Xulosa
1. Antropotsentrik tilshunoslikning yetakchi yo‘nalishlaridan biri hisoblangan etnolingvistika tilshunoslik, etnografiya, madaniyatshunoslik, psixolingvistika sohalari hamkorligida yuzaga kelgan, tilning madaniyat, etnos, milliy mentallik bilan o‘zaro aloqasi va ta’sirini antropotsentrik paradigma tamoyillari asosida o‘rganuvchi sohadir. Madaniyat, xalq tafakkuri, uning olamni idrok etishidagi o‘ziga xos jihatlarini tilda aks etishini o‘rganish etnolingvistikaning asosiy maqsadidir.
2. Etnolingvistika inson omiliga, aniqrog‘i, insondagi tarixiy madaniyat omiliga yo‘naltirilgan. Etnolingvistika markazi xalq o‘tmishi va madaniyati fenomenidan iboratdir. Hozirgi vaqtda etnolingvistika jahon, xususan, rus tilshunosligida eng rivojlangan yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bu borada bir qancha o‘quv qo‘llanmalar yaratilgan.
3. XX asrning 2-yarmidan boshlab shakllangan etnolingvistika antropotsentrik paradigmaning alohida mustaqil yo‘nalishi sifatida lingvopragmatika, psixolingvistika, etnopsixolingvistika kabi yo‘nalishlar bilan hamkorlikda rivojlanib bormoqda.
4. O‘zbek tili materiallari o‘zbek tilshunosligida etnolingvistika alohida, keng aspektda o‘rganilmagan bo‘lsa-da, ushbu xarakterdagi bir qancha fundamental tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ularda, asosan, etnolingvistikaning nazariy masalalari, o‘zbek tilida muayyan konsept ifodasi, mazmuniy persepsiya, bolalar nutqining psixolingvistik xususiyatlari va intertekstuallik muammolari tadqiq etilgan.
5. Bugungi kunda ko‘plab tadqiqotchilar XXI asrni fanlar integratsiyasi asri deb hisoblamoqdalar. Muayyan obyekt mohiyatini yoritishda fanlararo hamkorlik o‘z natijalarini bermoqda. Shu nuqtayi nazardan etnolingvistika ham tilshunoslikning bir qancha sohalari bilan yaqin hamkorlikda rivojlanmoqda. Natijada sohalararo yangi yo‘nalishlar yuzaga kelmoqda. Jumladan,
1) etnolingvistika va sotsiolingvistikaning qo‘shiluvidan yangi tarmoq - etnosotsiolingvistika shakllandi va bugungi kunda jadal rivojlanmoqda;
2) jahonda hukm surayotgan bozor iqtisodiyotining eng asosiy omili faoliyatning samaradorligidir. Bu samaradorlik kam sarflab, ko‘pga erishishni nazarda tutadi. Shu tamoyil asosida lisoniy birliklardan ijtimoiy (sotsial) etnik omillarni hisobga olgan holda qay birini muayyan sharoitda qo‘llash ko‘proq samarali, ya’ni ta’sirchan ekanligini o‘rganuvchi etnosotsiolingvistikaning yangi bir tarmog‘i - etnosotsiopragmatika shakllanmoqda va rivojlanmoqda. Etnosotsiopragmatika (pragmatik etnosotsiolingvistika) nazariyasi jahon tilshunosligida hali to‘la shakllangan emas. Bizda esa bu sohaga ilk qadamlar qo‘yilmoqda;
3) etnolingvistika va semiotika hamkorligi natijasida belgilarning jamiyat hayoti, inson kamolotida tutgan o‘rniga doir fikr va qarashlar milliy qadriyatlar tizimidagi marosimlar, bularga asos bo‘lgan insoniylik va jamoatchilik tamoyillari, axloqiy fazilatlarning semiotik jihatlarini tahlil qiluvchi yangi yo‘nalish – etnosemiotika vujudga keldi. Etnosemiotika - fanlararo ilmiy bilimlar tizimi bo‘lib, semiotikaning tarkibiy qismidir. Ushbu yo‘nalishning xususiyatlari semiotik hamda muayyan etnik birlikning sotsiomadaniy va boshqa omillari bilan shartlangan. Etnografiya, etnologiya, etnosotsiologiya, etnolingvistika, etnopedagogika, etnopsixologiya, falsafa, madaniyatshunoslik kabi qator fanlar etnosemiotikaning shakllanishi va rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |