvin irsiyat deganda, ota-ona formalar bilan ularning nasli o‘rtasidagi o‘xshashlik yoki o‘ziga o‘xshash formalarni vujudga keltirish xossalarini tushinadi. Irsiyat tufayli avloddan-avlodga o‘tgan sari tashqi va ichki tuzilishda o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Irsiyat qonuniyatlari Darvin ta’limoti paydo bo‘lgandan keyin aniqlandi va evolyutsion ta’limotni tushinish va uning taraqqiyotiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Sun’iy tanlash. Organik olamning kelib chiqishi va evolyutsiyasi to‘g‘risidagi g‘oya to‘g‘ri ekanligini Darvin o‘simliklar va hayvonlarning uy sharoitida o‘zgarishi misolida ham o‘rgandi. Madaniy o‘simliklarning va xonaki hayvonlarning nav va zotlari nihoyatda ko‘p ekanligi Darvinni hayratga soldi. Jumladan, nokning 5000 dan ortiq, tokning 1000 dan, olxo‘rining 2000 ga, shaftolining 5000 ga, qulpunayning 2000 ga, atirgulning 10 000 ga yaqin, g‘o‘zaning 6000 dan ortiq navi bor. Qoramollarning 400, qo‘ylarning 350, otlarning 250, itlarning 350 zoti mavjud. Bir turga mansub zot va navlar tashqi belgi va xossalari bilan bir-biridan farq qiladi. Honaki hayvonlar zotida va madaniy o‘simliklar navida yovvoyi turlariga nisbatan inson hayoti uchun foydali belgi-xossalar yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Bularning kelib chiqishini isbotlash uchun Darvin kaptar misolida chuqurroq o‘rgandi va kaptar zotlarini 4 guruhga bo‘ldi. Birinchi guruhga bo‘qoq kaptar zotlari kiritilib, ularning jig‘ildoni ancha kengaygan bo‘ladi. Ikkinchi guruhga tumshug‘i uzun, ko‘zi atrofida so‘galsimon o‘simtasi bo‘lgan kaptarlar kiradi. Uchinchi guruh kaptarlarning tumshug‘i kalta, ko‘zi atrofidagi terisi kam rivojlangan bo‘ladi. To‘rtinchi guruhi yovvoyi qoya kaptariga o‘xshaydi.
Har bir guruhga kiruvchi kaptarlar ayrim belgilari bilan bir-biriga o‘xshasa ham boshqa boshqa belgilari bilan farq qiladi. Ammo bu guruhlar o‘rtasida ikki guruhning belgilarini o‘zida saqlaydigan oraliq formalar ham bor. Darvin bu kaptar zotlarining hammasi bitta tur-yovvoyi qoya ko‘k kaptaridan kelib chiqqan, degan xulosaga keldi va bu fikrlarni to‘g‘riligini isbolash uchun bir qancha dalillar keltirdi.
Darvin honakilashtirilgan hayvonlar va madaniy o‘simliklarning xilma-xil zotlar va navlari faqat o‘zgaruvchanlik va chatishtirish tufayli yaratilmaganligini, bunda sun’iy tanlash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi.
Sun’iy tanlash deyilganda, inson ishtirokida xo‘jalik ahamiyatga ega bo‘lgan belgili individlarni tanlash tushuniladi. Sun’iy tanlash natijasida ux hayvonlarining zotlari va madaniy o‘simliklarning navlari yetishtiriladi. Tajribada kelgusi avlod uchun ota-ona formalari tanlash, yetarli natija bermaydigan formalarni yo‘qotish ishlari olib boriladi. Eng toza zotlar ustida ish olib borgan Lord Riversdan “Siz qanday qilib ajoyib natijalarga erishdingiz?” deb so‘ralganda “Men ularni ko‘plab boqaman va ko‘plab osaman. Odatda bu jarayon “tozalash” deyiladi, xaqiqatda esa bu yomon hayvonlarni yaroqsizga chiqarish kabi tanlash formasidir”, deb javob bergan. Zot va nav yetishtirish uchun ota-onaga nisbatan o‘zgargan formalarni saqlash, ahamiyatli belgilarni avloddan-avlodga o‘tkazib borish zarur. Sun’iy tanlashda davomli o‘zgaruvchanlik katta ahamiyatga ega. Davomli o‘zgaruvchanlik deyilganda, ma’lum sharoitda u yoki bu organizmda ma’lum belgi va xossalar o‘zgarsa, shu sharoitda saqlanadigan organizmlarda bu belgi va xossalari bo‘g‘indan bo‘g‘inga o‘tib, saqlanib, to‘planib boradi.
Darvin fikricha sun’iy tanlashning ikki xili mavjud: metodik va ongsiz tanlash. Metodik tanlash deyilganda, inson yangi zot va nav chiqarishga ongli, ijodiy yondoshadi. Masalan, qoramolning simmental zotining sut mahsuldorligi 40 yil davomida 1,5 marta ortgan. Agar 1870- 1875 yillarda har bosh sigirdan 2500 l.dan sut olingan bo‘lsa, 1880-1885 yillarda sun’iy tanlash natijasida 2950 l. 1900-1910 yillarda esa 4000 l. dan sut olingan.
Metodik sun’iy tanlash natijasida hayvonlarning zot va o‘simliklarning navi odamning xo‘jalik, iqtisodiy va estetik talablariga muvofiq ravishda chiqarilgan.
Inson sun’iy tanlash natijasida organizm belgilarini mumkin qadar keskin o‘zgarishiga harakat qiladi. Masalan, yovvoyi qoramol bir yilda 600 l. gacha, sun’iy tanlash natijasida yetishtirilgan zotlar 16000 l. gacha sut beradi. Agar yovvoyi bankiv tovuqlari bir yilda 4-13 ta tuxum bersa, sun’iy tanlash natijasida yetishtirilgan zotlar 300-350 tagacha tuxum beradi. Odam sun’iy tanlashni har xil maqsadlarga olib boradi. Buning natijasida zot va navlarda ota-ona belgilari tarqalib ketadi, ya’ni diverensiya sodir bo‘ladi. Diverensiya deyilganda, umumiy ajdoddan kelib chiqqan organizmda tanlash tufayli bir-biridan farq qiladigan belgi-xossalarini paydo bo‘lishi tushuniladi. Darvin diverensiya natijasida belgilarni ajralishini kaptar, tovuq zotlari va karam navlari misolida ko‘rsatgan.
Eramizdan 500 yil ilgari qadimgi Yunonistonda xo‘roz urishtirish rasm bo‘lan. XII-asrdan boshlab Angliyada xo‘roz urishtirish sport darajasiga ko‘tarilgan. Bu eng yaxshi xo‘rozlarni tanlashga imkon bergan.
Karam navlarini yetishtirish barglarini o‘zgarishiga asoslangan. Umuman, seleksiya inson ehtiyojini ortishi tufayli ongli tanlashga burilgan. Sun’iy tanlash ba’zan konvergensiyaga olib keladi. Konvergensiya deyilganda, turli ajdodlardan kelib chiqqan organizmlarda o‘xshash belgilar paydo bo‘lishi tushuniladi. Masalan, cho‘chqa zotlari Yevropa to‘ng‘izi va Osiyo yovvoyi to‘ng‘izini chatishtirish orqali chiqarilgan. Hozirgi xilma-xil cho‘chqa zotlarida o‘xshash belgilar, ya’ni oyoqlari va tumshuqlari kalta bo‘lishi, tishlarning mayda bo‘lishi paydo bo‘lgan. Bunday konvergent belgilarni boshqa hayvonlarda ham ko‘rish mumkin.
Darvin sun’iy tanlashning ikkinchi turi ongsiz tanlashni ham muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan. O‘simlik va hayvonlarning dastlabki navlari va zotlari hali inson tanlashning ijodiy rolini bilmagan vaqtda yaratilgan edi. Bu masalani yoritish uchun Darvin ongsiz tanlash g‘oyasini ilgari surdi. Ongsiz tanlashda inson o‘z oldiga o‘simlik va hayvon formalarini takomillashtirish, ularning yangi nav va zotlarini chiqarishni maqsad qilib qo‘ymaydi, balki yaxshilarni saqlab yomonlarini yo‘qotgan. Shu yo‘l bilan yangi zot va nav chiqarilganligini o‘zi bilmagan. Lekin uning ta’siri juda sust bo‘lgan. Darvin bir necha misollar keltiradi. Qadimda qabilalar tez-tez urishib turgan va yengilganlari quvg‘in qilingan va ular ocharchilikda hayot kechirgan. Shunday holatda ular yaxshi hayvonlarni saqlashgan.
Xulosa qilib aytganda, o‘simlik navlari va hayvon zotlarini yetishtirishga inson ongli va ongsiz ravishda yondoshadi. Umuman, sun’iy tanlash o‘zida 3 hodisani:
1). Eng yaxshi formalarni tanlash va saqlashni:
2). Inson talablariga mos kelmagan formalarni yaroqsizga chiqarishni:
3). Chatishtirish uchun zarur bo‘lgan ota-ona formalarini tanlashni o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |